Ayol qurbonliqka borgan 3 ta holat
Hayot sifati
Yangilangan:
Jamiyatda ayol ongli ravishda fidoyilik qiladigan holatlarga tez-tez duch kelamiz. Ushbu maqolada Aziza Tursunova ayollarning o‘zini qurbon qilgani haqidagi hikoyalari bilan bir nechta holatlarni tahlil qiladi va nima uchun bunday bo‘layotganini aytib beradi.

Aziza Tursunova, O‘zR Psixologlar assotsiatsiyasi aʼzosi, psixolog
1-vaziyat. O‘zbek jamiyatidagi Stokgolm sindromi
Ayol, 30 yoshda. 7 yildan beri oilali. Uy bekasi. Turmush o‘rtog‘i ichkilikka ruju qo‘ygan. Doim mast holda tajovuz qiladi. Qanday chidab yashayapsiz, degan savolga u oila – muqaddas, deya javob beradi. Yaqinlari unga sabr qilishni, itoatkor bo‘lishni, erining jig‘iga tegmaslikni maslahat beradi. Chunki erkak ishda charchaydi, uyda o‘tirgan ayol esa uning bo‘ynidagi dardisar. Unga aybdorlik hissini singdirishadi, natijada ayol qurbonga aylanadi.
Jamiyatimizda oilasi, farzandlari hamda ajralishni qoralovchi jamiyat uchun ayol donoroq, aqlliroq va sabrliroq bo‘lishi kerak degan tushuncha bor. Shu tariqa u hatto eng dahshatli zo‘ravonliklarga chidashga majbur. Chunki sabr qilishi, kelajak haqida o‘ylashi kerak. Ammo kelajakda uni nima kutyapti?
Uzoq vaqt maishiy yoki psixologik zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayolda Stokgolm sindromi rivojlanadi. Bu ruhiyatning himoya mexanizmi bo‘lib, zo‘ravon insondan qo‘rquv uni yoqtirish hissi bilan almashinadi. U erini oqlay boshlaydi. Kamsitish, qadrsizlantirish, haqorat, jismoniy zararda ayol o‘zini ayblaydi. Ushbu aybdorlik hissi unda sharoit qurboni bo‘lishga tayyorgarlikni shakllantiradi.
Itoatkorlik oilaviy holatning oshkora bo‘lishidan qo‘rqish natijasida paydo bo‘ladi. U nimanidir aytishdan, o‘zgartirishdan, o‘zini himoyalashdan qo‘rqadi. Chunki buning oqibatidan xavfsiraydi. Gohida bu majruh bo‘lib qolish yoki o‘lim qo‘rquvi bo‘lsa, baʼzida mavhumlikdan hadiksirashdir. Bu beixtiyor sodir bo‘ladi. Aynan shu tarzda ruhiyat uni aybdorlik hissi, stress va xavotirdan himoyalaydi. Ruhiyatga qarshi chiqishning mavhum yo‘lidan ko‘ra, qurbon bo‘lishning tanish senariysiga rioya qilgan osonroq.

2-vaziyat. O‘zini qurbon qilishning psixologik sabablari
Qabulimga kelganlardan ushbu iborani ko‘p eshitaman: «Men erim va farzandlarim uchun ishdan ketdim. Tonggi soat 5 da turaman, uyda kuni bilan tinmayman, u esa hech narsani sezmaydi, hatto minnatdor bo‘lmaydi». Ammo aslida u hammasini sezadi. Shunchaki boshqaradi, xolos. Ayol esa uning maqtovi, o‘zining qulayligi uchun kasbini qurbon qiladi.
Ayol atrofida va oilasida bir xil senariyni ko‘rgani, har kuni shunga o‘xshash vaziyatga duch kelgani sababli ongli yoki beixtiyor qurbon rolini tanlaydi. U ushbu pozitsiyani onasi, buvisi yoki opalaridan o‘rganadi.
Oilada shakllangan “yetishmaslik” hissi o‘zini qurbon qilish sabablaridan yana biri. Bu vaziyatda ayol faqat kimningdir subyektiv meʼyorlariga mos kelsagina o‘zini to‘laqonli inson sifatida his etishi mumkin. Shu tariqa u maʼlum bir maqomga erishish: yaxshi rafiqa, ajoyib uy bekasi, mukammal ona yoki ijrochi xodim bo‘lish uchun o‘z ehtiyojini qurbon qilish va hissiyotini jilovlashga tayyor bo‘ladi.
Maqtov uning hissiy ehtiyojini qondirib turgunga qadar bu pozitsiya unga to‘g‘ri keladi. Tanganing ikkinchi tomoni – maʼqullashning tashqi manbalariga bog‘liq bo‘lgan beqaror umumiy ruhiy-hissiy holat. Bu ayolni maqtov va eʼtirofdan ayirib ko‘ring-chi, unda stress, apatiya, qabul qilmaslik, kuchsizlik va hatto depressiya paydo bo‘lishi mumkin.

3-vaziyat. Atrofdagilar o‘zini qurbon qilgan ayolga qanday qaraydi?
«O‘g‘lim bir kunda atigi bir marta menga qo‘ng‘iroq qiladi. Shuning uchun kelinimga qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘lim qanday uxlagani, nima yegani, o‘zini qanday his qilayotganini so‘rab turaman. Bilaman, unga bu savollarim yoqmaydi. Lekin nima qilay?!» deydi mijozlarimdan biri. Farzand uchun qayg‘urish tabiiy, ammo bolada katta insonni ko‘ra olishni o‘rganish ham muhim.
Agar ona emizikli go‘dagi uchun o‘z ehtiyojidan voz kechsa, bu qurbonlikni oqlash mumkin. Ammo baʼzida bunday vaziyatlar ham alohida asosni talab qiladi.
Agar ayol hech qanday jiddiy sababsiz birovlar uchun o‘zini qurbon qilsa, bu atrofdagilar uchun muammo tug‘diradi. Chetdan qaraganda bu xatti-harakat o‘ta g‘amxo‘rlik yoki kuchli shubhalanishday ko‘rinadi. Ayolning har ishda va hamma joyda yordam berish istagi yaqinlarning qobiliyati va ko‘nikmasini qadrsizlantirishi mumkin. U bunga javoban tajovuzkorlik va rad etish kabilarga ega bo‘ladi. Chunki chegaralarni buzyapti. Qurbonligini qabul qilishni rad etgan insonlar tomonidan u eʼtiborsiz va eʼtirofsiz qoldiriladi. Natijada vaziyat ko‘ngil sovishi va xafalik bilan yakun topadi.
Ayol qurbon sifatida yashay boshlagan yopiq doira yana o‘ziga qaytib keladi.
- Qurbon xulq-atvorini qanday qilib tartibga solsa bo‘ladi?
Bunday xulq-atvorni ruhiy jihatdan to‘g‘rilash uchun qurbonning asl maqsadini aniqlash kerak. Quyidagi savollarga ochiqchasiga javob berish lozim: u keraksiz bo‘lib qolishdan qo‘rqadimi yoki yolg‘iz qolishni istamaydimi? O‘z kuchiga ishonmaydimi? Yoki qurbon kimningdir eʼtibori yoki yordamini sotib olish maqsadida boshqarish uchun vositami? O‘zini qurbon qilish, shuningdek, qaramlik shaklida ham namoyon bo‘lishi mumkin. Oldingi tajribani o‘rganish muhim. Balki hayotning qaysidir bosqichida muhim hodisa sodir bo‘lib, uning oqibatida aybdorlik hissi uyg‘ongandir. Endi u o‘sha voqea uchun tovon to‘lashim kerak, deb o‘ylashi mumkin.
Bu yerda u o‘zini qurbon qilish orqali aynan kimning kechirimiga ega bo‘lishni istashini aniqlash kerak. Bu inson kim hamda kechirimining bahosi qanday? Men aminmanki, bu kechirim hech kimga kerak bo‘lmagan qurbonliklarga sarflangan butun boshli umrga arzimaydi. Faqat savollar berishga jasorat topish, ularga rostgo‘ylik bidan javob topish va ushbu senariyni tugatish kerak.
Ko‘rishlar: 551
https://anatomica.uz/uz/articl...







