Soch to‘kilishing oldini olish uchun erkaklarga 6 tavsiya

Hayot sifati

Yangilangan:

Patila sochga qanday muomala qilish mumkin? Qalin soch turmagidan boshqa yo‘qotadigan narsangiz bo‘lmasa-chi, nima qilish kerak? Sochning yomoni bo‘lmaydi, balki noto‘g‘ri parvarish mavjud. Trixolog kursisiga o‘tirmaslik uchun tavsiyalarimizga rioya qiling. Ammo bu ham qo‘rqinchli emas...

 

 

Jamshid Alimjanov, Expert Medical Clinic transplantologi, trixolog-dermatolog

 

 

1-tavsiya. Boshni to‘g‘ri yuving

 

Bosh terisi va sochning holati boshni qanday yuvishimizga bog‘liq. Avvalo, suv haroratiga eʼtibor qaratish kerak: u iliq va yoqimli bo‘lishi lozim. Sovuq suv teri ostidagi yog‘ni yuvib ketkazolmaydi, juda issiq suv esa yog‘ bezlari faoliyatini kuchaytiradi.

 

Shampunni sochga qarab emas, bosh terisiga moslab tanlash zarur. Boshning quruq va sezgir terisi uchun yumshoq, sulfatsiz (sulfate free) shampun, yog‘li teriga esa, aksincha, yaxshiroq tozalashi uchun sulfatli shampun kerak. Erkaklarga «2 tasi 1 da» qoidasi bo‘yicha shampun tanlash tavsiya etilmaydi. Boshni kamida ikki daqiqa yuvish kerak. Yodda tuting: shampun – bosh terisi gigiyenasi uchun vosita, aslo soch to‘kilishiga qarshi kurashuvchi emas.

 

 

2-tavsiya. O‘zingizni o‘zingiz davolashga urinmang

 

Soch to‘kilishi muammosini hal qilish uchun xantal bilan achchiq qalampir, dolchin va kerosin kabi xalqona usullar nafaqat foydasiz, balki xavfli hamdir. Biri bosh terisini kuydirsa, ikkinchisi teridagi teshikchalarni yopib qo‘yadi. Masalan, mashhur chakamug‘ yog‘i qon aylanishini kuchaytiradi, ammo bosh terisi teshikchalarini berkitadi.

 

Afsuski, o‘z konsentratsiyasi va samaradorligi bo‘yicha sof ko‘rinishdagi tabiiy vosita laboratoriya sharoitida olingan vositalarga teng kelolmaydi. Soch to‘kilishini bartaraf etish maqsadida boshingiz terisiga surtiladigan vositalarga qaramay, ichki sabablar baribir qoladi.

 

 

3-tavsiya. Qatʼiy parhezdan tiyiling

 

Noto‘g‘ri ovqatlanish va qatʼiy parhez soch bilan bog‘liq muammolar sababchisi bo‘lishi mumkin. Masalan, ratsiondan go‘shtni chiqarib tashlash organizmda temir moddasining kamayishiga olib keladi, natijada soch to‘kiladi. Mahsulotlardan olinadigan vitamin va mikroelementlar singari hayvon oqsili ham soch o‘sishi uchun zarur. Soch uchun eng foydali mahsulotlarga losos balig‘i, to‘q yashil sabzavotlar, yong‘oq, butun donlilar, sut mahsulotlari, dukkaklilar, sabzi kabilarni kiritish mumkin. Agar qandaydir sabab bilan parhezdan voz kechishning iloji bo‘lmasa, maʼlum bir mahsulotlar isteʼmoli cheklangan vaqtda zarur vitaminlarni ichish kerak.

 

 

4-tavsiya. Tahlil uchun namuna topshiring

 

Soch to‘kilishi – organizmda bir necha oy oldin boshlangan jarayon oqibati. Shuning uchun muammo yechimi 3 oydan bir yilgacha davom etadi. Soch organizm holatidan darak beradi. Avvalo, sog‘liqdagi jiddiy muammolarni aniqlab, terapevt ko‘rigidan o‘tish kerak. Shifokor qonning umumiy va biokimyoviy tahlillari, temir, gemoglabin, ferritin, D, B9, B12 vitaminlari, shuningdek, qalqonsimon bez va jinsiy gormonlar ko‘rsatkichlarini tekshirishi mumkin. Erkaklarning androgen jinsiy gormonlari ishlab chiqarilishining buzilishi – erkaklarda soch to‘kilishining eng keng tarqalgan sababi.

 

Testosteron – 5-alfa-reduktaza fermenti taʼsirida digidrotestosteronga (DGT) aylanadigan androgenlardan biri. Ortiqcha DGT soch ildiziga taʼsir qiladi, natijada soch izchillik bilan ingichkalashib, to‘kila boshlaydi. Bu androgenetik alopetsiya deyiladi. Ammo barcha erkaklarda ham soch ildizi DGTga nisbatan taʼsirchan emas.

 

 

5-tavsiya. Trixologga murojaat qilin

 

Baʼzida sochning keskin va ko‘p to‘kilishiga seboreyali dermatit, zamburug‘li infeksiya sabab bo‘lishi mumkin. Trixolog xonasida zamonaviy tashxislash uskunasi yordamida ko‘rikdan o‘tish va alopetsiya hamda boshqa buzilishlar sababini aniqlash mumkin. Tashxislashning asosiy usullari – bu fototrixogramma va trixoskopiya. Ikkisi ham bosh qoplamasi sohasini sinchiklab o‘rganish va soch holatini aniqlash imkonini beradi.

 

 

6-tavsiya. Sochni ko‘chirib o‘tqazish 

 

Murakkab vaziyatlarda trixolog sochni ko‘chirib o‘tqazish – «follikulyar birikmalar ekstraksiyasi» operatsiyasini taklif qilishi mumkin. Sochni ko‘chirib o‘tqazish usullarining barchasi ikki guruhga bo‘linadi: choksiz (FUE) va chokli (FUT, Strip). Expert medical klinikasida choksiz ko‘chirib o‘tqazish amaliyoti o‘tkaziladi, yaʼni kesish, chok tushirish, chandiqlarsiz. Begona follikulalar o‘rnashmagani uchun bemorga faqat o‘zining sochi ko‘chirib o‘tqaziladi. Buning uchun asosan ensa sohasidagi soch olinadi. U yerda soch qalin o‘sadi va follikulalarni yaqqol izsiz olish imkoni bor.

 

Agar ensa sohasidagi follikulalar yetarli bo‘lmasa, tananing boshqa qismidan tuk olinadi. Ammo ular androgenlarga nisbatan taʼsirchanroq va  ko‘chirib o‘tqazgandan bir necha yil o‘tib to‘kilishi mumkin. Yakuniy natijani muolajadan bir yil o‘tib baholasa bo‘ladi. Agar soch yetarli darajada qalin bo‘lmasa, muolaja takrorlanadi.

Ko‘rishlar: 210

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz