Muharrir maktubi

0

Keksalik anatomiyasi. Aytishlari­cha, keksalik sezdirmay kelarkan. Xo‘sh, qarilik nima o‘zi? Menimcha, bu zaiflik va atrofdagilarga qaramlik.
Ammo qarilik sevish va baxtli bo‘lish sirini bilish, donolik bilan bo‘lishish ham demakdir. Ularning vaqti boshqacha o‘tadi, dunyoni o‘zgacha qabul qiladi. Ular odamlarni fosh eta oladi va mug‘ombirlik qilishni bilmaydi.
Ota-onadan ayrilish har doim og‘riqli kechadi. Yaqin insoning olam­dan o‘tayotganda uning joni og‘riyotganini kuzatish mushkul. Biroq bu mavzu ko‘p ham ko‘tarilmaydi. Shuning uchun jurnalimizning ushbu sonida xospislar, yurtimizda bemor va o‘lim to‘shagidagi insonga ko‘rsatiladigan palliativ yordam haqida so‘z yuritamiz. Chunki bizni tark etayotgan insonlarga to‘g‘ri qa­rash juda muhim.
Onam olamdan o‘tayotganda «Og‘riqni his qilishimga imkon bermanglar», deya iltimos qilgan. 9 yillik onkologik xastalik va uning bir yili davomida biz onamni sekin-asta yo‘qota borganmiz. Ammo eng muhimi, o‘sha murakkab davrda onamga ko‘rsata olgan g‘amxo‘rligimiz va parvarishimiz bo‘ldi. Tungi navbatchiliklar, og‘riqsizlantiruvchi dorilar olish poygasi, venaga darrov tusha oladigan hamshirani izlaganlarimiz… Va oxirgi damgacha umidni uzmaganimiz, so‘nggi nafasgacha kurashganimiz.

Ota-ona bilan muloqot – bu ne’mat. Keyin qalbda aybdorlik hissi bilan yashashdan yomoni yo‘q. Bera olmadim, kerakli mehr ko‘rsatmadim va qancha xatolarga yo‘l qo‘ydim, de­­yishdan O‘zi asrasin. Ushbu sonda baxt retseptlarini, insonning o‘zi va yaqinlariga mehr berishi va hurmat ko‘rsatishi bo‘yicha zarur tavsiyalarni jamladik.

Ha aytgancha, keksalikni nimaga o‘xshatishimizdan qat’iy nazar, qanday qarishimizni yoshlikdan belgilab boramiz.

Bosh muharrir
Barno Ikramova

0
    0
    Ваша корзина | Sizning savatingiz
    Ваша корзина пуста | Savatingiz bo'shВернуться к покупке | Sotib olishga qaytish