Uzoq va yaqinni yaxshi ko‘rolmaslik: Juda yaqin, lekin ancha uzoq
Hayot sifati
Yangilangan:
Ushbu maqolada ko‘rish bilan bog‘liq ko‘p uchraydigan va bemorni shifokor huzuriga borishga majbur qiladigan muammolar haqida gaplashamiz. Bularga uzoqni yaxshi ko‘ra olmaslik (miopiya) va yaqinni yaxshi ko‘ra olmaslik (gipermetropiya) kiradi. Xo‘sh, ushbu patologiyalar rivojlanishining sababi nimada? Samarali davolash usullari va kasallikning oldini olish choralari bormi? Bu haqda batafsil mutaxassisdan bilib olamiz.

Kamila Imomaliyeva, lazer bilan ishlovchi jarroh, Toshkent tibbiyot akademiyasi oftalmologiya kafedrasi assistenti, PhD
- Uzoqni yaxshi ko‘rolmaslik qanday kelib chiqadi?
Uzoqni yaxshi ko‘rolmaslik holatida inson uzoq masofadagi kichik buyumlardan ko‘ra, yaqinidagi jismlarni yaxshiroq ko‘ra oladi. Ushbu xastalikning tug‘ma (irsiy, ona qornida paydo bo‘lgan; yosh o‘tib u kuchayadi va xavfli tus olishi mumkin), shuningdek, orttirilgan (ko‘zda yorug‘likning sinishi bilan bog‘liq o‘zgarish) turlari bor. Odatda u yillar davomida sezilmas darajada ko‘payib boradi va ko‘zda yaqqol o‘zgarish kuzatilmaydi.
Miopiya ko‘pincha maktab yoshida boshlanadi. Bunga turli gadjetlardan foydalanish, kompyuterlashuvning kuchayishi, bolalar va o‘smirlardagi gormonal o‘zgarishlar sabab bo‘lishi mumkin. Miopiyaga olib keluvchi omillar quyidagilar:
-
tashqi muhitdagi gigiyenik sharoitning yomonligi – sinfxonalarning yaxshi yoritilmasligi, partalarning o‘quvchilar bo‘yi va yoshiga mos kelmasligi, kichik shriftdagi yozuvlar, doskaning o‘ta yaltirashi, qorong‘i yoki kun g‘ira-shira paytda kitob o‘qish. Gap shundaki, yorug‘lik yetarli bo‘lmasa, ko‘z ichidagi mushaklar zo‘riqadi va mushak spazmi yoki soxta uzoqni yaxshi ko‘rolmaslik paydo bo‘ladi. Faqat yaqin masofani ko‘rish bilan bog‘liq uzoq muddatli mehnat oqibatida kasbiy miopiya rivojlanadi;
-
irsiyat. Agar ota-onaning biri yoki har ikkisi miopiyadan aziyat cheksa, farzandlariga o‘tish ehtimoli katta. Bunda akkomodatsion mushaklar va biriktiruvchi to‘qimalar zaiflashuvi kuzatiladi;
-
baʼzi tadqiqotlarga ko‘ra, miopiya odatiy jarayon emas, balki butun organizmdagi muayyan bir o‘zgarish. Masalan, uzoqni yaxshi ko‘rolmaydigan odamlarda modda almashinuvi buziladi, askorbin kislotasi, D vitamini, kalsiy miqdori kamayadi.
- Uzoqni yaxshi ko‘rolmaslikning asosiy belgilari
Miopiyaning asosiy belgilari orasida kun g‘ira-shira vaqtda uzoqdagi obyektlarni ilg‘ay olmaslik bilan kechuvchi ko‘rish imkoniyatining pasayishi, ko‘zdan 30 cm.dan ortiq masofadagi jismlarni aniq-tiniq ko‘rolmaslik, yaqinni ravshan ko‘rgan holda uzoqni ko‘rishning yomonlashuvi, uzoqdagi obyektlarni yaxshi ko‘rish uchun ko‘zni zo‘riqtirish zarurati, doimiy ravishda ko‘zni qisish (ko‘z qisilganda, tasvir aniqroq ko‘rinadi) kabilar bor.
Shuningdek, miopiyadan aziyat chekuvchilar boshning peshona qismida simillovchi, zirqiragan og‘riq, shu sohada og‘irlik (boshning peshona qismi, ko‘zning orqasida, qanshar sohasida), hujjatlar bilan ishlaganda yoki uzoqdagi buyumlarni ko‘zni zo‘riqtirib ko‘rish oqibatida charchoq kabilarni his qilishi mumkin. Agar uzoqni yaxshi ko‘rolmaslik kuchayib ketsa, ko‘ngil aynishi, yorug‘likdan qo‘rqish bilan kechuvchi migren rivojlanishi mumkin.
- Uzoqni yaxshi ko‘rolmaslikning sababi nimada?
Taʼkidlaganimizday, miopiya genetik kasallik bo‘lib, uning natijasida ko‘z soqqasi shakli uzayadi. Agar davolanmasa, kasallik kuchayadi. Oqibatda ko‘zda ortga qaytmas jiddiy jarayon ro‘y berib, ko‘rish qobiliyatining yo‘qotilishigacha borib yetadi. Miopiyaga akkomodatsiya spazmi (yoshlikda rivojlanuvchi soxta uzoqni yaxshi ko‘rolmaslik), keratonokus (shoxparda shaklining o‘zgarishi), jarohat (suyaklarning qisman va butunlay chiqishi) vaqtida ko‘z gavharining siljishi, ko‘z gavharining sklerozi (qariyalarda) kabilar sabab bo‘lishi mumkin.
Uzoqni yaxshi ko‘rolmaslik ko‘z mushaklarining zaiflashuvi bilan ham bog‘liq. Bunday holatda maxsus jismoniy mashqlar majmuasi yordam beradi. Ular yordamida miopiya kuchayib ketishini to‘xtatsa bo‘ladi.
- Davolash usullari
Bugun uzoqni yaxshi ko‘rolmaslik terapiyasi usullari yigirmadan ortiq. Quyidagi turlari ko‘proq qo‘llanadi: Ko‘zni lazerli korreksiyalash, Fakichli linzalar implantatsiyasi, Ko‘z gavharini refraksion almashtirish (lensektomiya), Bolalarda uzoqni yaxshi ko‘rolmaslikni appparat yordamida davolash, Skleroplastika, Ortokeratologiya (tunda taqish uchun linzalar).
- Yaqinni yaxshi ko‘rolmaslik qanday namoyon bo‘ladi?
Mazkur patologiyaning rivojlanish mohiyatini tushuntirib beramiz. Ko‘zimizda yorug‘lik nurini sindiruvchi ikkita muhit bor – ko‘z gavhari va shoxparda. Yorug‘lik nuri ko‘rish yo‘li orqali o‘tib sinadi va to‘rpardaga tushadi. U yerda fokuslanadi, o‘zgaradi va signal ko‘rinishida neyron orqali bosh miyaga uzatiladi. Ammo nur harakati qisqa, ko‘z gavharining akkomodatsiyasi zaif yoki shoxpardaning bo‘rtib chiqishi yetarli bo‘lmasa, to‘rpardada xira tasvir paydo bo‘ladi. Natijada tiniq bo‘lmagan tasvirni ko‘ramiz. Shuning uchun yaqinni yaxshi ko‘rolmaydigan odam o‘qiyotganda mayda harflarni yaxshi ko‘rmaydi va fokusni to‘g‘rilash uchun kitobni uzoqlashtirishga majbur bo‘ladi.
- Sabablari nimada?
Sababi nir nechta bo‘lishi mumkin. Birinchidan, deyarli barcha bolalar yaqinni yaxshi ko‘rolmaydigan bo‘lib tug‘iladi. Taxminan uch oylikka borib ko‘rish qobiliyati meʼyorga tushadi. Ikkinchidan, akkomodatsiya kuchi zaif bo‘lsa, ko‘z gavharining qiyshiq tasvirni o‘zgartirish xususiyati to‘liq yo‘qoladi. Uchinchidan, kichik ko‘z deb nomlanib, ko‘z soqqasining orqa yoki old o‘qi bo‘ylab kichrayishidir.
- Davolash
-
“Plyus” ko‘zoynaklar yordamida ko‘z nurini korreksiya qilish
-
Kontakt linza yordamida korreksiya qilish
-
Ko‘zni lazerli korreksiyalash
-
Ortokeratologiya
- Profilaktika
Bolalar ko‘ziga zararni kamaytirish uchun muayyan profilaktika choralariga rioya qilish kerak. Kompyuter va boshqa qurilmalar oldida yarim soatdan ko‘p o‘tirish mumkin emas. Bolada uzoqni yaxshi ko‘rolmaslik holati bo‘lsa, bu muddatni 20 daqiqagacha qisqartirish zarur. Shundan keyin tanaffus qilish, harakatlanish, ko‘z uchun foydali mashqlarni bajarish lozim. Kun davomida elektron qurilma oldida o‘tirishning umumiy vaqti bir soatdan oshmasligi kerak.
Ko‘rishlar: 355
https://anatomica.uz/uz/articl...







