Kapalak samarasi

Intim yashartirish muolajasi haqida bizda ochiqchasiga gapirilmaydi. Ammo ushbu nozik sohani “mukammallashtirish” istagi kundan-kun ortib bormoqda.

O‘zbekistonda estetik ginekologiya doimo o‘sib boryapti. Ushbu muolajalarga tibbiy yoki boshqa sababdan murojaat qilayotgan turli yoshdagi ayollar safi ham kengayapti. Intim sohadagi so‘lib borish ortga qaytmas jarayon, endi bu jarayonni sekinlashtirish va nozik aʼzoga ko‘rkam ko‘rinishni qaytarish mumkin. Xo‘sh, kimga, nima uchun va qachon o‘tkazish kerak, bu haqda o‘ylab ko‘rishga arziydi.

Intim yashartirish — yillar davomida paydo bo‘ladigan ko‘plab muammolar yechimi. Bola tug‘ilganidan keyin ayol jinsiy aʼzolari ilk o‘zgarishlarga uchraydi. Baʼzida tug‘ruq vaqtida shikastlanish (yirtilish, cho‘zilish) ro‘y berishi mumkin, bu esa qin to‘qimalarini ishdan chiqaradi. Natijada uretra, qinning old devori va bachadon pastlaydi, yo‘tal va og‘ir ko‘targanda, siydik ushlay olmaslik kuzatiladi, kichik va katta jinsiy lablar gipertrofiyaga uchraydi, jinsiy aloqa og‘riqli kechadi va orgazmga erishish qiyinlashadi. Yosh o‘tgan sari xronoqarish ro‘y beradi: taranglik o‘rniga mushaklar atrofiyasi va to‘qimalar shalvirashi kuzatiladi.

Intim yashartirish yoshga doir muolajaga o‘xshab ko‘rinsa-da, uni tug‘magan yosh ayollar ham o‘tkazadi. Bunga arzirli sabablar bor: estetik qoniqmaslik (tashqi jinsiy aʼzolar asimmetriyasi, giperpigmentatsiya), qindagi quruqlik hissi, jinsiy aʼzolardagi og‘riq.

Tibbiy aralashuvga rozilik berish uchun sabablar har doim ham arzirli bo‘ladimi va bu muammoni yechishning boshqa usullari bormi? Belgilar va davolash usullarini ko‘rib chiqamiz.

Jarrohlik usuli

Operativ aralashuv ginekologik kasalliklarning o‘tkazib yuborilgan bosqichlarida tavsiya etiladi. Masalan, sistotsele (siydik pufagining tushishi), rektotsele (to‘g‘ri ichak old devorining qin tomonga bo‘rtib chiqishi), bachadon va qin devorlarining tushishi muammosi, tug‘ruqdan keyingi chandiqlar, siydik ushlolmaslik

Levatoroplastika

Bu ginekologik operatsiya O‘zbekistonda rejali operatsiyalar ro‘yxatida uchinchi o‘rinda turadi. Intim muolaja tos tubi mushaklari korreksiyasi va kichik tosdagi aʼzolar joylashuvini tiklash uchun o‘tkaziladi. Levatoroplastika tashqi jinsiy aʼzolarning ko‘rkamligini tiklash bilan birga olib borilishi mumkin.

Old levatoroplastika

Ayolda prolaps va siydik pufagi, bachadon va qin devori tushishi bo‘lsa, ushbu operatsiya buyuriladi. Jarrohlik muolajasi aʼzolarning to‘g‘ri joylashuvini shakllantiradi va mushaklarni tortadi.

Orqa levatoroplastika

To‘g‘ri ichak devori tushib qolishda va tos tubi mushaklari disfunksiyasida orqa levatoroplastika buyuriladi. Qinning orqa devori kesiladi va mushaklar tortiladi.

Labioplastika

Jinsiy lablar korreksiyasi, shakli va o‘lchamini o‘zgartirish bo‘yicha plastik operatsiya jarohatlar, noto‘g‘ri tug‘ruq yoki kundalik turmushdagi noqulayliklar (ichkiyim kiyganda yoki estetik noqulaylikda) oqibatida o‘tkaziladi.

Jarrohlik usuli — bu sog‘liqdagi muammolar yechimi va faqat oqibati sifatida, estetik qoniqmaslik uchun yechimdir.

Ko‘pincha bir muammo ikinchisini keltirib chiqaradi. Masalan, ayolga tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha levatoroplastikadan tashqari TVT-plastika (transvaginal uretropeksiya ayollarda siydik tutolmaslik muammosini sintetik ilgak yordamida bartaraf etish uchun o‘tkaziladi) ham kerak bo‘lishi mumkin.

 1,649 

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии