Sen etim emassan

0

Qanday qilib ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolaga nafaqat oziq-ovqat va boshpana berish, balki unga oilaviy qadriyatlarni singdirish mumkin? SOS mahalla loyihasining vazifalaridan biri yaqinlariga mehr berib, ularga g‘amxo‘rlik qila oladigan insonni tarbiyalashdir.

 

O‘zbekistonning SOS bolalar mahallalari uyushmasi 1997-yilda tashkil etilgan notijorat tashkilotdir. Uning asosiy maqsadi –  bolalarning farovonligini ta‘minlash, manfaat va huquqlarini himoya qilish hamda ehtiyojlarini qondirish.

 

Отдельным цветным блоком

Ushbu model qanday ishlaydi va davlat muassasalaridan nimasi bilan farq qiladi?

 

SOS oilalarda bolalarga g‘amxo‘rlik qilinadi va tarbiyalanadi. Bolalar qo‘riqlanadigan, obodonlashtirilgan hududdagi to‘laqonli uy-kottejlarda yashaydi.

Bolalarga professional tarbiyachilar g‘amxo‘rlik qiladi. Ular bolalar bilan haftasiga 6 kun birga yashaydi va ona vazifasini bajaradi. Har bir kottejda o‘rtacha 5–8 nafar bola yashaydi. Bolalar oila modelini qabul qiladi: ro‘zg‘or yuritish, byudjetni boshqarish, taom tayyorlashni o‘rganadi. Ular oddiy maktablarda o‘qib, oddiy bolalar bilan do‘stlashishi mumkin.

SOS mahallalar hududida ijtimoiy xizmat va tibbiy punkt joylashgan.

Har bir bolaga individual yondashuv asosida g‘amxo‘rlik qilinadi. Ijtimoiy xizmatlar u yoki bu bolaga uning holati, qobiliyati va temperamentiga qarab, yaʼni keys-menejment qoidasi bo‘yicha qay yo‘nalishda harakat qilish yaxshiroq ekanini belgilaydi.

Biz bolalarga g‘amxo‘rlik qiluvchi insonlar bilan suhbatlashib, ish qanday yo‘lga qo‘yilgani haqida so‘rash barobarida ularning o‘z ishiga munosabati bilan ham qiziqib ko‘rdik.

 

Zebo Isakova, 2019-yildan buyon SOS mahalla direktori

Tashkilotning «Har bir bolaga mehrli uy go‘shasi» nomli vazifasi bor. Bola atrofida mehribon insonlar va mehribon onasi borligini his qilishi kerak.

Biz SOS onalarni ishga qabul qilayotganimizda ularning bu yerda uzoq vaqt qolishiga intilamiz. Onalarning almashishi bolalar uchun katta stress. Biz boshlanishidan to oxiriga qadar bola bir ona bilan bo‘lishi uchun barcha sharoitni yaratamiz.

Xodimlarni yollash bir necha bosqichda o‘tadi: rezyume tanlash, suhbat, yollash bo‘yicha vakolatli komissiya ishtirokida test sinovidan o‘tkazish. Safimizga vijdonli insonlar qo‘shilishiga harakat qilamiz.

Biz nafaqat g‘amxo‘rlikdan vaqtincha mahrum bolalarni parvarishlaymiz, balki ularning oilasiga ham ko‘maklashamiz.

Bolaning dunyoga keltirgan ota-onasi va qarindoshlari bilan aloqani ushlab turishi uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilamiz. Mutaxassislarimiz har gal vaziyatni o‘rganib, qaror qabul qiladi. 

Birinchi ustuvor vazifa: ijtimoiy yetimlikning oldini olish.

Biz mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlik memorandumini imzolaganmiz. Yurist-maslahatchilar, psixologlar, ijtimoiy xodimlar ishlaydigan mobil jamoamiz bor. Toshkent shahrining barcha tumanidagi vasiylik organlari bilan yaqindan hamkorlik qilamiz. Har bir oilaning o‘ziga to‘q bo‘lishi va barqaror daromad olishigacha yordam beramiz.

Misol uchun: oilada iqtisodiy sharoit og‘ir, ona tikishni biladi, ammo tikuv mashinasi yo‘q. Biz onaga tikuv mashinasi olib beramiz. Zarur bo‘lsa o‘qitamiz, unga psixologik yordam ko‘rsatamiz. Bu holatda bola oiladan ajratib olinmay turib, tuqqan oilasi bag‘rida kerakli ko‘mak va g‘amxo‘rlikka ega bo‘ladi. 

 

SOS mahallamizdagi tizim va algoritmlar shaffof bo‘lib, ular vasiylik standartlarini sifatli bajarishni va butun mexanizmning to‘g‘ri ishlashini taʼminlaydi.

Har bir SOS oila bolalarga qancha pul sarflanishini biladi, biz faoliyatimiz o‘xshaydigan boshqa muassasalar kabi markazlashgan xaridlarni olib bormaymiz. Har bir oila oziq-ovqtalar, kiyim-bosh va maishiy vositalarni o‘zi xarid qiladi. Bolalar bunga moslashib, mablag‘ni boshqarishni o‘rganadi. Onalar ham o‘z navbatida oilaviy byudjet bo‘yicha hisobot topshiradi, ularda hammasi aniq.

Bizda bolalar erkin yuradi va oddiy maktabda o‘qiydi. Ularning xavfsizligiga qattiq eʼtibor beramiz. Ulg‘ayayotgan vaqtda asrab-avaylaymiz, kimlar bilan muloqot qilyapti tekshiramiz.

Biz uchun bola o‘z huquqini bilishi muhim va shu qatorda ularga o‘z xavfsizligini taʼminlash zaruriyati haqida ham eslatib turamiz.

O‘zim haqimda

Bu yerda uch yildan beri ishlayman. Ko‘zim yonib, tashabbusga to‘lib ishga kelganman. Ammo hammasi qiyin ekan. Haligacha kasbiy va shaxsiy hayotimni ajratishni o‘rganyapman.

Har bir bola va har bir tarbiyachining o‘z taqdiri bor. Biz, tashkilot xodimlari o‘smirlikning o‘tish davridagi qiyinchiliklari, eʼtirozlarga duch kelamiz va bolalarning og‘ir qismatiga guvoh bo‘lamiz. Har gal bolaning hikoyasini tinglaganimda bu men shu paytgacha eshitgan eng ayanchli hikoya, deb qo‘yaman. Va har gal adashaman. Biz ularning muammolarini o‘zimizga singdirib olamiz. Shunga qaramay, shaffof va yo‘lga qo‘yilgan tizim tufayli biz xatolarni kuzatamiz, kerak joyda yordamlashamiz va zarur harakatlarni to‘g‘rilaymiz.

 

Nargiza  Sultonova, 43  yoshda, professional “ona”

 

 «Qarindoshlarim bu mening uyim ekanini tan olishgan».

 

Kichikligimda Andrey Malaxov muallifligidagi «Pust govoryat» ko‘rsatuvining tashlab ketilgan bolalarga bag‘ishlangan sonini tomosha qilganman. O‘shandayoq onasiz qolgan bolalarga rahmim kelgan. Keyinchalik hayotimni bolalar bilan bog‘ladim, bog‘chada ishlab yurdim. Bir kuni “Darakchi” gazetasidagi qiziq bir vakant o‘rin haqidagi eʼlonga ko‘zim tushdi, suhbatdan o‘tdim va mana, 2009-yildan buyon ishlab kelyapman.

Avvaliga qiynalganman. Bugun bolalar xuddi o‘zimnikiday bo‘lib ketgan. Tajriba yig‘dim, ular bilan qanday gaplashishni, muammolarini hal qilishni yaxshi bilaman.

Bolalar oldimga o‘z olamiga kirib olgan holda keladi, ularning ko‘zida ishonch ko‘rmayman. Kimdir yomon odatlarni o‘rganib olgan, aldash, o‘g‘rilik qilishni biladi. Yana kimdir gaplashishni istamaydi, birinchi kunlari hech narsa yemaydi. Men har biri bilan til topishga harakat qilaman va 2-3 kunda bola sekin-asta moslashadi.

Yaqinda menga Feruz ismli bolakay berildi. U 6 yoshida bironta so‘z aytmas, atrofga mutlaqo befarq edi. Bu psixologik jarohat natijasi. Uni bolalar uyidan olib kelib, maxsus muassasaga olib ketish yoki shu yerda qoldirish masalasi hal qilinayotgandi. Natijada men uni o‘zim bilan taʼtilga olib ketdim: tug‘ilgan joyim Amudaryoda birga vaqt o‘tkazdik. Oson bo‘lmadi, uning jazavasi tutar, yig‘lardi. Lekin sekin-asta tinchlandi, gapira boshladi. Bugun u “opa”, “aka” degan so‘zlarni aytadi, turli tovushlar chiqaradi. “Aka-uka” va “opa-singil”lari bilan yaqin munosabatda.

Umumiy hisobda 21 nafar bolani tarbiyalabman. Hatto ikki nafar “nabiram” bor: qiz va o‘g‘il. Biz bir oiladek aloqada bo‘lib turamiz, gaplashib, bir-birimizga yordam beramiz. Agar yangi “ona”lar kelsa, ularni o‘qitamiz, tajribamiz bilan o‘qtoqlashamiz.

Bir kun dam olaman. Uyga kelganimda esa doim bolalarim haqida gapiraman. Barcha qarindoshlarim mahalla uyimga aylanganini tan olib bo‘lgan.

 

Nilufar Abdullayeva, 45 yoshda

professional «ona»

 «Qanaqa muammolar? Ular mening farzandlarim-ku»

Shu ish tavsiya qilinganda bolalar bog‘chasida ishlayotgandim. Bolajon bo‘lganim sababli shu ish menga mosligini aytishdi. Ikki marta rezyume to‘ldirdim, suhbatga darrov olishmadi. Psixologlar har xil provokatsion savollarni berishdi. “Yosh emassan, o‘qiy olasanmi?” deyishdi. Hayajonlandim: axir bog‘chada ishlagan bo‘lsam, bu yerda esa bolalar bilan birga yashashim kerak. Ammo hammasini o‘rganaman, deya ahd qildim.

Sinov muddatiga ishga qabul qilindim va keyingi oydayoq menga oila berildi. Noyabr, sovuq edi, ikki bolam shamollab qoldi. O‘sha paytda meni ishchi sifatida hali tanishmasdi. Bolalarga qarashim, bu qanday sodir bo‘lgani, mening aybim bormi-yo‘qmi, deya surishtira ketishdi. Shifokor qatʼiy ohangda «Bolalarni qanday ovqatlantirasiz?» deya so‘radi. Ammo tayyorlagan ovqatimni yeb, maqtab qo‘ydi: «Xuddi restorannikiday ekan». Shu tariqa ishimni uddalay olayotganimni isbotlab berdim.

Bugun oilamda besh nafar bola tarbiyalanadi. To‘rttasi esa katta hayotga qadam qo‘yib ketdi.

Ikki bolam 9-sinfda o‘qiydi, uch nafari 4-, 5- va 6-sinflarda. Hammasida o‘tish davri boshlanyapti, nazoratga olganman, ular uchun xavotirlanaman.

Hammasini birga uddalab kelyapmiz. Bolalar uyda menga yordam beradi. Ularning o‘zi supermarketga borib narsa xarid qilib keladi, mustaqil hayotga o‘rganyapti. Xarid vaqtida eng sara mahsulotlarni tanlashga harakat qilganiga qoyil qolaman.

Menga rus millatiga mansub bolalarni ham olib kelishadi. Ular bilan muloqot qilish uchun ataylab rus tilini o‘rganyapman. Vladislav Karasev «Uyda yolg‘iz» filmi bosh qahramoni kabi tinib-tinchimaydigan bola. Yoshi 10 da. Onasi o‘lib, yolg‘iz qolgan. To joylashtirgunimizga qadar o‘qishda orqada qoldi, shumtakaga aylandi. Karantin vaqtida u bilan alohida shug‘ullandim. Men o‘zbek tilida gapirsam, u rus tilida javob berardi, bir-birimizni arang tushunib olardik. Sekin-asta o‘qishga qiziqtirdim, o‘zi kirishib ketdi. Birga katta ish bajardik.

Bolalarim xuddi farzandlarimday. Dam olish kuni uyga borsam ham ular haqida gapiraman: Vladik va Tonya haqida tinmay so‘zlab beraman. Qarindoshlarim uyda ham ishingdagi muammolarni gapirasan-a, deb qo‘yishadi. Men esa “Qanaqa muammo? Axir ular mening farzandim-ku”, deb javob beraman.

Dilorom Tursunova, pediatr

Bu yerga kelishimdan oldin 6-oilaviy poliklinikada uchastka shifokori, keyin bosh shifokor o‘rinbosari bo‘lib ishlaganman. 

Ushbu tashkilot ochilganda “ona”larga yordam kerakligini ko‘rganman. Chunki bizda emizikli bolalar ham bo‘lgan. Xodimlarga bola tarbiyalash, ovqatlantirishni o‘rgatish kerak edi. Bu yerda ko‘proq foydam tegishini anglab yetganman. Bu onalar va bolalarga ko‘proq kerakman, 20 yillik stajim asqotadi. Bu yerda 2001-yildan boshlab 21 yil davomida ishlab kelyapman.

Men nafaqat bolalar, balki tarbiyachilar va boshqa xodimlarni ham nazorat qilaman

Har yili rejamizga ko‘ra ikki marta chuqurlashtirilgan dispanserizatsiya o‘tkaziladi. U Toshkent tibbiyot pediatriya instituti klinikasi va shahar tibbiy diagnostika markazi mutaxassislari tomonidan olib boriladi. Ularning ko‘rigidan keyin men monitoring qilaman. Qo‘yilgan tashxislar, davolash rejasi va har bir bolaga yondashuvni aniqlayman.

Bolalar stomatologiya poliklinikasi bolalarga og‘iz bo‘shlig‘i sanatsiyasini bepul o‘tkazib beradi. “Ona”lar esa oilaviy poliklinikada tibbiy ko‘rikdan o‘tadi hamda natijalarga qarab ular 5-klinik shifoxonada davolanadi.

 

Barcha bola profilaktik emlanadi, okulist, nevropatolog, travmatolog, endokrinolog va boshqalarning maslahatini oladi. Agar bolalarga alohida muolajalar zarur bo‘lsa, masalan, tishlam anomaliyasini to‘g‘rilash, breketlash kabilarda men buni byudjetga qo‘shaman. Stomatologiya poliklinikasi bizga yaxshigina chegirma qilib beradi.

Karantin davridan yaxshi o‘tdik: o‘zimizni yakkaladik, oziq-ovqat mahsulotlarini hududimizga olib kelishdi. Hozir esa barcha SOS xodimlari, o‘smirlar va Yoshlar uyi tarbiyalanuvchilari 100 foiz emlangan.

O‘zim haqimda

Bolalar bilan munosabatim aʼlo. Katta hayotga qadam qo‘yayotganda mendan maslahat olishadi va doim muloqotda bo‘lib turishadi.

Ushbu kasbni tanlagan inson bolalarni nafaqat shifokor sifatida yaxshi ko‘rishi va tushunishi kerak, balki bola bilan til topishish uchun psixolog bo‘lishi lozim. Shunda bolalar sog‘lig‘idan tashqari yana boshqa muammolariga sherik qilishadi. Bolaga yordam bera olish juda muhim.

Shu yerda ekanimdan mamnunman, mehnatingiz mahsulini ko‘rish zavqli. Ko‘pchilik qizlar menga o‘xshashni xohlab, tibbiyot kollejiga o‘qishga kirishi meni ruhlantiradi. 

 

Lola Rixsiyeva, ijtimoiy xodim

Ijtimoiy xodim ko‘p qirrali. Qaysidir bola bolalar muassasasiga keltirilishi haqida signal kelganda ikkita xizmat ishga tushadi: SOS mahalla va oilani mustahkamlash xizmati. Avvaliga sharoitni baholaymiz va bolani oilada saqlab qolishning imkoni bor-yo‘qligi haqida xulosa chiqaramiz.

Agar bolani oilada qoldirishning imkoni bo‘lmasa, oilani byudjetga olamiz va ishlashni rejalashtiramiz.

Bolani olib ketayotib tug‘ishgan qarindoshlar bilan ishlash imkoniyatini ko‘rib chiqamiz. Bolaning ular bilan aloqasini taʼminlaymiz. Har bir bola ushbu oilaning bir bo‘lagi ekanini his qilish yashashi kerak.

Gohida bola hech kimni qiziqtirmaydi, shunda u SOS oilaga o‘z aʼzosi sifatida qabul qilinadi. Agar aka va singil murakkab vaziyada qolgan bo‘lsa, ikkisini ham olamiz.

Bizda uzoq va qisqa muddatli vasiylikka olish bo‘yicha Nizom bor. Uzoq muddatlisida 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarga eʼtibor qaratiladi: bola oilada qanchalik ko‘p yashasa, to‘g‘ri oila modelini shunchalik ko‘proq o‘rganish imkoniga ega bo‘ladi.

Biz hech qachon ota-onalarni hisobdan chiqarib tashlamaymiz. Bir voqea bo‘lgan. 2018-yilda uch nafar bolani qabul qilganmiz, ona rasmiy nikohda bo‘lmasdan, diniy odatlarga ko‘ra yashab, uch farzandni dunyoga keltirgan. Keyin ziddiyat kelib chiqib, “eri” uni uyidan haydab yuborgan. Shu tariqa bolalarini bizga qoldirdi. Lekin biz uch yil davomida ayol farzandlarini qaytarib olishi uchun rosa harakat qildik, nihoyat, o‘tgan yili u shuni qildi. Men va ijtimoiy yetimlikni oldini olish xizmati ham ishladi, o‘qishida yordam berdik, psixolog ota-onalik ko‘nikmalari bobida ko‘maklashdi, motivatsiya berdi. Hozir farzandlar ona yonida, mamnun va ular bilan haligacha bog‘lanib turamiz: yordam kerak bo‘lsa, ko‘rsatamiz.

Har bir bola bilan keys-menejment usuli bo‘yicha ish olib boramiz. Har bir xonadon uchun keys-menejer tayinlanadi, u reja tuzadi, bolalar uchun hujjatlar to‘plamini yaratadi. Bolaning o‘qishini yaxshilash, psixologik yordam ko‘rsatish kabi masalalarni hal qilamiz. Bizda nutq nuqsonlarini to‘g‘rilashda yordam beradigan logoped-defektologimiz bor.

Bolalarda yangi oilaga nisbatan mehr uyg‘otishga harakat qilamiz.

SOS mahallada boshlang‘ich bosqichda biz bolalarga oila modelini o‘rgatamiz. Har bir tarbiyachi tarbiyalash usulini o‘zi belgilaydi: kimdir qo‘l mehnati bilan shug‘ullanadi, kimdir bolalarga pazandalik sirlarini o‘rgatadi, hammasi individual. Keyin bola yoshlar uyiga o‘tadi, u yerda 16-18 yoshdagi 15-16 nafar bola yashaydi. Ularning ham murabbiylari, koordinatorlari bor, ammo bolalar deyarli mustaqil.

Bolani mustaqil yashashga chiqarish uchun tuli mezonlar bor:

  • taʼlim diplomi;
  • diplom bo‘yicha mutaxassislik;
  • ishga joylashish va pul topish;
  • uy-joy.

Agar shularning hammasi bo‘lsa, bola katta mustaqil hayotga o‘tadi, ammo istalgan vaqtda bizga yordam uchun murojaat qilishi mumkin.

Bolalarning yutuqlari haqida

Tarbiyalanuvchilarimiz orasida OTMlarga kirganlar bor, ular bilan faxrlanamiz. OTMni tugatib, hokimiyatda ishlayotgan bolamiz bor. Qizlarimizdan biri YUNISEFda ko‘ngilli bo‘lib ishlaydi, u bolalar mahallasidan minnatdor. Bunda tarbiyachining o‘rni katta, u qizga bor mehri-yu kuchini sarflagan, erinmasdan birga ishlagan, hatto alohida maktabga olib borgan bu juda muhim. Ko‘p yillik mehnat o‘z mevasini berdi.

OTMni tugatmasa-da, mutaxassisligi bor, daromad qilayotgan, oila qurish medalini qo‘lga kiritgan muvaffaqiyatga erishayotgan bolalarimiz ham ko‘p.

Hikoyalarimiz orasida, afsuski, maqtana olmaydiganlarimiz ham bor. Ammo aynan yutuqlarga erishayotgan bolalarimiz tufayli biz o‘zimizni baxtiyor his etib yuramiz. Zero, ularning baxtli tabassumida bizning ham hissamiz bor.

Matn: Olesya Say

0
    0
    Ваша корзина | Sizning savatingiz
    Ваша корзина пуста | Savatingiz bo'shВернуться к покупке | Sotib olishga qaytish