Kontrasepsiya alifbosi: xavfsizlik qoidalari

Qanday kontrasepsiya usullari mavjud? Kerakli vositani to‘g‘ri tanlash yo‘l-yo‘rig‘i qanday?
Nima uchun istalmagan homiladorlikdan saqlanish va jinsiy yo‘l orqali yuqadigan kasallar (JYOYuK) haqida o‘smirlar bilan suhbatlashish bunchalik muhim?

Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi mutaxassisi Djamilya Ishanxodjaeva shu savollarga javob beradi

Kontrasepsiya usullari

Bachadon ichi spirali
Ishonchliligi: 98-99 foiz
Kichkina mis yoki kumush moslama, tarkibida gormon bo‘lishi mumkin. U bachadon bo‘shlig‘iga kiritiladi va tuxum hujayraning implantasiyasiga to‘sqinlik qiladi.
Ijobiy tomonlari:
– doimiy nazoratning keragi yo‘q;
– ayol xohishiga qarab, istalgan vaqtda olib tashlash mumkin.
Salbiy tomonlari:
– o‘rnatish va olib tashlash vaqtida ginekolog ishtiroki shart;
– JYOYuIdan himoyalamaydi;
– ba’zan asoratlari va nojo‘ya ta’sirlari mavjud.
Tug‘magan ayollarga tavsiya etilmaydi!

 

 

 

Jarrohlik usuli (sterilizasiya)
Ishonchliligi: 99 foiz
Ayollarning bachadon naylari, erkaklarning esa urug‘ chiquvchi yo‘llari bog‘lanadi. Tuxum hujayralari va spermatozoidlar hosil bo‘lishda davom etadi, hayz sikli saqlanadi.Ammo homiladorlik sodir bo‘lmaydi.

Ijobiy tomonlari:
– deyarli 100 foizlik kontraseptiv ta’sir;
– nojo‘ya ta’sirlari yo‘q.
Salbiy tomonlari:
– orqaga qaytmaydigan usul;
– JYOYuKdan himoyalamaydi.


Gormonal kontrasepsiya
Ishonchliligi: 99 foiz
Kombinasiyalangan oral kontraseptivlar (KOK) – tarkibida estrogen va progestin gormonlari bor tabletkalar. Har kuni bir xil vaqtda ichiladi.

Mini-pili – progestin gormoniga ega tabletkalar. Har kuni ichiladi. Emizikli, shuningdek, kombinasiyalangan oral kontraseptivlar taqiqlangan ayollarga to‘g‘ri keladi.

Homiladorlikka qarshi mushak ichi in’eksiyasi. Turiga qarab, har 2-3 oyda olinadi.
Ijobiy tomonlari:
– yuqori samarali va xavfsiz;
– hayz vaqtida og‘riq kamayadi, siklni me’-
yorlashtiradi;
– teri holatini yaxshilaydi.
Salbiy tomonlari:
– JYOYuKdan himoyalamaydi;
– tabletkalarni har kuni ichish hushyorlik talab qiladi;
– shaxsiy qabul qila olmaslik.

To‘suvchi usullar
Ishonchliligi: prezervativlar – 85–99 foiz; spermisidlar – 70–85 foiz
Bular mexanik (qalpoqchalar, erkak va ayollar prezervativlari) va kimyoviy (spermisidlar) vositalar. Spermatozoidlarning bachadon bo‘shlig‘iga o‘tishini to‘xtatadi va cheklaydi.

Ijobiy tomonlari:
– JYOYuKdan himoya qiladi (prezervativlar);
– jiddiy nojo‘ya ta’sirlarga ega emas.
Salbiy tomonlari:
– foydalanish uchun maxsus bilim talab qiladi.

Biologik usullar

Laktasion amenoreya va taqvim usullari, bazal haroratni o‘lchash, uzilgan jinsiy aloqa.
Ko‘p holatlarda kontrasepsiya vositalari kabi samarali emas, istalmagan homiladorlik xavfi juda yuqori.

Deyarli 85 foiz ayollar istalmagan homiladorlikdan saqlanish uchun kontrasepsiyadan foydalanadi.
O‘zbekiston – kontraseptivlar bepul beriladigan ozchilik davlatlardan biri.

Ayollar uni yashash joyi bo‘yicha poliklinikadan olishi mumkin.

Kontrasepsiyadan foydalanish bo‘yicha yoshga doir cheklovlar bormi?

Ayollar ularni 15 yoshdan 49 yoshgacha ishlatishi mumkin. Avvaliga ginekolog maslahatini olish va undan keyin mos keladigan kontraseptivni tanlash kerak.

Yoshroq ayollarga antiandrogen ta’sirli kombinasiyalangan oral kontraseptivlarni qo‘llash tavsiya etiladi. Chunki u kosmetik xususiyatga ham ega. Ko‘pchilik qizlar husnbuzardan shikoyat qiladi. Bunday tabletkalar tarkibida esa teri, soch va tirnoqlarga yaxshi ta’sir qiluvchi gormonlar mavjud.

Har kuni habdori ichish haqida o‘ylashni istamaydigan ayollar bachadon ichi spiralini ishlatishni afzal biladi. Kimdir uch oyda bir in’eksiya oladi. Ya’ni har bir ayol o‘ziga ma’qul vositani tanlaydi. 35 yoshdan oshgan ayollar kontrasepsiyaning istalgan usulidan foydalanishi (onkologik kasal bemorlardan tashqari), shuningdek, xohishga qarab, jarrohlik sterilizasiyasini tanlashi mumkin.

Yaqinda ona bo‘lgan ayollar qanday saqlanishi mumkin? Tug‘ishdan qancha vaqt
keyin jinsiy yaqinlik qilsa bo‘ladi?

Tug‘ruqdan keyin organizm tiklanishi uchun muayyan vaqt kerak. Odatda olti haftadan so‘ng ayollarning reproduktiv a’zolari me’yorga keladi. Lekin hammada o‘ziga xos kechadi. Agar tug‘ruq asoratlarsiz kechgan bo‘lsa, er-xotin o‘rtasidagi jinsiy yaqinlik faqat qirq kundan (chilla davridan) keyin boshlanishi mumkin.

Bu davrda shifokor yordamida samarali va xavfsiz kontrasepsiya usulini tanlash muhim. Quyidagilardan foydalanish mumkin:
– gormonal kontrasepsiya (ayolning emizishini inobatga olgan holda);
– bachadon ichi spirali (agar qarshi ko‘rsatmalar bo‘lmasa);
– to‘suvchi usullar.

Ba’zi ayollar laktasion amenoreya usulini afzal ko‘radi. Bu onaning chaqaloqni faqat ko‘krak bilan emizishidir. Bu o‘rinda qat’iy qoidalarga rioya qilish kerak: emizish orasidagi tanaffuslar eng kamida ikki yarim soat bo‘lishi lozim. Aks holda, homiladorlik xavfi paydo
bo‘ladi.

Juftlikda kontrasepsiya uchun kim javobgar?

Agar juftlik jinsiy hayotni boshlab, homiladorlikni rejalashtirmasa, mas’uliyat, shubhasiz, har ikki sherik zimmasiga tushadi. Albatta, shifokorga murojaat qilish kerak. Agar juftlik to‘suvchi kontraseptiv (prezervativ kabi)larni qo‘llashga ahd qilsa, tibbiyot xodimining yordamisiz ish ko‘rishi mumkin.

Nima uchun bizda o‘smirlar bilan jinsiy munosabatlar haqida gaplashish odatiy hol emas?

Afsuski, yoshlarga jinsiy tarbiya berish jarayoni bizda oqsayapti. Bu azaliy an’analar, mentalitet bilan bog‘liq. Oilalarda intim mavzularda gaplashish mumkin emas. Farzandlar so‘rashdan uyaladi, ota-onalar gapirishga munosib gap topolmaydi. Ammo bu mavzuda sukut saqlamaslik lozim. Bugun dunyoda «tengdosh – tengdoshga» degan qoida bo‘yicha jinsiy tarbiya ommalashgan. Unga ko‘ra, yosh ko‘ngillilar o‘z tengdoshlari bilan tekshirilgan, ishonchli ma’lumotlarni bo‘lishadi.

Bizda ham shu kabi dasturlar bormi?

Ha, bor. Sog‘liqni saqlash vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Yoshlar ittifoqi, UNFPA va Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi ko‘magida yaratilgan
«Yosh tengdosh» loyihasi. Maqsad har bir maktabda tengdoshlari bilan ishlaydigan
faol qizlarni o‘qitishdir.

Pilot loyiha manzili sifatida Jizzax viloyati tanlangan. U yerda 2019 yilning oktyabr’ oyida treninglar o‘tkazilib, 60 nafar ko‘ngilli qiz va 25 nafar maktab hamshirasi o‘qitildi. Har shanba faollar tengdoshlari bilan do‘stona suhbatlar olib boradi. Me’yoriy hayz davriyligi,
reproduktiv salomatlik, shaxsiy gigiena, STT kabilar haqida gaplashiladi. Ko‘ngillilar ba’zi savollar bo‘yicha markazimiz xodimlari bilan maslahatlashadi.

Yana bir qiziqarli loyiha – «Salomatlik marshruti». U o‘smirlar bilan interaktiv ishlash uchun qo‘l keladi. Asosiy maqsadi – jinsiy hayot erta boshlanishining oldini olish, kontrasepsiya haqida so‘zlab berish, OIV va JYOYuKdan himoyalanishni o‘rgatish.

Bunday ishlash tartibi samarador ekanini isbotladi va respublika bo‘yicha qo‘llanishi mumkin.

 1,469 

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии