Giyohvandlikda bir xil tanganing 2 tomoni
Hayot sifati
Yangilangan:
Qarindoshlar umidsizligi va bemorning qaramlik muammosini tan olmasligi. Qaram insonning tiklanish imkoniyatini aniqlash, davolash rejasini tuzish va ikki karra qarshilikka qarshi kurashish haqida shifokor-narkolog Sirojiddin Muhamedov soʼzlab beradi.
Sirojiddin Muhamedov, Toshkent shahri majburiy davolash narkologiya shifoxonasi bosh shifokori
- Soʼnggi yillarda giyohvandlik va alkogol qaramlikni davolash sohasida nimalar oʼzgardi?
Bugun majburiy davolashga ehtiyoj katta. Shifoxonamiz 60 oʼringa moʼljallangan, lekin biz joylarni 75 tagacha koʼpaytirishga majbur boʼldik. Buning natijasida baʼzan ichki ishlar organlari tomonidan shifoxonamizga yuboriladigan bemorlarni qabul qila olmaymiz. Bu, albatta, eʼtirozlarga sabab boʼladi.
- Bugun qaysi giyohvandlik moddasiga qaramlik koʼproq kuzatilyapti?
Birinchi oʼrinda spirtli ichimliklarga qaramlik turibdi. Shifokor koʼrsatmasi va tavsiyasisiz dori vositalarini isteʼmol qilish koʼpaygan. Bu dorixona giyohvandligi va toksikomaniya deyiladi. Qaramlikning ushbu turi 12–14 yosh bolalar hamda katta yoshli insonlarni qamrab oladi. Birinchi bosqichda qaramlikning shakllanishi va mavjudligini aniqlash qiyin. Bu shifokorlardan koʼra, ota-onalarga koʼproq tegishli. Chunki ular farzandining hayoti va mashgʼulotlariga eʼtibor bermaydi.
- Davolash bosqichlari qanday oʼtkaziladi?
Bemor statsionarga kelgach, 10 kun davomida dezintoksikatsiya choralari koʼriladi. Tibbiy preparatlar yordamida organizmdan zahar chiqariladi. Keyin shifokorlar hamroh kasalliklarni davolanadi va muolaja oxirida retsidivga qarshi terapiya oʼtkaziladi. Bemor shifoxonada 10–12 kun yotganidan keyin psixolog tomonidan isteʼmol oqibatida asab tizimi, miya va ruhiyatga yetgan zararni aniqlash uchun psixologik tashxislash oʼtkaziladi.
Soʼng shifokor-narkologlar va psixolog bemorning tiklanish imkoniyatini aniqlaydi. Olingan maʼlumotlar asosida navbatdagi terapiya belgilanadi, davolash rejasi tuziladi. Mehnat terapiyasida barcha bemorlar ishtirok etadi.
- Bemorlar koʼpincha oʼzi murojaat qiladimi yoki ularni yaqinlari majburan davolatadimi?
Shifoxonamiz majburiy davolashga moʼljallangan. Bizga ixtiyoriy davolanish va hayotini oʼzgartirishni rad etgan bemorlar keltiriladi. Bemorlarimiz har xil. Kimdir turli shifoxonalarda koʼp marta davolangan, ammo samarasi boʼlmagan. Kimdir oʼzini qaram deb tan olishni va davolanishni istamaydi.
Ularning barchasi jamoat tartibini, boshqa insonlarning tinchligini buzadi, xavfsizligiga tahdid qiladi, doimiy ishi yoʼq va uni izlashni xohlamaydi yoki psixofaol moddalar isteʼmoli uchun ishini va hatto oilasini yoʼqotgan. Qarindoshlari esa umidsizlika tushgan. Bizga murojaat qilishdan boshqa chorasi yoʼq. Baʼzida qaram insonlarning oʼzi tashabbus koʼrsatib keladi. Biz ularni dispanserga yuboramiz. U yerda ixtiyoriy ravishda davolashadi.
- Majburiy davolash shifoxonasi bilan bemor ixtiyoriy davolanadigan dispanserlardagi muolaja oʼzaro farq qiladimi?
Mamlakatimizda giyohvandlik va ichkilikbozlikdan aziyat chekadigan bemorlarni davolash barcha tibbiy muassasalarda bir xil olib boriladi. Bizning statsionarda bemorlar sud qaroriga qadar saqlanadi. 18 yoshdan 55–60 yoshgacha erkak hamda ayollarni qabul qilamiz.
- Terapiya bosqichlari va davomiyligining farqi qanday?
Majburiy davolash davomiyligi bemor shifoxonaga keltirilganiga besh kun boʼlganda davolash-maslahat komissiyasi tomonidan belgilanadi. Muolaja davomiyligi bir yarim yildan oshishi mumkin emas. Biz ikki karra qarshilikka uchraymiz. Birinchidan, inson majburan olib kelinadi va u bunga qarshilik koʼrsatadi. Ikkinchisi, tashxisning oʼzi va davolanishga boʼlgan qarshilik. Аsosiy eʼtiborni axborot-motivatsiya tadbirlariga qaratamiz. Soʼng ularning samarasiga qarab, tanqidiy fikrni saqlab qolganlar va davolanishga tayyorlar uchun jamoaviy va yakka tartibdagi psixologik terapiya oʼtkazamiz.

Xikoyat Kadirova, huquqshunos
Ichkilikbozlik va giyohvandlik uzoq davolanadi. Inson muntazam davolanishga gohida sabri yetmaydi, turmush oʼrtogʼi esa yaxshi yakunga umid qiladi, bemorning sogʼayishini uzoq yillar kutadi. Koʼpincha qaramlikka sherik inson kimyoviy qaram bemor bilan butun umr yashash asnosida turmush oʼrtogʼini oʼzgartira olmaganiga afsuslanadi, doimiy kutish va asabiylik bilan kun kechiradi.
Аgar birga yashashning ilojisi boʼlmasagina, sud nikohni bekor qiladi. Аmalda bu boshqacha koʼrinishga ega: sud oilani saqlab qolishga juftlikni koʼndirishga harakat qiladi. Bu statistik maʼlumotlarni yaxshilash uchun qilinadi, yaʼni ajrim holatlarini kamaytirish uchun. Shuning uchun mamlakatdagi asl holatni bilish qiyin. Chunki juftliklar shariat boʼyicha ajraladi, yaʼni «taloq» soʼzi orqali.
2000 yilga qadar kasallik tufayli ajraldan er-xotinlarning yarmidan koʼpi ajrim va ayriliqdan keyin yana topishgan. Аmmo er-xotin uzoq vaqt birga yashamasa va yangi turmushida farzandlari boʼlsa, muddat berish notoʼgʼri. Baʼzida juftliklar ariza berib turib, sudga kelmaydi.
Ko‘rishlar: 429
https://anatomica.uz/uz/articl...







