Yuragim bolalarga baxshida

0

Farzandlikka olish jarayonini soddalashtirish kerakmi? Vasiylik homiylikdan nimasi bilan farq qiladi? O‘zbekiston Respublikasining Bola huquqlari bo‘yicha vakiliga qanday savollar bilan ko‘proq murojaat qilinishi haqida bolalar ombudsmani Aliya Yunusova so‘zlab beradi

Maʼlumot:

Aliya Yunusova, O‘zbekiston Respublikasining Bola huquqlari bo‘yicha vakili, 2005–2019-yillarda uch chaqiriq Oliy Majlis deputati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim mudiri, undan oldin O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada bosh mutaxassis lavozimlarida mehnat qilgan

 

Ombudsman. Ibtido

Bola huquqlari bo‘yicha vakil – saylanadigan mansabdor shaxs.

Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq 2019-yildan boshlab yurtimizda Bolalar ombudsmani instituti faoliyat yuritmoqda. 2020-yil 28-fevralda Qonunchilik palatasi yig‘ilishida, so‘ng Oliy Majlis Senati majlisida Bola huquqlari bo‘yicha vakil etib saylandim.

 

Biz o‘ziga berilgan vakolatlar doirasida bolalar huquqlarini himoya qiladigan boshqa davlat organlari o‘rnini bosolmaymiz.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda taʼminlash bo‘yicha davlat organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini olib boradi. Faoliyatimiz asosan monitoring bilan bog‘liq.

 

Ikkinchi yo‘nalishimiz – fuqarolarni qabul qilish va ularning murojaatini o‘rganish.

 

Uchinchi yo‘nalish – xalqaro hamkorlikka doir masalalar – seminar, trening, konferensiyalar o‘tkazish.

Faoliyatimizni pandemiya davrida bolalar muassasalarini o‘rganishdan boshladik. Mehribonlik, Muruvvat, Go‘daklar uyi, SOS – bolalar mahallasi, O‘zR IIV huzuridagi Ijtimoiy-huquqiy yordam markazlari, Chinoz va Qo‘qondagi qizlar, Baxt shaharchasidagi o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya maskanlari, Toshkent viloyatidagi o‘g‘il bolalar tarbiya koloniyasida bo‘ldik. Ularning faoliyati, bola huquqlari hamda manfaatlarining taʼminlanishi bo‘yicha bajarilayotgan ishlar bilan tanishib chiqdik.

 

Bolalarning davolanish sharoiti bilan tanishish maqsadida ruhiy kasalliklar shifoxonalari va dispanserlarining bolalar bo‘limlarida bo‘ldik. lardagi oziq-ovqat taʼminoti, sog‘liqni saqlash, taʼlim, dam olish va bolalarning bo‘sh vaqtini o‘tkazish jarayonini o‘rgandik. Ushbu masalalar vakolatimizga kiradi.

Qonun buzilishi holatlari aniqlansa, tezkor choralar ko‘rish va kamchiliklar bartaraf etish uchun Xalq taʼlimi, Maktabgacha taʼlim, Sog‘liqni saqlash, Ichki ishlar vazirliklari, Bosh prokuratura kabi tegishli davlat organlariga tavsiya kiritamiz.

 

Bolalar mavjud bo‘lgan muassasalarga qo‘yiladigan asosiy talab – bolaga do‘stona munosabatda ish olib borish.

 

O‘tkazilgan monitoring asosida hisobot tayyorlandi. U Oliy Majlis palatalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va boshqa davlat organlariga kiritildi.

Biz Rossiya Federatsiyasining Bola huquqlari bo‘yicha vakili bilan hamkorlik memorandumini imzoladik. Qozog‘iston ombudsmani bilan yaqindan hamkorlik qilamiz. Bolalarni himoya qilish bo‘yicha kelgusida o‘zaro ko‘maklashish va tajriba almashish borasida MDH doirasidagi bolalar ombudsmanlari bilan hamkorlikda ishlashni rejalashtirganmiz. Zero, bu borada umumiy masalalarimiz bor.

 

Vasiylikning ombudsmandan farqi

Yetim hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum qolgan bolalarga taalluqli barcha masalalarni davlat organlari, shuningdek, vasiylik va homiylik organlari bilan birga ko‘rib chiqamiz.

O‘tkazilgan monitoringga ko‘ra, vasiylik va homiylik organlari zudlik bilan qayta isloh etilishga muhtoj. Bugungi holatida ular bolaning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, taʼminlash bo‘yicha zimmasiga yuklatilgan vazifani yetarli darajada bajarishiga imkon yo‘q.

Vasiylik organlari faqat yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bolalar masalalari bilan shug‘ullanadi, degan xato fikr mavjud.

Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar orasida kelishmovchiliklar, ota-onalar o‘rtasida tushunmovchiliklar ro‘y bersa, bolalar tarbiyasi, taʼlimi va taʼminotiga doir barcha masalalar ham vasiylik organlari ishtirokida ko‘rib chiqiladi. Bolalarni institutsional muassasalarga joylash masalalarini ko‘rib chiqish va keyingi nazoratni olib borish aynan vasiylik organlari zimmasiga yuklatilgan. Agar ota-ona vasiyligi bo‘lmasa, vasiylik organlari bolaning qonuniy vakili hisoblanadi va davlat organlarida uning manfaatlarini ilgari suradi. Bugun vasiylik organlari tizimi hokimliklar tarkibida faoliyat yurityapti.

 

 

Ombudsmanga qanday savollar bilan murojaat qilishadi?

Afsuski, ajrashgan ota-onalardan ko‘proq murojaat kelib tushadi. Bu bolaning ota-onasi yoki boshqa yaqin qarindoshlari bilan uchrashuvga qo‘yilgan cheklovni bekor qilish uchun sud qarorining bajarilishi yoki bolani tarbiyalash uchun berib yuborish bilan bog‘liq masalalar. Sud tomonidan bolaning ota-onasidan biri bilan yashash joyi belgilanganda ko‘pincha ziddiyat kelib chiqadi. Biz ushbu muammoga ko‘proq eʼtibor qaratilishini xohlaymiz.

 

Muammo shundaki, ota-onadan biri, bobo, buvi yoki boshqa qarindoshlar ko‘pincha ota-onaning ikkinchisi yoki uning qarindoshlari bilan uchrashuvga to‘sqinlik qiladi hamda shu orqali sud tomonidan belgilangan uchrashuv tartibini buzadi.

Biz bola er-xotin o‘rtasidagi ziddiyat markazida bo‘lmasligi kerakligini taʼkidlaymiz. U ota-onaning hiyla-nayranglari qurboni bo‘lmasligi lozim. Bolani ruhan jarohatlaydigan bunday vaziyat uning hali shakllanib ulgurmagan asab tizimi, psixologik holati, sog‘lig‘iga sezilarli taʼsir qilishi mumkin.

 

 

Bolaning o‘zi sizga bevosita murojaat qilishi mumkinmi?

Ha, mumkin. Qonunchiligimizga bola huquqiga doir qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, bolalar davlat organlari, shu jumladan, bizga ham bevosita murojaat qilishi mumkin.

Buni hayotiy misolda ko‘rib chiqamiz.

Bizga 16 yoshli bola murojaat qildi. Qabulimizga onasi bilan keldi. Masala otasi bilan uchrashish xususida edi. Bola u bilan uchrashishni umuman istamayotganini aytdi. Fikrini ochiq ifoda etish – uning huquqi. Bolaning ota-onasi bilan birdek muloqot qilishi tarafdorimiz. Ammo shuni unutmaslik kerakki, ota-ona o‘z farzandi sog‘lig‘iga psixologik zarar yetkazmasligi, unga psixologik bosim o‘tkazmasligi, kamsitmasligi, otasi yoki onasiga qarshi qayramasligi kerak. Ota-ona o‘zaro kelishishni o‘rganishi zarur. Agar ota-onasi yoki boshqa yaqini bilan bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlar bolaning emotsional holatiga salbiy taʼsir qilsa, men bu kabi uchrashuvlarni yoqlamayman. Biz bu kabi sud qarorini qayta ko‘rib chiqish tarafdorimiz.

 

Har bir bola oilada har qanday masala hal qilinishida o‘z fikrini bildirishga haqli. Shuningdek, istalgan sud yoki maʼmuriy ish davomida u tinglanishi shart.

 

Bu jarayonda qaror qabul qilishga masʼul vakolatli shaxslar va organlar bolaning yoshidan qatʼi nazar, uning fikrini tinglashga va bola manfaatlaridan kelib chiqib qaror qabul qilishga majbur.

  

Bulling haqida murojaat

Bunday hodisalar ko‘p. Bulling voyaga yetmaganlar orasidagi taʼqib bo‘lib, dunyo bo‘ylab keng tarqalgan. Ushbu masala yuzasidan biz asosiy hamkorimiz “Kamalak” bolalar tashkiloti bilan yaqindan birga ishlaymiz. Bullingga qarshi dastur loyihasi ishlab chiqilyapti.

 

Maktabda, sinfda, bolalar bog‘chasida, ko‘chada bo‘ladimi, zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga yo‘l qo‘yilmasligi va bu sir tutilmasligi kerak.

Odatda ko‘proq kam taʼminlangan oilalar farzandlari, yetim bolalar, ota-ona qaramog‘idan mahrum qolgan bolalar, nogironligi bor bolalar toifasi bulling qurboniga aylanadi. Bunday bola darhol masxaralash, tahqirlash, haqoratlash va hatto qiynoqqa solish predmeti bo‘ladi. Biz bolaning kichik yoshidan barcha bolalar teng ekani, birovni kamsitish kerak emasligi, har bir insonning or-nomusi va qadr-qimmati borligini hamda buni hurmat qilishimiz zarurligini taʼkidlab borishimiz lozim.

Bullingga qarshi dasturimiz shundan boshlanadi.

Bolalar orasida huquqiy savodxonlikni oshirish zarur. Bolaligidan nima yaxshi-yu, nima yomon, nima mumkin-u, nima taqiqlanishini tushuntirishimiz darkor. Ular g‘ayriqonuniy harakatlarining oqibatini bilishi shart. Buning uchun ota-onalar va pedagoglar zimmasiga katta masʼuliyat tushadi, tinimsiz ishlash kerak bo‘ladi.

 

Bolalarni ijtimoiy himoya qilish

Bolalarni tarbiyalayotgan oilalarga davlat tomonidan zaruriy ko‘mak kafolatlanadi. Shuningdek, ularga ijtimoiy yordam beriladi.  

 

Nogiron bolalar va jismoniy hamda (yoki) ruhiy rivojlanishida nuqsoni bor bolalarni tarbiyalayotgan oilalarga moddiy, konsultativ va boshqa shakldagi ko‘mak beriladi, qo‘llab-quvvatlanadi.

Ijtimoiy yordam uni olishga haqli bo‘lgan har bir bolaga tayinlanadi. Ijtimoiy yordamning miqdori, sharti va tartibi qonunchilik doirasida belgilanadi.

 

Ota-ona qaramog‘isiz qolgan har bir bola qayerda turishidan qatʼi nazar, davlat organlari tomonidan moddiy va boshqa sharoitlar bilan taʼminlanadi. 

 

Taʼkidlash kerakki, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayriya dasturlari yaxshigina rag‘batlantiriladi.  

Voyaga yetmagan bolalar boquvchisini yo‘qotganlik uchun pensiya olish huquqiga ega va farzandlikka olinganda ham ushbu huquqini saqlab qoladi. Ishtirokchilar 18 yoshga kirgunga qadar boquvchisini yo‘qotgani uchun ham pensiya olishga haqli.

Vasiylik organlari tomonidan bolani joylashtirish shakllari

Keling, qonunchiligimizga murojaat qilamiz. Ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar oila tarbiyasiga berilishi kerak (farzandlikka olish, vasiylik, homiylik asosida yoki tutingan oilaga). Bunday imkoniyat bo‘lmasa, yetim bolalar yoki ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar uchun muassasalar (tarbiya, davolash, shuningdek, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va boshqa shu kabi muassasalar)ga joylash lozim.

Ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarni oila tarbiyasiga yoki tegishli muassasaga joylashtirgunga qadar vasiy (homiy) majburiyatlarini bajarish vaqtinchalik vasiylik va homiylik organlari zimmasiga yuklatiladi.

Oilada tarbiyalanishi mumkin bo‘lmagan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar zarur g‘amxo‘rlik hamda qo‘llab-quvvatlovni taʼminlaydigan muqobil shaklda joylashtirilish huquqiga ega. 

 

Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni muqobil joylashtirish shakllariga quyidagilar kiradi:

  • vasiylik va homiylikni belgilash;
  • bolani farzandlikka olish;
  • oilaga tarbiyaga olish (patronat);
  • ixtisoslashtirilgan tarbiya, davolash muassasalariga, ijtimoiy himoya muassasalariga joylashtirish.

Bolani oilaga joylashtirishning imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, uni ixtisoslashtirilgan muassasalarga joylashtirish oxirgi choradir.

 

Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishda imtiyozli huquq bu vazifani bajarishga qodir bo‘lgan qarindoshlariga, yaʼni bobo, buvi, xola, amma, tog‘a, amaki, opa-singil, aka-ukaga  beriladi.

Farzandlikka olish bo‘yicha ishlar qanday bajarilmoqda?

Farzandlikka olish jarayoniga doir savollar ko‘p. Bola asrab olmoqchi bo‘lganlar soni go‘daklar uylarida parvarishlanayotgan uch yoshgacha bo‘lgan bolalarnikidan ko‘p.

Ilgari farzandlikka olish masalalari hokimlik vakolatiga kirar va farzandlikka olish haqidagi qarorni tuman hokimi chiqarardi. Bu usul o‘zini oqlamadi. Ko‘p holatlarda ota-onalar farzandlikka olgan bolalarini yana bolalar uylariga qaytarib olib kelardi. 

Xorij tajribasini o‘rganish farzandlikka olish bilan bog‘liq masalalarning sud tartibida ko‘rib chiqilishi kerakligini ko‘rsatdi. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksiga «Farzandlikka olish» nomli alohida bo‘lim kiritildi. Farzandlikka olish to‘g‘risidagi ariza bolani farzandlikka olishni istagan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan farzandlikka olinayotgan bolaning yashash (turgan) joyidagi fuqarolik ishlari  bo‘yicha tumanlararo, tuman (shahar) sudiga beriladi. Qonun tomonidan ariza berish bo‘yicha tegishli talablar o‘rnatilgan. Taʼkidlash joizki, sud farzandlikka olish to‘g‘risidagi ishlarni farzandlikka oluvchilar (oluvchi), vasiylik va homiylik organlarining vakillari, shuningdek, prokuror albatta ishtirok etgan majlisda ko‘rib chiqadi.

 

Zarur hollarda sud farzandlikka olinayotgan bolaning ota-onasini (otasini yoki onasini), qarindoshlarini va boshqa manfaatdor shaxslarni, shuningdek, o‘n yoshga to‘lgan bolaning o‘zini ishda ishtirok etishga jalb qilishi mumkin.

Sud farzandlikka olish to‘g‘risidagi ishlarni sudning yopiq majlisida ko‘rib chiqadi. Shuningdek, qonun tomonidan farzandlikka olish sirini oshkor etganlik uchun javobgarlik belgilangan. 

Sudya ishni sud muhokamasiga tayyorlashda ajrim chiqaradi. Unga ko‘ra farzandlikka olinayotgan bolaning yashash (turgan) joyidagi vasiylik va homiylik organlari zimmasiga farzandlikka olishning asosli ekani va farzandlikka olinayotgan bolaning manfaatlariga muvofiqligi to‘g‘risida sudga xulosa taqdim etish majburiyati yuklanadi.

 

Vasiylik va homiylik organining farzandlikka olish asosli ekani to‘g‘risidagi va farzandlikka olinayotgan bolaning manfaatlariga muvofiqligi haqidagi xulosasiga quyidagilar ilova qilinishi kerak:

  • farzandlikka olinayotgan bolaning yashash (turgan) joyi yoki farzandlikka oluvchilar (oluvchi)ning yashash joyi bo‘yicha vasiylik va homiylik organi tomonidan tuzilgan farzandlikka oluvchilar (oluvchi)ning yashash sharoitini tekshirish dalolatnomasi;
  • farzandlikka olinayotgan bolaning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi dalolatnoma yozuvidan ko‘chirma;
  • farzandlikka olinayotgan bolaning sog‘lig‘i, jismoniy va aqliy rivojlanishi haqidagi tibbiy xulosa;
  • o‘n yoshga to‘lgan farzandlikka olinayotgan bolani farzandlikka olishga, shuningdek, uning familiyasi, ismi, otasining ismi o‘zgartirilishi mumkinligiga va farzandlikka oluvchilar (oluvchi)ning bolaning ota-onasi (otasi yoki onasi) sifatida qayd etilishiga roziligi, bundan O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 156-moddasida nazarda tutilgan holatlar mustasno;
  • bola ota-onasi (otasi yoki onasi)ning uning farzandlikka olinishiga roziligi, o‘n olti yoshga to‘lmagan ota-onaning bolasi farzandlikka olinayotganda esa ota-ona qonuniy vakillarining ham roziligi, qonuniy vakillar mavjud bo‘lmagan taqdirda esa vasiylik va homiylik organining roziligi, bundan O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 160-moddasida nazarda tutilgan holatlar mustasno.

Boshqa hujjatlar ham talab qilinishi mumkin.

 

Farzandlikka olish jarayonini soddalashtirish kerakmi?

Men farzandlikka olishning mavjud qoidalarini soddalashtirish tarafdori emasman. Chunki u fuqarolik-huquqiy oqibatlarga olib keladi. Ota-onalar va farzandlar o‘rtasida majburiyatlar paydo bo‘ladi. Farzandlikka olingan bola merosxo‘rlar toifasiga kiradi.

 

Tushunchalarni chalkashtirmaslik muhim.

Misol keltiraman. Ommaviy axborot vositalarida «Murad Buildings» kompaniyasi rahbari to‘qqiz nafar bolani farzandlikka olgani haqida maʼlumot tarqaldi. Ammo aslida hokim qaroriga ko‘ra bu bolalar ustidan vasiylik va homiylik o‘rnatilgan. Bular har xil tushunchalar.

Shuningdek, mehribonlik uylari bolalar farzandlikka olingani sabab qisqartirilib yopilayotgani haqida maʼlumot ham tarqalgan. Bizdagi maʼlumotlarga ko‘ra, farzandlikka olish holatlari bo‘lmagan. Bolalarning aksariyati o‘z oilalariga qaytarib berilgan. Shuningdek, bolalar yangi oilaviy bolalar uylariga o‘tkazilgan. Boshqa mehribonlik uylariga ko‘chirilgan bolalar ham bo‘lgan.

 

Patronat vasiylik va homiylikdan nimasi bilan farq qiladi?

Ota-ona qaramog‘isiz qolgan, shu jumladan, tarbiya va davolanish maskanlarida, shuningdek, aholini ijtimoiy himoya qilish muassasalarida bo‘lgan voyaga yetmagan bolalar tutingan oilaga tarbiyalanish uchun berilishi mumkin.

Tutingan oilaga berish uchun bolalarni dastlabki tanlash o‘z oilasiga bolalarni qabul qilishni xohlovchi shaxslar tomonidan vasiylik va homiylik organlari roziligiga ko‘ra amalga oshiriladi.

O‘n yoshga to‘lgan bolalarni faqat ularning roziligi bilan oilaga tarbiyaga berish mumkin.

Bolani tutingan oilaga tarbiyaga berish tartibi va shartlari qonunchilik tomonidan belgilanadi.

 

Bolani patronatga olish vasiylik organlari va bolani oilasiga tarbiyaga olayotgan shaxs o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Davlat bolani boqish uchun mablag‘ ajratadi.

 

Bola 14 yoshga kirgunga qadar vasiylik belgilanadi. 14 yoshdan keyin va voyaga yetgunga qadar homiylik o‘rnatiladi. Vasiylik va homiylik bo‘yicha majburiyatlar beg‘araz amalga oshiriladi.

 

Deinstitutsionalizatsiya – amalda

O‘zbekistonda deinstitutsionalizatsiya jarayoniga start berildi. Bolalar binolarini tugatish va oldini olish, bolalar institutsional maskanlariga aylantirish bo‘yicha ishlar ketmoqda. 

Deinstitualizatsiya bolalar muassasalari institutlarining transformatsiya jarayonidir. Davlatga bolani shunchaki boqish emas, balki u o‘sayotgan oilaga yordam berish foydaliroq.

BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasida shunday deyiladi: «Jamiyatning asosiy bo‘g‘ini va uning barcha aʼzolari va, ayniqsa, bolalarning o‘sishi va farovonligi uchun tabiiy muhit bo‘lgan oilaga zarur himoya va hamkorlik ko‘rsatilishi kerak, toki u jamiyat doirasida butun javobgarlikni o‘z zimmasiga olsin».

 

Suhbatimiz so‘ngida 1959-yil 20-noyabrda BMT Bosh Assambleyasining 1386 (XIV)-rezolyutsiyasi asosida qabul qilingan Bolalar huquqlari deklaratsiyasidan iqtibos keltirmoqchiman:

6-qoida 

Bola barkamol voyaga yetishi va shaxs sifatida to‘laqonli rivojlanishi uchun mehr va tushunishga muhtoj. U imkon qadar o‘z ota-onasi qaramog‘ida va javobgarligi ostida muhabbat va axloqiy, moddiy taʼminlangan muhitda o‘sib ulg‘ayishi lozim; kichik yoshli bola ona mehridan mosuvo bo‘lmasligi kerak, ayrim holatlar bundan mustasno. Jamiyat va ommaviy boshqaruv organlari zimmasiga oilasi bo‘lmagan va ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga alohida g‘amxo‘rlik qilish masʼuliyati yuklangan. Ko‘p bolali oilalarga bolalarni boqish uchun davlat yoki boshqa nafaqalar taqdim etilishi maqsadga muvofiq.

 

Врезка: O‘tkazilgan monitoring  vasiylik va homiylik organlari zudlik bilan qayta isloh etishga muhtojligini ko‘rsatdi.

 

Врезка: Bola asrab olmoqchi bo‘lganlar soni go‘daklar uylarida parvarishlanayotgan uch yoshgacha bo‘lgan bolalarnikidan ko‘p 

 

Врезка: Farzandlikka olingan bola merosxo‘rlar toifasiga kiradi

Врезка: Vasiylik va homiylik bo‘yicha majburiyatlar beg‘araz amalga oshiriladi

Врезка: Davlatga bolani shunchaki boqish emas, balki u o‘sayotgan oilaga yordam berish foydaliroq.

matn: Irina Silkina

0
    0
    Ваша корзина | Sizning savatingiz
    Ваша корзина пуста | Savatingiz bo'shВернуться к покупке | Sotib olishga qaytish