Qanday qilib teridagi belgilar orqali qondagi qand miqdorini aniqlash mumkin?

Hayot sifati

Yangilangan:

Diabetning asorati shunchalik dahshatliki, qand miqdori yuqoriligi sabab insonlar terisidagi muammolar haqida ko‘p qayg‘urolmaydi. Lekin bu noto‘g‘ri. Chunki ortiqcha qand miqdori teri uchun zararli va bu diabetiklardan boshqalarga ham taalluqli.

 

 

Aziz Ortiqov, Medical Expert klinikasi bosh shifokori, dermatovenerolog, tibbiyot fanlari nomzodi, oliy toifali shifokor

 

 

- Qonda qand miqdorining yuqori bo‘lishi teri holatiga qanday taʼsir qiladi?

 

Salbiy. Buning bir qator sabablari bor. Glyukoza metabolizmining buzilishi teri, tuk follikulalari va ter bezlaridagi o‘zgarishlarga olib keladi. Asab tolalari va qon tomirlarining diabetik zararlanishi, immunitet susayishi bilan birga, turli toshmalar, pigment dog‘lar hamda yaralarni keltirib chiqaradi. Bakteriya va zamburug‘li infeksiyalar, dorilarga allergiya qo‘shilsa, teri zararlanishi holati yanada og‘ir kechishi mumkin.

 

 

- Teridagi qaysi belgilarga qarab qand miqdori oshganini taxmin qilish mumkin?

 

Hali qandli diabet tashxisi qo‘yilmasidanoq teridagi baʼzi o‘zgarishlar signal belgilar sifatida xizmat qilishi mumkin. Masalan, qora akantoz – tana burmasi, bo‘yin, qo‘ltiq, chov va boshqa joylardagi teri giperpigmentatsiyasi. Bu kabi dog‘larning sababi – insulinga nisbatan sezuvchanlikning buzilishi, insulin rezistentlik, qandli diabetning 2-turidan oldingi va hozirgi holat.

 

Qoidaga ko‘ra, teri qichishi, shilliq qavati va teri quruqligi, ko‘p uchraydigan teri infeksiyasi, soch to‘kilishi, yara va shilingan joylarning tez bitmasligi kabi belgilar qand miqdorining oshishiga ishoradir. Qandli diabetga ko‘pincha teridagi qichishish hamrohlik qiladi. Qandli diabet og‘ir kechganida bemorning terisi qalin, dag‘al bo‘lib qoladi, turgori pasayadi.

 

 

- Qandli diabetda qanday teri kasalliklari paydo bo‘ladi?

 

30 dan ortiq dermatozni qandli diabet bilan bog‘lashadi. Ular orasida skleroderma, lipoidli nekrobioz, halqasimon granulyoma, diabetik dermopatiya va boshqalar bor. Baʼzilari kam uchraydi, ammo keng tarqalganlari ham mavjud:

  • giperkeratoz – oyoq kafti terisining qadoqsimon qalinlashuvi va teridagi o‘lik po‘stning noto‘g‘ri ko‘chishi. Bunda yoriqlar kengayadi, gohida chuqur yoriqlar og‘riydi. Ularga infeksiya tushganda xavfli yallig‘lanish jarayoni, turli shakl va og‘irlikdagi yaralar paydo bo‘ladi. Eng og‘ir vaziyatlarda chuqur yaralar oyoq-qo‘l amputatsiyasi va hatto o‘lim holatiga olib kelishi mumkin;
  • terining bakterial infeksiyasi – piodermiya, furunkula, karbunkula, flegmon, saramas, paronixiya va panaritsiya diabetiklarda ko‘proq uchraydi va og‘irroq kechadi. Qandli diabet bilan xastalangan bemorlarning teri yuzasida sog‘lom insonlarga nisbatan 2,5 barobar ko‘p mikroorganizm uchratish mumkin. Terining himoya funksiyasi esa 20 foizdan pastroq bo‘ladi;
  • kandidoz – teri, shilliq qavat va tirnoqlarning zamburug‘li zararlanishi ham bunday bemorlarning hamrohidir. Chunki candida zamburug‘lari to‘pi qand moddasida yaxshi rivojlanadi va oziqlantiruvchi substratdagi kabi faol ko‘payadi.

 

Qandli diabet bir qarashda u bilan bog‘liq bo‘lmagan baʼzi kasalliklarga moyillikni keltirib chiqaradi. Masalan, vitiligo – qandli diabetning 1-turida terida paydo bo‘ladigan o‘zgarishlardan. Umuman olganda qonda qand miqdorining ortishi har qanday teri kasalliklarining kuchayishiga sabab bo‘ladi va ularni davolashni qiyinlashtiradi

 

 

- Nima qilish kerak?

 

Muhimi, muammo sababini aniqlash va o‘z vaqtida muolajani boshlash uchun, albatta, shifokorga murojaat qilish kerak. Agar sabab insulin rezistentlikda bo‘lsa, qoraygan teri muolajasi yoki lazer yordamida oqartirish uchun kosmetik xonalarga qatnash yo‘lida sarflangan mablag‘ va vaqt mutlaqo befoyda bo‘ladi. Tibbiy maʼlumotga ega bo‘lmagan, layoqatsiz mutaxassislarga murojaat qilish esa shunchaki xavflidir.

 

Qandli diabetga chalinganlar shuni bilishi kerak: teridagi hatto eng kichik o‘zgarish ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.  Diabetiklar shaxsiy gigiyenaga rioya qilishi, tabiiy matoli kiyim va qulay pouyabzal tanlashi, teri va tirnoqlarni to‘g‘ri parvarishlashi, oyoq holatiga sinchiklab eʼtibor berishi shart. Ularni davolash endokrinolog bilan dermatologlar ishtirokida o‘tishi zarur. Birinchi navbatda, qand miqdori samarali nazorat qilinishi,  antidiabetik preparatlar muqobil jadval asosida tavsiya etilishi kerak. Uglevod almashinuvini korreksiya qilmasdan turli mazlarni qo‘llash, davolash choralarini ko‘rish samara bermaydi. Bunday bemorlarni davolashda shifokorlar dori preparatlarini tanlashda ko‘pincha chegaralangan bo‘ladi. Chunki ular qondagi glyukoza miqdorini oshirishi mumkin. 

 

 

- Go‘zallik xususida nima deya olasiz?

 

Organizm quvvat berish uchun biz isteʼmol qilayotgan qanddan foydalanadi. Ammo biz shirinlik yoki qovurilgan mahsulotlarni haddan ortiq yeganimizda qand oqsil va yog‘ bilan anomal tarzda aloqaga kirishadi.

 

Glikatsiya, qo‘pol qilib aytganda, oqsillarning qandlashuvi bo‘lib, kollagen va elastin terining asosiy oqsillaridir. Qand ularni qattiq shaklga keltiradi. Vaqt o‘tib ushbu muhim oqsillar parchalanadi. Teri esa taranglik va ton yaxlitligini yo‘qotadi, ajin bilan qoplanadi. Vaqt o‘tib glikirlangan oqsillar hujayralarda to‘plana boshlaydi va natijada teri matriksi buziladi. 

 

Sizga diabet va insulin rezistentligi xavf solmasa ham ortiqcha qand isteʼmoli sog‘liqda muammolar, ortiqcha vazn, ajin va muddatidan oldin qarish oqibatlarini keltirib chiqarishini unutmang.

Ko‘rishlar: 881

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz