Alsgeymer: Tiklanmas gen

Hayot sifati

Yangilangan:

Miya asab hujayralarining nobud bo‘lishi, muolajasi hali topilmagan alsgeymer kasalligiga nima sabab bo‘ladi? Xavf omillari haqida Yoqutxon Majidova so‘zlab beradi.

 

 

Yoqutxon Majidova, O‘zR SSV bosh nevrologi, ToshPTI nevrologiya, bolalar nevrologiyasi va tibbiy genetika kafedralari mudiri, Yevroosiyo tibbiyot fanlari akademiyasi muxbir a‘zosi, O‘zbekiston epilepsiyaga qarshi ligasi raisi, O‘zbekiston nevrologlari assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor

 

Alsgeymer kasalligi – demensiyaning eng keng tarqalgan turi. U ilk bor 1907 yilda nemis psixiatri Alois Alsgeymer tomonidan tavsiflab berilgan. Ushbu neyrodegenerativ kasallikda miya to‘qimalarida behisob blyashka (viruslangan hujayrali qatlam)lar paydo bo‘lib, asab hujayralari degeneratsiyasi va o‘simtasini keltirib chiqaradi. Xotira, fikrlash va xulqatvorda muammolar yuzaga kela boshlaydi. Kasallikning kuchayish sur’ati individual, o‘ziga xos. Tashxis qo‘yilgandan keyin bemor o‘rtacha sakkiz yil atrofida hayot kechiradi. Yosh o‘tib, bosh miyada tabiiy o‘zgarishlar yuz berib, kichik detallarni eslab qolish qiyinlashadi. Lekin kasallik kundalik vazifalarni me’yorda bajarishga xalal beradigan quyidagi boshqa jiddiy asoratlarni ham keltirib chiqaradi:

  • ilgari qiyin bo‘lmagan vazifalarni bajarishdagi murakkabliklar;
  • xotiraning buzilishi, aqlning pasayishi;
  • kayfiyat va fe’latvordagi o‘zgarishlar, qarindoshlar va do‘stlardan uzoqlashish;
  • og‘zaki va yozma muloqotdagi muammolar, o‘qish, yozish, hisoblash ko‘nikmalarini yo‘qotish;
  • joylar, odamlar, hatto o‘zini tanimaslik, oxirgi voqealarni xotirada tiklay olmaslik;
  • ko‘rish qobiliyatidagi o‘zgarishlar, masalan, tasvirni aniqlashdagi qiyinchilik.

 

Xavf omillari

 

Garchi shu vaqtga qadar alsgeymer kasalligining barcha sabablarini bilmasak da, tadqiqotlar aynan qaysi omillar insonni zaif qilishini yaxshiroq tushunishga imkon berdi.

 

 

Yosh

 

Keksalik – xavfning bosh omili. Alsgeymer kasalligiga chalingan aksariyat insonlar 65 yoshdan kichik emas. Atigi 5 foizida belgilar ertaroq namoyon bo‘lishi mumkin.

 

 

Oilaviy kasallik tarixi

 

Agar ota onangiz yoki yaqin qarindoshlaringizdan biri ushbu darddan aziyat cheksa, sizda kasallanish ehtimoli ko‘proq.

 

 

Genetik omil

 

Alsgeymer kasalligining rivojlanish xavfini oshiruvchi bir nechta gen va mutatsiyalar aniqlangan. APOE Allel e4 geni – eng keng tarqalgan xavfli gen. Moʻtadil kognitiv buzilishlar. O‘rtacha kognitiv buzilishlar, ayniqsa, xotira bilan bog‘liq muammolar alsgeymer kasalligi va demensiya (bilish va fikrlash qobiliyatining buzilishi) xavfini oshiradi.

 

 

Yurak-qon tomir kasalliklari

 

Miya salomatligi qon tomir tizimi holati bilan bog‘liq. Qon miyaga kislorod bilan birga ozuqaviy moddalarni yetkazib beradi. Qon aylanishining buzilishiga olib keladigan sabablarga chekish, ortiqcha vazn, diabet, xolesterin va qon bosimining oshishi kabilar kiradi.

 

 

Ta’lim darajasi

 

Rasmiy ta’lim olish bilan alsgeymer kasalligi xavfining ortishi o‘rtasida bog‘liqlik borligi aniqlangan. Ta’lim olish muddatining uzoq davom etishi neyronlar orasidagi aloqani mustahkamlaydi va shu orqali bosh miyaga neyrondan neyronga signal uzatishning muqobil yo‘llaridan foydalanish imkonini beradi.

 

 

Bosh suyagi-miya jarohati

 

Alsgeymer kasalligi va boshqa demensiyalar xavfi 30 daqiqadan ortiq xotira yoki hushni yo‘qotish holatiga olib keluvchi, o‘rta va og‘ir darajadagi bosh suyagimiya jarohatlari natijasida ortib boradi. Bunday jarohatlarning yarmi yo‘l transport hodisalari oqibatida orttiriladi. Sportchilar va jang maydoni ishtirokchilari ham demensiyalar rivojlanishi va kognitiv faoliyati buzilishi yuqori bo‘lgan xavf guruhiga kiradi.

 

 

Tashxislash

 

Alsgeymer kasalligini aniqlay oladigan oddiy test yo‘q. Tashxis qo‘yish uchun kompleks tibbiy ko‘rik zarur va u quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • oilaviy tibbiyot tarixi;
  • nevrologik tekshiruv;
  • xotira va fikrlashni baholash uchun kognitiv testlar;
  • qon tahlili (boshqa sabablarni istisno qilish uchun);
  • neyrovizuallashtirish.

 

Aniq tashxis qanchalik erta qo‘yilsa, davolash va hayot sifatini yaxshilashdan olinadigan muvaffaqiyatli samara ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi.

 

 

Muolaja

 

Kasallikning davosi yo‘q. Terapiya usullari asoratlarga ta’sir qilishi mumkin, lekin mohiyatan palliativ (vaqtinchalik) choralar hisoblanadi. Butun boshli muolaja majmuasidan farmakologik, ijtimoiy psixologik va bemorni parvarishlash choralarini alohida ko‘rsatish mumkin. Terapiya usullari mohiyatan palliativ (muvaqqat).

Ko‘rishlar: 379

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz