Nogironligi bor odamlar haqida gapirganda qanday so'zlardan foydalanish kerak?

Hayot sifati

Yangilangan:

Ko‘pchilikni bir savol qiynaydi: nogironligi bor yoki ruhiy xasta insonni ranjitib qo‘ymaslik uchun u bilan qanday muomala qilish kerak? So‘zlarni to‘g‘ri  tanlashga doir baʼzi tavsiyalarni berib o‘tamiz.

 

 

Dilmurod Yusupov, Sasseks universitetining rivojlanishdagi muammolarni tadqiq qilish instituti (IDS) doktoranti, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda nogironligi bor insonlar huquqlari va inklyuziv rivojlanish bo‘yicha advokat

 

 

"Eng muhim qoida: «imkoniyati cheklangan insonlar» degan gapni ishlatmaslik. To‘g‘ri variant: nogironligi bor insonlar; rivojlanishi o‘zgacha inson; ruhiy nogironligi bor/aqliy rivojlanishi o‘zgacha inson; aqliy/ ruhiy buzilishga ega inson".

 

 

 

 

Dana Oparina, jurnalist Anhor.uz

 

 

"2018-yili Anhor.uz nashri nogironligi bor insonlarni kamsitmaslik uchun og‘zaki nutqda va nashrlarda qanday so‘zlarni qo‘llash tavsiya etilmasligi haqida qo‘llanma chiqardi. O‘shanda biz OAV va idoralarning rasmiy saytlaridan misollar keltirgandik. Afsuski, OAVlarda ayrim toifa shaxslarga nisbatan kamsitish nutqi hali ham saqlanib qolgan. Kamsituvchi iboralar va «kasal/sog‘lom» deb ajratish, «dard chekdi», «nuqson», «baxtsizlik» kabi taʼriflardan qochish kerak.

 

«So‘z bizni shakllantiradi, u bizni inson sifatida shakllantiradi. Aynan u bizni odam sifatida namoyon qiladi. Har bir so‘zning kuchi katta. Biz yomon so‘zlardan foydalanganimizda o‘zimizni, jamiyatni u yoki bu harakatlar uchun dasturlashtiramiz. Rostini aytganda, biz bu insonlarni odam deb hisoblamay qo‘yamiz», deya taʼkidlaydi Anhor.uz nashriga bergan intervyusida BMTning bolalar va nogironligi bor shaxslar huquqlarini himoya qilish sohasidagi qo‘shma dasturi mutaxassisi va koordinatori Yana Chicherina".

 

 

- Nogironligi bor insonlarga qanday muomala qilgan ma’qul?

 

«Nogironligi bor inson» birikmasi eng neytral va xafa qilmaydigan ibora.

 

To‘g‘ri:

  • Nogironligi bor kishi (erkak/ ayol/ bola)
  • Aravacha egasi; aravachadagi odam
  • Оdamlar

 

Noto‘g‘ri:

  • Mayib
  • Imkoniyati cheklangan
  • Aravachaga mixlangan
  • Nogironlik qurboni
  • Normal odamlar
  • Oddiy odamlar

 

 

- Turli xususiyatga ega insonlarni qanday chaqirish to‘g‘ri?

 

Bu yerda ingliz tilidagi «People first language» qoidasi qo‘llanadi. Unga ko‘ra avvaliga odamning o‘zi haqida gapirasiz, undan keyin xususiyatlari to‘g‘risida. Masalan, Daun sindromli qiz. Lekin o‘sha inson bilan tanishgach, unga ismi bilan murojaat qilgan maʼqul. «Daun sindromi bilan og‘rigan odamlar» deyish mumkin emas. Chunki odamlar ushbu holatdan aziyat chekmaydi. Ular shu dard bilan tug‘iladi va boshqacha hayot kechirishni bilmaydi. Eng neytral taʼrif – Daun sindromi bilan yashaydigan odam yoki Daun sindromidagi inson. Shuningdek, «rivojlanishi o‘zgacha insonlar» degan umumlashtiruvchi iborani ham qo‘llash mumkin.

 

To‘g‘ri:

  • Daun (autizm / epilepsiya) sindromi bor inson (ayol / erkak/ bola);
  • Rivojlanishi o‘zgacha insonlar;
  • Epilepsiya / autizm / Daun sindromi bilan yashaydi 

 

Noto‘g‘ri:

  • Daun
  • Autist
  • Epileptik
  • Kasal, chala
  • Epilepsiya / autizmdan aziyat chekadi
  • Daun kasalligidan qiynaladi
  • Daunchalar

 

 

- OIVga chalingan insonlarga qanday murojaat qilish kerak?
 

OIV – bu odam immun tanqisligi virusi, OITS – OIVning oxirgi bosqichi, orttirilgan immun tanqisligi sindromi. Eng to‘g‘ri taʼrif – «OIV bilan yashaydigan insonlar».

 

To‘g‘ri:

  • OIV musbat maqomli inson

  • OIV bilan yashovchi insonlar

  • Ismi bilan murojaat qilish

 

Noto‘g‘ri:

  • OIV bemorlar

  • OITS yuqtirib olganlar

  • OIVchi / OITSchi

 

 

- Ota-onasi yo‘q bolalar haqida qanday gapirish mumkin?

 

Bolalar bilan muloqotda ularning ota-onasidan ayrilganiga urg‘u bermaslik kerak. «Yetim» degan so‘z xafa qilishi va asabiylashtirishi mumkin. Eng to‘g‘ri variant – «ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola».

 

To‘g‘ri:

  • Ota-ona qaramog‘isiz bola
  • Ismi bilan murojaat qilish

 

Noto‘g‘ri

  • Yetim
  • Tashlandiq/ otasi yo‘q
  • Qarovsiz qolgan bola

Ko‘rishlar: 561

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz