Probirkadagi baxt. Baxt keltiruvchilar

1

Orxideyalar – hosildorlik timsoli va zaiflikqa qarshi tumordir. U urug‘lari alohida sharoitda – maxsus oziqlantiruvchi muhit va faqat probirkada o‘sishi mumkin bo‘lgan dunyodagi yagona gul hisoblanadi.

Probirkada inson hayotining paydo bo‘lishi, ya’ni EKU muolajasi ustida reproduktolog va embriologlar har kuni izlanish olib boradi. G‘amxo‘r bog‘bonlar o‘z orxideyasiga mehr bergani kabi ular ham yaxshi natijaga erishish uchun bor bilim va tajribasini sarflaydi.

Bu qanchalik uzoq va og‘ir jarayon bo‘lmasin, bo‘lg‘usi ota-onalar ularga ishonish va yangi hayot uchun zarur bo‘lgan eng qimmatli narsalarini ishonib topshirishdan to‘xtamaydi. Kutishdan charchamaydi. Umid qiladi.

Chunki ertami-kechmi, probirkada paydo bo‘lgan hayot buyuk muhabbatga aylanadi.

EKU va zamonaviy tibbiyotning boshqa yutuqlaridan foydalanib, bolalarni «paydo qiladigan» ginekolog, reproduktolog, embriologlarni tanishtiramiz.

Pyotr Kim, ginekolog-reproduktolog

Mediofarm EKO klinikasi

14 yillik stajga ega mutaxassis oldiga Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, hatto Xitoydan bemorlar keladi. Ba’zilar biryo‘la egizak so‘raydi. Doktor Kim nafaqat bepushtlikni davolaydi, balki sun’iy inseminasiya, EKU (transport protokoli va muolajaning o‘zi), boshqa YoRT dasturlariga tayyorlaydi. U O‘OTPIda o‘qigan, Sankt-Peterburg tibbiyot akademiyasida  (shu yerda ginekologlar va embriologlar ishi, EKU o‘tkazishga qiziqib qolgan) klinik ordinaturani o‘tagan. Bilimlarini amaliy tajriba bilan mustahkamlagan – o‘n yildan beri Yangi Inson klinikasida ishlab kelmoqda. Bu muassasada mamlakatimizdagi ilk YoRT muolajalari o‘tkazilgan.

«Yiliga 50–60 ta embrion joylaganman, – deydi shifokor. – Ilk o‘tkazgan amaliyotim muvaffaqiyatli chiqqan. Dunyoga kelgan qizaloq bugun 12 yoshda».

Mutaxassisning aytishicha, bugungi tibbiyot deyarli barcha farzandsiz oilalarga yordam bera oladi, hattoki ayol yoki erkakda jinsiy hujayralar butkul yo‘q bo‘lsa ham. Bu vaziyatda, albatta, etika va huquqiy me’yorlarga rioya qilgan holda, donorlik materialidan foydalanish mumkin. «Hozircha biz surrogat onalik yoki oositlar donasiyasiga muhtoj o‘zbekistonlik bemorlarga yordam bera olmaymiz. Chunki bu dasturlar qonunchilik bazasiga hali kiritilmagan», deya tushuntiradi reproduktolog.

Agar bir yil davomida homiladorlik yuz bermasa, reproduktologga murojaat qilish kerak. Har bir er-xotinga nafaqat tibbiyot nuqtai nazaridan, balki psixologik tomondan ham to‘g‘ri yondashish kerak, deb hisoblayman.

 

Muxiba Muzaffarova, akusher-ginekolog, reproduktolog

«Doktor D» reproduktiv markazi

«Siz shunchalik ko‘p ayollarni homilador qilgansizki, EKUdan keyin butun yo‘lak homiladorlarga to‘ladi. Avvalgi hayotingizda erkak bo‘lgansiz chog‘i», deya hazillashadi bu ajoyib shifokorning bemorlari. U stimulyasiya natijasida atigi bir dona follikulasi yetilgan ayollarning ham ona bo‘lishiga yordam beradi. Muhiba Hamzaevna sabab sakkiz yillik mehnati davomida ko‘plab o‘g‘il-qizlar tug‘ildi. Bunda homiladorlik ko‘rsatkichi 45 foizni tashkil etadi. U ilk bemori – farg‘onalik kelinchakni ko‘p eslaydi. Ayol EKUdan keyin sog‘lom chaqaloq tug‘ib, bolasiga shifokorning ismini qo‘ygan. «Onasi jo‘natgan tug‘ilganlik guvohnomasini ko‘rib, kasbimdan faxrlanib ketganman!» deydi u.

Yosh mutaxassis to‘g‘ri tanlov qilganiga shubha qilgan paytlari ham bo‘lgan. TTAni bitirib, shahar perinatal markazida ordinaturani o‘taganida, «Bu mening ishim emas», deya har kuni yig‘lagan. Nihoyat, bepushtlik muammolari bilan shug‘ullanadigan Tat’yana Ivanovna Kozlova bilan uchrashuv hammasini o‘zgartirib yubordi. «Uning xonasiga kirganimda, nimani istayotganimni anglab yetdim! Umidsizlikka tushgan oilalar kelishar, bir necha oydan keyin esa farzand kutayotganini bilib, baxtli ketishardi…» Bugun bunday juftliklar Muhiba Hamzaevnaning xonasida chiqib kelishadi. Ustozlar borasida uning doim omadi chopgan. «Doktor D» klinikasi rahbari Dilmurod Irgashev kuchli boshqaruvchi, unga ergashging keladi. Anvar Abdurahmonov esa reproduktologiyaning nozik jihatlarini o‘rgatgan.

Har safar embrionni joylar ekan, shifokor yaxshi niyat bilan duo qiladi. «Bolalar – Allohdan», deb ishonadi u.

Ko‘chirib o‘tqazishdan keyin bemordan hol-ahvol so‘rayman. «Ko‘nglim behuzur, toksikoz boshlandi», deydi u. Boshqa ayol operatsiyadan chiqib eriga: «Menga endigina IKSI qilishdi», desa, eri: «Nima xohlaysan? Qulupnaymi? Baliqmi? Toksikoz bormi o‘zi?» deya o‘zini yo‘qotib qo‘yadi.

 

Igor’ Avramenko, ginekolog-reproduktolog

Mediofarm EKO klinikasi

Reproduktolog MDHning turli davlatlaridan keluvchi bemorlari bilan tunu kun muloqotda: ijtimoiy tarmoqlar, messenjerlarda javob beradi. Kimdir EKUga, yana kimdir YoRTning boshqa dasturlariga (ular yiliga 200 dan ortiq) tayyorlanadi. Qariyb o‘n yildan buyon Igor’ Viktorovich yiliga 150 dan ortiq embrionni joylab keladi.

«60 foiz bemor uzoq kutilgan homiladorlik bilan ketadi. EKUning muvaffaqiyati turli omillarga bog‘liq: juftlik ruhiyati, shifokor mahorati va yulduzlarga ham», deya tabassum qiladi oliy toifali shifokor. «Embriologlarning sifatli jamoasi – muvaffaqiyatning yarmi. Genetikani o‘zgartira olmaymiz, lekin genetik sog‘lom embrionni tanlashni bilamiz», deya tushuntiradi u.

Har yili 25 iyulda shifokor Avramenko barcha reproduktologlarning kasbiy bayramini nishonlaydi – bu dunyodagi EKUdan tug‘ilgan birinchi inson Luiza Braunning tavallud kuni. U YoRT timsoliga aylangan.

Shifokor bepusht er-xotinlarga darrov mutaxassislarga murojaat qilishni maslahat beradi: «Vaqt – eng qimmat resurs». Shifokorga ishonish kerak. Shunda hammasi yaxshi bo‘ladi.

Embrion joylash bo‘yicha birinchi tajribam omadli chiqqan. Yangi odamning omadi chopadi, deyishadi-ku, lekin hayajon kuchli bo‘lgan. Bugun o‘sha bolakay yigit bo‘ldi.

 

Akmal Toshev, inekolog-reproduktolog

Bravo Med Service klinikasi

«Muolaja muvaffaqiyatli chiqishiga necha foiz kafolat berasiz? Bolada genetik o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinmi?» – EKUga tayyorlanayotgan bemorlar mana shu ikki savolni ToshPTI bitiruvchisiga ko‘p beradi. 13 yillik tajribaga ega mutaxassis hammasini tushuntiradi, tinchlantiradi, ijobiy natijaga ishontiradi.

Chunki YoRT muvaffaqiyati shifokor va bemorning har ikkisiga bog‘liq ekanini u yaxshi biladi. Buni Yangi Inson klinikasidagi mehnat yillari ham tasdiqlaydi. Bu yerga yosh mutaxassis Akusherlik va ginekologiya institutidagi klinik ordinaturani o‘tab kelgan. Xorijda ham bepushtlikni davolashni o‘rgangan.

«Ishni endi boshlaganimda, 10–20 ta YoRT protokolini o‘tkazardim. Ilgari kriokonservasiya yo‘q edi. Shuning uchun xuddi shuncha embrionni ko‘chirib o‘tqazishga to‘g‘ri kelardi.

O‘sha paytda muolaja samarasi 30–35 foizni tashkil etardi. Bugun yiliga 30–40 ta joylash muolajasini bajaraman», deydi Akmal Sayfullaevich.

Ovulyasiyadagi muammolar, bachadon naylarining bitib qolishi, bachadon patologiyalari, homilani ko‘tara olmaslik, immunologik omil, spermogrammaning buzilishi – mana shu omillarning istalgani reproduktolog huzuriga borish uchun sababdir.

Bemorlarga maslahatim – sabr qiling. Chunki bepushtlikni davolash – tez bo‘ladigan ish emas.

 

Anvar Abdurahmonov, ginekolog-reproduktolog

Consultative Medical Group O‘zbek-Isroil tibbiyot markazi

Anvar Davronovich deyarli o‘n uch yillik mehnat stajining o‘n yilini reproduktiv tibbiyotga bag‘ishlagan. AvaG ITIning operativ ginekologiya bo‘limida ishlaganida bepushtlikka chalingan bemorlarga yordam berolmagan vaqtlari ham bo‘lgan. Yagona usul EKU hisoblangan. YoRT usullarini mutaxassis professor Devid Levran (Isroil)dan o‘rgangan. Avstriya, Rossiya, Qozog‘iston va boshqa davlatlarda malaka oshirgan; seminar va konferensiyalarda doim ishtirok etadi. O‘zbek-Isroil klinikasining bosh shifokori.

Reproduktolog bemorlariga kichik bolalarga qaraganday munosabatda bo‘ladi: ularga g‘amxo‘rlik qiladi. Masalan, nima uchun bachadonga bitta embriondan ko‘p joylash tavsiya etilmasligini sabr bilan tushuntiradi. «Bu katta tavakkalchilik: BSF rivojlanishi, akusherlik asorati bo‘lishi mumkin. Tushuntirishlardan keyin odamlar bu fikridan qaytadi».

So‘nggi ikki yilda shifokor 500 dan ortiq punksiya protokolini olib borgan. Bunda homiladorlik holatlarning deyarli yarmida ro‘y beradi. Eng murakkab vaziyatlar – bir necha marotaba kista operatsiyasini o‘tkazgan, keskin pasaygan ovarial zaxiraga ega, stimulyasiyaga javobi yo‘q bemorlarning murojaat qilishidir. «Har bir ayol o‘z hujayrasidan farzand ko‘rishni istaydi. Bu masalaning yechimini ginekologlar orasida YoRTning ommalashishida, deb bilaman», deydi oliy toifali shifokor Anvar Abdurahmonov. U o‘z kasbida tartib, rahmdillik, bemorni eshita olish va tanlovini hurmat qilishni ustun qo‘yadi.

O‘zbekistonda reproduktologiya tibbiyotning eng yosh sohasi hisoblanadi. Uzoq vaqt davomida bepushtlikni ko‘proq ginekologlar, urologlar, endokrinologlar va hatto terapevtlar davolagan. Reproduktiv qonun qabul qilingunga qadar ma’lumotlarning yo‘q bo‘lgani asossiz konservativ davolash, shuningdek, kuchli operativ aralashuvga sabab bo‘lar edi.

 

Nilufar Qobilova, ginekolog-reproduktolog

Ayollar salomatligi markazi va EKO «ANKALAYF»

Toshkent tibbiyot akademiyasining bitiruvchisi EKUni o‘tkazishda muhim bosqich – tuxumdonlar punksiyasi (tuxum hujayralarini yig‘ish), deb hisoblaydi. «Muolaja anesteziya ostida o‘tadi va 20 daqiqa atrofida davom etadi, – tushuntiradi mutaxassis. – Buni besh mingdan ortiq EKU muolajasini o‘tkazgan turkiyalik reproduktolog Jixangir Chakijidan o‘rganganman».

Nilufar Abdurahmonovna yana bir ustozi – Mexikodan Toshkentga kelgan Letisiya Burgosdan minnatdor. Ular birgalikda bepushtlik bo‘yicha maslahatlar berib, ikki mingga yaqin bemorni ko‘rikdan o‘tkazgan.

Shifokor Turkiyadagi EKU klinikasining mashhur professori Jem Demirelni ham alohida tilga oladi. Xorijlik mutaxassislar bilan muloqotda chet tillar liseyida ingliz va turk tili bo‘yicha olgan bilimlari asqotgani shubhasiz.

«Juftlik uchun EKU samaradorligi 5 foiz dan 65 foizgacha oraliqda bo‘lishi mumkin. Eng muhim omillardan biri – bemorning yoshi. Polikistoz, gormonal buzilishlarning ta’siri katta.

Bachadon naylari bitib qolganda yoki umuman olib tashlanganda esa, bachadon omili katta ahamiyatga ega emas», deydi reproduktolog. U barchaga sog‘lom hayot tarzini olib borishni, zararli odatlar va ortiqcha vazndan qutulishni maslahat beradi. Bular ham natijaga ta’sir qiladi.

 

Telegram, yutyubdagi kanallarimda bepushtlik, YoRT haqida sodda tilda tushuntirib berishga harakat qilaman. Internetda rus tilidagi ma’lumotlar ko‘p, ammo o‘zbek tilida umuman yo‘q.

 

Alyona Shtaynke, akusher-ginekolog, reproduktolog, UTD shifokori

6-sonli shahar tug‘ruq kompleksi, Consultative Medical Group O‘zbek-Isroil tibbiyot markazi

«Reproduktologiya – bu har kuni o‘z ustingda ishlashing kerak bo‘lgan yo‘nalish. Har bir EKU dasturidan keyin, albatta, xatolar ustida ishlash shart», deydi ishonch bilan Alyona Erixovna. Uning uchun EKUning soni emas, sifati muhim. Bir oyda 10 ta dastur har bir bemor muammosiga yaxshiroq yondashish imkonini beradi, deb hisoblaydi. Uning fikricha, EKU vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li emas. Inseminasiya kabi boshqa usullar ham bor. Eng muhimi, kerakli mutaxassisga murojaat qilish va qimmatli reproduktiv vaqtni yo‘qotmaslik».

«Bemorlar ham har xil. Kimdir bolaning jinsini oldindan tanlashni istaydi. Yaqinda olti yil homilador bo‘la olmay, EKUdan keyin shu baxtga erishgan bir ayolning hali tug‘may turib: «Keyingi gal biryo‘la ikki o‘g‘ilni ko‘chirib o‘tqazish mumkinmi?» degan gapi meni hayron qoldirdi, deydi kulib shifokor.

Alyona Erixovna barcha bemorlar taqdirini kuzatolmasligidan afsusda. Ko‘pchilik ijobiy natijaga erishgach, izsiz yo‘qoladi. «Ularda hammasi yaxshi bo‘lishiga umid qilaman».

Eng qiyini, juftlikka omadsiz EKU protokoli so‘nggi chora emasligini, ijobiy natija kechroq, albatta, bo‘lishini tushuntirishdir. Ayniqsa, EKU dasturiga so‘nggi umid ko‘zini tikib turgan bemorlarga buni aytish oson emas.

 

Ma’ruf Yo‘ldoshev, akusher-ginekolog, reproduktolog

Mediofarm EKO klinikasi, Toshkentdagi ftiziatriya va pul’monologiya markazi

 

Ftizioginekolog – ayollar jinsiy a’zolarining sil kasalligini davolovchi shifokor. Aynan shu mutaxassislik Ma’ruf Obidovichni reproduktologiyaga yetakladi. «Jinsiy a’zolari sil kasalligiga uchragan 95 foiz bemor homilador bo‘lish bilan muammoga duch keladi. Davolashdan keyin YoRT tavsiya qilinadi.

Shu bois ushbu mavzu bilan shug‘ullana boshladim», deydi Mediofarm EKO klinikasi bosh shifokori. U Olmaota, Istambul, Qozon, Tel’-Aviv, Noida (Hindiston)da tahsil olgan.

Shifokor Qozog‘iston bilan EKU transport protokoli doirasida ishlaydi. Karantinga qadar haftasiga bir-ikki marta Olmaotaga punksiyalar va embrionlarni ko‘chirib o‘tqazish uchun borib turgan. O‘tgan yili 210 ta protokol o‘tkazgan, homiladorlik ko‘rsatkichi 66 foizni tashkil etadi.

«Biz embrionlarni muzlatuvchi Freeze All dasturini qo‘llaymiz», deydi mutaxassis.

Yaqinda YoRT protokollari Toshkentdagi yangi klinikada ham o‘tkaziladi. Saytda onlayn maslahatlar beriladi, virtual «onalar maktabi» va boshqalar ochiladi.

 

Kasbimizda eng muhimi – doimo takomillashish, YoRT sohasida barcha yangiliklardan xabardor bo‘lish. Chunki har kuni sohada biror yangilik paydo bo‘ladi.

 

Muhayyo Maqsudova, akusher-ginekolog, reproduktolog

Laylon ayollar salomatligi markazi

Yevropa, AQSh, Rossiya uyushmalari a’zosi birinchi embrion amaliyotini ustozi, professor, Sankt-Peterburg bosh reproduktologi Igor’ Yur’evich Kogan boshchiligida 11 yil avval bajarishga muvaffaq bo‘lgan. TTA bitiruvchisi Nevadagi shaharda o‘tkazgan yillari, I.Mechnikov nomidagi tibbiyot akademiyasi, D.Ott nomidagi akusherlik va ginekologiya ITIdagi o‘qish davrini iliq taassurotlar bilan eslaydi. Toshkentga qaytib kelib, Dilbar Qamariddinovna Najmiddinova rahbarligida ilmiy ishini davom ettirdi. Muhayyo Maqsudova bepushtligi bor ayollarga yordam beradi, ijtimoiy tarmoqlarda @Siz_ona_bulasiz loyihasini olib boradi, uning doirasida seminarlar, maslahatlar tashkil qiladi.

Shifokor bemorlarni EKUga yuborishga shoshmaydi, tabiiy homiladorlik uchun qo‘lidan kelgancha harakat qiladi. Gormonal fon, ovqatlanishni me’yorga tushiradi, psixolog sifatida ishlaydi. «Yaqinda AQShlik bemorim ikkinchi bolasiga o‘zi homilador bo‘ldi. Birinchisini EKU yordamida tuqqandi. Ayol navbatdagi sun’iy urug‘lantirish dasturiga tayyorlanayotganida, men uni o‘zi homilador bo‘la olishiga ishontirdim. Bunday misollar talaygina», deydi faxr bilan reproduktolog.

Tuxumdonlar, xususan, ovarial zaxira – ayoldagi eng bebaho ne’mat. Yoshlik, go‘zallik, salomatlik uning sifatli va uzoq muddatli ishiga bog‘liq.

 

Dilfuza Salohovna Qurbonbekova, akusher-ginekolog, reproduktolog

Ayollar salomatligi markazi. @dilfuzabegim

Meni buvim katta qilgan. Uni 13 yoshida uzatishgan bo‘lsa-da, birinchi farzandi, yakkayu yagona qizini 30 yoshga kirib dunyoga keltirgan. «Homilador bo‘la olmaslik – katta baxtsizlik», derdi buvim ko‘z yoshlarini tiya olmay.

Shuning uchun bepushtlik muammosi meni doimo o‘ylantirardi. Har safar oldimga qaroqlari yoshga to‘la ayol kelsa, buvimni eslayman.

Ba’zan zamonaviy tibbiyot ojiz qoladi. Ayolning yoshi qancha katta bo‘lsa, ijobiy natija ko‘rsatkichi shuncha past bo‘ladi. Men doim: «Reproduktologiya – bu san’at», deyman.

Bilasizmi, hayotimdagi eng g‘alati iltimosni homilador bo‘lgan mijozim va uning umr yo‘ldoshidan eshitdim. Ular o‘zlaridan qolgan, muzlagan embrionlarini muhtoj bepusht juftliklarga sovg‘a qilishimni so‘rashdi.

Muvaffaqiyatsizliklar bo‘lib turadi… O‘ndan ortiq EKU urinishlariga qaramay, natijaga erisholmagan oilalar bor. Ammo ular aslo tushkunlikka tushmay, o‘z maqsadi sari intilishda davom etyapti. Ular haqida katta bir kitob yozsa bo‘ladi…

Hammada ota-ona bo‘lish imkoniyati bor. Muhimi, uni qo‘ldan chiqarmaslik va ortga surmaslik kerak.

Shahnoza Bahodirova, vrach-akusher, ginekolog-reproduktolog

Doktor Shahnoza Fayz klinikasi

instagram: @doctor__shahnoza_fayz

– Institutni tamomlab, oltinchi tug‘ruqxona qoshidagi akusherlik va ginekologiya kafedrasiga ishga kirganimdan beri reproduktologiyaga qiziqardim. Birinchi ma’ruzam mavzusi ham bepusht juftliklar xususida edi.

Avvaliga menga qarindoshlarim va yaqin bilgan insonlarim murojaat qilardi. Ularga qarab turib, bepushtlik muammosi nechog‘li jiddiy ekanini, unga duch kelgan oilalar o‘zini naqadar baxtsiz his etishini tushundim.

Shahnoza Bahodirova o‘z kasbida oilalarga nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy tomonlama ko‘maklashish imkoniyatini ko‘radi. Bu – oilani saqlab qolib, onalik va otalik baxtini his ettirish imkoni.

– Shunday vaziyatlar bo‘ladi, hatto mutaxassislar ham bemorning organizmi qanday javob qaytarishini bilmaydi. Chunki har bir inson noyob, olib boriladigan protokolga munosabat esa turlicha bo‘lishi mumkin. Shunga qaramay, shifokor YoRT natijasi tibbiyot xodimiga 50 foiz bog‘liq deb biladi.

Ba’zan mutlaqo kutilmagan natijaga duch kelib hayratlanamiz. Masalan, 42 yoshli ayolga ikkita embrion ko‘chirib o‘tkazilganda, uch nafar ajoyib o‘g‘il dunyoga keldi. Hech bo‘lmasa, bittagina zurriyod tilab turgan oila naqd uch farzandli bo‘ldi.

Har kuni o‘zim va mijozlarimga umidsizlikka tushmaslik zarurligini ta’kidlayman.

 

Surayyo Yo‘ldosheva, akusher-ginekolog, reproduktolog

Ayol Care ayollar salomatligi markazi

– Bepusht juftliklar – bu chuqur qalb jarohatiga ega bemorlardir. Ular umidsizlik va omadsizlikdan o‘tib keladi. Yaqin-yaqingacha bu oilalar uchun bepushtlik tashxisi qat’iy hukm edi.

Ularga yordam berish istagi meni bepushtlikni davolash sirini o‘rganishga undadi.

Shu tariqa o‘sha vaqtda men uchun haqiqiy fantastikadek tuyulgan reproduktologiyaga kirib keldim.

EKU protokolining muvaffaqiyati shifokor va bemor o‘rtasidagi ishonch, bemorning barcha murakkab bosqichlardan o‘tishga psixologik tayyorgarlik darajasi, mijoz – reproduktolog – embriolog jamoasidagi muloqot va o‘zaro hamjihatlik kabi omillarga bevosita bog‘liq.

 

 

Hech kim qirq yoshli ayol yoki azospermiyali erkakka 50 foizlik imkoniyatni va’da qilolmaydi. Bu – yolg‘on. Shuning uchun reproduktologga iloji boricha ertaroq murojaat qilish kerak. Vaqtni yo‘qotish orqali vaziyatni chuqurlashtirish mumkin.

 

Nargiz Mirzahmedova, tibbiyot fanlari doktori, akusher-ginekolog, reproduktolog

Consultative Medical Group

2009 yili isroillik professor David Levran O‘zbekistonda ekstrakorporal urug‘lantirishni joriy qilish bo‘yicha «Doktor D» klinikasi qoshida ish boshladi. Amaliyot davomida uch nafar mutaxassis o‘qitildi. Ulardan biri Nargiza Mirzahmedova edi.

– Agar juftlik tabiiy yo‘l bilan farzand ko‘ra olmasa, operativ aralashuvga shoshilmaslik kerak. Birinchi navbatda, asl sababni aniqlash uchun to‘liq tekshiruv o‘tkazish lozim.

Vakolatli mutaxassis uni hal etishda yordam beradi. – Bunday vaziyatda shifokor reproduktiv tibbiyot markazlariga murojaat qilishni tavsiya qiladi.

Ko‘pchilik bo‘lg‘usi farzand jinsini aniqlab berishni so‘raydi. Yoki ko‘p homilalilik nechog‘li murakkab ekanini tushunmay turib, biryo‘la ikkita embrion joylashni iltimos qiladi.

Ilgari xorijda o‘qigan bo‘lsak, endi Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistondan mijozlar protokol uchun yurtimizga kelyapti.

Bemorlar bilan yaxshi natija kutamiz, ammo tan olaman, har doim ko‘nglimda shubha bo‘ladi. Biz Yaratgan izmidagi vosita ekanimizga ishonaman va uzoq kutilgan homiladorlik biz uchun katta mukofot bo‘ladi.

 

Ol’ga Fedoraxina, embriolog

Consultative Medical Group

– Embriolog bo‘lish mas’uliyatli, ammo juda qiziq. Bu ishda bir vaqtning o‘zida miya, qo‘l va ko‘z baravar ishlashi kerak. Qattiq e’tibor, tezkorlik va o‘ta aniqlik zarur. Chunki eng qimmatbaho va noyob manbalar: inson gametalari va embrionlar bizning qo‘limizda, – deydi klinik embriolog.

O‘sha paytda endigina tashkil etilgan EKU klinikasida isroillik reproduktologlar bilan ishlash va bir vaqtning o‘zida stajirovkadan o‘tish taklifi Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU) biologiya fakul’teti bitiruvchisining hayotida tub burilish yasadi. «Xalqaro darajadagi mutaxassislar bilan ishlash juda ajoyib tajriba edi», deydi embriolog mehnat faoliyatining boshlanishi haqida.

– YoRT – mamlakatimiz tibbiyotida ancha yangi yo‘nalish, ammo ginekologlar ushbu texnologiyalarning alohida usullaridan allaqachon foydalanadi. Masalan, bachadon ichi inseminasiyasidan. Lekin reproduktiv imkoniyatlarning barcha turlari, xususan, ekstrakorporal urug‘lantirish O‘zbekistonda aynan bizning markazda paydo bo‘ldi.

 

Embriologlar ko‘pincha zargarlarga qiyoslanadi, ammo zimmamizdagi mas’uliyat mutlaqo boshqa darajada: zargarlikdan farqli ravishda laboratoriyadagi xatoni ba’zan to‘g‘rilab bo‘lmaydi. Bundan tashqari, usta zargarni vaqt chegaralari siqib qo‘ymagan bir paytda embriologning muayyan muolajalarni bajarish uchun daqiqa emas, balki sanoqli soniya vaqti bo‘ladi.

Irina Muzichenko, embriolog

Mediopharm EKU

 

– Garchi bemorlar biz, embriologlarni faqat kichik darchadan ko‘rishsa-da, uzoq kutilgan homiladorlikka erishish uchun bor imkoniyatni ishga solamiz.

Bizda «embriolog» degan mutaxassislik yo‘q. Buning ustiga YoRT endigina yo‘lga qo‘yilyapti. Shuning uchun bilganlarimni ish joyim, ma’ruza hamda mahorat darslarida o‘rganganman.

Qozog‘iston klinikasida ishlash baxtiga muyassar bo‘lganman. U yerda shifokorlar o‘qitilib, davlat namunasidagi embriolog diplomi beriladi.

Shu tariqa biotexnologiyadan embriologiyaga kelib qoldim, — deydi Irina Qozog‘istonda o‘tkazgan yillarini xotirlab.

Toshkentda embriologiya laboratoriyalari mavjud klinikalar endigina ish boshlayapti. Ammo xorijlik hamkasblar tufayli ular YoRT sohasidagi barcha talablar va jahon tendensiyalariga mos keladi.

 

Ish vaqtida o‘zimni bo‘lg‘usi ota-onalar uchun sehrgar va embrionchalar uchun enagaday his qilaman. Axir ko‘z oldimizda haqiqiy mo‘’jiza – yangi hayotning paydo bo‘lishi ro‘y beradi.

 

 1,956 

0
    0
    Ваша корзина | Sizning savatingiz
    Ваша корзина пуста | Savatingiz bo'shВернуться к покупке | Sotib olishga qaytish