Travmatologiya va ortopediyada protezlash haqida nima bilamiz?

Hayot sifati

Yangilangan:

Travmatolog-ortoped oldiga faqat ogʼriq sezganda boramiz. Xoʼsh, mamlakatimizda protezlashning qanday usullari qoʼllanadi? Nima uchun baʼzi protezlar xuddi samolyot qanoti kabi qimmat turadi?

 

 

Xurshid Shokirov, Gavhar travmatologiya va ortopediya klinikasi bosh shifokori, travmatolog-ortoped


 

 

- Travmatolog-ortopedga qanday simptom va tashxislar bilan murojaat qilishadi?

 

Xurshid Shokirov: "Birinchi navbatda, bu ogʼriq va ogʼriq sindromi boʼlib, u skelet, yaʼni suyak tizimidagi turli patologiyalar natijasida yuzaga keladi. Bu boʼgʼimlar sohasidagi boʼgʼim togʼayining shikastlanishi yoki boʼgʼimlar artrozining rivojlanishi kabi turli degenerativ jarayonlar yoki sinish natijasida yuzaga keladigan ogʼriq boʼlishi mumkin.
 

 

Ikkinchisi, qoʼl-oyoq, boʼgʼim va umurtqa pogʼonasidagi har xil deformatsiyalar. Faoliyatimda deformatsiyalangan artrozi va son suyagi boshchasining aseptik nekrozi bor bemorlar koʼproq uchraydi. Ushbu patologiyalar asosida virusli infektsiyalar, torch-infektsiyalar, sovuq oʼtib ketishi, son suyagi boshchasida oziqlanishning buzilishi kabi omillar yotadi".

 

 

- Travmatolog-ortoped qanday tekshiruvlarni oʼtkazadi?

 

Xurshid Shokirov: "Ushbu klinik tekshiruvlarda shifokor ogʼriq yoki deformatsiya sababini aniqlaydi. Shundan keyin uskunalar yordamidagi usulga oʼtiladi. Birinchi navbatda, rentgen qilinadi. Zarur boʼlsa, magnit-rezonans tomografiyasi (MRT) yoki multispiral kompyuter tomografiyasi (MSKT) oʼtkaziladi".

 

 

- Bugungi kunda eng koʼp qaysi protezlash usullari qoʼllanadi?

 

Murodjon Soliev: "Endoprotezlash – bu jarohat yoki kasallik tufayli shikastlangan aʼzolarni sunʼiy aʼzolarga toʼliq yoki qisman almashtirish usulidir. Endoprotez inson tanasiga yurakning sunʼiy klapanlari, yirik qon tomirlari, boʼgʼimlar koʼrinishida oʼrnatiladi.

 

Ekzoprotezlash – bu tananing yoʼqotilgan qismlarini tashqi tomondan oʼrnatiladigan sunʼiy aʼzolarga almashtirish usulidir.

 

Yoʼqotishlarga asosiy sabab sifatida jarohatlar, onkologik va qontomir kasalliklari, baʼzida tananing tugʼma nuqsonlarini koʼrsatish mumkin. Ekzoprotez faoliyatni yaxshilashga yordam beradi. Eng muhimi, mavjud nuqsonni tashqi tomonlama bilinmas holatga keltiradi. Qoʼl, oyoq, quloq, ayollar koʼkragi protezlari ekzoprotezlarga misol boʼla oladi".

 

 

 

Murodjon Soliev, Travmatologiya va ortopediya ITI direktorining ilmiy ishlar boʼyicha oʼrinbosari

 

 

Endoprotezlash

 

 

- Endoprotezlashning ijobiy va salbiy tomonlari nimada?

 

Xurshid Shokirov: "Eng katta ijobiy tomoni – bu hayot tarzini yaxshilaydi, boʼgʼimlar faoliyatini tiklaydi. Bemor salbiy taʼsiri koʼp boʼlgan ogʼriqsizlantiruvchi dorilar isteʼmolini toʼxtatadi. Bularga asosan oshqozon va oʼn ikki barmoqli ichak shilliq qavatiga zarar yetkazadigan nogormonal vositalar kiradi. Shu bois artroz rivojlanishining eng erta bosqichlarida ham boʼgʼimni sunʼiysiga almashtirishdek keskin usul tavsiya qilinadi.

 

Buning birgina salbiy tomoni – sunʼiy boʼgʼimning muddati cheksiz emas. Har qanday sintetik material kabi u ham ishqalanish natijasida ishdan chiqadi. Bunday mahsulot yumshoq toʼqima, boʼgʼimlarni zaharlaydi va suyak toʼqimasining oʼzi shikastlana boshlaydi".

 

 

Rakshit Sannegovda: "Protezlash artrit, cheklangan harakat va yura olmaslikdan aziyat chekkan bemorlarga umid bera oldi. Operatsiya harakatni tiklash orqali bemorga odatiy turmush tarzini yuritish va oʼzining ijtimoiy majburiyatlarini bajarishga imkon beradi.

 

Endoprotezlashning salbiy tomonlari – bu operatsiyadan keyingi infektsiyadir. U koʼproq qandli diabetga chalingan bemorlar, qariyalar va immuniteti past insonlarda paydo boʼladi. Operatsiya vaqtida asab va qon tomirining shikastlanishi ehtimoli bor. Bu falajlikka va chuqur venalar tromboziga sabab boʼlishi mumkin".

 

 

- Endoprotez qancha vaqt xizmat qilishi mumkin va bunday operatsiya qancha turadi?

 

Xurshid Shokirov: "Protez oʼrtacha 15 yil xizmat qiladi. Аgar odam 20 yoshida operatsiya qildirsa, 35 yoshida takroriy amaliyot – revizion endoprotezlash talab etiladi".

 

 

Murodjon Soliev: "Tos suyagi bilan son suyagini tutashtirgan boʼgʼin endoprotezlari narxi uning tuzilishi va ishlab chiqaruvchi korxonasiga qarab Oʼzbekistonda 12–40, tizza boʼgʼini 30 million soʼm atrofida baholanadi".

 

 

- Endoprotezni necha yoshdan qoʼllash mumkin?

 

Rakshit Sannegovda: "Odatda endoprotezlash 40–50 yoshdan katta bemorlarga tavsiya qilinar edi. Аmmo texnologiya rivojlangani sari skeleti yetilgan 20 yoshli bemorlarda ham jarrohlik amaliyoti tobora koʼp oʼtkazilyapti".

 

 

- Revizion endoprotezlash nima?

 

Xurshid Shokirov: "Endoprotez tarkibiy qismlari eskirganda, suyak toʼqimasi, tos suyagi bilan son suyagini tutashtirgan boʼgʼin yoki tizza boʼgʼimlarida katta nuqsonlar paydo boʼladi. Nuqsonlar hisobga olingan holda, har bir bemor uchun alohida revizion konstruktsiya ishlab chiqiladi. 

 

Bunday operatsiyaning narxi – 60 million soʼm. Chunki unda qimmatbaho va noyob konstruktsiya ishlatilgan. Bu operatsiya rejalashtiriladi va uzoq davom etib, koʼp qon yoʼqotish bilan kechadi".

 

 

- Bugungi kunda xorijda 3D-protezlash innovatsion texnologiyasi oʼtkaziladi. Bu kabi texnologiyalar Oʼzbekistonga qachon keladi?

 

Xurshid Shokirov: "Soʼnggi 30–40 yilda endoprotezlash sohasida chidamliroq materiallarni ishlab chiqish va tayyorlashdan boshqa yangilik kuzatilmadi. Printer yordamida 3D-protezni tayyorlash – yangi va jiddiy texnologiya. U koʼproq revizion endoprotezlashda qoʼllanadi. Bu texnologiyalar bizdan olisda emas.

 

Ularni mamlakatimizda joriy qilolmaslikning asosiy sababi – narxining qimmatligi. Kelajakda biz boʼgʼimlarni protezlashdan sunʼiy usulga oʼtamiz. Boʼgʼim togʼayi va suyak toʼqimasini tirik hujayra tiklab beradi. Hammasi sunʼiy emas, tabiiy boʼladi".

 

 

Murodjon Soliev: "Mazkur texnologiyani 2023 yildan boshlab, Ortopediya va reabilitatsiya markazining ishlab chiqarish bazasida joriy etish moʼljallangan. Oʼzbekistonda qoʼllarning bionik protezlari oʼrnatiladi. Ular yordamida bemor oʼz istagiga qarab, protezning muayyan qismlarini harakatlantirish imkoniga ega".

 

 

Rakshit Sannegovda: "3D-protezlar koʼp yillardan buyon rivojlangan davlatlarda qoʼllanadi. Аmmo ular operatsiya narxini 2-3 barobar oshirib yuborgan. Jarroh-ortopedlar orasida ushbu usulning zarurligiga doir bahslar mavjud. Chunki rivojlanayotgan davlatlarda bu protezni hamma bemorning ham choʼntagi koʼtarmaydi. Shaxsan men bu yangi texnologiyalarni qoʼllab-quvvatlamayman. Sababi, ularning natijasi boshqa usullarnikidan katta farq qilmaydi. Operatsiyaga ortiqcha mablagʼ sarflangani qoladi, xolos".

 

 

 

Rakshit Sannegovda, AKFA Medline travmatolog-ortopedi

 

 

Ekzoprotezlash

 



- Ekzoprotezlashning ijobiy va salbiy tomonlari

 

Murodjon Soliev: "Zamonaviy ekzoprotezlar tana rangiga yaqin tusdagi materiallardan tayyorlanadi. Ularga tana tuzilishiga mos zaruriy oʼlcham va shakl berish mumkin. Ularni oʼrnatish uchun operatsiya talab qilinmaydi. Аgar qulayroq va samaraliroq konstruktsiyalar chiqib qolsa, protezni bemor xohishiga qarab oʼzgartirish oson.

 

Salbiy tomoni – ekzoprotez yoʼqotilgan aʼzo faoliyatini toʼliq tiklay olmaydi. Sogʼliq butunlay tiklanmaydi, lekin ekzoprotez bilan hayot tarzi ancha yaxshilanadi. Qoʼl-oyogʼini yoʼqotgan sportchilar protezlardan foydalanganda, sogʼlom sportchilar bilan tengma-teng musobaqalashgani haqida misollar koʼp".

 

 

- Bemorga yoqadigan ekzoprotezni qanday tanlash mumkin?

 

Xurshid Shokirov: "Ekzoprotezlar ishlanmasi va dizayni bilan shugʼullanadigan kompaniyalar bor. Ular ekzoprotez materiali, tashqi koʼrinishi, rangiga alohida eʼtibor qaratadi. Bundan tashqari, bioelektron ekzoprotezlar ishlab chiqilmoqda. Ular yoʼqotilgan qoʼl-oyoq oʼrnidagi et qismida joylashgan neyronlar hisobiga barmoqlarni harakatlantirish imkonini beradi. Bu kabi protezlar qimmat. Yurtimizda ishlab chiqarilmaydi. Qiyoslash uchun aytaman: bunday protez narxi samolyot qanoti qiymatiga teng".

 

 

- Sut bezini ekzoprotezlashda protez qanday tanlanadi? Chunki bu koʼproq koʼrkamlik bilan bogʼliq.

 

Murodjon Soliev: "Sut bezining silikonli ekzoprotezi bir necha shakl va oʼlchamda, tayyor holatda keltiriladi. Mos turini tanlashda bemor ayolning xohishi va albatta, tana tuzilishi inobatga olinadi".

 

 

- Ekzoprotezni necha yoshdan qoʼllash mumkin?

 

Murodjon Soliev: "Oyoq uzunligini toʼgʼrilash uchun moʼljallangan ekzoprotezlarni uch yoshdan qoʼllash mumkin. Qoʼl protezlarini bola yoʼqotilgan qoʼli oʼrnida foydalanishni oʼrganganidan keyin qoʼllasa boʼladi".

 

 

- Bepul protezlash boʼyicha xayriya dasturlari bormi?

 

Murodjon Soliev: "Oʼzbekistonda nogironligi bor shaxslar davlat hisobidan ekzoprotezlar bilan taʼminlanadi. Shuningdek, kattalarga har ikki yilda bir, bolalarga esa har yili protezni bepul almashtirish imkoni beriladi".

Ko‘rishlar: 365

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz