Mikroskopga qaradimu ko‘ngil uzolmay qoldim

19 yoshli Deniz Akin – bo‘lg‘usi genetik, Brunel University Londonda biotibbiyot fanlarini o‘rganyapti. Toshkent xalqaro maktabi (TIS) bitiruvchisi hozir Gematologiya va qon quyish ITIning molekulyar tibbiyot hamda hujayra texnologiyalari bo‘limida amaliyot o‘tayapti. U genetik mutatsiyasi bor insonlarga yordam berishni orzu qiladi. Tibbiyotimizning umidi va kelajagi o‘zi va sevimli kasbi haqida so‘zlab beradi.

Nima uchun aynan genetika?

Maktabda aktyorlik mahoratidan tortib, matematikagacha qiziqqanman. Keyin kasb tanlashda qiynaldim. Ammo biologiya o‘qituvchim ko‘maklashib yubordi: u genetika haqida shunchalik qiziq gapirib berdiki, men bu fanni sevib qoldim. Lekin oson bo‘lmadi. Yodimda, imtihonlardan oldin, o‘ta olmayman, deb o‘ylaganman. Hayajonlarimni ustozim bilan bo‘lishganimda: «Esi past talabalar yo‘q, balki yalqovlar bor», degan javob bo‘lgan. Natijada tuni bilan kitob ustida o‘tirib, sinfdagi eng yuqori bahoni olganman.

Fanning nimasi yoqadi?

Genetikani o‘rganib, hayotning qadriga yetdim. Shunday tug‘ilganimizning o‘zi omadimiz ekanligini tushundim. Bu tanamizning har bir hujayrasida joylashgan 46 ta xromosomaning xizmati. Mutlaqo boshqa inson bo‘lishimiz uchun, DNKdagi birgina mutatsiyaning o‘zi yetarli… Mikroskop ostida ilk bora hujayrani ko‘rganim hech qachon esimdan chiqmaydi. Inson hayotining nozikligini ko‘rib, hayrat, faxr va qo‘rquvni his etdim.

Eng qiyini nima?

Genetik mutatsiyasi bor insonlarga yordam bera olmaslik. Oddiy ko‘zga ko‘rinmaydigan eng kichik o‘zgarish ham taqdirni butunlay o‘zgartirib yuborishini qabul qilishim juda qiyin.

Nima uchun London universitetiga kirishni xohladingiz?

Otam ushbu shahardagi talabalik hayoti haqida to‘lib-toshib gapirardi, shundanmi, uning izidan ketishga ahd qildim. O‘qishim menga yoqadi: aʼlo darajadagi kutubxona, ilmiy rahbar va professorlar doimo qo‘llab turishadi. Laboratoriyada har hafta bo‘ladigan mashg‘ulotlarni intiqlik bilan kutaman – bu o‘zimni professional sifatida his qilishimga imkon beradi. Chet elda o‘qishni tugatib, O‘zbekistonga qaytishni va shu yerda fan bilan shug‘ullanishni rejalashtiryapman.

Sizni kim qo‘llab-quvvatlaydi?

Oilam. Yaqinlarim har bir yutug‘imga xursand bo‘lib, oldinga qadam tashlashga motivatsiya berishadi.

Siz uchun muhim qoidalar nima?

O‘z ustimda ishlash. Katta maqsadlar qo‘yish va ularga erishish. O‘z salohiyatimga hech qachon shubha qilmaslik.

10 yil o‘tib o‘zingizni kim deb ko‘rasiz?

Laboratoriyada ishlaydigan genetik sifatida. Gen injeneriyasi, xususan CRISPR texnologiyasi bilan shug‘ullanishni orzu qilaman. U genni tahrir qilishga, DNK ichidan istalmagan bo‘laklarni «qirqib olishga» imkon beradi. Erta diagnostika va ushbu usul yordamida genetik mutatsiyali bolalarning tug‘ilishini oldini olish mumkin.

 3,030 

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии