Qaysi mahsulotlar ko'z nurini yaxshilaydi?

To'g'ri ovqatlanish

Yangilangan:

Ko‘pchiligimiz turli kasalliklarga qarshi kurashishni va tibbiyot preparatlari yordamida profilaktika olib borishni allaqachon o‘rganib olganmiz. Ammo konservativ terapiyaga… eng oddiy mahsulotlarni qo‘shish mumkinligini hamma ham bilavermaydi! Oftalmolog, oliy toifali shifokor, O‘zbekiston oftalmologlari assotsiatsiyasi aʼzosi, Toshkent tibbiyot akademiyasi oftalmologiya kafedrasi o‘qituvchisi Saida Egamberdieva ko‘z nurini yaxshilaydigan va yomonlashtiradigan mahsulotlar haqidagi maʼlumotlarni siz aziz o‘quvchilarimiz bilan bo‘lishadi. 

 

 

Saida Egamberdieva, oftalmolog, oliy toifali shifokor, O‘zbekiston oftalmologlari assotsiatsiyasi aʼzosi, Toshkent tibbiyot akademiyasi oftalmologiya kafedrasi o‘qituvchisi

 

 

- Qaysidir mahsulotlar yordamida ko‘z nurini yaxshilash yoki hech bo‘lmaganda profilaktika olib borish mumkinmi?

 

Albatta. A vitamini, yog‘li omega-kislotalarga boy mahsulotlar bor, ularni isteʼmol qilish ko‘z to‘r pardasidagi qon aylanishiga ijobiy taʼsir qiladi. Ular orasida sabzi, chernika, qovoq, lavlagi va ko‘katlar (kashnich, ismaloq, porey piyozi) ayniqsa, mashhur. Hayvon mahsulotlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, baliq, tvorog, mol jigari, tuxum sarig‘i afzalroq.

 

Ammo ko‘rish qobiliyatida muammosi bor bemorlar faqatgina ushbu mahsulotlarni isteʼmol qilish bilangina muammodan qutulib bo‘lmasligini anglab yetishlari kerak. Yaxshi ko‘z nuri uchun turfa vitaminlar va boshqa foydali elementlar zarur, ammo ularni oldindan zaxira qilib bo‘lmaydi, zero, organizm qancha foydali mahsulotni talab qilsa, shuncha miqdorini qabul qila oladi. Shuning uchun ratsionni to‘liq qayta ko‘rib chiqish, uni balanslash, boyitish va shifokor buyurgan terapiyani davom ettirish kerak.

 

Ko‘z to‘qimalari qon va kislorod bilan qanchalik yaxshi taʼminlansa, ko‘z kasalliklari xavfi va harakatsizlik holatlari shunchalik kam bo‘ladi. Agar ratsionda A, B1 va PP vitaminlari doimo tanqis bo‘lsa, kam yorug‘lik sharoitida ko‘rish qobiliyati pasayadi.

 

 

Ko‘zlar uchun eng foydali mahsulotlar:

 

  • sabzi - tarkibida A, D, C va E vitaminlari, shuningdek, qon aylanishini, ko‘z nurini yaxshilaydigan, antioksidant taʼsirga ega  beta-karotin bor;

  • chernika - vitaminlar manbai, to‘r pardani mustahkamlaydi va buyumlarni aniq ko‘rish uchun javob beradigan ko‘rish pigmenti ishlab chiqarilishiga yordam beradi;

  • kakao miqdori ko‘p bo‘lgan qora shokolad - ko‘z qon tomirlarini mustahkamlaydigan flavonoidlarga ega;

  • baliq (ayniqsa, syomga, tunes, losos) - ko‘zlar uchun foydali yog‘ kislotalari manbai;

  • apelsin, greypfrut, naʼmatak - organizmni C vitamini bilan taʼminlaydi;

  • qovoq va qovun - antioksidant taʼsirga ega va samaradorligi bo‘yicha A vitaminiga teng bo‘lgan beta-karotindan iborat.

 

 

- Ko‘zlar uchun foydasi ortiqcha baholangan yoki hatto salbiy taʼsir ko‘rsatadigan mahsulotlar bormi?

 

Taʼkidlab o‘tganimizday, ovqatlanish - ko‘rish qobiliyatiga ijobiy taʼsiri bor omillardan biri. Ratsion qanchalik boy va xilma-xil bo‘lsa, vitaminlar va mikroelementlar shunchalik ko‘p kelib tushadi. Ammo bilish kerakki, baʼzi mahsulotlarni nazoratsiz isteʼmol qilish ko‘zlarga tuzatib bo‘lmas zarar yetkazishi mumkin.

 

Ko‘z uchun xavfli mahsulotlar qatorida birinchi o‘rinni oliy nav bug‘doy unidan tayyorlangan oq non egallaydi. Bu nonning tarkibida tozalangan kraxmal ko‘p, u oshqozon osti bezida insulinning ko‘p ishlab chiqarilishiga sabab bo‘ladi. Natijada ko‘z soqqasi zararlanib, uzoqni yaxshi ko‘rolmaslik rivojlanadi. Agar inson kofe va spirtli ichimliklarni ko‘p isteʼmol qilsa, ko‘zdagi qon tomirlari torayib, qon aylanishi buziladi. Bundan tashqari, spirtli ichimliklar insonning ko‘rish qobiliyati bilan bevosita bog‘liq bosh miya qobig‘ining baʼzi sohalariga taʼsir qiladi.

 

Ro‘yxatda shuningdek, insulin ko‘payishiga sababchi va ko‘z to‘r pardasiga salbiy taʼsir o‘tkazuvchi tez uglevodli mahsulotlar (pishiriq, shirinlik, makaronlar, tozalangan guruch) ham bor.

 

Va nihoyat, tuz. To‘g‘ri, organizmda unga ehtiyoj bor, lekin cheklangan miqdorda - sutkasiga olti grammdan ortiq emas. Ko‘p miqdordagi tuz organizmdan suyuqlik chiqishini qiyinlashtiradi va ko‘z ichi bosimini oshiradi, oqibatda katarakta singari jiddiy ko‘z muammolarini keltirib chiqaradi.

Ko‘rishlar: 269

https://anatomica.uz/uz/articl...

Instagram sahifamizni kuzatib boring

@anatomica_uz