Ayollar salomatligi haqida 5 ta savol
Hayot sifati
Yangilangan:
Organizmi chidamliligiga qaramay, ayollar stress va kasallikka tez chalinadi, ammo bularga ko‘p ham eʼtibor qaratilmaydi. Aslida o‘zi haqida unutish katta xato, axir ayol jamiyatning muhim halqasi va usiz hammasi barbod bo‘ladi.

Feruza Alaviya, Doctor D klinikasi bosh shifokori, terapevt, gastroenterolog, tibbiyot fanlari nomzodi
1. Ozish uchun mo‘ljallangan turli dorilar organizmga qanday taʼsir qiladi? Ular samaralimi?
Ortiqcha vazn sababsiz paydo bo‘lmaydi. Eng ko‘p uchraydigan sabablarga oshqozonosti yoki qalqonsimon bez, jigar yoki gormonal tizim faoliyatining buzilishi kiradi. Aynan shuning uchun tibbiyot xodimlari dori, choy, bioqo‘shimchalar yordamida ozishga katta shubha bilan qarashadi. Bu kabi vositalar sog‘liq uchun zararli. Chunki ular organizmdagi modda almashinuvi jarayoniga qo‘pol ravishda aralashadi. Ozish uchun har bir preparatga xos qarshi ko‘rsatmalar bor. Bular ko‘pincha yurak-qon tomir, jigar, buyrak, asab tizimi kasalliklari bo‘lishi mumkin. Baʼzilar preparat aqliy va jismoniy faoliyatni yaxshilashi haqida yozadi. Faqat mutaxassislar ushbu so‘zlar zamirida psixotrop modda haqida maʼlumot yotganini biladi.
Ozish oson yumush emas va uni kompleks ravishda, butun tanani tozalash, to‘g‘ri ovqatlanish tarziga o‘tish, yaxshisi, bir kunda 5-6 marta bo‘lib-bo‘lib yeyish, suv muvozanatiga eʼtibor berish, ovqatdan 15–30 daqiqa oldin kuniga kamida ikki litr suv ichish, faol harakatlanish tartibiga rioya qilishdan boshlash kerak. Ushbu barcha chora-tadbirlar xuddi ozish uchun vositalardek atigi bir haftaga emas, balki butun umrga ortiqcha vazndan xalos bo‘lishga yordam beradi.

Negina Adhamova, endokrinolog, reproduktolog, tibbiyot fanlari nomzodi
2. Nima uchun ayollar organizmi erkaklarnikidan farqli ravishda ko‘proq yog‘ yig‘adi? Vistseral yog‘ga qarshi qanday kurashish mumkin?
Teri ostidagi yog‘ organizmni sovishdan himoyalaydi, ochlik holati uchun quvvat to‘playdi. Ayollarda bu homiladorlik va emizish uchun mo‘ljallangan, amortizatsiya xususiyatiga ega va gormonal faol to‘qima hisoblanadi. Aynan teri ostidagi yog‘ni sellyulitda ayblanadi. Vaholanki u ayollardagi teri ostidagi yog‘ kletchatkasining oddiy tuzilishini ifodalab, ayollar jinsiy gormonlari miqdoriga bog‘liq. Vistseral yog‘ – sog‘liq uchun eng xavli yog‘ turi. Bu oq yog‘ bo‘lib, u qorin bo‘shlig‘ida jigar, oshqozonosti bezi, yurak, ichak kabi aʼzolar atrofida joylashadi. Vistseral yog‘ insulinga nisbatan barqarorlikni oshiradigan 4-oqsilni bog‘lovchi retinolni ishlab chiqaradi. Bu esa glyukozani ko‘tara olmaslik va ikkinchi bosqichdagi diabetga olib keladi. Organizmda ko‘p miqdorda yog‘ yig‘lishini yurak kasalliklari, sut bezi saratoni va kolorektal saraton rivojlanishi bilan bog‘lashadi.
Organizmdagi vistseral yog‘ miqdorini bilish uchun belning songa nisbatini aniqlash kerak. Bel va son aylanasining eng semiz nuqtasini o‘lchang. So‘ng bel aylanasi ko‘rsatkichini son aylanasi ko‘rsatkichiga bo‘ling. Agar erkaklarda 0,9 dan, ayollarda esa 0,8 dan yuqori bo‘lsa, yog‘ miqdori o‘ta yuqori bo‘ladi. Ratsionda tozalanmagan mahsulotlar, oqsil, to‘yinmagan yog‘ kislotasi, butun donli mahsulotlar va kletchatkani ko‘paytirish tavsiya etiladi.

Svetlana Em, Status Medical Plus klinikasi ginekologi, oliy toifali shifokor
3. Qanday qilib klimaks davrini kechiktirish mumkin?
“Klimaks” yunon tilidan tarjima qilinganda “bosqich” maʼnosini bildiradi. So‘z maʼnosining o‘zi bu har bir ayol hayotidagi tabiiy bosqich ekaniga ishora qiladi. Bu davrda reproduktiv tizim faoliyatining so‘nishi yuz beradi. Klimakterik sindrom turli darajada kechadi. Hayz 40 yoshgacha tugasa, tuxumdonlarning muddatidan oldingi yetishmovchiligi deyiladi.
Sabablari quyidagilardir:
- irsiyat;
- autoimmun jarayon;
- infeksiya (virus va bakteriya);
- reproduktiv tizim aʼzolariga tibbiy aralashuv.
Bunday holatda davolash uchun quyidagilar tavsiya etiladi:
- estrogen taqchilligini to‘ldirishga qaratilgan almashinuvchi gormonal terapiya va osteoporoz, yurak-qon tomir kasalliklari rivojlanishini profilaktika qilish;
- salbiy odatlardan voz kechish, jismoniy bosim, muvozanatlangan ovqatlanishtartibi;
- stressni chetlab o‘tishga harakat qilish;
- ortiqcha vazndan saqlanish;
- ginekologga murojaat qilish.
Aynan shifokoringiz muammo yechimida sizga yordam beradi. Chunki har bir organizm o‘ziga xos.

Landish Isanbayeva, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi akusherlik, ginekologiya va perinatal tibbiyot kafedrasi dotsenti, akusher-ginekolog
4. Og‘riqli hayz sababi nimada?
Og‘riqli hayz dismenoreya deb nomlanadi. Og‘riq paydo bo‘lishining sabablari turlicha. Bu ichki jinsiy aʼzolardagi patologik o‘zgarishlar bilan bog‘liq bo‘lmagan funksional kasallik bo‘lishi mumkin. Odatda o‘smir yoshida birinchi hayz kelgandan 1-3 yil o‘tib paydo bo‘ladi. Og‘riq ko‘proq to‘lg‘oqdagi kabi bo‘ladi, ammo simillovchi, qaltiroq, shishiruvchi bo‘lishi va quyidagi belgilar bilan kechishi mumkin: umumiy holsizlik, ko‘ngil aynishi, bosh og‘rig‘i, ishtahasizlik, og‘iz qurishi, qorin dam bo‘lishi, “paxtali” oyoq hissi, hushdan ketish.
Sabablardan biri jinsiy gormonlar darajasi va miometriyning qisqaruvchi faoliyatini nazorat qiluvchi omillar orasidagi muvozanat buzilishi bo‘lishi mumkin. Bachadon ichki bosimi, bachadon qisqarishi chastotasi, kuchi va davomiyligi fiziologik holatga nisbatan 2–2,5 baravar ko‘payadi. Og‘riqli hayzga bachadon tuzilishining quyidagi anatomik o‘zgarishlari ham sabab bo‘ladi:
- bachadon yoki qindagi to‘siq;
- bachadon gipoplaziyasi;
- bachadon ichi sinexiyasi;
- shish;
- tos varikozi.
Ikkilamchi dismenoreya rivojlanishining eng ko‘p uchraydigan sabablaridan biri kichik tosdagi yallig‘lanish jarayoni va endometriozdir. Hayzga xos og‘riqni eʼtiborsiz qoldirish kerak emas – zudlik bilan ginekologga murojaat qilish lozim.

Iroda Hakimova, Mirzo Ulug‘bek tumani bosh nevrologi, nevrolog, oliy toifali shifokor
5. Menda nevroz borligini qanday bilishim mumkin?
Surunkali stress va doimiy ortiqcha ruhiy bosim nevroz ko‘rinishidagi yoqimsiz oqibatlarga olib kelishi mumkin. Asosiy simptomlari:
- jizzakilik;
- sababsiz xavotir;
- kayfiyat o‘zgarishi;
- badjahllik;
- holsizlik;
- yurak va bosh og‘rig‘i;
- yig‘loqilik;
- ishtaha kamayishi;
Nevroz vaqtida davolanmasa, sekin-asta ruhiy buzilishga aylanishi, suiqasdgacha olib kelishi yoki surunkali holatga aylanishi mumkin. Nevroz dunyo bo‘yicha shaharda yashovchi aholining uchdan bir qismida aniqlangan. Nevroz kasalligi erkaklar va ayollarda 30 yoshda uchrashi aniqlandi. Erkaklardan farqli ravishda ayollar nevrozdan deyarli ikki barobar ko‘p aziyat chekadi va ularda og‘irroq ko‘rinishda kechadi. Sabablari:
- ayollarning hissiyotga beriluvchanligi;
- menopauza, har qanday gormonal qayta qurilish asab tizimiga taʼsir qiladi va ko‘ngilsiz oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, bugun koronavirus bilan kasallangan ko‘pchilik insonlarda nevroz uchraydi. Bu buzilishni turli mutaxassislar ishtirokida va har xil usullarni qo‘llagan holda kompleks davolash zarur. Bunga medikamentoz terapiya, to‘g‘ri ovqatlanish, moʻtadil jismoniy bosim, uyqu va tetiklik, psixolog maslahati kiradi. Eng xavflisi depressiv nevroz, obsessiv-kompulsiv nevroz hisoblanadi. Unda miyaga turli fikr va timsollar o‘rnashib qoladi. Ko‘pincha ipoxondrik nevrozga chalingan ayollar murojaat qiladi. Bu holat ularda klimakterik davr tufayli paydo bo‘ladi.
Ko‘rishlar: 212
https://anatomica.uz/uz/articl...







