Qondosh er-xotinlar

0

Qonuniy taqiqqa qaramay, qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh O‘zbekiston uchun kam uchraydigan holat emas. Ushbu mavzuni ekspertlar bilan birga muhokama qilamiz.

«Oila» ilmiy-amaliy markazi o‘zaro nikoh tuzgan qarindoshlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. Tadqiqotda mamlakatimizning 8 ta hududi qamrab olindi va 923 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Ulardan 66 foizi – qishloq aholisi

20 foizi – shaharliklar

14 foizi – shahar tipidagi posyolka aholisi

74 foizi ayollardir

«Oila» markazi o‘tkazgan tadqiqot ishtirokchilari qarindoshlar orasidagi nikohga ota-onalar va boshqa yaqinlarning maslahatini eng keng tarqalgan sabab sifatida ko‘rsatishdi. Bu fikrga 51,4 foiz erkak va 47,5 foiz ayollar qo‘shildi.

Yana 9,3 foiz erkak va 14,1 foiz ayollar qarindoshlik nikohini yaqinlari talabi bilan tuzishga majbur bo‘lganini tan oldi.

Bu kabi nikohlarning ikkinchi sababiga sevgi-muhabbat yoki ikki tomonlama hissiyotlar kiradi: bu fikrni 28,4 foiz erkak va 22,4 foiz ayollar tasdiqladi.

Uchinchi keng tarqalgan sabab «qarindoshlik rishtalarini mustahkamlash» istagidir. Bunday urug‘-aymoqchilikka yurtimizda qattiq rioya qilinadi. 19,7 foiz erkak va 22,8 foiz ayollar shunday o‘ylaydi.

Qarindosh turmush o‘rtoq «ishonchli» degan fikr boshqa sabablar qatoriga kiradi. Bu alohida oilalar yoki ular yashaydigan joyga xos an’anadir.

Faina Yagafarova, femaktivistka

 Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar, odatda, kelishilgan nikohlardir. Yoshlarda tanlov katta emas: maslahatga quloq solish yoki qarindoshlar talabiga bo‘ysunishi kerak

Yaqin qarindoshlar orasidagi nikohlarning oqibatlari turlicha bo‘lishi mumkin. Irsiy kasal farzandlarning tug‘ilish xavfidan tashqari, oilaviy munosabatlarda ham qator muammolar kuzatiladi. Masalan, qarindosh er-xotinlarning ziddiyati tufayli ikki qarindosh oilaning orasi buzilishi ehtimoli katta. Mojaroning barcha ishtirokchilari o‘zaro yaqin insonlar bo‘lgani tufayli chetda turish juda qiyin. Va aksincha, yosh juftliklar bir-biriga qarama-qarshi qarindoshlarning ziddiyati qurboniga aylanishi ham mumkin. Bu er-xotinlarning shaxsiy munosabatlariga soya soladi.

Faina Yagafarova

Yaqin qarindoshlik nikohidan ajralishning deyarli iloji yo‘q: bu o‘rinda er-xotinning istagi inobatga olinmaydi (yurtimizdagi ba’zi ajrimlar bilan bog‘liq vaziyatni eslash kifoya).

Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh masalasi bilan «Yuksak salohiyat» JB Reproduktiv salomatlik markazi va «Oila» markazi bilan hamkorlikda shug‘ullanadi. Men ularning «Ayolning reproduktiv salomatligi – sog‘lom oila garovi» loyihasi taqdimotida qatnashdim. Unda tadqiqot natijalari e’lon qilingan edi.

Ushbu ma’rifiy loyiha doirasida Shayxontohur va Yunusobod tumanlarida yashovchi 3 ming nafar ayolga yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi va erta nikohlar borasida kerakli tavsiyalar berilishi ko‘zda tutilgan. Bu kabi nikohlarga yo‘l qo‘yilmasligi uchun onalar va qaynonalarga alohida e’tibor qaratiladi. Bundan tashqari, ayollarga shifokor maslahati ham taklif etiladi.

Ushbu mavzuni aholi orasida targ‘ib qilish uchun mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari ham jalb qilinadi.

Tadqiqot ishtirokchilarining atigi 53,8 foizi yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oqibati nogironlik bo‘lishi mumkinligini aytgan. Bu haqda hamma ham bilmaydi.

Qolaversa, jinsiy tarbiya faqatgina reproduksiya va seks bilan cheklanmaydi. U, birinchi navbatda, munosabatlarda muhim bo‘lgan chegaralar haqida. Ularga rioya qilish orqali kelishuv asosida tuziladigan nikohlarni qisqartirish mumkin. Axir kattalar nikohni faqat o‘z xohishiga qarab tuzish yoki tuzishdan voz kechishga haqli. Bularning barchasi mamlakatimizda qonunlar bilan mustahkamlangan.

 Biz ommaviy jinsiy ma’rifatga muhtojmiz

O‘ziga to‘q bir oila voqeasini bilaman. Uning barcha a’zolari o‘qimishli, oliy ma’lumotli. Xullas, mana shu oila o‘g‘lini bir qorin nari qarindoshining qiziga uylantirdi. Sababi ular o‘z oilasiga begonani kiritishni xohlashmadi.

Qiz uzoq vaqt qarshilik ko‘rsatdi, unamadi, yig‘i-sig‘i qildi. Ota-onasi baribir o‘sha yigitga turmushga berdi. Sababi qarindoshlari uni aniq xafa qilmas va u hech nimaga muhtojlik sezmas ekan.

Hozir ularning uch farzandi bor. Oila baxtiga barchasi sog‘lom. Ammo to‘ydan keyin har ikki oila yoshlarning totuv yashab ketishini ikki yil kutdi.

Menimcha, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning bosh sababi – zo‘ravonlik madaniyati, u jamiyatning qon-qonigacha singib ketgan. Yoshlarni muhabbat va xohishiga qarshi oilali qilish, bizda hech kimni ajablantirmaydi. Katta avlod shu tariqa yoshlarga g‘amxo‘rlik qilyapman, deb o‘ylaydi. Ammo bu jonkuyarlik ko‘plab umrlarni barbod qiladi.

Agar kelishilgan nikohlarga chek qo‘ysak, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar ham uchdan ikki qismga kamayadi. Ammo buning uchun yurtimizdagi ba’zi «an’anaviy qadriyatlar» inson huquqlarini poymol qilishini tan olishimiz kerak.

Shahnoza Zufarova,

Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi direktori, akusher-ginekolog, tibbiyot fanlari doktori

Shahnoza Zufarova

Qarindoshlar orasidagi nikohga salbiy qarayman. Talabalikda tug‘ma irsiy patologiyalari bor bolalar internatida amaliyot o‘taganmiz. Qarindoshlik rishtalarini «mustahkamlamoqchi» bo‘lganlarga o‘shabolalarning suratini ko‘rsatgan bo‘lardim.

Nogiron bolaning tug‘ilishi nafaqat oilaviy munosabatlarga, balki er-xotinning keyingi hayotiga ham salbiy ta’sir etadi. Ularni ijtimoiy muammolarga duchor qiladi. Chunki er-xotin sog‘lom farzandi bir chetda qolib, butun e’tibor va mablag‘ini o‘zgacha bolasi uchun sarflashga majbur bo‘ladi.

Mahallada hamma bir-birini taniydigan davrlar o‘tib ketdi. Ota-onalar begonani kelin qilishdan yoki qizini yetti yot begonaga berishdan qo‘rqadi. Ammo bu farzandlar hayotini yaqin qarindoshlar bilan bog‘lash kerak, degani emas. Chunki genofond o‘zini qanday namoyon qilishini hech kim oldindan bilmaydi.

Homiladorlik skriningi vaqtida aniqlangan 70 foiz patologiyaga sabab qarindoshlar orasidagi nikohdir.

Xikoyat Qodirova,

huquqshunos

Xikoyat Qodirova

Bilishimcha, qarindosh o‘rtasidagi nikohlarning statistikasi mavjud emas, buni uddalab bo‘lmaydi ham. Chunki nikohdagilar qarindoshligini doim yashiradi. Qarindoshlar nikohining sababi, asosan, urf-odatlar zamirida yotadi. Yomon odat esa yuqumli bo‘ladi. Bu kabi nikohlar ko‘proq Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, hattoki Toshkentda ham ommaviy tus olgan.

 

Nikohlar ko‘pincha opa-singil yoki aka-singil bolalari, kam hollarda aka-ukaning farzandlari orasida tuziladi. Bunday oilalarda odatda sog‘lig‘ida turli nuqsoni bor bolalar tug‘iladi: BSF, ko‘rlik, karlik, hayotga mos kelmaydigan majruhlik, aqliy ojizlik kabi. Oilada bu kabi bolalar tug‘ilganidan keyin ajrimlar ko‘payadi.

Bunday nikohlar ko‘proq majburan tuziladi. Hukumat istasa ham, buni man etolmaydi. Chunki hatto xalqaro hujjatlarda ham bunday taqiq yo‘q. Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarni yo‘q qilish yoki hech bo‘lmasa, qisqartirish uchun barcha OAVda juda katta mafkuraviy targ‘ibot olib borish zarur.Fikrimcha, bu mavzuga bag‘ishlab OAV, xususan, TVda alohida ruknlar tashkil etilishi kerak.

Guli Isxoqova, 

Akusherlik va ginekologiya RIIATM tibbiy-genetik maslahat bo‘limi rahbari, genetik, oliy toifali shifokor

Guli Isxoqova

AQSh va nemis genetigi Kurt Shtern ma’lumotiga ko‘ra, turli davlatlarda qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar 5 foizdan 30 foizgacha uchraydi.

Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning sababi turlicha: diniy, milliy, iqtisodiy, geografik. Mening amaliyotimda bir qorin nari aka-ukalar va opa-singillar o‘rtasidagi nikohlar ko‘proq uchragan.

Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan ba’zida sog‘lom va hatto daho insonlar (Pushkin, Tuluz Lotrek) ham tug‘iladi. Ammo bu istisno holat. Rivojlanishida tug‘ma nuqsonlari yoki irsiy kasalliklari bor bemorlarimning aksariyati qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan dunyoga kelgan. Odatda bunday oilalar ruhiy yukni ko‘tarolmaydi; natijada ajrashadi. Qarindoshlar begonalarga aylanadi.

O‘z navbatida, hukumat ham bu kabi holatlarning oldini olish uchun zarur choralar ko‘rmoqda. Xususan, o‘tgan yili matbuotda qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarni taqiqlash masalasi muhokamaga qo‘yildi.

Nazarimda, bu murakkab vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li – targ‘ibot, targ‘ibot va yana targ‘ibot. Odamlarga qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning foydasiga biror-bir dalil keltiring, desam, bironta oqilona javob eshitmayman.

Men qarindoshlar o‘rtasidagi nikohga qarshiman, ammo boshqa chora qolmagan bo‘lsa, juftliklarni nikohgacha maslahat va tekshiruvdan o‘tishga chaqiraman.

Dar’ya Osmanova,

jurnalist, «Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi» NNT hammuassisi

Dar’ya Osmanova

Kuzatishimcha, bunday nikohni uning oqibatlarini bilmay turib tuzishadi va xurofotga berilib qaror qabul qilishadi. Bu qarorni esa ko‘pincha yoshlar emas, balki qarindoshlar qabul qiladi. Ular masalaning iqtisodiy tomonlarni o‘ylashadi (topgan-tutgani shu oilada qolsin), ba’zida yaxshi niyat ham qilishadi (oila tanish, yoshlar bir-birini yaxshi taniydi). Hech kim yomonlik tilamaydi va hamma balo meni chetlab o‘tadi, deb o‘ylaydi. Axir salbiy oqibatlar bo‘lishi mumkin, ammo inson zoti doimo yaxshi niyat qilishga o‘rgangan.

Xalqimizda ayol tomondan qarindoshlik «hisobga olinmaydi», degan xato fikr yuradi. Ko‘pchilik bu kabi nikohlarni qarindoshlikka yo‘ymaydi

Ko‘pincha bir qorin yoki ikki qorin nari aka-ukalar va opa-singillar oila quradi. Bu kabi nikohlarning oqibati – rivojlanishida nuqsoni bor bolaning tug‘ilishidir. Bunday nikohdan avlodlarning genetik kasallik bilan tug‘ilish ehtimoli vaqti-vaqti bilan ortib boradi. Ammo aynan «ehtimol» so‘zi hushyorlikni so‘ndiradi. Bu vaziyatda vahimaliroq gapirish kerak – «sizning boshingizga tushishi mumkin», deb emas, balki «shunday bo‘ladi», deyish o‘rinli. Hech qanday iqtisodiy sabablar ijtimoiylashishga muhtoj bolaning dardlarini, ko‘chada «o‘zgacha» bolasini xafa qilib qo‘yishlaridan qo‘rqib tashvishda qolgan onaning ko‘z yoshlarini, shifokorlar, shuningdek, davolashga pul sarflaydigan butun oilaning sa’y-harakatini oqlamaydi.

Oila kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi Qonun hujjatlari ta’sirini baholash tizimi portalida (QHTBTP) jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Ushbu hujjatga ko‘ra, ona tomondan va ota tomondan aka-uka va opa-singillarning farzandlari, ya’ni bir qorin nari aka-ukalar va opa-singillar orasida nikoh tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Hozirgi kunda mamlakatimizda ajdodlar shajarasi bo‘yicha yaqin qarindoshlar, to‘liq avlodli (umumiy ota-onaga ega) va to‘liq bo‘lmagan avlodli (faqat bitta umumiy ota yoki onaga ega) aka-ukalar va opa-singillar, shuningdek, tutingan ota-onalar va ularning farzandlari o‘rtasida nikoh tuzish taqiqlangan. Ammo yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzish amaliyoti hamon davom etyapti. Ayniqsa, aholisi yaqin qarindoshlik aloqasida bo‘lgan qishloq joylarda bu holat kuzatilyapti.

Menimcha, qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarni kamaytirish uchun ko‘proq ma’lumot berish, qaror qabul qilish mas’uliyati zimmasida bo‘lgan katta yoshli avlod vakillari bilan ishlash kerak. Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar haqida turkum materiallar tayyorlaganimizda, barcha ayol qahramonlarimiz ota-onasining qarori bilan turmushga chiqqanini ma’lum qilgan. Garchi ular hayotidan nolimasa-da, dardini dasturxon qilmasa-da, ruhan zaifligi bilinib turadi. Chunki ular nogiron bolasi uchun o‘zini aybdor his etadi. Barchasi bir gapni – bu kabi taqdirni hech kimga ravo ko‘rmasligini aytadi. Farzandlar dardi hamda ota-onalar tashvishi oldida oiladagi totuvlik ham tatimaydi. Qahramonlarimiz o‘z holatidan uyalgani bois, ularni ko‘ndirish oson kechmadi. Shaxsan o‘zim ularni aybdor sanamayman, aksincha, ular xurofotlar, eskirgan qarashlar, ongsizlik, ko‘p hollarda esa bosim qurbonlaridir.

Irina Matvienko, Nemolchi.uz

Irina Matvienko

Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarning asosiy sabablaridan biri eskirgan, noto‘g‘ri qarashlar va odamlarning topgan-tutganimiz shu oilada qolsin, degan tushunchalaridir. Balki ishonch masalasi ham muhim o‘rin tutar, chunki begona oilada nima bo‘lishini hech kim bilmaydi, bu yerda esa hammasi o‘zimizniki. Yana bir sabab, insest – bir qorin va ikki qorin nari qarindoshlar o‘rtasida nikohning tuzilishidir. Ya’ni qandaydir jinsiy aloqa ro‘y bergan bo‘lsa, ota-onalar qistovi bilan to‘y qilinadi. Ammo bu shaxsiy taxminlarim, xolos.

Qonunga ko‘ra, O‘zbekistonda yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzish man etilgan va mamlakatda bunday muammo umuman yo‘q, deyiladi.

Hukumat balki FHDYolarga berilgan arizalar orqali familiyalar hamda oila quruvchilarning otalarining ismlarini taqqoslash yo‘li bilan buni nazorat qilishga urinib ko‘rar. Ammo rasmiy ma’lumotlarda bu kabi muammoning o‘zi yo‘q, ya’ni u ovoza qilinmaydi va muammo sifatida ko‘tarilmaydi.

Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar sonini eng past darajagacha kamaytirish uchun bu kabi nikohlarning oqibatlarini yorituvchi ochiq va keng ko‘lamli axborot kampaniyalari o‘tkazilishi kerak. Bunga FHDYolarda har ikki tomonning shajarasi haqida ma’lumot olish zaruriyatini ham qo‘shib qo‘ygan bo‘lardim. Ammo bunday talab inson huquqlarini poymol qilishi mumkin.

Zamonaviy jamiyatda qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Ayniqsa, nikoh bosim ostida tuzilayotgan bo‘lsa, bu na tibbiyot nuqtai nazaridan, na ruhiy-ahloqiy tomondan to‘g‘ri keladi. Chindan ham bir-biriga ko‘ngil qo‘ygan uzoq qarindoshlar nikoh tuzadigan bo‘lsa, bu vaziyatda nima qilish kerakligini aytish biroz qiyinroq. Agar ular butun xavfni anglab tursa va farzandli bo‘lishni rejalashtirmasa, bu – ularning tanlovi.

Men har bir insonning tanlovini hurmat qilish kerak, degan fikr tarafdoriman, ammo oila quruvchilar uzoq qarindoshlar bo‘lgan taqdirdagina. Agar yaqin qarindosh bo‘laturib, insonlar bir-birini tanlagan bo‘lsa, bu vaziyatda davlat aralashishi mumkin va shart. Chunki bunday nikohdan bolaning nuqson bilan tug‘ilish xavfi yuqori bo‘ladi, uning uchun esa jamiyat ham javobgar.

 

 

Matn: Yekaterina Sokolova, Barno Ikramova

Foto: Konstantin Bolotov

 1,661 

0
    0
    Ваша корзина | Sizning savatingiz
    Ваша корзина пуста | Savatingiz bo'shВернуться к покупке | Sotib olishga qaytish