Yurakdan yurakka

0

Rivojlanishida jiddiy nuqson bilan tug‘ilgan bolalarda jamiyatning to‘laqonli a’zosi bo‘lish uchun imkoniyat bormi? Bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi rahbari Vasila Alimovaga bu muammo yaxshi tanish.

Vasila Alimova,

Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi (RBIMM) direktori, shifokor-nevrolog

15 yildirki, markaz ijtimoiy himoyaga muhtoj, shu jumladan, rivojlanishida nuqsoni bor bolalarni qo‘llab-quvvatlab, beg‘araz ijtimoiy himoya qilib keladi. Ular orasida nogiron, yetim va ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar, shuningdek, huquqbuzarlik sodir etgan tarbiyasi og‘ir o‘smirlar ham bor. Biz, avvalo, imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlaymiz. Ularni davolash bilan shug‘ullanmaymiz, balki jamiyatda yashashga moslashtiramiz, ma’lum ko‘nikmalarni hosil qilamiz, qobiliyatini rivojlantiramiz.

Psixologik-pedagogik korreksiyaga katta e’tibor beramiz. Pedagog-defektologlarimiz va psixologlarimiz aqliy qobiliyatni rivojlantirish, ya’ni bolaning ongi, atrof-muhitni idrok etishi ustida ishlaydi. Bir vaqtning o‘zida ota-onalarni ham bolalar bilan uyda shug‘ullanishga o‘rgatamiz.

Markazga bolalarni qabul qilish tartibi

Biz hech qanday yo‘llanma yoki maxsus hujjatlar talab qilmaymiz. Kompleks parvarishlash kursi tavsiya etilgan bolani rasmiylashtirish uncha qiyin emas. Bolaning shaxsini tasdiqlovchi hujjat, ambulator karta yoki bola uchun ochilgan tibbiy hujjat bo‘lsa kifoya.

Bir oy davomida bizga turli ijtimoiy, huquqiy, tibbiy, reabilitasion-pedagogik yo‘nalishdagi muammolari bor bolalarning ota-onalaridan kamida 200–250 nafari murojaat qiladi. Ulardan taxminan 180 nafariga har oy kompleks reabilitasion-pedagogik xizmatlar ko‘rsatiladi. Qolganlariga maslahat va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilish uchun yordam beriladi. Buning uchun biz turli vazirlik, idora yoki hokimliklar kabi tegishli tuzilmalarni jalb qilamiz.

Ergoterapiya

Ko‘pincha irsiy kasalliklari yoki rivojlanishida anomaliyalari bor bolalarga, asosan, reabilitasion va psixologik-pedagogik yordam kerak bo‘ladi. Biz bolaning reabilitasion salohiyatiga qarab ish tutamiz, bolaning «uxlab yotgan» ko‘nikmalarini «uyg‘otamiz» va rivojlantiramiz. Bunday bolalarga faqat medikamentoz davolashning o‘zini qo‘llash noto‘g‘ri. Ular bilan juda erta yoshidanoq pedagoglar va professional psixologlar, reabilitologlar, ergoterapevtlar ishlashi kerak. Ergoterapiya – O‘zbekistonda terapiyaning yangi sohasi bo‘lib, u bolaning ko‘nikmalarini rivojlantirishga, unda mustaqil va erkin fikrni shakllantirishga qaratilgan.

Har yili Isroilning O‘zbekistondagi elchixonasi nuqsonli bolalarni rivojlantirish sohasidagi ikki nafar xalqaroergoterapevt ekspert xizmatini bizga beg‘araz taqdim etadi. Bu mutaxassislar pedagog, reabilitolog, instruktor kabi kadrlarimiz va ota-onalarga bunday bolalarga ta’lim berish qoidalarini o‘rgatadi, ularga ergoterapiyani tushuntiradi. Agar bolaning mayda motorikasi buzilgan bo‘lsa, qo‘llarini qimirlatmaydi, qadam bosolmaydi, oddiy ushlash harakatini bajarolmaydi – ergoterapevtlar esa buning hammasini o‘rgatadi.

Markazning hududiy bo‘limlari

Muassasamiz respublika miqyosida bepul malakali xizmat ko‘rsatuvchi markaz bo‘lgani bois, bizga respublikamizning barcha hududidan kelishadi. Shuni inobatga olib, Vazirlar Mahkamasining markazimizning bo‘limlarini tashkil etish haqidagi qarori e’lon qilingan edi. Natijada Farg‘ona, Namangan va Andijon viloyatlariga xizmat ko‘rsatuvchi Farg‘onadagi hududiy bo‘lim tashkil etildi. So‘ng Samarqand va yaqin viloyatlarga xizmat ko‘rsatuvchi Samarqand hududiy bo‘limi ochildi. Yaqinda markazimizning qo‘shni hududlardan bemorlarni qabul qiluvchi Qarshi shahridagi bo‘limini ochdik.

Ota-onasi uyda yashiradigan bolalar

Oilada rivojlanishida ma’lum nuqsonlari bor bola tug‘ilsa, ko‘pincha ota-onasi undan uyaladi. Ayniqsa, chekka hududlarda bunday bolalar yillab uyda yashirincha saqlanadi. Ammo so‘nggi yillarda aholining markazimiz va uning xizmatlari haqidagi xabardorligi oshgani tufayli bunday ota-onalar farzandlarini uyida ortiq yashirmay, bizga murojaat qilyapti. Ular bola bilan qanchalik erta shug‘ullanishni boshlasak, shunchalik ko‘proq natijaga erishishimiz mumkinligini tushunib yetdi.

Bolalarga shafqatsiz munosabat haqida

So‘nggi yarim yil ichida bolalarga shafqatsiz munosabat bo‘layotgani haqida shikoyatlar ko‘paydi – shu vaqt oralig‘ida beshta murojaat kelib tushdi. Ko‘proq qarindoshlar va qo‘shnilar murojaat qilyapti. Biz o‘zboshimchalik bilan oilaga bostirib kira olmaymiz, ammo, albatta, zarur choralar ko‘ramiz. So‘ng qarindoshlari ruxsat bersa, bu oila bilan psixologlarimiz ishlaydi yoki tegishli tashkilotlarga xabar berishga to‘g‘ri keladi. Bu ishda bizga markazimizni yaxshi biladigan bolalar ombudsmani — Aliya Yunusova katta yordam beradi.

Markazda faoliyat olib boradigan klublar

Markazda bir nechta klublar faoliyat yurityapti: sog‘lig‘ida buzilishi bor bolalar va autizmga chalingan bolalarning ota-onalari, shuningdek, tutingan ota-onalar klubi mavjud. Bu yerda ancha tajribali ota-onalar mehnat qiladi. Ular klubning qolgan a’zolariga yordam ko‘rsatadi. O‘ziga xos bolalarni tarbiyalash bo‘yicha maslahat beradi. Turli psixologik muammolarni hal etish yo‘lini o‘rgatadi. Vasiylikdagi bolalar uchun biz hayvonot bog‘i, sirk, botanika bog‘iga sayohatlar tashkil qilamiz. Bunday madaniy-ommaviy tadbirlar ota-onalarga taskin beradi.

Markaz ishining samaralari

18 yoshga borib bolalarning hammasi 100 foiz ijtimoiy moslashadi, deya olmayman. Ammo hech bo‘lmaganda, ularning ahvoli yomonlashmaydi: pedagogik-psixologik reabilitasion choralar bolaning ahvoliga doimo ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Muammo shundaki, ota-onalar farzandlarini ko‘pincha ancha katta yoshda olib keladi. Korreksiya ishlari uchun esa, afsuski, qimmatli vaqt boy berilgan bo‘ladi.

Bolaning rivojlanishidagi nuqsonni qanchalik o‘z vaqtida aniqlasak, u bilan ishlashni shunchalik ertaroq boshlaymiz va natija ham yaxshiroq bo‘ladi.

Bolalar bilan reabilitasion pedagogik mashg‘ulotlar erta boshlansa,  sezilarli natijaga erishiladi. Masalan, autizm va BSF tashxisi qo‘yilgan bolaning salohiyatiga e’tibor berish muhim. Ya’ni bola bilmaydigan narsani o‘rgatishga intilish emas, balki uning kuchli tomonini topib, uni rivojlantirish kerak. Chunki bolaning kuchli jihatlarini rivojlantirish orqali zaif taraflarini ham qo‘zg‘atish mumkin.

18 yoshdan kattalarni qo‘llab-quvvatlash

Nizomga ko‘ra, biz 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar bilan ishlaymiz. Ko‘pchilik ota-onalar bolasi shu yoshga kirganidan keyin ham bizdan yordam so‘rashda davom etadi. Ammo bu vaqtda qo‘limizdan hech nima kelmaydi. Chunki mutaxassislarimiz, sharoitlar, xonalar – barchasi bolalarga mo‘ljallangan. Afsuski, o‘smirlar va 18 yoshdan kattalar bilan shug‘ullanadigan muassasalar juda kam. Shu sababli ota-onalar bunday farzandlarni qaerga olib borishni bilmaydi. Balki bu ushbu toifadagi bolalarni qo‘llab-quvvatlovchi muassasalarni tashkil etish haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishga turtki berar.

Markaz rejalari

Aqli zaif va nogiron ba’zi bolalar «Muruvvat» internat uylarini bitirib, katta yoshdagi bolalar uchun mo‘ljallangan «Muruvvat» internat uylariga o‘tadi. Ularni yengilroq nuqsonlarga ega bolalar jamiyatiga moslashtirish uchun ijtimoiy-psixologik va reabilitasion ishlarni o‘tkazish kerak. Ba’zi ixtisoslashtirilgan muassasalarda bitiruvchilarga kerakli ko‘nikmalar to‘liq o‘rgatilmaydi. Natijada ularni hech qaerga olishmaydi. Chunki umumta’lim muassasalari ularga mo‘ljallanmagan. Biz ixtisoslashtirilgan internatlarning tarbiyalanuvchilarini kelgusida turli jamiyatlarda ishlashi va uyda teng mehnat qilishi uchun kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha loyihalarni rejalashtiryapmiz. Moliyalashtirish manbalarini topsak, aqli noqis bolalarni o‘qitish uchun markazimizda bir nechta xona tashkil qilgan bo‘lardik. Hozir biz uchun ushbu sohadagi asosiy vazifa – ba’zi loyihalarimiz uchun investorlar topish. Chunki biz davlat ta’minotidamiz va ma’lum bir yangi yo‘nalishlarni mustaqil ravishda rivojlantirish uchun imkoniyatimiz yo‘q.

Sog‘lig‘ida nuqsoni bor bolalarni erta aniqlash natijalari

Biz Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda rivojlanishida nuqsoni bor bolalarga erta ko‘mak ko‘rsatish xizmatini takomillashtirish va bu kabi xizmatlar haqida ma’lumot tarqatish ustida ish olib boryapmiz. Shunday yosh bolasi bor oilalar bilan doimiy muloqotda bo‘lgan tibbiyot xodimlari va patronaj hamshiralari ularni poliklinikaga jalb qilishi kerak. O‘zgacha bolalar bilan ishlashda, ularning rivojlanishi uchun pedagog-defektologlar, psixologlar va tibbiyot xodimlari jalb qilingan. Bu kabi erta aniqlash usullari va o‘zgacha bolali oilalarni poliklinikaga jalb qilish allaqachon o‘z samarasini beryapti. Bu nafaqat bolaning manfaatlari yo‘lida, balki u voyaga yetayotgan oilaning farovonligi, shuningdek, nogironlikning og‘ir shakllarining oldini olish maqsadida amalga oshirilyapti. Agar bola bilan shug‘ullansak, u hech bo‘lmaganda, to‘laqonli hayotga moslashadi.

 

 2,014 

0
    0
    Ваша корзина | Sizning savatingiz
    Ваша корзина пуста | Savatingiz bo'shВернуться к покупке | Sotib olishga qaytish