Taqiqlangan mavzu. Seni laylak olib kelmagan, karam ichidan ham topib olmaganmiz

EKU haqida faqat ota-onam biladi

N., 43 yosh

Ko‘pchilik o‘zbek oilalarida EKU mavzusi sir saqlangani va taqiqlangani kabi hikoyamiz qahramonining ismi va qiyofasi ham yashirin qoldi. Sun’iy urug‘lantirish yo‘li bilan tug‘ilgan farzand haqida ba’zan eng yaqin qarindoshlarga ham aytilmaydi. Chunki ular buni baribir tushunmaydi.

Xalqona tilda aytganda, turmushga kech chiqdim. Hozir 43 yoshdaman, so‘nggi to‘rt yilda bepushtlikdan davolandim. Bir nechta operatsiya o‘tkazdim, bachadondan tashqari homiladorlik bo‘ldi. Shundan keyin turmush o‘rtog‘im bilan taqdirga tan berib, EKUni tanladik.

Hayajonim kuchli edi. Internetda bir-biriga zid ma’lumotlar ko‘p. Shu sabab shifoxona bilan shifokorni tanlashda qiynaldik. Birinchi urinish mutlaqo muvaffaqiyatsiz chiqdi. Toshkent klinikalaridan birida bor pulimizni «shilib olishdi» va hech qanday yordam ko‘rsatishmadi. Bir yillik puch va’dalardan keyin umidsizlikka tushdik.

Bizga bola asrab olishni maslahat berishdi. Buni turmush o‘rtog‘im bilan muhokama qilaturib, unga dangal aytdim: birovning bolasiga mehr berolmayman. Menimcha, buning uchun ulkan qalb kerak.

Turmush o‘rtog‘imga: «Mayli, uylaning, roziman, axir, siz ham farzand ko‘rishingiz kerak», dedim. U esa: «Taqdirimizga farzand yozilmagan bo‘lsa ham, biz birga bo‘lamiz», dedi.

Xudo nolamizni eshitdi (bunga boshqacha ta’rif berolmayman) va bizga ajoyib shifokor Artur Karamanyanni ro‘baro‘ qildi. U tom ma’noda hayotimizni o‘zgartira oldi. Birinchi tekshiruvlardan tortib, UTT apparatida mitti yurakchaning urishini eshitgan baxtli damlarimizga qadar mashaqqatli yo‘lni shifokor biz bilan birga bosib o‘tdi. Reproduktolog hammasini batafsil tushuntirar, men esa har bir ukol, dorining ta’sirini anglab borardim. Doim muloqotda bo‘lib, istagan vaqtim shifokorga qo‘ng‘iroq qilib, savol berishim va maslahat olishim mumkin edi.

Na ortiqcha ko‘rsatma va na qimmat, keraksiz muolajalar bo‘ldi. Shifokor birinchi EKU urinishi muvaffaqiyatsiz chiqishi mumkinligini boshidanoq ogohlantirdi. Ammo hammasi yaxshi chiqdi! Ovulyasiyani stimulyasiya qilish natijasida to‘qqizta tuxum hujayram yetildi, oltitasi laboratoriya sharoitida urug‘lantirildi. Nihoyat, bittasi bo‘lg‘usi farzandimizga hayot bag‘ishladi. Endi men baralla, qiz kutyapman, deya olar edim.

Homiladorligimning har kuni mo‘’jiza va shukronalikka to‘la. Tabassum bilan uyg‘onaman va yuragim ostidagi mittivoyga quloq solaman. Qornim ancha bilinib qoldi, ko‘pchilik farzand kutayotganimizdan xabardor. Ammo EKU haqida faqat ota-onamga aytdik. Erimnikiga esa indamadik.

Sababi ular an’anaviy qarashlar tarafdori, ayol homilador bo‘lolmayaptimi, demak, u «yaroqsiz», «aybi bor». Afsuski, bunday salbiy munosabat va yondashuv hatto uchastka shifokorlari, UTT mutaxassislaridek tibbiyot xodimlari orasida ham uchraydi.

Shaxsan o‘zim bunga duch kelib, EKU mamlakatimizda ochiq muhokama qilinmaydigan mavzu ekaniga amin bo‘ldim.

Shu yoshda ona bo‘layotganimdan xursandman. Bola tug‘ish ering, qarindoshlar yoki atrofdagilarning talabi emas, balki puxta o‘ylangan shaxsiy qaroring ekanini anglaganingda, bo‘lg‘usi onalik vazifangga mutlaqo yangicha ko‘z bilan qaraysan. Chindan ham farzand xohlayotganimni, uni tarbiyalashga oshiqayotganimni va butun mas’uliyatni yelkamga olishga tayyorligimni tushungach, haqiqiy yengillik his etdim.

Aytgancha, EKUga tayyorgarlik chog‘ida yomon narsalar haqida mutlaqo o‘ylamaslik va o‘zini bo‘sh qo‘yishi juda muhim. Men ko‘proq dam oldim, yaxshi fil’mlar ko‘rdim, ezgu niyatlar qildim. Oldindan maxsus treninglarga qatnadim, psixologga bordim. Bu tinchlanishga va shifokorga ishonishga yordam berdi. Shu sabab hammasi yaxshi bo‘lgandir.

Tug‘ruq vaqti yaqinlashgani sayin qanday ona bo‘larkanman, deya ko‘p o‘ylayapman. Qizalog‘imizga barcha sharoitni muhayyo qilishni istayman. Toki u o‘sib-ulg‘aysin. Eng muhimi, o‘zini baxtli his etsin. Hayotda yo‘lini topib, mustaqil qaror qabul qilsin. O‘zbekistonda o‘g‘il bolalarga qaraganda, qizlarga qiyinroq. Shuning uchun farzandimga keragidan ortig‘ini tayyorlab bermoqchiman.

Dunyomizga xush kelgin, quvonchim! Dadang bilan seni intizor kutyapmiz va jonimizdan ortiq yaxshi ko‘ramiz.

Men dangal aytdim: birovning bolasiga mehr berolmayman. Buning uchun ulkan qalb kerak.

 

Foto: Diana Hait

 1,878