Onkologiyadan ko‘ra mushkulroq

O‘zbekistonning birinchi onkoginekologi va uning qizi – yetakchi onkomammolog: kasbi va ayollar hayotidagi onkologiya haqida.

Yulduz Tojiboyeva, vrachlar malakasini oshirish institutining onkologiya kafedrasi professori, tibbiyot fanlari doktori. 1977-yilda «Vulva saratoniga uchragan bemorlarda shaxsiy prognoz qilish» mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 2007-yilgacha O‘zR Onkologiya va radiologiya ITI onkoginekologiya bo‘limida ilmiy rahbar bo‘lib ishlagan

 Tasodiflar tasodifiy emas

To‘rtinchi sinfda ko‘z muammosiga duch kelganimda, otam meni shifokorlarga olib borgan. Ular oilaviy juftlik edi. Menga bo‘lgan munosabati yoqib tushganidan, davolanib bo‘lgach, shifokor bo‘lishga qatʼiy qaror qilganman.

Biz Qo‘qonda yashardik. O‘ninchi sinfdan keyin onam bilan Toshkentga – tibbiyot oliygohiga hujjat topshirgani uchib ketganmiz.

Institutni tugatganimdan keyin meni Qo‘qonga, bolalar poliklinikasida ishlash uchun jo‘natishdi. Lekin taqdir taqozosi bilan turmushga chiqib, yana Toshkentga qaytib keldim.

Qizim Nigora 4 oylik bo‘lganida, meni tashkil topganiga atigi uch yil bo‘lgan onkologiya markaziga tavsiya qilishdi. Bironta onkolog yo‘q edi. Direktor Jo‘ra Abdurasulov ikki yildan keyin onkologlikka o‘qish sharti bilan meni ishga oldi. Markazga esa ginekologiya bo‘limining oddiy ordinatori bo‘lib qabul qilindim. Shu tarzda mening hikoyam boshlandi.

Ikki yil o‘tib, klinik ordinaturaga kirdim. Bu vaqtda turmush o‘rtog‘im bilan ajrashganim bois, Leningradga bemalol o‘qishga ketishim mumkin edi. Qizimni onamga qoldirdim.

Bu sohaga tasodifan kelib qolgan bo‘lsam-da, onkoginekologiya bo‘yicha O‘rta Osiyoda birinchi mutaxassisga aylandim.

Tarjimadagi qiyinchiliklar

Qaytib kelganimda, meni direktorimiz kutib oldi va so‘roqqa tutib ketdi: «Nima qilishni bilasiz?». «Hech narsani bilmayman», – deya javob berdim. – «Qorinni kesib ko‘rishga berishdimi?» – “Yo‘q”. – «Unda nimaga qaytib keldingiz? Klinik ordinaturadan keyin bo‘limni boshqarishingiz kerak edi, siz esa oddiy narsalarni ham o‘rganmabsiz».

Garchi markazda mendan boshqa mutaxassis bo‘lmasa-da, o‘sha suhbatdan keyin meni operatsiyaga yaqin yo‘latishmadi.

Ilk operatsiyam – bachadonni olib tashlash amaliyotida, bu jarayonni birinchi bor ko‘rayotgan jarrohlar yonimda turdi. Operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi. Ammo ertasi kuni reanimatsiyadagi ayol hali ham o‘ziga kelmagani haqida xabar berishdi. Meni siydik yo‘lini kesib yuborganlikda ayblashdi. Chunki bu kabi operatsiyalarda chindan ham ko‘pincha siydik yo‘llari shikastlanadi. Qattiq asabiylashdim. Nima deyishni bilmasdim. Keyin esa kutilmaganda anesteziologning flakonni adashtirib, boshqa qon guruhini quygani haqida maʼlum bo‘ldi. Bemor aynan shuning uchun o‘ziga kelmagan ekan.

Tanganing ikki tomoni

Bemorlarning o‘limidan og‘iri yo‘q. Bu haqda uning yaqinlariga qanday qilib aytishni bilmay, azob chekasan. Jarayonni eslab, balki yana nimadir qilishim mumkin edi, deya o‘zingni qiynaysan.

Eng qo‘rqinchlisi – operatsiya paytida qon ketib qolsa-yu, uni to‘xtata olmasang. Bunday damda butun kuchsizligingni his etasan.

Lekin bemorlaringni uchratib qolish juda yoqimli. Qayerga bormay, bir vaqtlar operatsiya qilgan insonlarim bilan to‘qnash kelaman. Ular minnatdorlik bildirib, chin dildan xursand bo‘ladi.

Men operatsiya qilishni, insonlarni davolashni, ularning sog‘ayishini kuzatishni yaxshi ko‘raman, bu quvonchni oddiy so‘z bilan ifodalash qiyin.

Yoshim 75 da bo‘lsa-da, haligacha ishlayman. Chunki kasbimni sevaman.

Qizim

Nigora qo‘rqqanidan, avvaliga ishimni davom ettirishni xohlamadi. Chunki onkologiya – oddiy soha emas. Ammo men qattiq turib oldim. Chunki farzandlarim shifokor bo‘lishini bilardim va Nigora kasbimni egalladi.

Qizim qanday deysizmi? U insonlarga yordam beradi, eng muhimi ham shu emasmi?!

Nigora Mahmudova, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining onkomammologiya bo‘limi mudirasi, O‘zbekiston onkologlari uyushmasi aʼzosi, tibbiyot fanlari nomzodi

Tanlov

Tibbiyot xodimlari orasida o‘sdim. Shuning uchun onamning izidan borganimga ajablanmasa xam bo‘ladi, ammo boshida xohishim kuchli bo‘lmagan.

Avvaliga ordinaturada qiynaldim, lekin onamning oq fotihasidan keyin menda rag‘bat paydo bo‘ldi. U rahbar sifatida emas, balki ona sifatida, doimo o‘z ustimda ishlashim kerakligini talab qilardi.

Kuzatuvlar

Onkologiya hayotni o‘zgartirib yuboradi: baʼzi bemorlar tashxis tufayli turmushidan ajraladi, baʼzilarini esa yaqinlari qo‘llab-quvvatlaydi. Ayniqsa, farzandlar bu qiyin davrda o‘z onalariga mehribon bo‘ladi! Bunday farzandlarga qoyil qolaman.

Ajablanarlisi, inson feʼl-atvori uning shifo topishiga taʼsir qiladi. Injiq, noziktabiatli bemorlarning yarasi ham sekin bitadi, ularni operatsiya qilayotganingda bu taranglikni sezasan. Baʼzi bemorlar esa – samimiy, ochiqko‘ngil bo‘lib, ularda hammasi silliq o‘tadi.

O‘z vaqtida murojaat qilgan bemorlarni yaxshi ko‘raman.

Har kuni tibbiy savodsizlikka duch kelamiz. Baʼzida hatto shifokorlar murojaat qiladi, sen esa, nahotki shifokor o‘ziga shunday munosabatda bo‘lsa, deya xayron qolib o‘tirasan.

Ruhan qiyin bo‘lsa ham, baribir kasbimni yaxshi ko‘raman. Ayniqsa, qaynonasidan qo‘rqib davolanmagan yosh juvonlarni ko‘rish og‘riqli. Mish-mishlar tarqalmasligi uchun, kesish mumkin emasmish.

Onkologlarning ishi – bamisoli hushyorxona, undan keyin har bir daqiqaning qadriga yetasan. Boringga shukr deysan.

Eng muhim ustozim

Uning ismi jismiga mos. Ishda: onangiz – afsonaviy inson, deyishadi.

U menga qatʼiyatlilikni, prinsipiallikni, o‘z fikrimni himoya qilishni o‘rgatdi.

U ham dugonam, ham ustozim, ham volidam.

Parda ortida

Ota-onalar farzandlariga eng oddiy narsalarni tushuntirmaydi. Bola anʼanaviy qarashdagi oilada tarbiya topadimi yoki zamonaviymi, buning farqi yo‘q, ammo reproduktiv salomatlik haqida bolalikdan singdirib borish kerak.

Aksariyat bemorlar juda kech keladi. Yigirma birinchi asr bo‘lsa-da, odamlar hamon savodsiz. Bachadon bo‘yni – ko‘rinmaydigan joy. Shu sababdan ayollar ginekolog oldiga qayta boravermaydi. Ko‘pchilik surtma olmasdan, saratonoldi belgilarni eroziya kabi davolaydigan bilimsiz shifokorlar qo‘liga tushib qoladi. Birinchi bosqichda kamdan-kam holatlarda murojaat qilishadi, asosan uchinchi, to‘rtinchi bosqichda kelishadi.

Oldimizga kelishga qo‘rqishadi. “Onkologiya” degan nomning o‘zi odamlarda qo‘rquv chaqiradi. Bezovtalik bo‘lsa ham, o‘zlarini tekshirtirishmaydi. O‘tib ketadi, deb o‘ylashadi. Kelganda esa kech bo‘ladi. Axir biz Xudo emas, oddiy shifokorlarmiz.

Biz doimo joylarga chiqamiz, suhbatlar olib boramiz, onkologiya hukm emasligini va davolanishini insonlarga yetkazishga harakat qilamiz. Lekin qo‘rquv hamon bor.

Onkologiya hozirgi yosh avlod sog‘lig‘ining yomonlashuvi sababidan emas, balki aholining o‘sib borishi hisobiga yosharyapti. Kasallik ko‘paymayapti, u haqda shunchaki ko‘proq gapirishni boshlashdi, ilgari esa u hattoki aniqlanmagan ham.

Bugun ayol salomatligi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Faqat bu hech kimga kerak emas. O‘qishmaydi, qiziqishmaydi, diagnostikadan o‘tishmaydi. Odamlar haligacha tabiblar va o‘t bilan davolaydiganlar oldiga boradi. Shu paytgacha ulardan davo topganlar yo‘q-ku. Baribir keyin oldimizga qaytib kelishadi. Lekin unda kech bo‘ladi.

Axir ayolning reproduktiv salomatligi uchun ko‘p narsa kerak emas: gigiyenaga rioya qilish, profilaktika, o‘z vaqtida davolanish va emlash ishlari. Sog‘liqni birinchi o‘ringa qo‘yish kerak. Ayniqsa, ayol kishi.

Vaqtida murojaat qilinsa, yordam berish mumkin.

Agar belgilari bilinsa, demak, endi kech. Chunki onkologiya ko‘pincha belgilarsiz kechadi. Aynan shuning uchun profilaktika zarur. Yilda bir marta. Masalan, Yaponiyada endoskopiyadan o‘tmasangiz, ishga olishmaydi. Shu sababdan ularda oshqozon saratoni deyarli yo‘q.

Insonlar oddiy profilaktika qoidalariga rioya qilishni boshlasa, muntazam ko‘rikdan o‘tish qoidaga aylansa, ana shundagina onkologiya kamayadi.

 

Madina Mixmanova

Yevgeniya Arutyunova

 1,178 

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии