O‘zak hujayralar banki

O‘zak hujayralar bankini yaratish loyihasi haqida biolog Oksana Charishnikova so‘zlab beradi

 

Oksana Charishnikova,

PhD, Ilg‘or texnologiyalar markazining ekperimental biofizika laboratoriyasi mudiri

Qaerda va qachon?

Loyiha Innovasion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazi negizida amalga oshirilmoqda. Jarayonda Gematologiya va qon quyish ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari ishtirok etyapti. Uch yil ichida olimlar kindik qonidan o‘zak hujayralarni to‘plash, ajratib olish va kriokonservasiya qilish protokollarini ishlab chiqadi, mazkur namunalarning elektron bazasini yaratadi.

O‘zak hujayralar banki nima?

Dunyoda 180 dan ortiq shu kabi banklar bor. Bu super zamonaviy laboratoriyalar bo‘lib, ularda qat’iy nazorat ostida o‘zak hujayralar ajratib olinadi va Sel’siy bo‘yicha -180 darajali haroratda saqlanadi. Ular hayotning o‘ziga xos «biologik sug‘urtasi»ni ta’minlaydi. Bu kelajakda chaqaloq hayotini saqlab qolish bilan birga, transplantasiya maqsadida donorlik hujayralari uchun bankka murojaat qilgan bemorlarga sog‘ayish umidini beradi.

Nima uchun O‘zbekistonda o‘zak hujayralar bankiga ehtiyoj bor?

Eng avvalo, suyak iligi donorlarining keskin yetishmasligi muammosini hal qilish uchun. Kindik qoni o‘zak hujayralarining transplantasiyasi bu sohada haqiqiy yutuq bo‘ldi.

O‘zbekistonda ilik donorlarining ma’lumot bazasi yo‘q. O‘zak hujayralar bankini yaratish bemorlarning vaqti va mablag‘ini tejash, sog‘ayish imkoniyatini oshirishga yordam beradi.

Biz ko‘p narsa haqida kelasi zamonda gapiramiz. Xo‘sh, bugun hujayra texnologiyalarini qo‘llash sohasida nima ishlar qilinyapti?

Hujayra texnologiyalari – biotibbiyot va XXI asr tibbiyotining muhim qismidir. AQSh, Xitoy, YeI va bir qator davlatlarda o‘zak hujayralar asosidagi preparatlar yordamida jiddiy kuyishlar, ko‘zning shox pardasi, suyak iligi shikastlanishi kabilar davolanadi. Ular stomatologiya, jarrohlik, travmatologiyada qo‘llanadi.

O‘zbekistonda Gematologiya va qon quyish ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari limfoma va mielomasi bor bemorlarning periferik qonidan olingan, ilikning sog‘lom o‘zak hujayralarini transplantasiya qilish bo‘yicha ilg‘or amaliyotni hayotga joriy etdi.

O‘zak hujayralarning bankdagi strategik zaxirasi amaliyotda innovasion tibbiy ishlanmalardan foydalanish imkonini beradi, bu esa aholining hayot sifati va salomatligini yaxshilaydi.

O‘zak hujayralar nima?

Bu organizmimizdagi barcha hujayralarning «o‘tmishdoshi»dir. Ular a’zolar va to‘qimalar tarkib topgan turli hujayralarga aylana oladi. Masalan, embrional turi mutlaqo har qanday hujayralarga o‘xshashga qodir. Ammo ular abortiv materialdan olingani bois, ko‘p davlatlarda bu kabi tajribalar taqiqlangan. Katta odamning o‘zak hujayralari unchalik universal emas: ular faqat muayyan to‘qimalarning hujayralarini tiklaydi.

Mo‘’jizali hujayralar asosi qaerda?

Yangi tug‘ilgan chaqaloqning kindik qoni va ichakchasi, katta odamning yog‘ to‘qimasi, suyak iligi kabilardan olinadi.

O‘zak hujayralar qanday olinadi?

Kindik qonining o‘zak hujayralarni saqlab qolish imkoniyati hayotda bir marotaba beriladi – bola tug‘ilganda.

Namunalar kindik ichakchasi qirqilganidan keyin kindik venasidan olinadi va yopiq konteynerga joylashtiriladi. Bola tug‘ilganidan keyin ikki soat davomida qon laboratoriyaga yetkaziladi, u yerda infeksiyaga tahlillar o‘tkaziladi. Shundan so‘ng o‘zak hujayralar ajratib olinadi. Ular -180°C haroratda krio-omborda saqlanadi.

Bu hujayralar necha yil saqlanadi?

Kriokonservasiya qoidalariga to‘liq rioya etilganda, o‘zak hujayralari cheksiz uzoq muddat saqlanishi isbotlangan. Ammo bu kelajakdagi vazifa. Hozircha tahminiy muddat – 30 yil.

Yangi tug‘ilgan chaqaloqning o‘zak hujayralarini saqlab qolish – to‘g‘ri qaror. Ular bola bilan yuz foiz o‘xshash va uning genetik salohiyatini o‘zida mujassam etadi. Bugun bu kabi hujayralar 80 dan ortiq kasalliklarni davolash uchun ishlatiladi.

«O‘zak hujayralar yordamida yasharish» nima?

Bu insofsiz kosmetologlar foydalanadigan xavfli va shubhali muolaja. Yashartirish maqsadida o‘zak hujayralarni qo‘llash bo‘yicha ilk tajribalar bemorlarga katta zarar yetkazdi.

Jahon tibbiy amaliyotida embrional hujayralarni qo‘llash taqiqlangan. Chunki hujayralar bemor organizmi uchun mutlaqo begona. Ammo undan hamon foydalanilyapti, ayniqsa, Osiyo mamlakatlarida.

Boshqa usul – bemorning yog‘ to‘qimasidan o‘zak hujayralarni olishdir. Ammo ular suyak, tog‘ay, biriktiruvchi to‘qimalarga aylanishi va yashartirish uchun yaroqsiz ahvolga kelishi mumkin.

Bizda bu kabi yashartirish muolajalari o‘tkaziladimi?

O‘tkazilmaydi, deya umid qilamiz.

 1,080 

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии