Jarrohlik boʼlimi maestrosi

0

Yoqqan ishni bajarish – bu erkinlik, bajargan ishini sevish esa – bu haqiqiy baxt. Mubolagʼasiz aytganda, jarrohlik olamida yashayotgan va nafas olayotgan inson tanlagan sohasini oʼzining asosiy  maslagi deb biladi.

Feruz Gʼofurovich Nazirov – Аkademik V.Vohidov nomidagi ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy jarrohlik markazi direktori maslahatchisi, Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, tibbiyot fanlari doktori, 50 yil mobaynida  jarrohlik boʼlimida sidqidildan sadoqat bilan xizmat qilayotgan inson oʼz hayot yoʼli haqida soʼzlaydi.

Oʼtmishim jarroh boʼlishimdan ancha ilgari boshlangan. 70 yoshda moziyga qaytib, yoʼling nimadan boshlangani, qanday muvaffaqiyatlarga erishganing va omadsizliklarga uchraganing,  ular senga nimalarni anglatganini xotirlash maroqli.

Jarrohlikka tasodifan kirib qolganman. Yoshligimda sport bilan faol  shugʼullanardim va meni doim sport tibbiyoti qiziqtirgan. Sport shifokori boʼlishni, ortopediya va travmatologiya bilan  shugʼullanishni istardim. Toʼgʼrisini aytganda, men oʼzimni aynan shunga tayyorlardim. Toʼrtinchi kursda toʼqimachilik kombinatining tibbiy-sanitar boʼlimida anesteziolog yordamchisi sifatida navbatchilikda turardim. Yodimda, kechalari avtofalokat yoki mushtlashish sabab turli tan jarohati olgan, kesilgan, tigʼ sanchilgan bemorlar olib kelinardi. Menga yaralarni yuvib tozalash, kesilgan joylarni tikish kabi ishlar topshirilardi. Shunday qilib, menda malaka paydo boʼldi va beshinchi kursda – 20 yoshimda ilk bora mustaqil jarrohlik operatsiyasi – appendektomiya, yaʼni koʼrichakni olib tashlash amaliyotini  oʼtkazdim. Shu kabi amaliyotlar meni jarrohlik sari, atoqli ustozim akademik Vosit Vohidovich Vohidov tomon boshladi.

Hayotim ham boshqa kasbdoshlarimniki singari osuda, bir maromda kechardi. Menga koʼproq omad kulib boqqan, deb oʼylayman. 1973 yilda institutni tamomlab, ToshMI internaturasiga, akademik Vosit Vohidovich Vohidov klinikasiga oʼqishga kirdim. Raqobat juda yuqori boʼlib, ustoz shaxsan tanlab olgan beshlikka kirish men uchun katta sharaf edi. Bu mening kichik gʼalabam edi. 31 yoshimda nomzodlik, oradan yetti yil oʼtib esa doktorlik dissertatsiyasini yoqladim. 1998 yildan 2009 yilgacha sogʼliqni saqlash vaziri lavozimida ishladim. Ikki yil avval Oʼzbekiston Fanlar akademiyasi akademigi boʼldim. Vazir lavozimida ishlagan 11 yilimni hisoblamaganda, butun hayotim – kechayu kunduzim xirurgiya institutida oʼtdi. Jigar jarrohligi boʼlimida ishlay boshladim. Jigar, oʼt yoʼllari, oshqozonosti bezi  xastaliklari patologiyasi bilan shugʼullandim va nihoyat jigar transplantatsiyasini amalga oshirdim.

Vrezka: Haqiqiy jarrohga huzur-halovat tuygʼusi begona. Men doimo qonimda adrenalin hissini tuyib yashayman

Haqiqiy jarrohda xotirjamlik hissi boʼlmaydi. U har bir bemorga katta masʼuliyat bilan yondashishi zarur. Uning asosiy kasbiy fazilatlari – bu kuch, tezkorlik va oniy sezgi, yaʼni juda tez qaror qabul qilish. Har qanday shifokor bemorning hayoti uning qoʼlida ekani va zarracha ham xatoga yoʼl qoʼyishga haqqi yoʼqligini har doim yodda tutishi lozim.

Hozir yurtimizda namuna boʼlishga arziydigan qator isteʼdodli mutaxassis va jarrohlar bor. Ilgarigi brigadani eslasak, bular – akademik Vosit Vohidov, Oʼktam Oripov, professor Lev Xachiev edi. Hozir ishlayotganlardan – professorlar Аbduhakim Hojiboev, Mirshavkat Аkbarov, Аndrey Devyatov va boshqa koʼplab qobiliyatli shifokorlarni aytish mumkin. Men ham umrim davomida oʼrnak olishga harakat qildim. Busiz mumkin emas. Havas qilsang – oʼrganasan va namuna olasan. Men ustozim Vosit Vohidovdan oʼrnak oldim. U kishidan nafaqat jarrohlik usullarini, balki hayotni oʼrgandim.

 

Kasbiy faoliyatim davomida oʼzim uchun hayotiy saboq chiqardim – talabchanlik, olib borayotgan faoliyatimda sadoqatli va printsipli boʼlish hamda halollik mening maslagim.

Koʼp yosh shifokorlar oʼziga savol beradi: operatsiya qilishga qachon tayyor boʼlaman?  Menimcha, buning uchun vaqt, yaxshi ustozlar, mustahkam poydevor kerak. Jarrohlikda “Qoʼlim qichiyapti” degan ibora bor. Lekin bir “ammo”si bor. Boshdan qoʼl oldinga oʼtishiga yoʼl qoʼymaslik kerak. Аvvalo, vaziyatga baho berish lozim. Hammasini oʼz joyiga qoʼyib, keyin qoʼllarni ishga solish va oʼylangan ishni toʼgʼri bajarish kerak.

Shifokor oʼz kasbi va mijoziga batamom sadoqatli, uning salomatligi va kelajagiga masʼul boʼlmogʼi shart. Men oʼz kasbimga butun vujudim bilan berilganman. Shuning uchun hech qachon xayolimda ishni tark etish fikri boʼlmagan.

Vrezka: Oldinda  meni nima  kutayotganini bilish qiyin. Men imkon qadar sevgan ishim – jarrohlik bilan shugʼullanishni rejalashtiraman

Hech qachon bajargan ishim uchun faxrlanmaganman. Xalqim uchun zarur boʼlgan oddiy ishni qilaman, xolos. Bu ishni yaxshi bajarishga intilaman.

Oilam bilan juda faxrlanaman. Rafiqam – Lyudmila Аlixanovna Nazirova professor, anesteziolog, xirurgiya institutida  anestezilogiya boʼlimi rahbari, qizim – Umida Nosirova pediatr, tibbiyot fanlari doktori, Vrachlar malakasini oshirish institutida ishlaydi, neonatologiya boʼlimi kafedra mudiri. Uch nafar ajoyib nabiram bor. Men ularni juda yaxshi koʼraman. Ular mening eng qimmatbaho boyligim.

 

Transplantologiya rivoji yoʼlida

Men uchragan toʼsiqlardan biri jarrohlikda yangi texnologiyalarni oʼzlashtirish edi. Bulardan ancha murakkabi esa jigar transplantatsiyasi ekan. Jigar koʼchirish nihoyatda qaltis jarrohlik amaliyoti sanaladi. Ilk bora bunday operatsiyani oʼtkazishimizga bir hodisa sabab boʼlgan. U paytda men vazir edim. Xorazm viloyatida old  qorin devorlari qoʼshilib ketgan aka-ukalar –  siam egizaklari dunyoga keldi. Moskvadan shifokorlar jamoasi kelib, bolalarni operatsiya qilish uchun Rossiyaga olib ketishni taklif etdi. Men qatʼiyan qarshilik bildirdim. Biz javobgarlikni oʼz zimmamizga olib, bu operatsiyani  katta shifokorlar jamoasi, bolalar shifokorlari va neonatologlar ishtirokida Toshkentda oʼtkazishga qaror qildik. Maʼlum boʼlishicha, bolalarning jigari qoʼshilib ketgan ekan. Shu sabab operatsiyani  kechiktirib boʼlmasdi. Jarrohlik amaliyoti 23 soat davom etdi. Goʼdaklarning birida yurak nuqsoni boʼlib, uni saqlab qolishning imkoni boʼlmadi. Ikkinchi bola esa sogʼ-omon va hayotda katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda.

Soʼnggi ikki yilda rossiyalik va hindistonlik hamkasblarimiz bilan hamkorlikda jigar transplantatsiyasi boʼyicha oltita, buyrak transplantatsiyasi boʼyicha esa 250 ta operatsiya oʼtkazildi. Biz buyrak koʼchirish sohasida katta qadam tashladik. Аkademik Oripov 16-shahar shifoxonasi qoshidagi kafedrasida birinchi buyrak transplantatsiyasi laboratoriyasini tashkil qildi. Bugun mamlakatimizda buyrakni bemorga yaqinidan koʼchirib oʼtkazish amaliyotini bajarayotgan ajoyib mutaxassislar bor. Jigar bilan bogʼliq ishlar biroz murakkabroq. Chunki bu operatsiya uchun katta va qimmatbaho asbob-uskunalar kerak, ammo biz asta-sekin odimlab boʼlsa-da, oʼz maqsadimizga yetyapmiz.

Matn: Nargiza Аzimova
Surat: Ernest Kurtveliev

 1,753 

0
    0
    Ваша корзина | Sizning savatingiz
    Ваша корзина пуста | Savatingiz bo'shВернуться к покупке | Sotib olishga qaytish