Chandiqlarni olib tashlash bo'yicha mutaxassisga 7 savol
Hayot sifati
Yangilangan:
Chandiqli tanasini aslidek qabul qila olgan insonlar taqdiri haqida hikoya qildik. Endi esa chandiqlar haqida koʼproq maʼlumot olishni istovchilar uchun mutaxassislarga savol bilan yuzlanamiz. Ijtimoiy loyihada aytilmaydigan jihatlar haqida mutaxassis soʼzlab beradi: moslashuv mashaqqati, «shishgan» chandiqlar va chandiqdan qutulish yoʼllari.

Dildora Zuhriddinovna Yusupova, yuz-jagʼ jarrohi, Toshkent davlat stomatologiya institutining yuz-jagʼ sohasi estetik reabilitatsiyasi boʼlimi mudirasi, Plastik jarrohlar assotsiatsiyasi aʼzosi, yuz-jagʼ sohasi jarohatlari va yalligʼlanish kasalliklari kafedrasi assistenti
1. Insonlarni estetik reabilitatsiyaga murojaat qilishga nima undaydi?
Jarohat, kuyish, onkologik kasalliklar oqibatida operatsiyani boshdan oʼtkazgan bemorlar ijtimoiy hayotga tez moslasha olmaydi. Ular goʼyoki xayolida «goʼzallik standartlari»ga mos boʼlmay qolishadi va qarama-qarshi jins vakilining masxarasidan qoʼrqishadi. Аynan shu sabab ularni chandiqdan qutulishga undaydi.
2. Chandiqni olib tashlash bemor xohishimi yoki tibbiy koʼrsatma?
Har doim ham chandiq estetik noqulaylik keltirib chiqaravermaydi. Koʼp hollarda chandiq mushakni deformatsiyalab, uning toʼgʼri faoliyatini buzadi. Masalan, pastki qovoq sohasidagi chandiq uni pastga tortadi. Bu esa qovoqlarning yumilmasligi va koʼzning quruqshashi, konʼyunktivitga sabab boʼladi.
3. Chandiqni izsiz yoʼqotsa boʼladimi?
Yoʼq, lekin uni tekislash, bilinmaydigan holatga keltirish mumkin. Bu mutlaqo ogʼriqsiz, lekin uzoq davom etadigan jarayon.
4. Chandiq haqida gap ketganda, koʼpincha «keloidli» soʼzi tilga olinadi. Xoʼsh, bu atama nimani bildiradi?
Keloidli chandiqlar jarohat natijasida yoki qoʼqqisdan paydo boʼladigan biriktiruvchi toʼqimaning koʼpayishi boʼlib, u yara tashqarisiga yoyiladi. Koʼpincha bunday chandiqlar gavdaning yuqori qismi terisida, bel, quloq solinchaklari, koʼkrak suyagi sohasida, yelka, kurak, tirsak, tizzada rivojlanadi.
5. Jarohat paydo boʼlganidan keyin uni darrov davolay boshlash kerak, aks holda kelgusida keloidli chandiqqa aylanadi?
Keloidli chandiq har doim ham paydo boʼlavermaydi. Baʼzan chandiq hosil boʼlib, kuyish, yiringlash, yaraning notoʼgʼri joylashishi va bitishi, immun tizimi xususiyatlari, irsiy omillar natijasida tabiiy bitish jarayoni buziladi. Oqibatda tekis chandiq oʼrnida botiq yoki teridan chiqib turgan, kam holatlarda keloidli chandiq shakllanadi. JSST maʼlumotlariga koʼra, har yili dunyoda 100 mln.dan ortiq inson turli operatsiyani boshdan oʼtkazadi. 4–10 foiz odamda keloidli yoki gipertrofik chandiqqa moyillik boʼladi.
6. Yangi chandiqlarni qachondan davolay boshlash kerak?
Chandiqning shakllanishi uch bosqichda oʼtadi. Birinchi 10 kunda yara bita boshlaydi. Ushbu davrda infektsiya yuqtirish xavfi bor boʼlib, yara chetlari ochilib qolishi mumkin. Shuning uchun profilaktika maqsadida chok tushiriladi, yara dezinfektsiyalanadi, tez-tez bogʼlam qoʼyiladi, takroriy jarohatning oldini olish uchun shifokor jismoniy yuklamalarni taqiqlaydi.
Keyingi bosqich – oson choʼziluvchan och pushti chandiqning hosil boʼlishidir. Jarohatdan uch oy oʼtib shakllanadigan «etilgan» chandiqning paydo boʼlishi oxirgi bosqich sanaladi. Chandiq och rangli tusga kiradi, qota boshlaydi va takroriy jarohatlanish xavfi kamayadi. Lekin mabodo takroriy shikastlanish mavjud boʼlsa, keloidli chandiq paydo boʼlishi mumkin.
Yara 4–12 oyda bitadi. Chandiqni jarrohlik yoʼli orqali olib tashlash jarohat paydo boʼlganidan kamida 6 oy oʼtib bajariladi, dagʼal chandiq paydo boʼlishining oldini olish uchun esa davolovchi shifokorga murojaat qilish kerak.
7. Chandiq hosil boʼlmasligi uchun jarohat paytida nima qilish kerak?
Birinchi galda qoʼshnilar, buvilar, doʼstlar yoki dorixona sotuvchisi tavsiya etgan «chandiqqa qarshi surtma»lardan oʼzboshimcha foydalanmang. Baʼzi surtmalar tarkibida teri atrofiyasini paydo qiladigan moddalar mavjud. Jarohatlangandan soʼng darhol mutaxassisga murojaat qiling.
Ko‘rishlar: 217
https://anatomica.uz/uz/articl...







