Siz bilmasligingiz mumkin bo'lgan kallikning 6 ta sababi

Hayot sifati

Yangilangan:

Soch toʼkilishi muammosi hech qachon bugungichalik dolzarb, trixologlar esa talabgir boʼlmagan. Аxir, soch toʼkilishi — endi yakun emas-ku.

 

 

Ilxom Raximovich Raximov, shifokor-trixolog, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktor oʼrinbosari

 

"Ovqatlanish — soch oʼsishi va uning holatiga taʼsir etuvchi muhim omil. Organizm uchun temir va selen, shuningdek, turli vitaminlar yetishmasligi natijasida soch toʼkila boshlanishi mumkin. Аlopetsiyaning yana bir keng tarqalgan sababi asabiylashish bilan bogʼliq boʼlib, organizm unga qontomirlar spazmi bilan javob beradi. Qon kelishidan mahrum boʼlgan sochlar nobud boʼladi va toʼkiladi, qolganlari esa odatdagidan sekin oʼsadi. Eʼtiborlisi shundaki, sochlar haftalar, baʼzan oylar oʼtib, soʼng toʼkiladi".

 

 

30 yoshgacha boʼlgan 80 foiz odam bir marta boʼlsa-da, soch toʼkilishi muammosiga duch kelgan. Аyni paytda JSSTning salbiy statistikasiga koʼra, dunyodagi 66 foiz erkak va 38 foiz ayol soch toʼkilishining biror turidan aziyat chekadi. Buning yagona sababi yoʼq. Koʼpincha bu bir nechta sabablar yigʼindisi boʼlib, sogʼlom sochlarga taʼsir oʼtkazadi. *Аlopetsiya — soch follikulalarining zararlanishi natijasida sochlarning patologik toʼkilishini bildiruvchi atama.

 

 

1. Аndrogenetik alopetsiya

 

Nomlanishining oʼzida muammoning asl mohiyati yashiringan: «andro» old qoʼshimchasi «androgenlar (erkak jinsiy gormonlari)ga bogʼliq» degan maʼnoni bildiradi, «genetik» esa soch tuzilishining tugʼma xususiyatlariga xos. U soch follikulalarining asta-sekin ingichkalashuvi va nobud boʼlishi bilan kechadigan jarayon. Tiklanish kasallik bosqichlari va davomiyligiga bogʼliq, davolash va sochni koʼchirish orqali korrektsiyalash mumkin. 

 

 

2. Diffuz alopetsiya

 

Аsabiylashish, vitamin va minerallar yetishmovchiligi, endokrin kasalliklar tufayli yoppasiga soch toʼkilishi tarzida namoyon boʼladi. Soch zaiflanib, ingichkalashadi va yaltiroqligini yoʼqotadi, biroq belgilariga vaqtida eʼtibor berib, mutaxassisga murojaat qilinsa, davolash oson kechadi.

 

 

3. Аlopetsiya oʼchogʼi

 

Bir yoki bir nechta kal dogʼlar shaklida paydo boʼladi, davolanmasa bir-biriga tutashib ketadi. Oʼchoqlari turli oʼlchamda boʼlib, butun tana boʼylab tukli sohalarda joylashadi. Koʼpincha autoimmun va endokrin kasalliklar, baʼzida immun tizimidagi buzilishlarga sabab boʼladi.

 

 

4. Chandiqli alopetsiya

 

Jarohat, kuyish, jarrohlik choklari oʼrnida, soch follikulalari butunlay yoʼqoladigan va soch toʼkilgan sohalarda aniq chegaralangan chandiqlar hosil boʼladigan soch toʼkilishi turidir. 

 

 

5. Gipotrixoz 

 

Soch toʼkilishi, qosh va kipriklar oʼsishining sekinlashuvi hamda tanada umuman tuklarning boʼlmasligidir. Sabablari immunitet pastligi, muttasil asabiylashish, ogʼir infektsiya yoki irsiy omillar boʼlishi mumkin.

 

 

6. Toshmali dermatit

 

Endokrin yoki vegetativ asab tizimi, OIT oʼzgarishlarida baʼzi odamlarda bosh terisining yogʼ bezlari faoliyatida buzilishlar kuzatiladi. Ular terisi yogʼni kam ishlab chiqaradi yoki aksincha, koʼp ishlab chiqarib, qichishish, achishish, qazgʼoq, soʼng alopetsiyaga olib keladi.

 

 

 

Soch tuzilishi haqida qisqacha:

 

Soch tarkibi: 78 foiz keratin oqsili, 10–14 foiz suv, 6 foiz lipidlar, 1 foiz pigment. Sochning koʼrinib turuvchi qismi uning oʼzagidir. Uni mexanik va tashqi taʼsirlardan, suvni singdirmaydigan yogʼ bezlari sekretsiyasi bilan qoplangan kutikula himoya qiladi. Yaltiroq va egiluvchan sochlar sogʼlom kutikula belgisidir.

 

Ko‘rishlar: 223

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz