Ko‘rkam burun

0

Rinoplastika bugun juda ommalashgan. Ba’zida yuz tuzilishi va butun tashqi ko‘rinish ko‘rkam bo‘lishi uchun atigi bir-ikki santimetrlik o‘zgarish kifoya. Ustaning ishi deyarli bilinmaydi, lekin dastxati doim sezilib turadi. Bugun sizni Toshkentning eng mashhur plastik jarrohlaridan biri, otorinolaringolog Nodir Ibatov bilan tanishtirmoqchimiz. U burun uchun mukammal shaklni topa olgan.

Nodir Ibatov

TDSI otorinolaringologiya kafedrasi assistenti, Ibatov’s clinic plastik va LOR jarrohligi markazi asoschisi hamda bosh shifokori, otorinolaringolog, rinojarroh

 

Burunga qarab kutib olaman

Bundan besh yil avval, birinchi navbatda, burunga e’tibor berardim. Bugun esa bemorning burniga qarab, operatsiyadan keyin qanday ko‘rinishga kelishini va bunga qancha vaqt ketishini oldindan ko‘ra olaman.

Dastxatim haqida

Mutaxassisligimni egallash uchun dunyoning ko‘plab davlatlaridagi eng yaxshi jarrohlar qo‘lida o‘qiganman. Ishimda ko‘chirmakashlik qilmayman. Shunchaki o‘zimning «Men»imni yaratganman. Dastxatimdan bemorlarim mamnun. Uslubimni o‘zgartirmasam kerak. Asoratlari kamroq bo‘lishi uchun uni takomillashtiraman.

Bemorlar uchun

Agar nafas olishda muammo kuzatilmasa, burun to‘sig‘i qiyshaymagan, tashqi ko‘rinishingiz joyida bo‘lsa, burun shaklidan uyalmasangiz, uni o‘zgartirishga harakat QILMANG.

Men hech qachon bemorlarimga tashqi ko‘rinishini o‘zgartirishni tavsiya qilmayman. Berilgan ne’matni qadrlang.

Bemor o‘rnida

2016 yilda o‘zimda konxoplastika jarrohligini o‘tkazganman. Agar yoshim o‘tib, qovoqlarim butunlay osilib qolsa va bu menga operatsiya vaqtida xalal bersa, ehtimol, ularni olib tashlarman. Ammo hech qachon rinoplastika qildirmayman. Tashqi ko‘rinishdan nolimayman. Jarrohga ehtiyoj sezsam, shogirdimni tanlayman.

Bugungi kunim

Bolalikdan shifokor bo‘lishimni his etganman. Bog‘chadaligimda qo‘limga shpris olib, klinika ochishni orzu qilardim. Klinikaga nom topishda ko‘p o‘ylandim, ammo ochilishiga 17 kun qolganda, familiyamda to‘xtadim.

Tor mutaxassislikni kech tanladim. Chunki dermatovenerolog yoki urolog bo‘laman, deb o‘ylardim. Nima uchun «LOR»? Bunga oilaviy sharoit sabab bo‘ldi.

Plastik jarrohlikning yangi yo‘nalishlarini o‘rganyapman, mahoratimni oshiraman. Kelgusi yilda mammoplastika bo‘yicha o‘qimoqchiman.

Orzum – O‘zbekistondagi yetakchi jarrohlarni yig‘ib, rinoplastika bo‘yicha rasman maktab ochish. Bu tibbiyotimizni yangi bosqichga olib chiqadi.

 

Matn: Ismigul Usmonova

 1,755 

0
    0
    Ваша корзина | Sizning savatingiz
    Ваша корзина пуста | Savatingiz bo'shВернуться к покупке | Sotib olishga qaytish