Muhim hissiyot

0

Sukut saqlashni afzal bilishadi.

To‘shak borasida muammosi yo‘qday yurishadi, biroq chetdan yechim izlashadi.

Tat’yana Kim, urolog, androlog, endokrinolog, De Factum laboratories

Bella Shaxmurova, ginekolog, De Factum laboratories

Irina Kungurova, oilaviy psixolog, seksolog, Trening Studiya DAR psixologik markazi ijrochi direktori, Xalqaro seksologlar uyushmasi a’zosi

 

Tat’yana Kim, Urolog

Oilaviy hayotdagi muammolar er-xotin turmushining turli bosqichida boshlanishi mumkin.

Agar erta boshlansa bu, albatta, qayg‘uli.

Erkaklarda libidoning susayishiga nima sabab bo‘ladi?

Ayol va erkak libidosining asosi – bu miya va jinsiy gormonlar muvozanati.

Libido, eng avvalo, stress sharoitida pasayadi. Stressda biz ko‘paymaymiz va reproduktiv tizimimiz «so‘nadi». Bu – tabiat qonuni.

Libidoning susayishiga sabablar:

erkaklarning prolaktin gormonini ko‘paytiradigan antidepressantlar qabul qilishi tufayli testosteron kamayishi;

alkogolizm, giyohvandlik, kashandalik kabi har qanday qaramlik ta’siri;

o‘ta intensiv ijtimoiy hayot tarzi –  qiziqishlarni almashtirish sindromi;

yoshga doir androgen tanqislik (jinsiy gormonlar kamayishi).

Gormonal buzilishlardan tashqari, libidoga yana nima ta’sir qiladi?

Pornosanoat sog‘lom erkaklarning jinsiy mayliga salbiy ta’sir qiladi. Ular «jinsiy anoreksiya»dan aziyat chekadi va erta o‘smirlik yoshida fahsh saytlarga ko‘p kirishi oqibatida ereksiya faoliyati buziladi. Bunday videomahsulotlarni har kuni ko‘rish natijasida 20 yoshga borib, ereksiyaga erishish uchun videostimulyasiyaga bo‘lgan talab oshadi.

Erkaklar muammosi ko‘proq 40 yoshdan boshlanadi

Bu davrda testosteron miqdori kamaya boshlaydi. Testosteron erkaklarning asosiy gormoni bo‘lib, u o‘g‘il bolani erkakka aylantiradi (mushaklar paydo bo‘ladi, soqol chiqadi, tana tuzilishi o‘zgaradi, naslni davom ettirish qobiliyati shakllanadi).

Testosteron – gormonlar qiroli. Ushbu gormonning yuqori va barqaror miqdoriga ega erkaklar o‘ziga ishongan, kuchli va chidamli bo‘ladi.

Andropauza yoki erkaklar klimaksi – bu haqiqat. Har bir erkak organizmida jismoniy o‘zgarishlar ro‘y beradi va reproduktiv faoliyati susayadi.

«Klimaks» odatda 40 yoshda ro‘y beradi, ammo bugungi hayot tarzimiz, sport bilan shug‘ullanmaslik, noto‘g‘ri ovqatlanish, uyqu yetishmovchiligi, semizlik, surunkali kasalliklarni hisobga olsak, 30 yoshli erkaklar ham bu muammoga duch kelishi mumkin.

O‘zgarishlarni aniqlash mumkinmi?

Birinchi navbatda, erkak kishining kayfiyati tushadi, xotira pasayadi, qon bosimi oshadi, qomati o‘zgaradi, ginekomastiya paydo bo‘ladi (ko‘krak bezlari kattalashadi), teri turgori (tirik hujayralar tarangli)ni yo‘qotadi.

Qanday yordam beriladi?

Har tomonlama kompleks yordam beruvchi mutaxassis – bu shifokor androlog-endokrinolog.

Erkaklarga murojaatim shuki, agar vazningiz ortsa, faol insondan sust odamga aylana boshlasangiz, to‘shakda muammolar paydo bo‘lsa, ishchanlikni yo‘qotsangiz va beqaror ruhiy-hissiy holatni sezsangiz, shifokor-andrologga murojaat qiling. U erkaklik salomatligini mustahkamlashga ko‘maklashadi.

                                                                                                                              Irina Kungurova, seksolog-psixolog

Jinsiy muammolarning atigi 20 foizi jismoniy jarayonlarga borib taqaladi. Qolgani ruhiyatga bog‘liq.

Miya jinsiy hayajon kabi ereksiyaga olib keluvchi jismoniy jarayonlarning yuzaga kelishida asosiy o‘rin egallaydi. Shuning uchun turli ruhiy muammolar ereksiyaning susayishiga olib kelishi mumkin.

Ko‘pchilik oilalarda jinsiy munosabatlar erta yakun topadi yoki erlik quvvatini oshiruvchi dorilar hisobiga «arang ushlab turiladi

Erkaklar potensiya muammosi deb nimani yanglish o‘ylaydi?

O‘smirlik giperseksualligi bosqichidan chiqish

Har doim hissiyotga to‘la bo‘lib, jinsiy yaqinlikni xohlab yurgan o‘smirlik davrini joriy holati bilan solishtirgan erkak, bu davri o‘tib ketganidan keyin, erlik quvvatida muammo bor deb o‘ylab qoladi. Buning sababi o‘smirlik giperseksualligi davrida har gal ehtiyoj tug‘ilganda, uni qondirish imkoniyati bo‘lmagan. Nogoh bunday imkoniyat paydo bo‘lganda, u xuddi «och odam» singari «ortig‘i bilan yeb olishga harakat qilgan». Uylangandan keyin sharoit o‘zgaradi: jismoniy ehtiyoj tabiiy me’yorga aylanadi, rafiqasi doimo yonida va deylik, haftada bir-ikki marta u bilan yaqinlik qilish yetarli bo‘ladi.

Eyakulyasiyaning tez ro‘y berishi

 Ko‘pchilik erkaklar jismoniy me’yorni bilmay turib, eyakulyasiya tez sodir bo‘lishidan shikoyat qiladi. Masalan, uch daqiqa davomida

Jinsiy aloqani 2–5 daqiqa davom ettirish erkak uchun me’yoriy holatdir. Agar erkakda 15–20 daqiqadan ortiq vaqt davomida eyakulyasiya bo‘lmasa, bu muammo borligidan va erektil disfunksiyadan darak berishi mumkin. Albatta, agar u turli usullardan foydalanib, buni ataylab qilmasa.

Ereksiya darajasi va sifatiga ta’sir qiluvchi omillar:

– tushkunlik, davomli stress, kuchli charchoq;

– umumiy holsizlik, o‘zidan ko‘ngil to‘lmaslik;

– prezervativ yordamida jinsiy aloqaga kirisha olmaslik;

– jinsiy aloqa vaqtida ro‘y bergan kutilmagan muvaffaqiyatsizlik keyingi yaqinlik kuchli hayajonga sabab bo‘ladi;

– bolalik vaqtidagi ruhiy jarohatlar

Ba’zi omillarni batafsil ko‘rib chiqamiz.

Er-xotinning bir-biridan zerikishi

Davomli munosabatlarda juftliklar quyidagi holat bilan to‘qnash keladi: er-xotin bir-biri haqida hamma narsani bilib oladi, seksning qizig‘i qolmaydi. Bu erkakni o‘ylantiradi va tushkunlikka olib keladi.

Er-xotin yalqovligi

Ish, do‘stlar diydori, bola bilan dars tayyorlash birinchi o‘ringa chiqadi. Hammasiga e’tibor topiladi, lekin juftiga yo‘q. Aslida rafiqasiga ko‘proq vaqt ajratish, e’tiborliroq bo‘lish va erkalash jarayonini uzaytirish mumkin. Mumkin, ammo na istak va na vaqt bor. Bu yalqovlik odatga aylanadi. Juftliklar bir-biriga tobora kamroq e’tibor qaratadi, seks esa xushnudlik olib kelmaydi.

Jinsiy aloqadagi cheklovlar

Keng tarqalgan taqiqlar: «Rafiqam bilan oral seks bilan shug‘ullana olmayman, bu noto‘g‘ri, bundan keyin axir u bolamni o‘padi». Yoki missionerlik pozasidan boshqa poza yo‘qday. Turfa xillikning yo‘qligi er-xotin munosabatlariga salbiy ta’sir qiladi. Bu esa ayol va erkakda maylning yo‘qolishiga olib keladi.

Qiziqishlarning turfaligi

Er-xotining «lazzat olish istagi» bir-birinikiga mos kelmasligi mumkin.

Deylik, ayolga nozik harakatlar yoqadi, erkakka esa ehtirosli va yorqin seks. Qarabsizki, ikkisi ham qoniqmaydi. Erkak ayolining ko‘nglini olib, ehtirosini jilovlagan taqdirda o‘zi jabr ko‘radi. Bu esa maylning susayishi yoki keyinchalik xiyonatga sabab bo‘ladi.

Juftdan ko‘ngil qolishi

Sir emas, ko‘pchilik ayollar to‘ydan keyin dastlabki ikki-uch yil ichida semiradi, ayniqsa, tug‘ruqdan so‘ng. Albatta, buni tushunib qabul qilish kerak, ammo jismoniy istaklar ham bor.

Erkakning seksual ongida uni hayajonga soladigan ayol timsoli – qomati xushbichim ayol. Ammo uning oldida ikki barobar semirib ketgan rafiqasi turadi. Ayoli uni boshqa hayajonlantirolmaydi. Bu vaziyatdan qochib qutulib bo‘lmaydi, natijada jinsiy hayotdan ko‘ngil butunlay soviydi.

Chorasi bormi?

Jismoniy muammolarni istisno etib, psixolog-seksolog mutaxassis bilan ishlash kerak.

Erkaklarga maslahatlarim

Seksdagi omadsizlikni shaxsiyatingizga ko‘chirmang: bu erkakda ham muammo borligini anglatmaydi. Juftingiz bilan muloqot qilishni o‘rganing: xavotirlaringizni oshkor qiling, bir-biringizni qo‘llang.

Erogen sohalarni, hayajonga soladigan yangi imkoniyatlarni birga izlang. Orangizdagi seksga doir barcha cheklovchi holatlarni qayta ko‘rib chiqing. Chunki yangi hissiyotni istasangiz-da, bu ushbu oilada qabul qilinmasligi ham mumkin.

Juftlikka tavsiyalar

Erektil disfunksiya ko‘pincha tez eyakulyasiya natijasida erkakning rafiqasini qoniqtirma olmasligi bilan bog‘liq. Bu vaziyatda orgazmga tezroq erishish jarayonini muvozanatga solish kerak, ya’ni ayolga jinsiy aloqaga qadar mamnunlik bag‘ishlay oladigan silab-siypalash va erkalashlarni ko‘paytirish shart.

Seks pozalarini boyitish, fantaziyalar haqida bir-biriga so‘zlab berish lozim. Bir-biriga jinsiy hayotga yangilik olib kirishga imkon berish kerak, ayniqsa, juftliklar davomli munosabatda bo‘lsa.

Jinsiy muammolar yechimiga kirishishdan avval er-xotin o‘zaro shaxsiy ziddiyatlarni hal qilishi kerak.

 

Bella Shaxmurova, ginekolog

Vaginizm

Vaginizm – tos tubi mushaklarining nazoratsiz, beixtiyor qisqarishi, ongsiz ravishda qin mushaklarining qisqarishidir. Buning oqibatida na ginekolog ko‘rigidan o‘tish, na jinsiy aloqaga kirishish mumkin.

Vaginizm birlamchi va ikkilamchi bo‘ladi.

Birlamchi vaginizm jinsiy aloqaga umuman kirishib bo‘lmaydigan holat xisoblanadi.

Ayollar faqat birinchi jinsiy aloqa vaqtida vaginizm xalal berishini yaxshi tushunadi. Erkak olatini qinga kirita olmaydi. Tos tubi va qorinda og‘riq, mushak spazmi kuzatilishi mumkin. Qinga nimanidir kiritish to‘xtagandan keyin bu belgilar o‘tib ketadi.

Ikkilamchi vaginizm me’yoriy jinsiy hayot davomida paydo bo‘ladi. U infeksiya, menopauza, jarohat, ginekologik kasallik, muammoli munosabatlar, jarrohlik yoki tug‘ruq oqibatida paydo bo‘ladi.

 

Asosiy sabab bartaraf etilsa ham, ruhiy o‘rganish natijasida og‘riq davom etishi mumkin.

Birlamchi vaginizmda bokiralikka nisbatan alohida munosabat mavjud.

Bu ichki ziddiyat bo‘lib, quyidagi  sabablar tufayli yuzaga keladi:

– ota-ona bilan munosabatlar;

– oiladagi tarbiyaga, aniqrog‘i, qattiqqo‘llikka;

– qizning jinsiy hayot haqida qanday qilib tasavvurga ega bo‘lgani va bunga qanday munosabat bildirgani.

 

Irina Kungurova, seksolog-psixolog

Vaginizm bilan qanday ishlash kerak?

Qizlarning ginekolog qabulida defloratsiya o‘tkazayotgani, kengaytiruvchi usullardan foydalanayotganini ko‘p ko‘raman, ammo bu yechim bo‘la olmaydi.

Deylik, qiz defloratsiya qilindi (bokiraligidan ayrilishga ko‘maklashildi), jinsiy hayot boshlanadi. Tashqi tomondan masala hal bo‘lgandek, ammo ichki muammo qoladi va u takroriy vaginizmga olib kelishi mumkin.

Jismoniy tomondan ishlasa bo‘ladi, ammo asosiy terapiya olat kirishi oldidan paydo bo‘ladigan qo‘rquvni yo‘qotishga qaratilishi kerak.

Bella Shaxmurova, ginekolog:

Vaginizmni davolashning yangi muvaffaqiyatli usuli vul’va mushagiga botoks in’eksiyasini qilish hisoblanadi. Natijada mushak bo‘shashadi va falajlanadi. Qisqarmaydi va nimadir kirishiga qarshilik ko‘rsatmaydi. Botoks ukoli 9–16 oy davomida ta’sir qiladi. Bu ruhiy terapiya bilan birga olib borilsa, muammo oson yechim topadi.

 

Irina Kungurova, seksolog-psixolog:

Dispareuniya

Dispareuniya – jinsiy aloqa davomida jinsiy a’zolarda og‘riq his qilish.

Bunga seks, o‘zini seksda ko‘rish kabi ichki ziddiyat sabab bo‘lishi mumkin. Vaziyatni o‘zgartira olmaslik va munosabatdan qoniqmaslik noqulaylik keltirib chiqaradi. Ayol jinsiy yaqinlikdan qochish uchun bahona izlaydi. Og‘riq esa buning uchun ruhiy va ijtimoiy tomondan mos sababga aylanadi.

Ko‘pincha dispareuniyaga noto‘g‘ri ko‘rsatmalar sabab bo‘ladi: masalan, «seks — yomon, u bilan shug‘ullanish mumkin emas» kabi. Kelgusida u bilan shug‘ullanish «mumkin» bo‘lganda, har bir jinsiy aloqa aybdorlik hissi bilan kechadi.

Nima qilish kerak?

Jinsiy aloqaning ijobiy tajribasini shakllantirish, o‘z hissiyotlarini bildirish, istaklarini aytishni o‘rganish kerak. Dispareuniyaning asosiy sabablaridan biri – seks mavzusida gaplashishni bilmaslik.

Vaginizmda ham, dispareuniyada ham bemorga kompleks yondashuv zarur. Ayniqsa, psixolog-seksolog bilan ruhiy terapiya muhim.

Tug‘ruqdan keyin seksdan qo‘rqish

Agar tug‘ruq og‘ir kechsa, murakkab yirtilish yoki ishlov berish jarayoni natijasida hissiyotlar ong ostida qolib ketgan bo‘lsa, dispareuniya tug‘ruqdan keyin seksdan qo‘rqish sifatida rivojlanishi mumkin.

Vaziyat quyidagicha ro‘y beradi: ginekolog hammasi bitgan, deydi. Lekin ayolga chot orasida katta va og‘riq beradigan chandiq qolgandey tuyuladi. Natijada ayol seksdan qochadi.

Yoki, masalan, erkak tug‘ruqdan keyin zarur vaqtni kutmay, jinsiy aloqaga kirishdi. Ayol esa og‘riq sezadi va ushbu his uning ongida qolib ketadi.

Buning ustiga ayol uyquga to‘ymaydi, ro‘zg‘ori va farzandlariga qaraydi, hammasini yolg‘iz bajaradi. Erining befarqligini mentalitetga yo‘yadi. «Bolaga qarash – ayolning ishi», deb o‘zini ovutadi, lekin eridan xafaligi baribir o‘tib ketmaydi.

Erkaklar uchun esa ayolning e’tibori yetishmaydi. Ular vaziyatni to‘g‘ri tushunsa-da, bu ularning ahvolini yengillashtira olmaydi. Natijada erkak o‘ziga nisbatan ozgina bo‘lsa ham e’tibor sifatida seksni talab qiladi.

Erkak rafiqasiga «ayollik burchi»ni eslatib qo‘yishi mumkin yoki «boshqa ayolga uylansammikan», «erkak kishi sekssiz uzoq chiday olmaydi» degan uydirmalarni to‘qiy boshlaydi.

Bunday vaziyatda ayol sharoitini tushuntirishdan ko‘ra, seksga rozi bo‘la qoladi. Shu o‘rinda dispareuniya aloqaga kirishmaslik yo‘lida qutqaruvchi bo‘ladi. «Og‘riyapti» degan gapni tagida «jinsiy aloqaga tayyor emasman, meni majburlashyapti» degan ma’no bor.

Nima qilish kerak?

Gaplashish, majburiyatlarni yuklayvermaslik, otalik vazifalaridan bo‘yin tovlamaslik shart. Qiyinchilik bormi, birga hal qiling. Bu er-xotinni birlashtiradi va jinsiy maylga sabab bo‘ladi. Chunki ayol kishi uchun o‘z eri qiyofasida doim yordamga shay hamroh, ittifoqchini ko‘rish juda muhim. Bu ayolni yumshatadi va erkakka nisbatan hayrixohligini oshiradi.

 

Bella Shaxmurova, ginekolog:

Menopauza

Menopauza – ayollarda hayz davrining batamom tugashi. Shundan keyin ular farzand ko‘ra olmaydi.

Bu davrda nima ro‘y beradi?

Estrogen miqdori kamayadi. Bu shilliq qavatning tarkibiy o‘zgarishlariga olib keladi (qinning epitelial qavati noziklashadi). Kasallikning ushbu turi organizmida tabiiy, yoshga xos yoki klimaks o‘zgarishlari ketayotgan ayollarda ko‘proq uchraydi.

Asosiy shikoyatlari:

– jinsiy aloqadagi og‘riq;

– qichishish, achishish, jinsiy a’zolardagi og‘riq;

– intim yaqinlikdan keyin qonli ajralmalar (shilliq qavatning ingichkalashuvi va kichik jarohatlar paydo bo‘lishining natijasi);

– tez-tez siyish va siydikni tuta olmaslik.

Nima qilish kerak?

Aksariyat vaziyatlarda muttasil, uzluksiz tartibda gormonal terapiya tavsiya etiladi. Ayolning ahvoli nazoratda bo‘ladi.

Natijada yoqimsiz sezgilar yo‘qoladi. Qin shilliq qavatining tuzilishi va oziqlanish jarayoni tiklanadi. Hayot sifati ancha yaxshilanadi.

0
    0
    Ваша корзина | Sizning savatingiz
    Ваша корзина пуста | Savatingiz bo'shВернуться к покупке | Sotib olishga qaytish