Sulolaviy pirog resepti

Yoshingizdan qat’i nazar, onangizning sizga ko‘rsatgan mehriga hech narsa teng kelmaydi.

Volidangiz ko‘z oldida meni ko‘taring, deya qo‘llarini cho‘zib turgan mitti qizaloq bo‘lib qolaverasiz.

 

Ona

Gavhar Zokirova, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti

Eng avvalo, insonda yaxshi xislatlarni ko‘rish kerak, kamchiliklarini fazilatga aylantirish, bir-birini eshita bilish va tushuna olish lozim. Birgamisiz, xursand bo‘ling. Bir-biringizni qadrlang, asrab-avaylang. Hazilni ham unutmang. Agar oilada, hech bo‘lmasa, bir inson shu xislatga ega bo‘lsa, har qanday ziddiyatni oson hal qilish mumkin. Ayniqsa, erkak kishi hazilkash bo‘lsa – yaxshi. Turmush o‘rtog‘im har qanday keskin vaziyatni hazil bilan yumshata olardi.

Farzandlarni esa shunchaki yaxshi ko‘rish, nazorat qilish va ish bilan band qilish kerak.

Onam menga ko‘rsatma bermasdi. U hech qachon nasihat qilmagan, muammolarni so‘zda emas, indamay amaliy hal etardi. Kelin bo‘lganimda, men ham xuddi shunday ish tutardim. Garchi buni avvaliga ongli qilmagan bo‘lsam-da, yillar o‘tib tushunib yetdim. Istasa, har qanday ayol o‘zini ham ishga, ham oilaga bag‘ishlay oladi, ammo bu oson emas.

Qizi

Ohista Jamshid, xonanda, DalaHast guruhi vokalchisi

Oilaviy baxt reseptini har kim hayoti davomida o‘zi yozadi. Nafaqat oila, balki dunyoni ushlab turgan asosiy qadriyatlarni misol qilish mumkin – samimiyat, mehr-muhabbat, g‘amxo‘rlik. Bolalar tarbiyasiga oid kitoblarni ko‘p o‘qib, ulardan o‘rganganman, ammo ko‘pincha aqlimga suyanaman. Tushunmagan paytimda turmush o‘rtog‘im bilan maslahatlashaman. Mashhur psixologlarning kitoblaridan ko‘ra, uning maslahatiga ko‘proq ishonaman. Dugonalarim bolalaringni erkalatib yuborgansan, deyishadi. Balki bu qisman to‘g‘ridir, ammo vaqt o‘tib, ular yaxshi insonlar bo‘lib ulg‘ayishiga umid qilaman.

Oilaviy hayotni qurish borasida ota-onamdan hech qanday o‘git olmaganman. Men muhabbat va o‘zaro hurmat hukmronlik qilgan oilada ulg‘aydim. Ota-onamning bir-biriga ko‘rsatgan g‘amxo‘rligini ko‘rib, o‘zim ham beixtiyor shunday yo‘l tutaman. Axir, qush inida ko‘rganini qiladi, deyishadi-ku. Oilada va jamiyatda samimiylikni qadrlayman. Ikkiyuzlamachilik va yolg‘onni juda yomon ko‘raman.

 

Qizi
Nilufar Sotiboldieva, jurnalist, teleboshlovchi


Otamni eslay olmayman. Uni uch yoshimda yo‘qotganman. Men bilan singlimni katta qilish onam uchun juda og‘ir kechgan. Bir zumda u ham ona, ham ota, ham buvi va boboga aylandi. Qiyinchiliklarga qaramay, onam oilada osoyishtalik va xursandchilikni saqlab qola olgan.

Ko‘pchilik meni onamga o‘xshatadi. Uni ko‘rganda, ko‘zguga qaraganday bo‘laman. Hayotda onam kabi kuchli, mustaqil va mukammallikka intiladigan inson bo‘ldim.
Onam tufayli oilaviy baxtning asosiy reseptini bilib oldim. Bu – oila a’zolari o‘rtasidagi hurmat, hamjihatlik, eshitish va quloq sola bilish. Oilaviy baxtga umumiy harakatlar bilan erishiladi.

Qizim ulg‘ayyapti. Men ham unga, birinchi navbatda, do‘st bo‘lishga harakat qilyapman. Ko‘proq vaqt ajratishga, imkon boricha uni maktabdan olib ketishga, birga o‘tirib, shunchaki dildan suhbat qurishga intilaman. Unga yurakka quloq solishni o‘rgataman. U ajoyib farzand.
Men bolaligim haqida Amaniga ko‘p so‘zlab beraman. Onam o‘tkazgan tarbiyaviy soatlarni tabassum bilan eslayman. U singlim bilan mening har qadamimizni nazorat qilgan. Hech qachon charchadim demagan va bo‘shashmagan. Butun umrini farzandlariga bag‘ishladi va bizlarga singib ketdi, ammo shaxsiy kamolotini ham unutgani yo‘q. Men doimo onam bilan faxrlanaman! Oilamizning har bir a’zosi o‘z qiziqishlariga ega va ularda mushtarak jihatlarni ham topish mumkin. Biz birga vaqt o‘tkazishni yaxshi ko‘ramiz. Ovqat tayyorlaymiz, onam bilan o‘tgan bolaligimizni eslab, bir finjon qahva ustida fil’mlar tomosha qilishni yoqtiramiz.

Onasi
Gulchehra Sotiboldieva, funksional tashxislash bo‘yicha shifokor
Hayot davom etarkan. Qizlarim uchun kuchli bo‘lishim shart edi. Hayot qiyinchiliklarini yengishni o‘rganish kerak, aks holda, shaxs sifatida sinamiz. Ammo mukammallik borasida qizimga yetadigani yo‘q. Ishi ko‘pligiga qaramay, hammasi xuddi zinadan yuqoriga ko‘tarilgan kabi sekin-asta bo‘lishini uqtiraman. Zinapoyalarning hammasini sakrab o‘tib bo‘lmaydi. Bu uning kasbi va men uning xatoga yo‘l qo‘yishini o‘ylamaslikka harakat qilaman. Hammasini uddalash mumkin, ayniqsa, ish bilan oilani birga olish borish imkonsiz emas. Baxt – birdamlikda. Men bu baxtni farzandlarim ko‘zida ko‘rganman. Shu tufayli kuchga to‘lib, yo‘limdan og‘ishmay, faqat olg‘a odimlashga uringanman. Inson o‘z oldiga maqsad qo‘yib, har narsani yurakka yaqin olmasligi kerak.

 

Ona
Yoqutxon Majidova, Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh nevrologi, O‘zbekiston nevrologlari uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti nevrologiya, bolalar nevrologiyasi va tibbiy genetika kafedrasi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor


Zamonaviy dunyoda har bir inson turli qiyinchiliklarni bosib o‘tadi, har xil sinovlarni yengadi. Yolg‘iz otning changi chiqmaydi. Shuning uchun har bir insonga yaqinlari bor uy kerak va bu uning oilasidir.
Qizlarimga beradigan maslahatim – uydagi gapni ko‘chaga chiqarma. Barcha muammoni faqat oilaning o‘zida hal qilishni o‘rganish kerak, unga begonalarni kiritish yaramaydi.

Umumiy xotiralarni o‘rtoqlashish ham oilani mustahkam qiladi. Masalan, oilaviy al’bom, fil’mlarni birga tomosha qilish, birga sayohat, tog‘larga chiqish, dam olish kunlari birga tushlik qilish ajoyib odat. O‘tirib shunchaki ovqatlanish emas, balki turmushga chiqqan qizlaring, uylangan o‘g‘illaring, nabiralaringni tantana bilan kutib olib, dildan suhbatlashish lozim.
Oilani saqlab qolish – muhim vazifa. Eng qiyini – insonni tushunish va kechirish, barcha ko‘ngilsizlikni unutish uchun kuch topish va kelajakka kulib boqish.

 

Qizi
Yulduz Mavlonova, «La Sposa» to‘y liboslari saloni asoschisi

O‘n yillik turmushim davomida o‘zaro muloqot, o‘z fikrini ayta bilish, insonni, uning fikri, qarori va qiziqishlarini hurmat qilish muhim ekanini anglab yetdim. Birovning shaxsiyatiga tegish aslo mumkin emas. Biz oilamizda «24 soat» qoidasini joriy qilganmiz. Turmush o‘rtog‘im bilan ziddiyatga borsak, darrov urishib ketmaymiz va bir sutka o‘tgandan keyin muammoni tinch muhokama qilamiz. Hissiyotlar tufayli hal etib bo‘lmasdek tuyulgan vaziyat ertasi kuni oson yechiladigan mayda muammoga aylanadi.
Bir-birimizga hissiyotimizni tez-tez bildirib turishga oshiqamiz. Mehr-muhabbat, minnatdorlik va uzr so‘rash bobida so‘zlarni ayamaymiz. Hammamiz ham yaqin insonimizdan shirin so‘z eshitishni istaymiz.
Onam qattiqqo‘l va talabchan edi. Biz tajribali bekalarga o‘xshab hamma ishni uddalashimiz, shu bilan birga, o‘zimiz haqimizda ham unutmasligimiz kerak edi. Vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va barcha ishni oliy darajada bajarishga o‘rgatgani uchun onamga rahmat. Otam bizni tinglar, fikr bildirishga imkon berardi. Bu usulni farzandlarimga nisbatan qo‘llashga harakat qilaman. Bolaligidan ularning sirlarini, fikrini bilishga intilaman: «Nimani istaysan?», «Senga qanday qulay?» deb so‘rayman. Ular bolalikdan mustaqil qaror chiqarishini va o‘z harakati uchun javob berishini istayman.

 1,485 

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии