Qanday qilib ko‘krak salomatligini saqlab qolish mumkin?

0

Bola tug‘ilgandan keyin ayol tanasi avvalgiday bo‘lmaydi. Yosh ona ko‘krak bezlari bilan bog‘liq qanday qiyinchiliklarga uchraydi? Mammologdan maslahat olamiz.

Nodira Shomansurova,
RIOvaRIATM vrach-mammologi, O‘zbekiston Onkologlari assotsiatsiyasi va Rossiya Mammologlari assotsiatsiyasi aʼzosi

Homiladorlik vaqtida ko‘krak birinchi kunlardanoq o‘zgara boshlaydi – bu haqda ko‘p ayollar biladi va gohida baʼzi belgilarga qarab, homiladorlik haqida tahmin qiladi. Shu tarzda organizm sut ishlab chiqarishga tayyorgarlik ko‘radi. Ko‘krak bezini to‘g‘ri parvarish qilish – ko‘krak bilan emizishning muvaffaqiyatli garovi.

Ko‘krakni qanday parvarish qilish zarur?

Shaxsiy gigiyenaga rioya qilish kerak: har kungi dush, ko‘krak bezlarini sochiq yordamida ehtiyotlik bilan artish. So‘rg‘ichlar quruqlashganda – terini yumshatuvchi yoki namlantiruvchi krem va moylar (chakanda, zaytun, naʼmatak) yordamida ishlov berish. Yana ko‘krak uchun quyosh vannalari, yengil massaj foydali.

Homilador ayol ko‘krakni tortmaydigan va uni osilib qolishga qo‘ymay, yaxshilab ushlab turadigan maxsus siynabandlarni taqib yurishi kerak.

Tug‘ruqdan keyingi ilk oyda qanday asoratlar kuzatilishi mumkin?

Bola tug‘ilganda quvonchga to‘lgan ko‘ngilni so‘rg‘ichlarning yorilishi, laktostaz (sutning turib qolishi), mastit (sut bezining yallig‘lanishi) kabi holatlar biroz ranjitishi mumkin. Bular yoqimsiz holat, lekin davolasa bo‘ladi.

Buni qanday qilib chetlab o‘tsa bo‘ladi va ko‘krak bilan emizishni izga solish uchun nima qilish kerak?

Bolalar tug‘ilganda oshqozoni kichkina bo‘ladi: birinchi haftada u o‘rikdan kichikroq bo‘ladi, ikki hafta o‘tib esa tuxumday shaklga kiradi. Shuning uchun onalar kun davomida har 2-3 soatda emizishga tayyor turishlari kerak. Tunggi emizishlar ham muhim: soat 3 dan tonggi 6 gacha bo‘lgan vaqtda miya ko‘p miqdorda prolaktin ishlab chiqaradi, yaʼni sut ishlab chiqarilishi uchun javob beruvchi gormon.

Bolaga ko‘krakni to‘g‘ri bering. Chaqaloq nafaqat so‘rg‘ichni, balki uning atrofini ham og‘ziga olishi kerak. Ona qulay va bo‘shashgan holatda bo‘lishi lozim.
Kuniga 2–3 litr suyuqlik iching.
Asabiylashmang, yaxshilab uxlang.
Har bir ko‘krakdan foydalangan holda, ketma-ket bolani emizing.
Birinchi oylarda bolaga sunʼiy so‘rg‘ich bermaslikka va butilkadan ovqatlantirmaslikka harakat qiling. Aks holda chaqaloq ko‘krakdan voz kechishi mumkin.
Har bir emizishdan keyin, ko‘krakda turib qolmasligi uchun sutni sog‘ish kerak. Bu laktostaz va mastit profilaktikasi sanaladi. Buni ehtiyotlik bilan bajaring – qo‘llar yoki maxsus sut sog‘uvchi uskuna yordamida, og‘riqli hislargacha olib bormang.
Emizishdan oldin va keyin ko‘krakni iliq suvda yuving, bunda so‘rg‘ichlar atrofidagi sut qoldiqlarini olib tashlang.

Laktostaz va laktatsion mastit qanday namoyon bo‘ladi?

ko‘krakdagi kuchli og‘riqlar;
ko‘krak bezining qattiqlashuvi, shishishi;
teri qizarishi;
harorat ko‘tarilishi, titroq;
qo‘ltiq osti sohasida limfa tugunlarining kattalashuvi.

Ushbu belgilar paydo bo‘lsa, mammologga murojaat qiling. O‘zingizni o‘zingiz davolamang!

 1,821 

0
    0
    Ваша корзина | Sizning savatingiz
    Ваша корзина пуста | Savatingiz bo'shВернуться к покупке | Sotib olishga qaytish