Jarroh hikoyasi

0

Rustam Sodiqov, tibbiyot fanlari doktori, professor, Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi DM eksperimental jarrohlik va ekstrakorporal detoksikatsiya bo‘limi rahbari, ilmiy grant rahbari, Toshkent tibbiyot akademiyasining fakultet va gospital jarrohlik kafedrasi professori.

O‘zim bilan faxrlanmayman. Chunki mag‘rurlik ko‘nglingni to‘q qiladi. Yutuqlar haqida ham gapirishga erta, zero, oldimda hali bajaradigan ishlarim ko‘p.

Jarroh bo‘lishimda o‘qituvchi va murabbiylarimning hissasi katta, ammo mutaxassislik tanlovimga ikki inson – mening otam va Shuhrat Muzaffarovich Zunnunov sabab bo‘lgan. Institutni tamomlab, taqsimotni kutayotganimda, otamdan: «Qanday shifokor bo‘lishimni xohlaysiz»,- deb so‘raganman. Otam – mashhur professor, fiziolog Sodiqov Abror Sodiqovich esa yoshligida jarroh bo‘lishni orzu qilgan ekan. Shu sababli ushbu oliyjanob kasbni egallashimni istagan. Shuhrat Muzaffarovich  guruhimizda gospital jarrohlikdan dars bergan. U sodda, kamgap inson bo‘lib, jarrohlik hayotining mazmuni edi. Aynan shu ustozimiz bizda ushbu kasbga qiziqish va mehrni uyg‘otdi.

Musiqa o‘qituvchimiz Madina Aliyevna bir gapni ko‘p takrorlardi: «skripkani o‘rtacha chalib bo‘lmaydi, yoki zo‘r skripkachi bo‘l, yoki umuman chalma». Jarrohlikda ham shunday: o‘rtamiyona shifokor bo‘lgandan ko‘ra, bu kasbga qo‘l urmagan maʼqul.

Jarrohlikda lazerlarni joriy etish oson bo‘lmagan. Boshida bemorlar lazer uskunasiga ishonchsizlik bilan qaragan. Nihoyat 30 yil o‘tib, bugun bemorlarning o‘zi zamonaviy lazer texnologiyalari ishlatiladigan klinikalarni izlab kelmoqda.

90-yillarda isroillik professor Kaplan lazer yordamida xatna amaliyotini o‘tkazganini eshitdik. Ushbu operatsiya bizning urf-odatlarimizda ham borligi, lekin “qonli” usulda o‘tkazilishi sabab, uni yaxshilash g‘oyasi tug‘ildi. Natijada xorijiy tajriba o‘zlashtirilib, o‘nlab bemorlar qonsiz, og‘riq va asoratlarsiz xatna qilindi. Garchi bu kichik operatsiya bo‘lsa-da, ammo olinadigan samarasi bois, bemor va jarrohlarning o‘ziga haqiqiy mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Lazerli jarrohlikning afzalliklari ko‘p. Masalan, kichik bolada qonning ivishi bilan bog‘liq muammo bo‘lishi mumkin. Anʼanaviy operatsiya usulida ko‘p qon ketishidek asorat kuzatilishi muqarrar. Lazerli usulda bunday asoratlar umuman bo‘lmaydi, chunki to‘qimalar lazer nurlari yordamida ajratilib, bir vaqtning o‘zida o‘zaro “payvandlanadi”.

Operatsiyalarning katta-kichigi bo‘lmaydi. Faqatgina doimiy takomillashuvni talab qiluvchi natijalar bor xolos. Do‘stlarim, yaqinlarim va hatto o‘z farzandlarimni davolagan vaqtlarim bo‘lgan, buning uchun taqdirdan minnatdorman.

Hech qachon kasbimdan ketish fikri bo‘lmagan. Tibbiyot seni o‘z domiga tortadi. Agar haqiqiy jarroh bo‘lsang, sevimli ishingni tashlamaysan. Bu qo‘lingdan kelmaydi ham.

Faoliyatim davomida hayot bilan o‘limning almashinuvini ko‘p ko‘rganimdan, menga bo‘ysunmaydigan oliy kuch borligiga amin bo‘ldim. Tibbiyot xodimlari orasida «qo‘li yengil» shifokor, degan ibora yuradi. Jarrohlikning ham yozilmagan o‘z qoidasi bor: operatsiya qilayapsanmi, vijdonan ish tut. Birgina maqsad bo‘lishi kerak – bemorga yordam berish. Muhimi, uning ahvoli yengillashsin. Boshqa maqsadni ko‘zlasangiz, omadsizlikka uchradim, deyavering.

Jarroh doimo o‘z ustida ishlashi va kutilmagan vaziyatlarga shay turishi kerak. Deylik, u professional tomondan hali tayyor emas, lekin navbatchilikda turibdi. Og‘ir bemorni operatsiya qilishga to‘g‘ri keldi. Jarroh buni albatta bajaradi, ammo uning natijasi shifokor va bemor uchun ham kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Operatsiya stolim ustida bemorim hali o‘lmagan. Bu bilan maqtanmoqchi ham emasman, shunchaki omadim kelgan xolos.

Yoshligimda operatsiya stoli ustida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan har qanday vaziyatda ustomon mutaxassis bo‘lishni orzu qilganman. Bunga erishdimmi? Bilmayman.

Agar ishimiz boshida qiyinchiliklarga duch kelmaganimizda, hech qachon o‘z lazerlarimizni yaratmagan bo‘lardik. Chunki chet elniki juda qimmat edi. Ularni sotib olishga imkoniyat yo‘q, ammo lazerlarda ishlashni juda istardik. Kvant fizikasi bo‘yicha injener mutaxassislarimiz bilan hamkorlikda texnik xususiyatlari bilan xorijnikidan qolishmaydigan ko‘plab tibbiy lazerlarni yaratishga muvaffaq bo‘ldik.

Bir kuni xo‘jalik hisobidagi yangi klinikadan ambulator lazerli jarrohlik xonasini ochish taklifi tushdi. U paytda bu sohada tajribamiz yo‘q edi. Xonani lazer bilan jihozladik, shifokorlar guruhini shakllantirdik, ammo bir muammo paydo bo‘ldi – bemorlarni qayerdan olamiz.

O‘sha vaqtda insonlarda lazer jarrohligi haqida tasavvurlar hali yo‘q edi.Shu sabab gazetada lazerlarning tibbiyotdagi imkoniyatlari haqida maqola eʼlon qilishga ahd qildik. Ammo eng qiyin ish, lazerlarning mohiyatini shaharliklar tushunadigan sodda tilda ifoda etish bo‘ldi. Hamkasblarimiz va boshqa insonlarning ko‘plab fikrini hisobga olib, har gal maqola matnini o‘zgartirishga to‘g‘ri kelardi. Nihoyat, «Toshkent oqshomi» gazetasida «Tig‘siz jarrohlik» maqolasi bosib chiqarildi. Maqola chiqqanidan ertasi kuni konsultativ xonamizga yaqinlashib bo‘lmasdi, chunki yo‘lak bemorlarga to‘lib ketgandi.Bizga qarab: «Yigitcha, navbatga turing», – deyishardi. Xodimlarimiz shaxsini tasdiqlash uchun, hatto hamshirani chaqirtirishga to‘g‘ri kelgandi.Shu tariqa ishimizni yo‘lga qo‘yganmiz.

 

Matn: Mado Mixmanova
Foto: Konstantin Bolotov

 1,446 

0
    0
    Ваша корзина | Sizning savatingiz
    Ваша корзина пуста | Savatingiz bo'shВернуться к покупке | Sotib olishga qaytish