Qanday qilib bola asrab olish mumkin?

0

Qanday qilib bola asrab olish mumkin? Bu masala ota-onalar qanday muammolarga duch keladi va ularni yechish yo‘li bormi? Bu haqda 21-mehribonlik uyi direktori Umida Mamanova bilan suhbatlashdik.


Umida Mamanova, 21-mehribonlik uyi direktori, ixtisosligi – boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi. O‘rta tibbiy va oliy pedagogik maʼlumotga ega. 18 yil Xlebushkina nomidagi 22-bolalar uyida hamshiralik va tarbiyachichilikdan muassasa direktorligicha bo‘lgan vazifalarda ishlagan.

Bir oila mehribonlik uyidan bola asrab olishga qaror qildi. Xo‘sh, ishni nimadan boshlash kerak?

Agar oila bola asrab olmoqchi bo‘lsa, bu masalani chuqur o‘ylab ko‘rishni maslahat beraman. Yetti marta emas, yetmish marta o‘lchash kerak.

«Bolalarning joyi mehribonlik uyida emas»ligini juda yaxshi bilamiz. Ammo bugun hech kim och qolayotgani yo‘q va davlat muassasalarida bolalar aʼlo sharoitda parvarishlanyapti.

Lekin ijtimoiylashuv bolalarga suv va havodek zarur. Ko‘p bolalar uyidan internatimizga oila va ota-ona haqida mutlaqo tasavvurga ega bo‘lmagan holda keladi. Bu bolalar internatni tugatib ketayotganda o‘zligini anglashi, oila qurishi qiyin bo‘ladi. Biz ijtimoiylashuv ko‘nikmalarini o‘rgatish uchun ularni oilaga olib kirishimiz kerak. Bolalar jamiyatda o‘zini baliq suvda yurganday his qilishi uchun oila modeli bilan tanishtirishimiz joiz.

Bu mashaqqatli mehnat

Har gal shavqqa to‘lgan ota-onalar oldimga kelganda men salbiy tomondan gap boshlayman. Maqsadim aslo bolalarni mehribonlik uyida qolish va oiladan tashqarida ulg‘aytirish emas, balki fojianing oldini olishdir.

Fojia nimada?

Bizda ikkilamchi yetimlik hodisasi ko‘p uchraydi. Bu bola ikkinchi bor yetim qolganda qo‘llanadigan maxsus atama. U avvaliga oilaga olinadi, keyin esa hammasi taroziga solinadi. Qarabsizki, bola keraksiz bo‘lib qoladi. U moslasha olmaydi yoki yangi ota-onasi bolaga mehr berolmaydi. Shunda bola mehribonlik uyiga qaytariladi. Ikkinchi marta yetim qolish – dahshatli jarohat.

 

Ota-onalar qiyinchilikni to‘g‘ri anglab, astoydil «qo‘limdan keladi», desagina ishonish mumkin. Bejiz maʼlumotga ega odam qurollangan bo‘ladi, deyishmaydi. Har bir ota-ona oddiy farzandga qaraganda qiyin bo‘lishini, xavf va kuchli ruhiy bosim soya solishini tushunishi kerak.

Qatʼiy qaror qilganlar nima qilishi kerak?

Bunga tayyor bo‘lsangiz, doimiy yashash joyingiz bo‘yicha hokimlikka murojaat qilasiz. Bugun voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘yicha komissiyalar tarkibida vasiylik va homiylik organlari faoliyat yuritadi. Bola asrab olish haqida ariza yozish kerak. Qaysi yoshdagi bola nima maqsadda asrab olinayotgani, albatta, ko‘rsatilishi lozim.

 

Hokimlik vakillari yig‘iladigan hujjatlar ro‘yxatini beradi. Bir oy davomida ular ko‘rib chiqiladi. Ko‘plab omillar va sharoitlarni inobatga olish zarur. Chunki oila begona bolani qabul qilishga ruhiy jihatdan tayyor bo‘lmasligi mumkin.

 

Vasiylik qanday rasmiylashtiriladi?

Bu jarayon ancha oson. Chunki uni ko‘pincha qarindoshlar rasmiylashtiradi. Shuningdek, hokimlikka ariza beriladi va hujjatlar yig‘iladi. Vasiylikni rasmiylashtirish jarayoni hokim qarori asosida amalga oshadi. Bola asrab olish esa sud qarori bo‘yicha.

Aytishlaricha, O‘zbekistonda asrab olish jarayoni byurokratik to‘siqlarga to‘la, xohlovchilar esa yillab bola asrab ololmaydi.

 

To‘g‘ri, hujjatlar to‘plamini yig‘ish kimgadir qiyin ko‘rinishi mumkin. Ammo bir tasavvur qiling: hatto haydovchilik guvohnomasini olish uchun ham biz tibbiy ko‘rik, psixdispanser va narkodispanser ko‘rigidan o‘tamiz. Bu yerda inson taqdiri hal bo‘lyapti, axir. Bugun bola asrab olish jarayoni maksimal osonlashtirilgan. Ijtimoiy holat, sog‘liq va yashash sharoiti haqida hujjatlar yig‘ilishi kerak. Bu kamida ikki hafta oldin bajariladi.

Asrab olish muammosi byurokratik to‘siqlarda bog‘liq emas, hatto go‘daklar uyida ham yillab navbat kutiladi. Asosiy muammo sog‘lom va asrab olishga mos bolalarning kamligidadir. 

Bugun bolalar uyida yetmish nafarga yaqin bola bor va ularning hammasi nogiron, OIV infeksiyasiga chalingan va hokazo. Yoki bu bolalarning ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrim qilinmagan, lekin ozodlikdan mahrum qilish joylarida o‘tirgan nosog‘lom muhitdagi oilalardan. Ular ota-onasini kutishyapti. Sog‘lom bolalar esa bizga kamdan-kam keladi. Yodingizda bo‘lsa, Armanistonda zilzila va tabiiy ofat bo‘lganda bolalar uylarida sog‘lom bolalar ko‘paygan. Bu holat urush vaqtida ham bo‘lgan. Ammo hozir davrimiz tinch.

 

Sudlangan ota-ona bola asrab olishi mumkinmi?

Yaqin kunlargacha sudlangan ota-onalarga tamg‘a qo‘yilardi. Ammo bugun bu masala vasiylik organlari tomonidan individual ko‘rib chiqilyapti. Agar ota-onaning obro‘si bolaga xavf solmasligi isbotlansa, masalan, qandaydir maʼmuriy qonun buzilishlari yoki yo‘l-transport hodisasi yuz bergan bo‘lsa, bu odamga rozilik berilishi mumkin. Shunga qaramay, jiddiy qonunbuzarlarga bola asrab olish mumkin emas.

 

Ota-onalarni bunday qadam tashlashga tayyorlash yoki qiyinchiliklarni yengishda yordam beriladimi?

Bugun ota-onalar va bolalarga psixologik yordam ko‘rsatiladi. 4185-sonli PQga asosan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan nizomga ko‘ra, mehribonlik uylari qoshida tutingan ota-onalar kurslari ochildi. Bu yerda ota-onalar bola asrab olishdan oldin kerakli maʼlumotlarga ega bo‘lishi va yuridik savollarga javob olishlari mumkin. Bola oilaga berib yuborilganidan keyin ham  ota-onalar mehribonlik uyidagi psixologga yoki Respublika ijtimoiy moslashuv markaziga murojaat qilishi mumkin. Bu yerda psixologlar ushbu toifadagi bolalar bilan ishlaydi.

Hamma go‘daklarni asrab olishni xohlaydi. Turli yoshdagi bolalarni asrab olishning o‘ziga xos tomonlari qanday?

Kichik yoshdagi bolalar toifasi eng talabgir.

Avvaliga ota-onalar kichik yoshidan o‘zimiz tarbiyalaymiz, deb go‘daklarni olishni istaydi. Bir tomondan bu to‘g‘ri yondashuv. Chunki O‘zbekistondagi bolalar uylarida aksariyat tarbiyalanuvchilar ijtimoiy nosog‘lom oilalardan. Ular qanchalik katta bo‘lsa, olgan yomon tarbiyasi taʼsiri shunchalik kuchli bo‘ladi. Tutingan ota-onalar uchun bunday merosdan qutulish va o‘zinikini singdirish oson bo‘lmaydi. Bunda hammasi individual.

 

Genetikaning taʼsiri bormi? 

Albatta, taʼsiri bor. Go‘dak bolani olayotib, uni 100% o‘zingizga moslab tarbiyalashingizga kafolat berolmaysiz. O‘z farzandlaringiz bobida ham bunday deyish qiyin. Yetim bolalarni tarbiyalash esa o‘ziga xos. Bir oilani bilaman, ular ikki haftalik qizaloqni asrab olishdi, ammo 14 yoshida bolalar uyiga qaytarib olib kelishdi: ota-onaning qo‘lidan kelmadi. Bu 100% lik vaziyatlar emas, ammo ota-onalar boshida o‘ziga qattiq ishonib yuborganligi oqibatida, mana shunday hodisalar ro‘y beradi.

Bola asrab olishning to‘g‘ri yo‘li va hamma yo‘l qo‘yadigan xatolar bor. Bunga qatʼiy jazm qilgan ota-onalarga qanday tavsiyalar berasiz?  

Birinchidan, inson bu nafaqat ezgu ish, balki katta mehnat, masʼuliyat ekanini anglab yetishi kerak. Hech nima oson kechmaydi. Ikkinchidan, bir deganda, bir nechta mehribonlik uylariga murojaat qilish lozim. Uchinchidan, yosh yoki nomzodda qotib qolish kerak emas. Bir oila faqat uch-to‘rt yoshli bolalarni olishni istardi. Ular ikki yil navbat kutishdi va kutilmaganda 12 yoshli qizaloqni ko‘rib qolishdi. Yoqtirib qolib, muloqotlardan so‘ng uni oilaga olishdi. Qizig‘i, qizchaning oldiga kelib turishgan paytda 15-16 yoshli ikki nafar qizaloqqa mehr qo‘yishdi. Natijada bu qizlar ukasi bilan qo‘shilib o‘sha oilaning farzandlariga aylanishdi. Bugun ushbu oila baxtli va: «Ikki yil vaqtimiz bekor ketgan, bolaning yoshiga qaramaslik kerak ekan», deyishadi. 

Bolani istalgan yoshda qabul qilish mumkin, asosiysi bunga ruhan tayyor bo‘lish lozim.

Matn: Olesya Say  

0
    0
    Ваша корзина | Sizning savatingiz
    Ваша корзина пуста | Savatingiz bo'shВернуться к покупке | Sotib olishga qaytish