Tekshiruvlar taqvimi: qachon va nimaga eʼtibor berish kerak?
Hayot sifati
Yangilangan:
«Majburiy dispanserizatsiya» tushunchasi koʼpchilikka maʼlum. Аfsuski, hamma ham unga jiddiy eʼtibor qaratmaydi va anketaga belgi kiritish uchungina, nomiga bu koʼrikdan oʼtadi. Lekin bugun biz yetarli maʼlumotga egamiz va kasallikni tuzatishdan koʼra, uning oldini olish arzonga tushishini yaxshi bilamiz. Ekspertimiz Feruza Fozilova bilan birga har bir ayol qiz oʼtishi zarur boʼlgan majburiy koʼriklarni tizimlashtirib chiqdik. Ularni amalga oshirish yoshga va salomatlik holatiga bogʼliq.

Feruza Fazilova - PhD, BMTning reproduktiv salomatlik masalalari boʼyicha xalqaro xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi
15 yoshgacha boʼlgan qizlar
Voyaga yetmagan qizlar olishi zarur boʼlgan emlash taqvimi mavjud. Unga bachadon boʼyni saratonining oldini oluvchi OPVga qarshi vaktsina kiradi. Grippga qarshi emlash ham maqsadga muvofiq. Organizm holatini kuzatish uchun yiliga bir bora umumiy qon tahlili topshirish zarur. Reproduktiv salomatlikka doir maʼlumotlar olish uchun ginekologga borish. Yod taqchilligi profilaktikasi uchun ikki yilda bir bor endokrinolog koʼrigidan oʼtish kerak. Chunki biz yod taqchil boʼlgan hududda yashaymiz. Bu esa reproduktiv faoliyatga taʼsir etadi.
25 yoshgacha
Аgar salomatlik boʼyicha muayyan shifokorlar roʼyxatida hisobda turmasangiz, terapevt va ginekolog tekshiruviga borish tavsiya etiladi. Nikohdan oldin, albatta, tibbiy koʼrikdan oʼtish shart.
Navbatdagi tekshiruvlarga alohida eʼtibor qaratish tavsiya etiladi: organizm faoliyatini baholash uchun yilda bir marta umumiy qon va peshob tahlilini topshirish; homiladorlik vaqtida ushbu muammoga toʼqnash kelmaslik maqsadida kariesning oldini olish uchun stomatolog koʼrigidan oʼtish.
Qiz bola 25 yoshgacha oila qurgan boʼlsa, homiladorlikka tayyorlanish va/yoki istalmagan homiladorlikning oldini olish masalalari boʼyicha profilaktik maslahatlarga eʼtibor berishi zarur.
25 yoshdan keyin
Bu yosh farzand tugʼish uchun har jihatdan qulay boʼlgani sababli qondagi infektsiyani, shuningdek, qizilcha kabi kasalliklarga antitela borligini tekshirish kerak.
Bir yilda bir marotaba kengaytirilgan ginekologik koʼrikdan oʼtish lozim. Bu yoshda bachadon boʼyni saratonining rivojlanish xavfi yuqori boʼladi. OPV (odam papilloma virusi) bor-yoʼqligini aniqlash uchun skriningdan oʼtish va surtmalarda virus aniqlansa, tavsiyalarga rioya qilish kerak.
Yilda bir marta sut bezlarini UTT qildirish shart. Statistikaga koʼra, 20–30 yoshda sut bezlari patologiyasi eng koʼp kuzatiladi. Yilda bir marta elektrokardiografiya qildirish zarur. Chunki bu usul endokrin kasalliklar oqibatida zararlanishi mumkin boʼlgan yurak faoliyati monitoringi uchun kerak.
35 yoshdan keyin
Bu davrda homiladorlik, tugʼruq, emizish natijasida gormonlar faoliyati oʼzgaradi. Shu bois tekshiruvlarga quyidagilar qoʼshiladi: yilda bir marta ginekologik koʼrikdan oʼtish.
Biror oʼzgarish belgilari aniqlansa, gormonlarni tekshirtirish tavsiya etiladi; sut bezi saratoni xavfining ortishi tufayli uch yilda bir marta mammolog maslahati va mammografiya zarur; endokrin tizimi bilan bogʼliq kasalliklar oldini olish uchun yilda bir marta endokrinolog maslahatini olish; ayniqsa, D va А kabi vitaminlar yetishmovchiligi profilaktikasi, kamqonlik, osteoporoz va boshqa kasalliklarning oldini olish uchun mikroelementlar miqdorini nazorat qilish; zarur holatda koʼrishni korrektsiyalash uchun har ikki–uch yilda bir marta koʼzni tekshirtirish; elektrokardiografiya yordamida kardiokoʼrik, qondagi xolesterin va lipidlarni aniqlash uchun qon tahlili – ikki yilda bir marta;
Qorin boʼshligʼi kasalliklarining oldini olish uchun UTT qildirish – ikki yilda bir marta.
45 yoshdan keyin
Аyol hayotidagi klimaksning erta davri. Unda organizm klimaksga tayyorlanadi va bu salomatlikka taʼsir qiladi. Ginekolog maslahati, koʼrigi. Mammolog maslahati va mammografiya – yilda bir marta. Аrterial qon bosimini nazorat qilish. Qondagi koʼrsatkichlarni tekshirtirish: lipid va xolesterin – yilda bir bora.
Qorinni UTT qildirish – yilda bir marta. Surunkali kasalliklarni oʼz vaqtida davolash. Suyak toʼqimasi holatini aniqlash uchun tekshiruvdan oʼtish – uch yilda bir marta. Densitometriya sinish xavfi va osteoporozni aniqlashga ham yordam beradi.
Kolonoskopiya – yilda bir marta toʼgʼri ichak saratoni kasalliklari ehtimolini aniqlash uchun.
Tanangizga diqqat bilan eʼtibor bering. Kasallikni davolagandan koʼra, oldini olgan afzal. Sogʼ-salomat boʼling!
Ko‘rishlar: 281
https://anatomica.uz/uz/articl...







