Homiladorlik paytida qandli diabetni qanday davolash kerak?

Hayot sifati

Yangilangan:

Diabet haqida hammasi ma’lumday go‘yo: kasallikning birinchi va ikkinchi turi, bemorkim va qanday davolash kerakligi. Ammo homiladorlik ‒ o‘ziga xos holat va bu davrda paydo bo‘lgan diabet ham o‘zgacha.

 

 

Firuza Nishonova, RIEIATM direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, oliy toifali akusher-ginekolog, tibbiyot fanlari nomzodi

 

 

- Bu nima?

 

Gestatsion qandli diabet (GQD) glyukozada chidamlilik buzilishi bo‘lib, homiladorlik vaqtida yuzaga keladi yoki ilk bor namoyon bo‘ladi. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, xastalik dunyo bo‘yicha yiliga taxminan 14 foiz homiladorlik holatini qamrab oladi yoki 18 million tug‘ruqda uchraydi. Kasallikning ko‘payishiga sabab onalardagi semizlikdir. Mamlakatimizda o‘tkazilgan skrining natijalariga ko‘ra, gestatsion diabet 10,5 foiz holatda uchrashi aniqlandi. Shuning uchdan bir qismi (33,4 foizi) 25–29 yoshdagi tez-tez tug‘adigan ayollarga to‘g‘ri keladi.

 

 

- Qanday paydo bo‘ladi?

 

Unung paydo bo‘lishiga doir aniq omillar hozirgacha ma’lum emas. Homila rivojlanishi uchun javob beradigan gormonlar insulin ishlab chiqarishni to‘xtatadi, natijada uglevod almashinuvi buziladi, deb hisoblaydi mutaxassislar. Yana boshqa sabablari ham bor – oshqozon-osti bezining istalgan patologiyasi homiladorlik vaqtida diabet xavfini oshirishi mumkin.

 

 

- Kim ko‘proq moyil?

 

Xavf omillari:

• tananing ortiqcha vazni yoki semizlik (tana vazni indeksi – TVI 30 kg/m2 dan yuqori);
• ilgari oilada kuzatilgan qandli diabetning istalgan turi
• anamnezdagi GQD
• hozirgi yoki oldingi homiladorlikdagi homila makro-somiyasi (vazni 4 kg.dan ziyod);
• suvning ko‘pligi, o‘lik tug‘ilish, anamnezda tug‘ma rivojlanish nuqsonlari;
• polikistoz tuxumdonlar sindromi – insulinrezistentlikning ko‘p uchraydigan sababi.

 

Diabet mutlaqo sog‘lom ayolda ham rivojlanishi mumkin. Tadqiqotlar bo‘lg‘usi ona hayot tarzining kasallik paydo bo‘lishiga ta’siri borligini ko‘rsatmoqda. Jumladan, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli past, yaxshi ta’lim olmagan ayollar yuqori xavf doirasida bo‘ladi.

 

 

- Qanday namoyon bo‘ladi?

 

Kasallik simptomsiz kechadi. Uning xavfi ham shunda. Ba’zida tashxis tug‘ruqdan keyin boladagi diabetik fetopatiya belgilariga qarab aniqlanadi yoki umuman e’tiborsiz qolishi mumkin. Odatda muammo homiladorlikning 20-haftasidan keyin aniqlanadi. Yaqqol belgilar, masalan, qattiq chanqash, vazn oshishi, tez-tez peshobga chiqish holati ko‘p uchramaydi.

 

 

- Qanday qilib tashxis qo‘yiladi?

 

Barcha homiladorlar 12 haftalikkacha hisobga turayotganda va 24–28-haftaliklarda glyukoza miqdorini aniqlash uchun qon tahlili namunasini topshiradi. Muntazam tekshiruvdan o‘tilsa, boshlang‘ich bosqichda muammoni aniqlash oson kechadi. Me’yoriy ko‘rsatkichlar – och qoringa venadan qon olinganda 3,3–5,1 mmol/l.ni tashkil etadi. Glyukoza miqdori 5,1 mmol/l.dan yuqori bo‘lgan ayol bemorlar xavf guruhiga kiradi. Ularga va GQD xavf omillari bo‘lgan ayollarda glyukoza yuklamasi bilan tahlil o‘tkaziladi. Agar glyukoza darajasi och qoringa 7 mmol/l.dan kam, lekin 5,1 mmol/l.dan yuqori chiqsa, 75 g glyukoza iste’molidan ikki soat keyin 8,5 mmol/l.dan baland bo‘lsa, gestatsion diabet tashxisi qo‘yiladi.

 

 

 

Zuhra Sultonova, chaqaloqlar patologiyasi bo‘limi mudirasi, oliy toifali neonatolog, tibbiyot fanlari nomzodi

 

 

-Bu xavflimi?

 

Gestatsion diabet yuqori qon bosimi, shuningdek, gestozning og‘ir turi bo‘lgan preeklampsiya xavfini 8 barobar oshiradi. U bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ko‘rish qobiliyatining buzilishi, tormozlanish orqali namoyon bo‘ladi. Bu homiladorlik vaqtidagi eng xavfli buzilishlardan biri.

 

 

- Bola uchunchi?

 

Birinchi uch oylikda glyukozaning haddan ziyod oshib ketishi tug‘ma anomaliya yoki hatto homilaning nobud bo‘lishiga olib keladi. Bunday holat kechroq ro‘y bersa, diabetik fetopatiya rivojlanadi. Bolaga glyukoza keragidan ortiq kelib tushadi. Onaning insulini esa yo‘ldosh orqali kirmaydi. Bolaning oshqozonosti bezi ko‘p insulin ishlab chiqara boshlaydi. U esa organizmni tez rivojlantiradi, lekin yetilishga qo‘ymaydi.

 

Uchdan ikki holatda bolalar 4-5 kg.dan og‘ir bo‘lib tug‘iladi. Bu tug‘ruq jarohati, asfiksiya, o‘mrov suyagi sinishi, bosh miya ichiga qon quyilishiga olib keladi. Chaqaloqlarning har uch nafardan birining, aksincha, rivojlanishi, o‘sishi kechikadi va vazni kam bo‘ladi.Bolaning tashqi ko‘rinishi shunday bo‘ladi: yuzi shishinqiragan, bo‘yni qisqa va semiz, terisi to‘q qizil. Yuqori o‘lchamlarga qaramay, bolalar jismoniy jihatdan hali yetilmagan, reflekslar tomonidan ezilgan mushaklarining tonusi past, lanj bo‘ladi. Ko‘pincha ularni ovqatlantirish muammo bo‘ladi. Bola boshlang‘ich vaznini tez yo‘qotadi va uzoq vaqt davomida tiklaydi. Tug‘ilgan zahoti nafas olish tizimi buzilishi mumkin. 25 foiz holatda yurak muammosi tashxisi qo‘yiladi.

 

Bachadon ichida insulin darajasi yuqori bo‘lgani sabab hayotining dastlabki bir necha kunida bolaning qonidagi qand miqdori past, o‘zi uyquchan bo‘ladi. Ovqatlanishni istamaydi. Bolada og‘ir gipoglikemiyada tirishish rivojlanadi. Bunday chaqaloqlar muddatidan erta tug‘ilgan go‘dak lar kabi kuvezda, isitiladigan stol ustida parvarishlanadi. Maxsus idish yoki zond orqali ovqatlantiriladi. Bu bolalardagi prognoz yaxshi bo‘ladi. To‘rtinchi oygacha diabetik fetopatiya belgilari izsiz yo‘qoladi, lekin yog‘ va uglevod almashinuvi buzilishi xavfi saqlanib qoladi.

 

 

- Qanday davolash kerak?

 

Eng muhimi, muvozanatlangan parhez va o‘rtacha jismoniy bosim. Homiladorlarga quyidagilar tavsiya etiladi: 

  • kam-kamdan, lekin tez-tez taomlanish; 
  • yuqori glikemik indeksga ega mahsulotlar (shakar, asal, kartoshka, oq non, yog‘li shirin non, banan, uzum)ni taomnomadan chiqarish; 
  • fastfud va yog‘li shirinliklardan voz kechish; 
  • yetarli miqdorda suyuqlik ichish (agar buyrak tomonidan cheklov bo‘lmasa);
  • ratsionni yangi sabzavot, yog‘siz go‘sht, yormalar bilan boyitish; 

 

Barcha homiladorlar singari o‘z salomatligi va homilaning to‘g‘ri rivojlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan barcha turdagi vitamin va minerallarni iste’mol qilish muhim. Yurish, suzish, suv gimnastikasi, homiladorlar uchun davolovchi jismoniy tarbiya – har qanday yengil faollik faqat foyda beradi. Agar parhez va jismoniy yuklamalar foyda bermasa, insulin terapiyasi tavsiya etiladi. 

 

Qand kasalligining yuqori darajasida ayolning o‘zi har kuni glyukometr yordamida och qoringa va har bir ovqatlanishdan bir soat keyin glyukoza miqdorini tekshirishi, shuningdek, butun homiladorlik davrida akusher-ginekolog va endokrinologlar qabuliga har 1-2 haftada borib turishi shart! Afsuski, ushbu kasallikdan himoyalovchi, yuz foiz samarali choralar mavjud emas, ammo ayol homiladorlikkacha sog‘lom odatlarni qanchalik ko‘p orttirsa, homiladorlikning o‘zi va tug‘ruq ham shunchalik oson kechadi.

 

 

- Diabetning gestatsion shaklini tashxislash va GQD bor homiladorlarni nazoratga olish uchun tahlil va tekshiruvlar:

 

  • homiladorlikning 15–20-haftasida UTT; 20–23 va 28–32-haftasida mikrosomiyani aniqlash va homila atrofidagi suv holatini tekshirish; diabetik fetopatiya tasdiqlanganda – har 3 haftada bir marta tekshiruvdan o‘tish;
  • laborator diagnostikasi – ochqoringa vena qonida glyukozaning biokimyoviy tahlili; glikirlangan gemoglobin (NbA 1c), peroral glyukozotolerant test (PGTT).

Ko‘rishlar: 383

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz