Klimaksni qanday yengish mumkin?

Hayot sifati

Yangilangan:

Hayot shomi, fojia, hukm – yosh ayollar va qizlarni qo‘rqitish uchun klimaks haqida nimalar deyishmaydi. Bu har bir ayol hayotida bo‘ladigan muqarrar jarayon. Bugun klimaks aslo hukm emas. U bilan birga qanday qilib to‘laqonli, sifatli hayot kechirish haqida ginekolog Gulsara Eshimbetova va Oksana Zanozina so‘zlab berishadi.

 

 

Gulsara Eshimbetova, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi akusherlik, ginekologiya va perinatal tibbiyot kafedrasi professori, ginekolog, tibbiyot fanlari doktori

 

 

- Klimaks yaqinlashayotganini qanday aniqlash mumkin?

 

Biologik nuqtayi nazardan, inson hayoti turli davrlarga bo‘linadi. Bir yoshgacha – chaqaloqlik pallasi, so‘ng organizm gormonlar ta’sirida bo‘lmagan neytral davr, undan keyin prepubertat hamda qizlarda hayz boshlanadigan pubertat davrlari, reproduktiv davr va 47–50 yoshdan keyin – ayollar gormoni estrogen miqdori kamayadigan klimakterik davr. 

 

Ayol uchun klimakterik davrning kechishi tuxumdonlar faoliyati, u tomonidan ajratiladigan tuxum hujayralari miqdoriga to‘liq bog‘liq. Yosh o‘tgani sari ishlab chiqarilayotgan tuxum hujayralari soni kamaya boradi va ularning ko‘rsatkichi 200 mingdan pasayganda ovulyatsiya buziladi.

 

Bu keyinchalik hayz tugashiga olib keladi va klimakterik yoshni yaqinlashtiradi. Yaqinlashayotgan klimaksning ilk belgisi – hayz oylari orasidagi tanaffusning uzayishi va keladigan qon hajmining kamayishidir.

 

 

- Klimaks va menopauzaning farqi nimada?

 

Klimaks so‘zi yunon tilida «zinaning pastga tushuvchi pog‘onasi» degan ma’noni bildiradi. Ushbu holatda tuxumdon larda tuxum hujayralarining ishlab chiqarilishi va tuxumdonlar faoliyati to‘xtaydi. Nafaqat reproduktiv va hayz tizimi, balki tashqi ko‘rinish, ko‘z o‘tkirligi, xotira, suyaklar zichligiga ham ta’sir qiladi, ba’zida siydik ushlay olmaslik bilan kechadi.

 

Menopauza – bu tibbiy ta’rif. Agar bir yildan ortiq hayz kelmasa, postmenopauza, muntazam bo‘lmasa, ikkiuch oyda bir kelsa, premenopauza davri deyiladi. Sabab doim tuxumdon larda bo‘ladi. Menopauzani alohida ajratish qabul qilingan. Chunki aynan ushbu davrda ayol hayoti sifatining keskin tushishi kuzatiladi: uyqu maromi buziladi, tez charchaydi, moddalar almashinuvidagi o‘zgarish teri, sochlarda aks etadi. Ba’zi ayollarda osteoporoz rivojlanishi boshlanadi.

 

 

- Erta klimaks nimasi bilan xavfli?

 

Klimaks erta boshlanganda ayolda 40 yoshgacha hayz tugaydi, estrogenlar taqchilligi bilan bog‘liq simptomlar uzoq vaqt namoyon bo‘ladi. Me’yorda klimakterik davr 52 yoshdan bosh lanishi kerak. O‘zbekistonda u ertaroq – 47 yoshda boshlanadi. O‘zbekistonda ayollarning o‘rtacha umr ko‘rish yoshi 75,5. Agar klimaks 47 yoshda boshlansa, bu ayollar hayotining deyarli uch dan bir qismi estrogenlar taqchilligi sharoitida o‘tishini anglatadi.

 

 

-Estrogenlar taqchilligi nimasi bilan xavfli?

 

Ushbu gormon yetishmovchiligi ayol organizmining yuzdan ortiq nuqtasida muammolarni keltirib chiqaradi. Birinchi raqamli a’zo – bachadon; ikkinchisi – sut bezlari; uchinchisi – suyaklar va skelet bilan bog‘liq barcha a’zolar.

 

 

- Erta klimaksning oldini olish mumkinmi?

 

Bu vaziyatda gormonal terapiya yordam beradi. 40 yoshigacha klimaks davri boshlangan ayollarga TMOYE tuxumdonlarning muddatdan oldin yetishmovchiligi tashxisi qo‘yiladi. Ginekolog menopauza vaqtidagi gormonal terapiya yordamida hayzni tiklashga ko‘maklashadi. Terapiya tabiiy estrogenlarni tabletkalar, spreylar, gellar ko‘rinishida qabul qilishga yo‘naltirilgan. Terapiya tabiiy menopauza davrigacha, ya’ni kamida 51 yosh gacha o‘tkaziladi.

 

 

- Ushbu terapiya 50 yoshdan keyin ham yordam beradimi?

 

Albatta. Uni faqat 60 yoshgacha tavsiya etish mumkin. 60 yoshdan keyin ayollarning ba’zi a’zolarida klimaks bilan bog‘liq osteoporoz, yurak qon tomir kasalliklari, xotira susayishi, siydik ushlolmaslik, arterial gipertenziya kabi asoratlar kuzatilishi tufayli bu terapiya o‘tkazilmaydi. Ushbu belgilar kuzatilgan 60 yoshdan oshgan ayollarga simptomatik terapiya tavsiya etiladi. Erta yoshda hayz to‘xtaganda hayot sifatini saqlab qolish uchun, albatta, ginekologga murojaat qilish kerak. Chunki nafaqat uzoq, balki sifatli yashash zarur.

 

 

- Osteoporoz profilaktikasi qanday?

 

Eng muhimi, hayz davrini hech bo‘lmasa, 51 yoshgacha uzay tirish kerak. Osteoporoz – bu suyaklar mo‘rtligi. Irsiy jihatdan shunga moyil odamlar bor. «Suyak platosi» degan tushuncha mavjud, ya’ni suyakning eng yuqori zichligi davri. Erkaklarda – bu 65 yosh, ayollarda – 28 yosh. Osteoporoz nafaqat estrogenlar taqchilligi, balki ayol organizmidagi kalsiy miqdoriga ham bog‘liq. Masalan, homiladorlik vaqtida ayol homilaga har kuni 300 mg kalsiy beradi. Ko‘krak suti bilan oziqlantirganda ham kalsiy yo‘qotiladi.

 

Shuning uchun kalsiy yetishmovchiligi profilaktikasini o‘z vaqtida o‘tkazib turish kerak. Bundan tashqari, osteoporozga ovqatlanish, tuxum hujay ralarining zaxirasi bilan birga irq ham ta’sir ko‘rsatadi. Yevropeoid va mongoloidlarning suyagi irsiy jihatdan mo‘rt bo‘ladi. Ayolning vazni va bo‘yi ham ahamiyatli. Past bo‘yli va kam vaznli ayollar erta menopauzaga uchraganda, gormonal preparatlar bilan birga kalsiy taqchilligi o‘rnini to‘ldiradigan dorilar ham zarurligini bilib olishi lozim.

 

 

- 40 yoshdan keyin tug‘ish imkoniyatini qanday qilib saqlab qolish mumkin?

 

Tuxum hujayralari zaxirasini saqlab qolish uchun men aralash oral kontrasepsiya vositalarini tavsiya qilaman. Bizda kontrasepsiya usullaridan biri sifatida ayollarga bachadon ichiga spiral o‘rnatishni maslahat berishadi. To‘g‘ri, uning qo‘llanish muddati uzoq va qator afzalliklari bor. Ammo u bilan tuxumdonlar befoyda ishlaydi va tuxum hujayralari zaxirasini saqlab qolmaydi.

 

 

-Klimaksning ijobiy jihatlari bormi?

 

Xotirjam qiladigani, dunyoda klimaks davrini boshdan kechirmagan ayolning o‘zi yo‘q. Bu davrning ham o‘ziga yarasha ijobiy taraflari va zavqi bor. Ulardan biri – bu kontrasepsiya vositalarisiz jinsiy hayotdan bahramand bo‘lish imkoniyati.

 

 

- Klimaksdan keyin yorqin jinsiy hayot kechirish mumkinmi?

 

Mumkin. Erkaklarda jinsiy faollik cho‘qqisi 18–22 yoshga to‘g‘ri keladi. Ayollarda bu ko‘rsatkich 26–28 yoshni tashkil etadi. Keyin u biroz so‘nadi va 50 yoshda yana kuchaya boshlaydi. Shuning uchun, nazarimda, har bir ayol umrining oxirigacha faol jinsiy hayot olib borishi kerak. Bu unga o‘zini bo‘sh qo‘yish, baxtli va sog‘lom bo‘lib qolish imkonini beradi.

 

 

 

Oksana Zanozina, Mediofarm EKO va Ayol Care klinikalari reproduktologi, akusher-ginekolog

 

 

- Menopauza vaqtida ayollar nima qilishi kerak?

 

Klimakteriya davri – bu kasallik emas, balki tuxumdon faoliyatining izchillik bilan to‘xtashidir. U muayyan shikoyatlar bilan kechishi mumkin. Perimenopauza davridagi ayollarda bo‘ladigan birinchi shikoyat sifatida hayz siklining o‘zgarishi qayd etiladi. Avvaliga hayz sikli qisqarishi, keyin uzayishi, sekinastalik bilan hayzning to‘xtashi va menopauzaning boshlanishi.

 

Ayollar quyidagi belgilarni sezishi mumkin: tana haroratining keskin o‘zgarishi; ko‘p terlash; bosh og‘rig‘i; xotira susayishi; uyqu maromining buzilishi; kayfiyat o‘zgarishi; ba’zida qon bosimining oshishi; vazn ortishi; teri egiluvchanligining yomonlashuvi; shilliq qavatning qurishi; ba’zida – suyak va umurtqadagi og‘riq.

 

Mazkur simptomlar tuxumdonlarda gormonlarning (estradiol, progesteron, testosteron) kamayishi bilan bog‘liq. Ushbu belgilarning aksariyati davolanishdan keyin yo‘qoladi. Ushbu muammolarga uchragan ayollar ma’lum bir vaqtgacha dugonalaridan maslahat so‘raydi yoki internetda ma’lumot izlaydi. Bu tavsiyalarda davolanishning ba’zi usullaridagi (menopauzal gormonal terapiya) nojo‘ya ta’sirlar har doim ham inobatga olinmaydi. Qarshi ko‘rsatmalarni aniqlash va individual terapiya tanlash uchun tekshiruvdan o‘tish kerak.

 

Mazkur yoshga doir chekapga quyidagi tekshiruvlarniki ritish mumkin::

  • kichik tos a’zolarini UTT qildirish;
  • sut bezlarini UTT qildirish, mammolog shifokor ko‘rigi va mammografiya;
  • PAP surtma;
  • kolposkopiya;
  • osteodensitometriya

 

Bulardan tashqari, qon tahlili o‘tkaziladi. Qonning biokimyoviy tahlili, koagulogramma, qonning lipid spektrini aniqlash shular jumlasidan. Zarurat tug‘ilsa, endokrinolog maslahati, EKG, qon bosimini o‘lchash orqali kardiolog ko‘rigi kerak. Menopauzal gormonal terapiya fonida ayol, shuningdek, mutaxassis shifokorlar kuzatuvida bo‘lishi va har yili mazkur terapiyani davom ettirish imkoniyati haqidagi masalani hal qilish maqsadida chekap tekshiruvlardan o‘tib turishi kerak.

Ko‘rishlar: 542

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz