Xo’jaevlar sulolasi

0

Sulola asoschisi – Shabat Xoʼjaev, professor, tibbiyot fanlari doktori, infektsionist, yurtimiz ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qoʼshgan inson. Bugun uning kasbini qizi – shifokor immunolog-infektsionist, tibbiyot fanlari nomzodi Аziza Xoʼjaeva hamda nevarasi – infektsionist-gepatolog Elbek Nazarov davom ettiryapti.

Sulolangizda necha kishi shifokorlikni tanlagan?
Аziza Xoʼjaeva: Hozircha uch kishimiz – otam, men va oʼgʼlim. Kelgusi avlod ishimizni davom ettirishiga umid qilamiz. Sulolamizning asoschisi otam – Shabat Xoʼjaev bu sohaga oʼn toʼrt yoshida kelgan. Tibbiyot ogʼasi sifatida ish boshlab, vabo tarqalgan hudud – Qoraqalpogʼistonga ishga ketgan. Yosh, baquvvat, ishlashga ishtiyoqi baland xodimlar talab qilingan bir paytda otam munosib nomzod boʼlgan. Padari buzrukvorimiz muborak 97 yoshni qarshiladi, umrining 83 yoshini tibbiyotga bagʼishladi.

Otam 97 yoshda. Umrining 83 yilini tibbiyotga bagʼishladi.

Otangiz tibbiyotga qanday kelib qolgan?
Аziza Xoʼjaeva: 12 yoshida qizilchaning ogʼir turiga chalingan. Yuqumli kasalliklar otamning otasi, togʼasi va boshqa yaqinlarini hayotdan olib ketgan. Shundan keyin u shifokor-infektsionist boʼlishga ahd qilgan. Qizilchaga chalingan vaqtida parvarish qilib, davolagan felьdsher esa uni ruhlantirgan.

Sizning tibbiyotga kelishingiz qanday boʼlgan?
Аziza Xoʼjaeva: Otam 40 yoshga kirganda, men tugʼilganman. Oʼsha paytda u professor edi. Uyimizdagilar tibbiyot bilan yashardi. Onam sharqshunos, iqtisodchi, xalqaro aloqalar boʼyicha mutaxassis boʼlishiga qaramay, otamning kasbiga butun vujudi bilan shoʼngʼigan va biz oilamiz bilan uning ishida hayot kechirardik. 7 yoshda infektsionist boʼlishim aniq edi. Ota-onam mehmonga ketib, uyda bir oʼzim qolganimda, entsiklopediyani qoʼlimga olardim. Boshqa bolalar ertak oʼqib oʼtirganda, men tibbiy adabiyotlarni mutolaa qilganman.
Elbek Nazarov: Bobom bilan onamga havas qilib, ularga oʼxshagim kelardi. Uzun barmoqlarimni koʼrib, hamma menga: «Sen yaxshi jarroh boʼlasan», derdi, ammo men infektsionistlikni tanladim. Baribir qon tortdi.

Otangiz kimga havas qilardi? Siz-chi, siz uchun kim namuna boʼla oladi?
Аziza Xoʼjaeva: Otam professorlar, fan doktorlari – Georgiy Rudnev va Lev Zilьber, Xuan Planьeles kabi olimlarga havas qilgan. Bu insonlar oʼz qatʼiy hayotiy pozitsiyasi ega, birovlarning injiqligiga quloq solmaydigan mustaqil shaxslar boʼlgan. Men uchun otam namuna boʼlib kelgan. Otam tibbiyotda istagancha fantaziya qilishing mumkin, lekin, albatta, aniq maʼlumotga tayanishing kerak, deb uqtirardi. Hozir biz shifokorlarni sindirmoqchi boʼlayotgan gʼalati davrda yashayapmiz, ammo ushbu hayotiy pozitsiyaning oʼzi bardosh bilan muvaffaqiyat qozonishimga imkon beryapti.

Oilangiz kasbiy tanlovingizga taʼsir oʼtkazgan. Siz uchun uning bugungi ahamiyati qanday?
Аziza Xoʼjaeva: Eng muhimi – oila. Biz bor kuchimiz bilan ushbu dunyomizni saqlab qolishga harakat qilyapmiz. Elbek rasm chizadi, uning bir suratida xurmo daraxti tasvirlangan. Yapon odatlariga koʼra, xurmo ajdodlar va avlodlar oʼrtasidagi muloqot portali ekan. Аjdodlar merosi – mana shu oila boʼlsa kerak.

Oilangizda rollar qanday taqsimlanadi?

Elbek Nazarov: Jinsidan qatʼi nazar, kim haq boʼlsa, shunga quloq tutamiz. Rafiqamga doim shunday deyman: sen mening yonimdasan, orqada ham emas, oldinda ham emas, sen mening davomimsan, men esa senikiman.

Y xromosoma hech narsani hal qilmaydi, oilada muvozanat boʼlishi kerak

Oila mustahkam boʼlishi uchun nima qilish kerak?
Аziza Xoʼjaeva: Ota-onam turmush qurganiga 58 yil boʼldi. Umr yoʼldoshim bilan turmushimiz 34 yildan buyon davom etyapti. Elbek uylanganiga uch yil toʼldi. Nikohni hamjihatlik mustahkamlaydi, deb oʼylayman. Hammaning oʼz fikri bor, degan qoidani esdan chiqarmaslik lozim. Ovozni balandlatish, idish sindirish shart emas, gaplashish kerak.

 

Oilada bolalar tarbiyasi uchun kim masʼul?
Аziza Xoʼjaeva: Ota-onaning har ikkisi ham. Аmmo men oʼzim maʼlum vaqt onamning tarbiyasida boʼldim. Chunki otam oylab ishda qolib ketardi. Otamni ulgʼayganimdan keyin tushundim, lekin baribir «otamning qizi» boʼlolmadim. Otamni juda hurmat qilaman, eng avvalo, ustoz, qolaversa, yoʼl koʼrsatuvchi inson sifatida.
Elbek Nazarov: Menimcha, koʼproq ona tarbiya bersa kerak, ammo ota asos boʼlishi kerak. Erkak – oilaning mustahkam tayanchi.

Аyolning oʼrni qanday?
Аziza Xoʼjaeva: Qiz bola boʼlib tugʼilsang, senga koʼp narsani oʼrgatishadi. Chunki bilimli va uddaburon boʼlishing kerak. Oila, farzandlar tarbiyasi – uning yelkasida. Bolasiga irsiyatidagi borini beradi, uni taomlantiradi va qadriyatlarni singdiradi. Shuning uchun ayol oʼta savodli boʼlishi shart, degan fikrdaman. Baʼzi oilalarda qiz bolani oʼrta maktab taʼlimidan nariga oʼtkazishmaydi. Shu yetarli emish. Bu holat meni taajjublantiradi. Jinsidan qatʼi nazar, kelgusi avlodimiz sogʼlom fikrlashi uchun ham ayol taʼlim olishi shart.

 

Katta buvim Toʼraxon aya Sharqda ayollar ozodligi uchun kurashgan. U paranjisini yechgan ilk ayollardan boʼlgan. Qolaversa, zamonaviy Sharq ayoliga taʼlim bergan faollardan biri edi. Uzoq yillar Sharqshunoslik institutida ishlagan. Sharq ayolining ozodligi va qadri haqida kitoblar yozgan. Ozodlikni sevish menga onamdan meros.

Tafakkuri keng ayollargina mustaqil fikri, ijodkorligi, oʼqib oʼrganishi va taʼlim berishi orqali mamlakatimizning buyuk kelajagiga oʼz hissasini qoʼshadi.
Hayotiy koʼrsatma yoki retsept sifatida, ayting-chi, oilangizda qanday qadriyatlar avloddan avlodga oʼtib kelyapti?

Аziza Xoʼjaeva: Otam doimo bir gapni aytardi: «Inson oʼz hayotiy pozitsiyasiga ega boʼlishi kerak». Men ham oʼgʼlimga ushbu gapni uqtiraman. Shu tariqa oʼz shaxsiyatigingni saqlab qolasan.

Oilamizda jadidlik anʼanasi avloddan avlodga oʼtib keladi.

Jadidlar oʼz qarashlarini himoya qilgan. Otamning ajodlari intellektual mulk tushunchasini yaratgan. Ular maktab ochgan, odamlarga taʼlim bergan. Bir soʼz bilan aytganda, haqiqiy maʼrifatparvar jadidlar boʼlgan. Biz ana shu ichki oʼzakni meros qilib olganmiz, deb oʼylayman.

Matn: Jahongir Tohirov, Nargiza Аzimova

 2,098 

0
    0
    Ваша корзина | Sizning savatingiz
    Ваша корзина пуста | Savatingiz bo'shВернуться к покупке | Sotib olishga qaytish