Muhim masalalar haqida stomatologga 8 savol
Hayot sifati
Yangilangan:
Stomatologiya – tibbiyotning ilm va sanʼat chorrahasidagi sohasi. So‘nggi yillarda ushbu soha faol rivojlanib bormoqda. Bu boradagi muhim masalalar haqida bilish uchun biz tez-tez bormashina yonidagi kursida o‘tirishiga to‘g‘ri keladigan bemorlarni qiziqtiruvchi sara savollarni tuzdik.

Kirill Kim, stomatolog-ortodont, oliy toifali shifokor, Smile Concept klinikasi
- Nima uchun bugun tishlamni to‘g‘rilash uchun qoziqtishlarni oldirishga shoshilmaslik kerak?
Tepa va pastki qoziqtishlar muhim tishlardir. Aynan qoziqtishlar tabassumning yarmini shakllantiradi, uchinchi tishlarning to‘g‘ri joylashuvi sabab u yanada yorqin ko‘rinadi. Qoziqtishlar, shuningdek, tepa va pastki lablar uchun tayanch bo‘lib, lablarning chetidagi yumshoq to‘qimalarga shakl beradi. Qoziqtishlarni jiddiy ko‘rsatmalarsiz aslo oldirib bo‘lmaydi.
Tishlarni to‘g‘rilatishning yo‘llaridan biri – ortodontik davolash uchun shaffof kapalardan foydalanish. Kapalar (elaynerlar) tishlam patologiyasining ko‘p qismini samarali to‘g‘rilaydi. Shu bilan birga breketlardan qulayroq va tishda kamroq bilinadi.
- Ortodontiya sohasida qanday yangiliklar bor?
Ortopedik va ortodontik xizmatlar «alohida holatlar» toifasiga kiradi. Bunda nafaqat oddiy «kichik tuzatish» talab etiladi, balki tish qatori holatini me’yoriga tushirish (tishlamni to‘g‘rilash), shikastlanishdan keyin yuz-jag‘ sohasini tiklash, deformatsiyani yo‘qotish kerak bo‘ladi. Zamonaviy texnologik yutuqlar ortodontik davolashning samarasi va qulayligini oshirish evaziga uning imkoniyatlarini kengaytirdi.
Aytish mumkinki, ortodontiya raqamlashib bormoqda. Yangi texnologiyalarning takomillashuvi sifatida quyidagilarni taʼkidlab o‘tish mumkin:
- raqamli diagnostika va davolashning raqamli rejalashtirilishi;
- tishni ko‘chirishning biomexanika xususiyatlari kengayishi;
- ortodontiya va ortognatik jarrohlikning birlashuvi.
Ortodontik davolash usullari va ko‘nikmalari borasida O‘zbekiston jahondagidan qolishmaydi.

Dilyara Dautova, stomatolog, oliy toifali shifokor, Fadil Denta klinikasi
- Sut tishlarni kumush bilan qoplash muolajasi samaralimi?
Sut tishlarni kumush bilan qoplashning mohiyati shundaki, tozalangan tishlar (old yoki chaynaydigan) yuzasiga shifokor cho‘tka yordamida maxsus kumush nitrati eritmasini suradi va bir necha daqiqaga qoldiradi. Tishlarda plyonka qoladi, u esa kariyes rivojlanishini to‘xtatishi kerak. Chunki kumush mikrobga qarshi taʼsir ko‘rsatadi. Kumush bilan qoplash muolajasi og‘riqsiz, davolashga nisbatan narxi ancha arzon. Ammo u kariyesdan himoyalamaydi! Kumush eritmasi kariyes jarayonining faqat boshlanishi, yaʼni kariyes mikroblari hali ichkariga, emal ostiga kirib bormagan holatda samarali hisoblanadi. Agar jarayon tishning ichiga kirgan bo‘lsa, kumush yordam berolmaydi va tish baribir parchalana boshlaydi.
Agar nuqsonlar ancha chuqur bo‘lsa, kumushning achchiq eritmasi pulpani kuydirishi va o‘tkir tish og‘rig‘ini keltirib chiqarishi mumkin. Keyin davolanmasa, tish ichidagi asab tolalari simptomsiz parchalana boshlaydi va tez orada milkda yiringli teshik paydo bo‘ladi. Yiringli tish oldida joylashgan, hali chiqishga ulgurmagan doimiy tish ham xavf ostida qoladi.
Kumush bilan qoplash o‘rniga quyidagi usullarni qo‘llagan maʼqul:
- Remoterapiya. Agar shifokor dog‘ ko‘rinishidagi kariyesni aniqlagan bo‘lsa, u holda reminerallashtirilgan terapiya tavsiya etiladi. Bunda tishlarga maxsus gel suriladi.
- ICON usuli. Ko‘rsatma: kariyesni boshlang‘ich bosqichida, yaʼni oq dog‘ paytida davolash. Tish yuqori singuvchanlik xususiyatiga ega maxsus tarkib bilan qoplanadi. Bunday ishlov berish kariyes boshlanishini to‘xtatadi.
Ota-onalarning dog‘ ko‘rinishidagi kariyesni sezishi qiyin. Shuning uchun har uch oyda profilaktik ko‘rik zarur. Shu tariqa kariyesni jarayon boshlanishida «tutib olish» va bormashinasiz, noinvaziv usullar bilan davolash mumkin. Agar ota-ona va bola tish gigiyenasiga masʼuliyat bilan yondashsa, boshlang‘ich kariyesni barqarorlashtirish va chuqur kariyes rivojlanishining oldini olish mumkin.

Ilhom Fayzullayev, stomatolog, Tabassum klinikasi asoschisi
- Sut tishlar tishlami noto‘g‘ri bo‘lsa, uni to‘g‘rilash zarurmi?
Sut tishlari tishlami doimiy tishlarning o‘sishi uchun asos yaratadi. Bundan tashqari, jag‘ suyaklarining faol rivojlanishi ro‘y beradi. Agar suyak va tishlar rivojlanishida muammolar bo‘lsa, o‘z vaqtida qilingan korrektirovka keyinchalik jiddiy muammolarni chetlab o‘tishga imkon beradi. Jag‘larning nomutanosibligini bartaraf etish uchun profilaktik choralarni ko‘rish uchun shifokor-ortodont bilan maslahatlashish shart. Konstruktiv apparatlar yordamida biz tish qatorining to‘g‘ri yo‘lini tekshirishimiz mumkin. Erta almashinuvchi tishlamda olti yoshdan keyin biz treylerlar va tishlarni plastinka usulida to‘g‘rilashda foydalanamiz, 12 yoshdan esa breket tizim o‘rnatamiz. Ota-onalarga bolaning ortodontda davolanishining oldini oladigan quyidagi bir qator oddiy qoidalarga rioya qilishlari tavsiya etiladi:
- jag‘ faoliyati va to‘qimalarda qon yurishini yaxshilash uchun ratsionga qattiq mahsulotlar (qotgan non, teshik kulcha, pechenye, olma)ni o‘z vaqtida kiritish;
- bolalar so‘rg‘ichlaridan voz kechish;
- bolani zararli odatlardan qaytarish (barmoq, soch, o‘yinchoqlarni so‘rish).
- Nima uchun bolalarda tishlarni reminerallashtirish o‘tkaziladi?
Tish emalini reminerallashtirish terapiyasi davolovchi-tiklovchi usul bo‘lib, tish to‘qimalarini zarur mineral moddalar bilan boyitishga qaratilgan. Ushbu moddalar to‘qimalarning og‘iz bo‘shlig‘idagi kislotalarga sezuvchanligini oshiradi. Asosiy preparat sifatida biz lak, gel va davolash pastalarini ishlatamiz. Tishlarning muammoli sohasida mineral komponentlardan iborat eritmalardan tayyorlangan applikatsiyalarni qo‘llaymiz. Bolalarning emal tuzilishi kattalarnikidan farq qiladi. U ingichka, o‘zgarish va kariyeslarga beriluvchan. Buning sababi bolalar ko‘p shirinlik yeb, tishini o‘z vaqtida tozalamaydi.
Reminerallashtirish terapiyasi usullaridan biri – tishni ftor bilan qoplash. Muolajadan oldin tish yuzasida cho‘tka yordamida tish karashi olib tashlanadi. Keyin tish yuzasi havo yordamida quritiladi, so‘ng reminerallashtiruvchi preparat suriladi. Reminerallashtiruvchi terapiyani o‘tkazish vaqtida bolalarga kuniga ikki marta tishini yaxshilab tozalashni va shirinlikni cheklashni tavsiya qilamiz. Tish holatiga qarab bir yilda o‘tkaziladigan davolash kurslari sonini belgilaymiz.

Shohruxbek Shokirov, tibbiyot fanlari doktori, yuz-jah jarrohi, jarroh-implantolog, SADAF Dental Clinic
- Implantatsiyadan keyin chekish mumkinmi?
Chekish dental implantlarni qo‘llash orqali o‘tkazilgan davolash natijasini kamaytiradi. Nikotin qon tomirlarining torayishiga sabab bo‘ladi, bu esa qon aylanishini sekinlashtirish orqali operatsiyadan keyingi jarohatning bitib ketishini sekinlashtiradi. Agar implantlar ishonchli materialdan yasalgan va chuqur o‘rnatilgan bo‘lsa, tamaki tutuni ularni parchalamaydi. Ammo u organizmda sunʼiy tishlarning suyakka moslashib ketishi va jarrohlik aralashuvidan keyingi tiklanish jarayoniga xalal beradi.
Chekish vaqtida og‘iz sohasida kam uchraydigan bosim paydo bo‘lib, bu qon quyqasining shakllanishiga to‘sqinlik qiladi. Chekuvchilarda periimplantit va implantlarni to‘liq yo‘qotish holatlari sog‘lom turmush tarzini olib borishga harakat qiladigan insonlardan ko‘ra ikki marta ko‘p uchraydi. Ushbu asoratlar juda jiddiy bo‘lib, mutaxassislarning zudlik bilan aralashuvini talab etadi.
- Chaynovchi tishlar sohasidagi suyak to‘qimasi atrofiyasida nima qilish kerak?
Suyak to‘qimasi yetishmovchiligi – tish implantini o‘rnatish uchun salbiy holat. Jag‘ atrofiyasi va suyak to‘qimasi yetishmovchiligi tish yetishmaydigan sohada chaynash yuklamasi yo‘qligi hisobiga sodir bo‘ladi. Stomatologiyada bu muammoning yechimi bor, yaʼni suyak plastikasi. Operatsiya maxsus suyak transplantatini kiritish yo‘li orqali jag‘ qirrasi yetishmovchiligini to‘ldirishni nazarda tutadi. Suyak plastikasining bir nechta turi bor, ammo eng ko‘p bajariladigani tepa jag‘dagi sinus-lifting, yaʼni suyak to‘qimasini o‘stirish.
O‘zim yopiq sinus-liftingni o‘tkazish usulini afzal ko‘raman, chunki bemor unda barcha bosqichlarni oson o‘tkazadi, tiklanish davri esa qisqaroq. Shifokor har bir bemor organizmidagi shaxsiy tafovutlarni inobatga olgan holda suyak to‘qimasi yetishmovchiligini aniqlab, operatsiyani o‘tkazishni belgilaydi. Qarorni doim yuz-jag‘ jarrohi qabul qiladi. Chunki bu bemorning istagiga bog‘liq emas. Suyak to‘qimasi bo‘shlig‘i to‘ldirilgandan keyin implantat uchun shakllantirilgan teshikka maxsus tayyorlangan konstruksiya o‘rnatiladi. Natijada bemorni davolash davomiyligi sezilarli darajada qisqaradi.
- Implantlarni homiladorlik va emizikli vaqtda o‘rnatish mumkinmi?
Homiladorlik va laktatsiya implantatsiya uchun vaqtinchalik qarshi ko‘rsatma hisoblanadi. Homiladorlikning birinchi va uchinchi trimestrida har qanday jarrohlik muolajalarini o‘tkazish tavsiya etilmaydi. Retinirlangan tishni biz faqat alohida vaziyatlarda – qattiq og‘riq yoki shish bo‘lsa olib tashlashga harakat qilamiz.
Implantatsiya vaqtida eng ko‘p uchraydigan asorat yumshoq va suyak to‘qimasining yallig‘lanishidir. Infeksiyani yo‘qotish uchun antibiotik ichish zarur, ammo ular homila shakllanishiga salbiy taʼsir qiladi. Bundan tashqari, bu vaqtda organizm kalsiy yetishmovchiligini his qiladi va implantning bitib ketish jarayoni cho‘zilishi mumkin. Chunki mazkur element bolaning to‘g‘ri shakllanishi va o‘sishi uchun zarur.
Ko‘rishlar: 243
https://anatomica.uz/uz/articl...







