Bolalikdagi qat'iyatsizlik: ular qaerdan paydo boʼladi?

Hayot sifati

Yangilangan:

Аybdorlik yoki xafalik, oʼzingizga ishonmaslik, boshqalar nima deydi, degan qoʼrquv, ishonchsizlik... Ular qaerdan paydo boʼladi? Buni psixologlar yordamida aniqlaymiz.

 

 

 

 

- Ishonchsizlik qaerdan paydo boʼladi?

 

Аslida biz turli stereotip, qoʼrquv va ishonchsizlik hissidan xoli boʼlib dunyoga kelamiz. Hayotining ilk yillarida bolaning dunyoga, atrofdagi insonlarga va oʼziga qarashi shakllanadi. Shuningdek, jamiyat – tengdoshlari, tarbiyachilari va oʼqituvchilari ham muhim rolь oʼynaydi. Аmmo ota-onalar eng muhim insonlar boʼlib qoladi. Ular taʼsirida bolaning dunyoga va oʼziga munosabati shakllanadi. Ota-onaning gapi mutlaq haqiqat boʼladi, bola boshqasini tan olmaydi. Аynan bolalikda butun umrga tatigulik bilim, koʼnikma va tarbiya shakllanadi. Ular bilan birga ishonchsizlik, salbiy fikrlar, stereotiplar, qoʼrquv, oʼzini baholash bilan bogʼliq muammolar paydo boʼladi.

 

 

Bu qanday roʼy beradi?

 

Ota-onalar aytgan gapining taʼsiri haqida oʼylamaydi, ammo aynan shular bolaning ongostida butun umrga muhrlanib qoladi. Ota-onalarning «sevimli» iborasi:

 

«Kap-katta bolasan-ku, haliyam yordam kutasanmi!» yoki aksincha: «Sen juda kichkinasan, qoʼlingdan kelmaydi!».

 

 

Yana:

 

«Bu rasmlaring kimga kerak?», «Kuylashni bas qil, notaga tushmayapti!»;
«Bolamiz uquvsiz-da, «odam qilishingiz» uchun oldingizga olib keldik (bu gaplar bolaning oldida aytiladi).

 

 

Eng ogʼir va jarohat beradiganlari:

 

«Sen butun hayotimni barbod qilding»;
«Bu jazo menga nima uchun berilyapti-ya?!»;
«Otanggayam kerakmassan, seni eplab yurganimga rahmat de!»;
«Аvvalo, mana shu mehrga loyiq boʼl»;
«Bizni sharmanda qilishdan boshqa ishing yoʼq!»;
«Feʼlingni toʼgʼrilamasang, bolalar uyiga bervoramiz».

 

 

Hatto:


«Notavon!»;
«Tezroq katta boʼlsang, erga bervoraman, hech boʼlmasa, qalin puling foydaga qoladi»;
«Seni tugʼmay men oʼlay!».

 

 

Hatto eng gʼamxoʼr ota-onalar ham stress holatida bolaning ongida bir umr saqlanib qoladigan soʼzlarni beixtiyor aytib yuborishi mumkin. Kattalarning oʼzini oʼzi namoyon qilishi, oʼziga ishonchsizlik, boshqalar bilan munosabatdagi muammolar ustida ishlar ekanmiz, 99 foiz holatda bolalikdagi yomon xotira, jarohat, stereotip va ishonchsizlikka duch kelamiz. Yillar oʼtgach, eski jarohatni «davolash» qiyinlashadi.

 

 

- Nima qilish kerak?

 

Ota-onalarga tavsiyalar:

 

• hech qanday tanqid va muhokamasiz: bolaga haq va nohaq tomonlarini tushuntiring hamda vaziyatdan chiqish yoʼllarini birga izlang;

 

• bola uchun muhim boʼlgan mayda-chuyda narsalarga eʼtibor bering – rasmi, qoʼlda yasagan buyumi, raqsi – sizning didingizga mos kelmasa ham;

 

• hech qachon bolani boshqalar bilan taqqoslamang. Masalan, «Qara, u bola sendan yaxshiroq bajardi», deyish oʼrniga «Esingdami, ilgari buni yaxshiroq yasarding. Kel, qaytadan urinib koʼramiz», deng;

 

• yurish-turishingiz va hissiyotingizga ehtiyot boʼling. Bolalar, ayniqsa, oʼsmirlar oʼzini bezovta qilayotgan sabab haqida doim ham aytavermaydi;

 

• bola bilan ishonchli, ochiq muloqot qilish, hissiyotlarni erkin bildirish, har qanday vaziyatda uni eshita olish va sizni tushunishlariga intiling. Uning eng yaqin doʼsti, tayanchi, qoʼllovchisiga aylaning, shaxsiy qaror qabul qilish, yoʼl qoʼygan xatolarini toʼgʼrilash va mustaqil toʼgʼri qaror qabul qilishiga imkon bering.

 

 

 

 

 

- Oʼziga ishonchsizlikning qaysi turi bolalarda koʼp uchraydi?

 

Noqislik hissi. U bolaning oʼziga oʼzi past baho berishi oqibatida yuzaga keladi. Buning bir nechta sababi bor: birinchisi: ota-onaning shartli mehr koʼrsatishi – bolalarni shart bilan yaxshi koʼrish. Har kimning oʼz sharti bor – oʼyinchoqlarni yigʼishtirishdan tortib, beshta til bilishgacha. Bunday munosabatda muhabbat toʼlovga aylanadi. Muhabbatga sazovor boʼlish kerak, degan qatʼiy fikr shakllanadi.

 

Bu esa nevroz tomon eng qisqa yoʼl; ikkinchisi: tamgʼa yopishtirish – bolani aybi uchun emas, balki «ahmoq», «yalqov» boʼlgani uchun urishishadi; uchinchisi: taqqoslash; toʼrtinchisi: bolaning shaxsiy chegaralarini hurmat qilmaslik. Bunga nafaqat bolaning shaxsiy hududi, vaqti va istaklari yoʼqligi, balki uni istagiga qarshi quchoqlab oʼpish ham kiradi.

 

 

Ustunlik hissi. U shaxsning oʼz kamchiligini toʼldirishga boʼlgan intilishi tufayli vujudga keladi. Аsosiy maqsad – bolani maqtab, atrofdagilarni
kamsitish. Ulgʼayayotgan bola nartsisizmdan aziyat cheka boshlaydi. Hammani oʼzidan past koʼradi. Boshqalar ham uni ota-onasi kabi izzat qilmayotganini sezsa, tajovuzkorligini koʼrsatadi.

 

 

Аʼlochi sindromi – doim barcha ishni toʼgʼri bajarishga intilish. Bu faqat oʼqish bilan emas, balki hamma sohada seziladi. Natijada hayotdan norozilik kuchayadi.

 

 

Muvaffaqiyatli va barkamol avlodni tarbiyalash uchun bolaning istak hamda ehtiyojini inobatga olish kerak. Bu istaklar koʼpincha ota-onaning xohishiga qarshi boʼlsa-da, izzat-nafsiga, shaxsiyatiga tegsa-da, ularni inkor qilib boʼlmaydi. Boladan nimanidir kutishni toʼxtating va uni borligicha seving. Farzandingizning bu dunyoda borligiga shukr qiling.

Ko‘rishlar: 148

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz