O‘z shifokorimiz

0

Sut bilan bug‘doy yormali bo‘tqani yaxshi ko‘radi, ammo uch yoshgacha bolalarga yedirishni taqiqlaydi. Mishiqi burunni yomon demaydi. Uzoq kutib o‘tirmasdan, unga murojaat qilish kerak. Tanishing – Andrey Prodeus, bolalar allergolog-immunologi, Malisheva loyihasidagi o‘sha mashhur shifokor.

Andrey Prodeus, Moskva viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasining shtatdan tashqari bolalar bosh allergolog-immunologi, t.f.d., Oliy tibbiyot maktabi klinik immunologiya va allergologiya kafedrasi mudiri, Rossiya televideniesidagi «Jit’ zdorovo» dasturi boshlovchisi. Innovasion rivojlanish vazirligi taklifi bilan Toshkentga «Astma, allergiya, infeksiya: tashxislash va davolashga molekulyar yondashuv» mavzusidagi ilmiy-amaliy anjumanda qatnashish uchun keldi.

Amaliyotingizda ro‘y bergan eng qiziq hodisa nima?
Boshimdan o‘tgan barcha hodisa kulgili. ammo oxirgisi kuldirishdan ko‘ra, ko‘nglimni yumshatdi. Bemorlar kelib so‘rab qolishdi: «Doktor, bolani necha yoshdan o‘pish mumkin?»
«Tug‘ilgan zahoti!» dedim men.

Ota-onalarning bola tarbiyasida eng ko‘p yo‘l qo‘yadigan xatosini sanab bering.
Mehrning yo‘qligi.
Jiddiyroq aytganda, bola terisiga toshma, atopiya, issiqlik chiqsa, to shifo topmagunicha ota-onasi uni cho‘miltirmaydi. O‘zingiz bir-ikki kun cho‘milmay ko‘ring-chi, ayniqsa, issiq havoda, nima bo‘larkan!

Kasallikka moyillikni aniqlash mumkinmi? Siz genetik testlarga yo‘llanma berasizmi?
Albatta. Tor mutaxassisligim – «immun tizimi xatolari» guruhiga kiruvchi kasalliklar. Ular tug‘ma o‘zgarishlar, ya’ni genlar bilan bog‘liq muammolardir. Ular og‘ir va yengil turlarga bo‘linadi.

Yana metabolik nuqson va mitoxondrial sindrom nomli kasalliklar guruhi bor. Ularning hammasi genetik merosimizda turadi.
Kasalliklarning jahon bo‘yicha yangi tasnifi (yaqin 2-3 yilda chiqadi)ning yarmi genetik guruhlangan kasalliklardan iborat.

Har yili unga qaysidir genda ro‘y bergan xatolarga bog‘liq 20–30 ga yaqin o‘zgarish qo‘shiladi. Endi sababini bildik va davolaymiz.

Genlar darajasida aniqlanadigan va eng ko‘p uchraydigan kasallik qaysi?
Bu immunitetdagi antitanacha ishlab chiqarilishining buzilishi bilan bog‘liq o‘zgarishlar. Har mingta kishidan bittasi genetik kasallikka uchraydi. Bu dunyo aholisining 0,1 foizi degani. Immun tizimidagi xatoliklarga bog‘liq yanada jiddiy kasalliklar barcha tug‘ilayotganlar orasida har 3000–4000 kishidan bittasida uchraydi.
Ahamiyati jihatidan keyingi kasalliklar – mukovissidoz, fenilketonuriya – har 4000 va 6000 kishidan bittasida aniqlanadi.

Bolalar bog‘chasida «tinimsiz» burun oqishidan qanday saqlanish mumkin?
Bog‘chada burun oqishi yomon emas!
Ushbu jarayonning paydo bo‘lish xavfini nechog‘li kamaytira olish muhim. Mishiqi virus va bakteriyadan dalolat. Biz immun tizimini bir zumda javob berishga majburlay olmaymiz, ya’ni burun bitishidan tez xalos bo‘lish qiyin. Muvozanatni saqlashni o‘rganish kerak. Toki bunday holat iloji boricha kam bo‘lsin – bu esa hal bo‘ladigan masala.
Bu bo‘yicha beshta tavsiyam bor:
1. Har bir bolaning o‘z shifokori bo‘lishi kerak. Ota-onalarga shunday deyman: har bir onaning o‘z sartaroshi va manikyurchisi bor, ammo har bir bolada shifokori bor emas. Onaning sochi va tirnog‘ining bolaga qaraganda yaxshiroq parvarish olish huquqiga egaligi g‘alati.
Shifokorlarni ancha kech bo‘lganda topishadi.
2. Qat’iy kun tartibi. Bola talab qilganda ovqatlantirish kerak, degan fikrga qo‘shilmayman. Nafaqat ovqatlantirish, balki uyqu uchun ham tartib kerak. Bolalarning immun hujayralari kunduzgi soat 11 dan 15 ga qadar tiklanadi va o‘sadi. Agar mana shu vaqt oralig‘ida u uxlamasa, uning immun tizimi bu tartibga rioya qiladigan bolanikiga qaraganda, yomonroq ishlaydi. Burun oqishi ham ko‘payadi.
3. Rasional ovqatlanish. Semiz va ortiqcha vaznga ega bolalarning immun faoliyati zaif bo‘ladi.
4. Iste’moldagi temir moddasi miqdori muhim. Agar bola tarkibida temir moddasi kam ovqat yesa, latentli temir tanqisligi paydo bo‘ladi. U nafaqat aqliy rivojlanish va anemiyada aks etadi, balki immun tizimi hujayralari faoliyati va faolligiga ham ta’sir qiladi. Ular bor, lekin yalqov.

5. D vitamini. Quyoshli vanna foydali va ushbu muolaja mazkur vitaminga ehtiyojni butunlay qoplaydi, degan yanglish fikr bor. Chaqaloqni ilk oyda quyoshga olib chiqishlariga qarshiman. Bu agressiv jarayon. Quyoshda soat 10 ga qadar va kunduzgi 4 dan keyin yurishga ruxsat beriladi. Unutmang, bolaning terisi tez quriydi va emolenta (yumshatuvchi, namlantiruvchi moddali kosmetik mahsulotlar)lardan foydalanish kerak. Hatto sizning serquyosh o‘lkangizda ham D vitaminini aralashma holida 400–1000 birlikdagi profilaktik dozada berish kerak.
Vrezka: Har bir bolaning o‘z shifokori bo‘lishi kerak

Bola necha yoshga kirganda, u bilan sayohat qilish mumkin?
Men tavsiya qilmaydigan nozik vaqt oralig‘i bor – bu 4 oylikdan 6 oylikkacha davr. Sababini tushuntiraman. Gap sog‘lom tug‘ilgan bola haqida. Mavjud himoya onadan o‘tgan. Ona suti bilan birga u immun komponentlarni qabul qiladi. Dastlabki ikkinchi-uchinchi oylarda onadan o‘tgan antitanachalar himoyani ta’minlaydi. Uchinchi-to‘rtinchi oylarda esa bola onanikini yo‘qotib, o‘zinikiga ega bo‘la boshlaydi.

Biz nima qilamiz?

Bola tug‘ilgandan keyin ma’lum yoshigacha mehmon chaqirishga qo‘rqamiz. U odamlardan yakkalanadi. Mohiyatan hayotining ilk 3-4 oyida u ko‘proq himoyalangan. Ona esa bolam ulg‘aydi, endi jamiyatga qo‘shsam bo‘ladi, deb xato qiladi. Ana shunda mittivoy kasal bo‘la boshlaydi. Bu makkor davrni «fiziologik immun tanqisligi», deyishadi. Uning ustiga 3-4 oylikda emlash, tish chiqishi qo‘shiladi.

Nima uchun parvarishlab, tozalansa ham bola tishlarida qora dog‘lar paydo bo‘ladi?
Bu kislotalilik va genetik moyillik ta’siri. Keng tarqalgan holat.

Bolaning allergiya bilan kasallanish ehtimoli qanday?
Agar insonga ota-onasidan ma’lum bir genlar o‘tgan bo‘lsa, allergiyaning paydo bo‘lish imkoniyati ko‘proq. Masalan, agar otada allergiya bo‘lsa, allergik bolaning tug‘ilish ehtimoli 60 foizdan yuqori. Ota-onada bir xil allergiya bo‘lsa, ehtimol darajasi 80 foiz.

Ushbu kasalliklar asosida genlar yotadi.

 Allergiya kasalliklari asosida genlar yotadi

Ona sutining foydasi cheksiz. Sigir suti-chi, bolalarga foydalimi?
Bu o‘rinda yaxshi maslahat berolmayman. 3 yoshgacha bolalarga bug‘doy yormali bo‘tqa va qaymog‘i olinmagan sut berish tarafdori emasman! Qaymoqli, buning ustiga yangi sog‘ilgan sutni bolalarga berishni taqiqlayman. Sigir sutidagi oqsillar yaqqol xavfli allergen. Ular samarali bo‘lgan oqsil va ovqatlanish shakli emas. Men har qanday qatiq mahsuloti tarafdoriman, u yaxshiroq singadi. Mikrofloraga ta’sir qiladi va hazm bo‘ladi.
Yangi sog‘ilgan sut haqida aytadiganim shuki, uning xavfsiz ekaniga asosli shubhalarim bor. Shifoxonada yotgan bolalar orasida sutni xush ko‘ruvchilar topiladi. Biroq bolani shifoxonaga yetaklab keladigan mahsulotni tavsiya qilolmayman.

Sut bolaga qaynatib berilsa-chi?
Bu savol yanada qiziq. Sut qaynatilganda, oqsili qiziq tuzilishga kiradi. Har qanday termik ishlov oqsilning uchlamchi tuzilishini o‘zgartiradi. Isitilganda u yoyila boshlaydi, ayniydi va xavfli allergenlar ko‘payadi. Qancha ko‘p isitilsa, oqsil shuncha parchalana boshlaydi. Yoyilgan bo‘laklar birlashadi. Masalan, qaynatilgan sut sariq rangda bo‘ladi, bu sut oqsili yoyilganidan dalolat. Uni parchalash va hazm qilish qiyinroq. U haqiqiy allergenen va allergik reaksiya xavfini ko‘proq keltirib chiqaradi. Bolaning ferment tizimi buni parchalay olmaydi.

Sutga munosabatingizni bildik. Bug‘doy yormali bo‘tqa-chi?
Bug‘doy yormali bo‘tqaning turgan-bitgani zarar. U tez so‘riladigan uglevod. Kam miqdorda yaxshi kaloriya beradi. Men shifokor va ota sifatida bolalarda uglevod, yog‘ va oqsil miqdori muvozanatda bo‘lishini istayman. Hech bo‘lmasa, me’yorda ich kelishi uchun ularning tarkibida kletchatka bo‘lsin.
Bug‘doy yormali bo‘tqa tarkibida ko‘p miqdorda fitin bor. U fosforning organik preparati bo‘lib, kal’siy-magniy tuziga ega. Temir va mikroelementlar so‘rilishini to‘xtatadi. Agar bola faqat shu yemak bilan ovqatlantirilsa, hech qanday foyda ololmaydi.

 Bug‘doy yormali bo‘tqa turgan-bitgani zarar

Suhbatimiz oxirida so‘nggi tavsiyangizni aytsangiz.
Hamma narsaga ruxsat berilishiga qarshiman. Hatto kattalarga ham!

 

 

0
    0
    Ваша корзина | Sizning savatingiz
    Ваша корзина пуста | Savatingiz bo'shВернуться к покупке | Sotib olishga qaytish