Tishlaringizni implantlar bilan qanday tuzatish mumkin?

Hayot sifati

Yangilangan:

Tan olishimiz kerak: sogʼlom tishlar – tashqi koʼrinishimizning muhim qismi. Tish tushishini esa keksalik kelgani bilan bogʼlaymiz. Baxtimizga, zamonaviy tibbiyot oʼzimizga ishonchni qaytarish imkonini beradi. Qanday qilib tishlarni implantologiya yordamida tartibga keltirish mumkinligi haqida jarroh-implantolog Shohrux Shokirov soʼzlab beradi.

 

 

Shohrux Shokirov, Tibbiyot fanlari doktori, oliy toifali shifokor, yuz-jagʼ jarrohi, Sadaf stomatologiyasi jarroh-implantologi

 

 

– Implantolog xizmatidan qachon foydalana boshlash kerak?

 

Bir va bir necha tish yoki butun tish qatori yoʼqotilganda foydalana boshlash lozim. Muammoning yechimi sifatida koronka yoki yechilmaydigan tish protezini oʼrnatish taklif qilinadi. Ikkisining ham salbiy jihatlari koʼp. Tishni depulьpatsiya qilish, yonma-yon turgan sogʼ tishlarni yoʼnish kerak. Protezlar esa ruhiy va jismoniy noqulaylik tugʼdiradi. Ular tez ishdan chiqadi va almashtirish talab qilinadi. Milkni yalligʼlashi va kutilmaganda tushib qolishi mumkin. Shunday holatda, yaxshisi, implant oʼrnatish kerak. 

 

Yana bir jihatni eslatib oʼtmoqchiman. Biz suyak toʼqimasini jonsiz deb oʼylashga oʼrganib qolganmiz. Аslida bunday emas. Suyak toʼqimasi – bu eski tarkibiy elementlari nobud boʼlib, mudom yangilanib turadigan toʼqima. Аgar tish qatori (tabiiy yoki sunʼiy) but boʼlsa, ushbu jarayon doimiy muvozanatda boʼladi.

 

Tish yoʼqotilganda, suyak toʼqimasi odatiy bosimni his qilmay qoʼyadi. Bu holat yegulik chaynash jarayonida yuz beradi. Mashqdan toʼxtagan mushaklarga oʼxshab qotib qoladi va nuqson sohasi ingichkalashib ketadi. Vaqt oʼtib, siz implant qoʼydirishga ahd qilganingizda, bu implantolog uchun biroz muammo tugʼdiradi va choʼntagingizga qoʼshimcha xarajat boʼlib tushadi.

 

 

– Qanday kasalliklar paytida implant oʼrnatish mumkin emas?

 

Tibbiyotda barcha qarshi koʼrsatmalar mutlaq va nisbiyga boʼlinadi. Nisbiy qarshi koʼrsatmalar dori yordamida yoki tabiiy yoʼl orqali bartaraf etilishi bilan implantatsiya uchun qoʼyilgan cheklovlar yoʼqoladi.

 

Mutlaq qarshi koʼrsatmalar:

  • Qandli diabetning birinchi turi
  • Dekompensatsiyalangan sil
  • OITS
  • Biriktiruvchi toʼqimaning tizimli kasalliklari

 

Nisbiy qarshi koʼrsatmalar:

  • Qandli diabetning qand miqdori koʼrsatkichi yuqori ikkinchi turt 
  • Gemoglobin miqdori 90 g/l.dan past boʼlsa
  • Homiladorlik yoki emizikli davr (bu ushbu davrda ayol organizmida kalьtsiy sarfi yuqoriligi bilan bogʼliq)
  • Miokard infarkti yoki insulьtdan keyingi birinchi 6–8 oylarda boʼladigan holat
  • Milk kasalliklari
  • Oʼtkir yoki surunkali gaymorit

 

 

– Implantatsiyadan oldin bemorlar qanday tekshiruvlardan oʼtishi kerak?

 

Jarroh uchun jagʼning individual anatomik xususiyati, suyak zichligi, asab tolalari joylashuvi kabi maʼlumotlar boʼyicha aniq tasavvurga ega boʼlish muhim. Buning uchun 3D-kompьyuter tomografiyasi va umumiy qon tahlili, qand miqdori, V va S gepatiti, OIVni aniqlash uchun tekshiruvlar oʼtkaziladi. Individual holatlarda otolaringolog, kardiolog, endokrinolog, nevropatolog maslahati talab qilinadi.

 

Implantatsiya turlari:

 

  • Ikki bosqichli implantatsiya. Tiqinli implantat oʼrnatiladi va bitib ketguniga qadar milk tikib qoʼyiladi. Pastki jagʼ uchun ushbu davr 6–8 haftani, yuqorigisi uchun – 8–12 haftani tashkil etadi. Bitgandan soʼng implant ustiga milkni shakllantiruvchi jism oʼrnatiladi va 7–14 kundan soʼng abatment (keyinchalik koronka oʼrnatiladigan qismi) qoʼyiladi. 
  • Bir bosqichli.Implant ustiga darhol milkni shakllantiruvchi va abatment oʼrnatiladi. Muddatlari ikki bosqichli jarayonnikiga oʼxshash.
  • Bir lahzali. Bir vaqtning oʼzida bemorning tishi olinib, oʼrniga implant oʼrnatiladi. Implantatsiya turi vaziyatga qarab tanlanadi.

 

 

 

–  Implantning qanday turlari bor va ularning farqi nimada?

 

Bugungi kunda Oʼzbekistondagi stomatologiya klinikalari mijozlarga turli davlatlarda ishlab chiqarilgan implantlarni taklif etadi. Ularning barchasi 99 foiz titandan ishlangan. Qolgan 1 foiz tarkibi alyuminiy, vanadiy, kislorod yoki Mendeleev jadvalidagi boshqa kimyoviy elementlardan iborat. Ikkinchi farqi kichik konstruktiv xususiyatlarda boʼlib, implantni oʼrnatish va bitib ketish jarayoniga katta taʼsir koʼrsatadi. Uchinchisi, barcha implantlar ham Oʼzbekistonda roʼyxatdan oʼtkazilmagan. Toʼrtinchisi, narxidagi farq. Men oʼz faoliyatimda nemis va koreys ishlab chiqaruvchilarining implantlaridan foydalanishni afzal koʼraman. Bu implantlar barcha talablarga javob beradi. Boshqa afzalliklaridan tashqari, ular gidrofil yuzaga ega boʼlib, jarohatning tez bitishiga yordam beradi.

 

 

– Implant oʼrnatish muolajasi qancha vaqt davom etadi?

 

Bir dona implantni oʼrnatishga oʼrtacha 5–10 daqiqa sarflayman. Jarrohlik amaliyoti oʼziga xos infilьtratsion ogʼriqsizlantirish bilan kechadi. Mutlaqo ogʼriqsiz. Operatsiyadan keyin barcha bemorlar qoʼrquvi asossiz boʼlib chiqqanini tan oladi.

 

 

– Implant oʼrnatilganidan keyin qanday asoratlar kuzatiladimi?

 

Operatsiya toʼgʼri oʼtkazilsa, asoratlar kuzatilmaydi. Implantatsiyaning yakuniy natijasi koʼp hollarda shifokor malakasi bilan birga, boshqa omillarga ham bogʼliq. Maslahatim shuni, salomatlik uchun pulni tejamang. Implantatsiya muolajasini doim malaka oshiradigan (shu jumladan, xorijiy davlatlarda) faqat sertifikatga ega mutaxassislarga ishoning. Tajribasiz qoʼllarda yoki texnik jihozlar yetarli boʼlmagan sharoitda suyak toʼqimasi kuyishi mumkin va implant bitmaydi. Natijada uni olib tashlashga toʼgʼri keladi. Operatsiyadan keyin yumshoq toʼqimalarda shish va biroz ogʼriq kuzatilishi mumkin. Bu, albatta, tez oʼtib ketadi.

 

 

– Implant qancha vaqtda bitadi?

 

Bu turli omillarga bogʼliq. Ulardan eng asosiylari – suyak toʼqimasining zichligi, implantning toʼgʼri tanlanishi, shifokor malakasi, hamroh kasalliklar. Yuqori jagʼ suyagi yumshoq tuzilishga ega. Shuning uchun pastki jagʼga qaraganda, bitishi uzoq vaqt talab qiladi. Oʼz amaliyotimdagi kuzatuvimga koʼra, pastki jagʼda bitish muddati 1,5–2 oyni, yuqori jagʼda esa 2-3 oyni tashkil etadi. Men foydalanadigan implantlarning bitishi 99 foiz kafolatlangan. Kamdan-kam holatlarda bitmasligi mumkin. Bu holda u olib tashlanib, 6 haftadan soʼng takroriy implantatsiya muolajasi oʼtkaziladi.

 

 

– Yuqori jagʼ suyagi yupqa boʼlgan bemorlarda amaliyot qanday oʼtkaziladi?

 

Implantning minimal uzunligi 7 mm. Yuqori jagʼ gaymor boʼshligʼiga taqalgan. Bir qator vaziyatlarda yuqori jagʼ suyagining qalinligi eng qisqa implantni ham teshilish xavfisiz oʼrnatishga imkon bermaydi. Bunday holatlarda kerakli jabhada suyak qalinligini oshirish boʼyicha sinus-lifting operatsiyasi oʼtkaziladi. Sinus-lifting ikki turda boʼladi: ochiq va yopiq. Men iloji boricha yopiq turni oʼtkazishga harakat qilaman.

 

 

– Implant oʼrnatilganidan keyin bemor oʼzini nimalardan tiyishi kerak?

 

Deyarli hech narsadan tiyishi shartmas. Tavsiyamiz shuki, ogʼiz boʼshligʼi gigienasiga rioya qilish, tamakini kamroq chekish, jagʼni jarohatlamaslik kerak. Ushbu eng oddiy tavsiyalarga rioya etilmasa, implant bitishi qiyin kechadi.

Ko‘rishlar: 190

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz