Yo‘rgakdan boshlab suzish

0

Go‘daklarning suzishi – urf bo‘lgan navbatdagi trendmi yoki chindan ham bolaning sog‘lig‘i uchun koni foydami? Bu haqda murabbiy Yeseniya Piftor va pediatr Lenara Sahievadan bilib olamiz.

Yeseniya Piftor 

Eramed tibbiyot markazida suzish bo‘yicha murabbiy

Emizikli bolalarga suzish nima uchun kerak?

U kichkintoyning yoshiga to‘g‘ri keladigan yagona sport turi bo‘lib, salomatligini mustahkamlaydi. Suzish bilan shug‘ullangan bola tengdoshlariga nisbatan tez rivojlanadi. Tabiiy chiniqish hisobiga kamroq kasal bo‘ladi.

Suzish aqliy rivojlanishga ham ijobiy ta’sir qiladi. Bola hayotining aynan ilk oylarida miyasining tarkibiy qismlari faol shakllanadi. Siz birgina to‘g‘ri qaroringiz bilan bunga turtki berishingiz mumkin. Uch oylik go‘dakka ingliz tilini o‘rgatish amrimahol, ammo suzishni ko‘nikmasini hosil qilish, albatta, samara beradi. Jismoniy mashqlar tufayli bolaning rivojlanayotgan miyasi zarur kislorod va kerakli elementlarga yaxshiroq to‘yinadi.

Massaj va suzish mashqlarini baravar olib borsa bo‘ladimi?

Ular bir-biriga juda mutanosib. Mashg‘ulotlarni galma-gal olib borish tavsiya qilinadi: bir kun massaj, bir kun suzish. Ikkisini ham baravar olib borish bolaga og‘irlik qiladi.

Mashg‘ulotlarni qachon boshlash kerak?

Basseyn qoidalari va murabbiyning shart-sharoitiga qarab, kichkintoyni 1,5–2 oyligidan suzishga o‘rgatish mumkin. Bu vaqtga kelib, kindik yarasi butunlay bitgan bo‘lishi kerak.

Qanday vaziyatlarda suzish bilan shug‘ullanish mumkin va qachon bu taqiqlanadi?

Ko‘pincha oldimga yosh onalar shifokor ko‘rsatmasi bilan emas, balki emizikli bolalarini ko‘tarib, o‘zlari tashabbus bildirib kelishadi. Har qanday holatda ham, avvalo, pediatr va nevrolog maslahati zarur. Mutaxassis suvda mashg‘ulot o‘tishga ruxsat berishi yoki qarshi ko‘rsatmalar bo‘lsa, suzishni taqiqlashi ham mumkin.

Chaqaloqlarga suzish qachon tavsiya etiladi?

  • Bola belgilangan muddatdan ancha oldin yoki keyin tug‘ilsa;
  • Ona qornidagi rivojlanish kechiksa;
  • Yurak tug‘ma nuqsonlari (ammo bu qarshi ko‘rsatma bo‘lishi mumkin, chunki barcha davolash bosqichlarida ham suzishga ruxsat berilavermaydi);
  • Tug‘ruq jarayonidagi muammolar, masalan, asfiksiya va o‘pkani sun’iy ventilyasiya qilish oqibatlari;
  • Markaziy asab tizimining zararlanishi;
  • Ruhiy rivojlanish va nutqning kechikishi;
  • Autizm, BSF, Daun sindromi va boshqa jiddiy patologiyalar;
  • Mushak kasalliklari, harakat ko‘nikmalarining buzilishi;
  • Mushaklar gipertonusi yoki shalvirashi;
  • Bo‘yin qiyshayishi;
  • Uyqu buzilishi, qo‘rquv;
  • Boladagi giperfaollik;
  • Sanchiqlar;
  • Immunitetning kuchsizligi (shu jumladan, ko‘p va uzoq kasal bo‘ladigan, doimo shamollaydigan bolalar)

Suv muolajalari qachon tavsiya etilmaydi?

  • Epilepsiya

(aniqlik kiritib o‘tsak: epileptik sindrom bilan suzish mumkin. Unda nima uchun u qarshi ko‘rsatmalar sirasiga kiradi? Chunki uning ma’lum darajada xavfli tomoni ham bor. Bunday bolaning onasi va murabbiy birinchi yordam ko‘rsatish texnikasini puxta bilishi lozim. Bola mashg‘ulot vaqtida onasi yoki boshqa qarindoshi bilan yaqin muloqotda bo‘ladi. Bu kabi mashqlarga, avvalo, shifokor ruxsat berishi kerak. Chunki epileptik sindromning daraja va turlari bir-biridan katta farq qiladi);

  • suyaklarning o‘ta mo‘rtligi bilan bog‘liq kasalliklar;

yurak tug‘ma nuqsonlari (unutmang, ba’zan bu kabi holatlar chaqaloqlarning suzishi uchun qarshi ko‘rsatma bo‘lishi ham mumkin).

Vaqtinchalik qarshi ko‘rsatmalar:

  • shamollash bilan bog‘liq kasalliklar;
  • toshmalar (oziq-ovqat dermatitidan tashqari. Bu vaziyatda murabbiy bolaga yuklamani kamaytiradi);
  • kon’yunktivit;
  • burun-lab burchagi;
  • astmatik qiyin nafas olish;
  • teri qoplamasi yaxlitligining buzilishi

Eng muhim qarshi ko‘rsatma – bu kasal murabbiy. Kasal bo‘ldingizmi, uyda yoting. Chunki har birimiz nafaqat o‘z sog‘lig‘imiz, balki atrofdagilarning salomatligi uchun ham mas’ulmiz!

Onalar ishtirok etsa bo‘ladimi?

Ona kichkintoy hayotida asosiy o‘rin egallaydi. Mashg‘ulotlar ham bundan mustasno emas. U suzish jarayonini, albatta, kuzatib turadi. Ammo mashg‘ulotga butun oilani yetaklab borish shart emas. Chunki kichkintoy chalg‘ishi va asabiylashishi mumkin. Bunga murabbiy yo‘l qo‘ya olmaydi. Bitta qarindoshning ishtiroki kifoya.

Bola bir yoshga to‘lganda, onasi «jarayon»ga qo‘shilishi mumkin: koptokni olib berishi, o‘yinchoqni tutib olishi, murabbiyga bolani tinchlantirishga ko‘maklashishi yoki nimanidir bajarishga ko‘ndirishi mumkin. Bunday hamkorlikni yaxshi ko‘raman. Chunki mittivoyda suv va mashg‘ulotlarga ishonch paydo bo‘ladi.

Nafaqat onalar, balki har qanday odam (ota, buvi, enaga) ham xuddi shunday muvaffaqiyat bilan bolani mashg‘ulotlarga olib borishi mumkin.

Bundan tashqari, suzish tajribasida mashg‘ulotlarning «ona+bola» (yoki «dada+bola») turidan foydalaniladi. Bu jarayonda ota-ona bolasi bilan suvda bo‘ladi va murabbiy nazorati ostida mashqlarni bajaradi.

Hammasi basseyn qoidalari va murabbiyning nimani afzal ko‘rishiga bog‘liq. Darslarimni kursida o‘tirib kuzatishingiz yoki mashg‘ulotdan chiqib ketishingiz ham mumkin. Biz «ona+bola»

usulini olib tashlaganmiz. Bu basseyn qoidalari bilan bog‘liq. Ularga ko‘ra, kattalarning (murabbiydan tashqari) suvga tushishi taqiqlanadi.

Suzish mashqlari qancha bo‘lishi kerak?

Bu yerda mashg‘ulotlar soni emas, balki muntazamlik muhim. Haftada uch marta dars belgilanishi me’yoriy sanaladi. Bundan tashqari, kurslar ham bor. Masalan, o‘n marta basseynga borish, undan keyin tanaffus qilish. Bu usul ko‘proq profilaktika maqsadida qo‘llanadi.

Basseynga borish uchun nimalar talab qilinadi?

O‘zingiz bilan quyidagilar bo‘lishi kerak:

  • tibbiy ma’lumotnomalar (basseyn qoidalariga qarab, pediatr, dermatolog, nevrolog, terapevtdan 086 shaklidagi ma’lumotnoma);
  • suzish trusiklari yoki bola uchun tagliklar, kattalar uchun cho‘milish kiyimi (1,5-2 yoshdan boshlab bosh kiyimdan foydalanish va bolaga cho‘milish ko‘zoynaklarini tanishtirish mumkin);
  • almashtirish uchun poyabzal (hamrohlar uchun ham);
  • sochiq;
  • sovun;
  • mochalka.

Suvga tushishdan oldin, albatta, dush qabul qiling.

Basseynni tanlashda nimaga e’tibor berish kerak?

Tozalash tizimi haqida tashvishlanmasa ham bo‘ladi: hozir barcha basseynlarda fil’trlar o‘rnatilyapti. Zararsizlantiruvchi vositalar DST bo‘yicha qo‘llanadi, suv namunalari doim SESga yuboriladi. Chet elda hozircha bizda yo‘q bo‘lgan zararsizlantirish usullaridan foydalaniladi: masalan, ul’trabinafsha nurlardan.

Basseynda o‘yinchoqlar bo‘lishi kerak. Bu go‘dakning rivojlanishi uchun zarur. Koptok va boshqalarga qanday ishlov berilishi haqida, albatta, surishtiring (ularga ishlov berilishi shart!).

Suvning haroratiga e’tibor bering. Kichkintoylar faqat iliq suvli basseynda (30–34°C) shug‘ullanishi kerak.

Yo‘rgak uchun stolcha – ajoyib bonus.

Murabbiy malakali bo‘lishi, qolaversa, sizga ham yoqishi lozim. Bu haqiqatan ham juda muhim: chunki mashg‘ulot vaqtida

zo‘riqqan ona – bu zo‘riqqan bola, deganidir.

 

Kichkintoylar suvni yaxshi ko‘radi!

Lenara Sahieva,

Tomatis – Toshkent markazi pediatri 

Emizikli bolani suzdirish – bolalar salomatligini yaxshilashning eng xavfsiz va samarali usullaridandir. Bunday mashqlar organizmning nafas olish, yurak-qon tomir, asab, shuningdek, tayanch-harakat a’zolari kabi barcha muhim tizimlarini mustahkamlaydi.

Uch oylikkacha bo‘lgan paytda suzishni boshlash ma’qulroq. Bu vaqtda chaqaloqlarda tug‘ma reflekslar saqlanib qoladi, ular tufayli bola suvda o‘zini yaxshi tuta oladi. Bundan tashqari, go‘daklarda nafasni ushlab turish instinkti bor. Bu mashg‘ulotlar davomida juda muhim.

Mashg‘ulotlar nima beradi:

– o‘zaro muvofiqlashtirish yaxshilanadi;

– mushaklar harakatchan bo‘lib qoladi;

– miya, yurak va o‘pka yaxshiroq ishlaydi;

– qon aylanishini rag‘batlantiradi;

– bola chidamli bo‘lib o‘sadi, ishtahasi va uyqusi yaxshi bo‘ladi, kamroq kasallanadi.

Suzish bilan uyqudan keyin shug‘ullangan ma’qul. Bu paytda bolaning kayfiyati yaxshi bo‘ladi. Mashg‘ulotlar kuniga 15–30 daqiqadan oshmaydi, ya’ni charchoqning birinchi belgilari paydo bo‘lgunga (ularni murabbiy yaxshi bilishi shart) qadar davom etadi. Shifokor tavsiyasiga asosan mashg‘ulotga massaj, gidromassaj elementlari bor gimnastikani qo‘shish mumkin. Bunda murabbiyning mahorati muhim: u bolakayning o‘ziga xos jihatlarini inobatga olib, to‘g‘ri usullarni qo‘llay bilishi lozim.

Eng muhimi, suzish mittivoyga quvonch bag‘ishlashi kerak! Agar bolakay kulayotgan bo‘lsa, qo‘l-oyoqlarini shodon qimirlatsa, demak, u suvdan zavqlanyapti. Siz ham unga qo‘shilib, mamnun bo‘ling!

 

Math: Ekaterina Sokolova

 1,788 

0
    0
    Ваша корзина | Sizning savatingiz
    Ваша корзина пуста | Savatingiz bo'shВернуться к покупке | Sotib olishga qaytish