Bariatrik jarrohlik: ijobiy va salbiy tomonlari
Hayot sifati
Yangilangan:
Eng so‘nggi tibbiy uslublar – mavzuning o‘zi qiziq. Ozish haqida gap ketganda esa mega mashhur. Xo‘sh, ozdiruvchi jarrohlik ortida qanday maqsad yotibdi: tijoriy qiziqishmi yoki semizlik va hatto qandli diabetni davolash borasidagi yutuq?

Umid Ro‘ziyev, PhD, bariatrik jarroh, CityMed
Qandli diabetni jarrohlik yo‘li bilan davolash mamlakatimizda ancha yangi usul, ammo jahon tajribasida 20 yildan ortiq vaqtdan beri qo‘llab kelinmoqda. U bariatrik jarrohlikni rivojlantirish fonida paydo bo‘ldi. Bariatrik jarrohlik yoki semizlik jarrohligi oshqozon-ichak traktida o‘tkaziladigan operatsiyalar majmuasi bo‘lib, morbid (ekstremal) semizlikda vaznni sezilarli darajada kamaytirishga yordam beradi. Oshqozon hajmini kichraytirish va ovqat hazm qilish jarayonidan ichakning bir qismini chiqarib tashlash evaziga ovqat hazmi jarayonini kamaytirish orqali samaraga erishiladi. Operatsiyadan keyin bemor ortiqcha vazn yo‘qotadi. Baʼzida boshlang‘ich ko‘rsatkichdan 60–70 foizgacha natijaga erishiladi. Ammo jarrohlarning taʼkidlashicha, bemorlarda vazn kamayishi bilan birga qondagi qand miqdori pasayishi ham kuzatilgan.
Ushbu jarayonni anglash uchun qandli diabetning ikkinchi turidagi rivojlanishni tushunib olish kerak. Yog‘ to‘qimasining ortishi (diabetning ikkinchi turiga chalingan bemorlarning 85–90 foizida semizlik kuzatiladi) glyukoza singishi jarayoni buziladi. Organizm hujayralari insulinni ko‘rolmaydi, uning “ishchanligi” pasayadi. Oshqozonosti bezi uni ko‘proq ishlab chiqara boshlaydi. Qondagi glyukoza esa ko‘payishda davom etadi. Bu takrorlanadigan jarayon. Operatsiyadan so‘ng ortiqcha yog‘ ketganda hujayralarning insulinga sezuvchanligi ortadi, qondagi qand ko‘rsatkichi meʼyorga tushadi. Bundan tashqari, operatsiyadan keyin bemorlarda ovqatlanish borasida yangicha xulq-atvor shakllanadi. Ular ozgina ovqatga ham to‘yib qoladi. Uglevod va qandga boy mahsulotlarni xohlashmaydi, ochlik uchun mas’ul gormonlar meʼyorga keladi.
Afsuski, ushbu usulni qandli diabetning birinchi turi bilan og‘rigan bemorlarga qo‘llash mumkin emas. Chunki ularning kasalligi organizmda insulin mutlaqo yo‘qligi natijasida rivojlanadi.

Yevgeniy Dobromislov, bariatrik jarroh, oliy toifali shikofor, NANO Medical Clinic
Bariatrik jarrohlik, aslo panatseya hisoblanmaydi. Bu operatsiyani ozishni istagan har qanday inson o‘tkazishi mumkin emas. Qatʼiy va qarshi ko‘rsatmalar mavjud.
Ko‘rsatmalar:
- 17 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan davr;
- TVI (tana vazni indeksi) 40 va undan yuqori;
- Jiddiy hamroh kasalliklar (metabolik sindrom, qandli diabet) bilan TVI 30-40;
- Tana vazni keskin ortib ketishi va anamnezda semizlik tashxisining bo‘lishi hamda TVI 30 dan kam.
Qarshi ko‘rsatmalar:
- oshqozon va o‘n ikki barmoq ichak yara kasalligining kuchayishi;
- homiladorlik;
- onkologik kasalliklar;
- ruhiy buzilish: og‘ir depressiya, psixoz, psixofaol moddalarni suiisteʼmol qilish (spirtli, giyohvandlik moddalari), shaxsiyat buzilishining baʼzi turlari (psixopatiya);
- hayotiy muhim aʼzolarning og‘ir, qaytmas bo‘lib o‘zgarishlari.
Sanab o‘tilganlardan kelib chiqib, shuningdek, hamroh kasalliklar inobatga olingan holda operatsiya muhimligi yoki rad etish qarori qabul qilinadi. Bariatrik jarrohlik shunchaki oshqozon hajmini kichraytirish va yeyiladigan ovqat miqdorini kamaytirish maqsadida uning bir qismini olib tashlash degani emas. Bir necha turdagi bariatrik operatsiyalar mavjud va har bir vaziyatda amaliyotni o‘tkazish texnikasi individual tanlanadi.
Ayniqsa, morbid, ekstremal semizlik shunchaki semiz odam degani emas. Bunday bemorlarda rivojlanadigan asoratlar ularni o‘lim holatigacha olib borishi mumkin. Qandli diabet, gipertoniya, bo‘g‘im, yurak, gormonlardagi muammolar bunday insonlarning hamrohiga aylanadi. Inson psixologik jihatdan ham qiyinchilikda qoladi. Ko‘proq harakatlanish kerak, u esa tanasidan uyaladi. Sport zali, basseynga borolmaydi. Faol hordiq chiqarolmaydi. Chorasizlik halqasi shakllanadi. Semirgan sari kam harakat qiladi, kam harakat natijasida semiraveradi, bu vaziyatdan mustaqil chiqib ketolmaydi. Albatta, bunday bemorlar uchun bariatrik operatsiya odatiy hayotga qaytish, hatto yashab qolish uchun imkoniyatdir.

Dilmurod Irgashev, Doctor D klinikasi asoschisi va rahbari, androlog-seksopatolog
Oshqozonining bir qismi olib tashlangandan keyin inson kamroq ovqat yeydi. Unda nima uchun shu paytgacha me’yorda ovqatlanmagan? Oshqozon devori organizm uchun foydali mahsulotlarni ishlab chiqaradi. Bir qismi olib tashlanganidan keyin ushbu organning fiziologiyasi o‘zgaradi. Men oshqozon rezeksiyasini – irodasi kuchsiz, o‘zini nazorat qilolmaydigan insonlar uchun tijorat dasturi deb hisoblayman. Bu panatseya emas. Bu kabi operatsiyalar o‘lim holati bilan tugashi mumkin. Men radikal aralashuvga qarshiman. Biz diabetni davolamaymiz, balki oshqozonni olib tashlash orqali o‘zimizni aldaymiz.
Bugungi kunda ishtahani nazorat qiladigan yangi preparatlar ishlab chiqilmoqda. Zamonaviy dori vositalarini qabul qilish mumkin bo‘lgan vaqtda tig‘ ostida yotishning nima keragi bor. Bu kabi preparat 2022-yili AQSh, Yevropada paydo bo‘ldi. Mamlakatimizda hali ro‘yxatdan o‘tkazilgani yo‘q, ammo yaqin kelajakda bizda ham paydo bo‘lishiga ishonchim komil.
Ko‘rishlar: 602
https://anatomica.uz/uz/articl...







