Iste’dodli bolalar uyi

Nogironligi bor bolalar badiiy markazi haykaltarosh Gulsara Rajapovaning hayot mazmuniga aylangani to‘g‘risida.

Gulsara Rajapova P.Ben’kov nomidagi rassomlik bilim yurtini, so‘ng Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik institutining haykaltaroshlik yo‘nalishini tamomlagan. Haykaltaroshlik bilan shug‘ullanish barobarida, 10 yil davomida Toshkent arxitektura qurilish institutida rassomlik va haykaltaroshlikdan dars bergan. 1999 yildan beri Sanvikt nogiron bolalar badiiy markazini boshqaryapti.

Sanvikt

Gulsara Qosimovnani imkoniyati cheklangan bolalar badiiy markazini ochishga bir qator sabablar undadi. Birinchi va eng asosiy sabab tog‘asi Qosim Mirzarahimov edi. O‘zbekiston Respublikasi Badiiy akademiyasi a’zosi, xalq rassomi, iste’dodli haykaltarosh yoshligidan karavotga mixlangan bo‘lsa-da, harakatlanadigan bir qo‘li yordamida durdona asarlar vujudga keltirardi. Ularga qarab turib, Gulsara Rajapova imkonsiz ishning o‘zi yo‘qligiga amin bo‘lardi.

Ikkinchi turtki Gulsara Rajapovaning «Maftunkor ranglar olami» tanloviga hay’at a’zosi sifatida taklif qilingani bo‘ldi. Ishtirokchilar orasida kimdir nogironlik aravachasida yonboshlab, yana kimningdir og‘zi yoki oyoqlari yordamida mo‘yqalam tutib chizishini ko‘rib, u ilk bora bir narsani anglab yetdi: atrofda qobiliyatli bolalar ko‘p ekan! Gulsara Qosimovnaga yakuniy so‘z navbati berilganda, gapirolmay, yig‘lab yubordi. Uyga qaytgach esa, maslahat va oq fotiha olgani to‘g‘ri tog‘asining oldiga ketdi.

Gulsara o‘z g‘oyasi haqida bir oydan ortiq vaqt o‘ylab yurdi. Markaz uchun bino topish, bolalarni unga qanday jalb qilish, ularga nimani o‘rgatish haqida tushunchasi yo‘q edi. Tavakkal boshlagan ishini turmushi, oilasi, buyurtmalari, ustaxonadagi ishi bilan birga qanday olib borishga hayron edi… Kutilmaganda O‘zbekiston nogironlar jamiyatida ijaraga ixcham xonalar topildi, tez orada esa yangi Sanvikt badiiy markazining ilk o‘quvchilari yig‘ildi.

Sanvikt o‘z ishini qanday boshlagan?

Markaz dastlab Gulsara Rajapovaning shaxsiy mablag‘i evaziga ish boshladi. Oldinda esa xonalarni tartibga solish, xomashyo xarid qilish va boshqa yuzlab tashkiliy ishlar turardi. Ko‘pchilik bolalar kam ta’minlangan oilalar, internat yoki mehribonlik uylaridan bo‘lgani bois, transport va ovqatlanish masalasini hal qilish kerak edi. O‘shandan buyon markazda bir qoida paydo bo‘ldi: qorni och o‘quvchilarning ko‘ngliga ijod sig‘maydi. Shuning uchun ham Gulsara Qosimovnaning umr yo‘ldoshi Avazxon Rajapov avvaliga bolalarning qornini to‘qlaydi, keyin mashg‘ulotlarga qo‘yadi.

Umr yo‘ldoshi

Avazxon Rajapov Gulsara bilan ilk tanishuvidanoq uning mustahkam tirgagi, suyanchi va ijodining ilk qadrlovchisiga aylandi. U botqoq loyining qo‘lansa hidiga qaramay, haykaltarosh rafiqasini yangi durdona asarlar sari ilhomlantirardi. Bu insonning markazda nafaqat hammuassis, balki «qo‘li gul usta» xodimga aylangani bejiz emas.

Ilk g‘alaba bilan birga, peshonada ilk umidsizlik ham bor ekan. Shuncha kuch va mablag‘ sarflangan binoni bo‘shatishga to‘g‘ri keldi. Idorama-idora eshik qoqishlardan so‘ng er-xotin bolalar bog‘chasining tashlandiq binosini oldi. Markazni tiklash uchun yana mablag‘ izlash kerak edi.

Chetdan qo‘llab-quvvatlash

Sanvikt markaziga yordam qo‘lini cho‘zuvchi insonlar doim topilgan. «Ularsiz shuncha ishni uddalay olmasdik», deydi Gulsara Rajapova. Homiylar, xorijiy elchixona vakillari, O‘zbekistondagi ijod olamining eng yaxshi namoyandalari, jamoat fondlari, YuNISEF kabi tashkilotlar turli yillarda markazni qo‘llab-quvvatlagan, tanlov va ko‘rgazmalarni tashkil etishda ko‘maklashgan. Sanvict gullab-yashnagan davrda o‘nlab bolalar bu yerdan qo‘nim topib, o‘zlarini rassomlik, kulollik, haykaltaroshlik, biser tizish, gilam to‘qish, qo‘g‘irchoqlarni yasash, lakli miniatyura kabilarda sinab ko‘rgan. O‘quvchilarning ishlari haligacha markaz xonalarini bezaydi. Ular tokcha va vitrinalarda, devor va shiftlarda, hovlining turli burchaklarida ko‘rinib turadi. Bir paytlar bu yerda hayot qaynagan: mahorat darslari o‘tkazilgan, improvizasiya qilingan tanlovlar va modalar namoyishi, turli bayramlar tashkil etilgan, yozgi oromgoh faoliyat yuritgan.

Shogirdlarni xotirlab

Gulsara Qosimovna har bir o‘quvchisini yaxshi eslaydi. Ularning sevimli usul va qiziqishlari doimo yodida, ishlarini saqlaydi, ulg‘aygan shogirdlarining taqdiri bilan qiziqadi. Rustam – Sanvict markazining ilk qaldirg‘ochi, bugun u diplomli dizayner, ko‘plab tanlov va ko‘rgazmalar ishtirokchisi. «Maftunkor ranglar olami» festivalida birinchi o‘rinni egallagan xayolparast Sasha. Bugun markazda dars berayotgan Muhabbat. Dilfuza, Andrey, Shahlo… Ular haqida so‘zlab berar ekan, Gulsara Rajapova diplomlar solingan papkalar, bolalar chizgan suratlar, fotosuratlari bor og‘ir al’bomlarni varaqlaydi. Bularning ichida Gulsara va Avazxonning bolalar qurshovidagi samimiy oilaviy suratlari bor: ish ustida, ko‘rgazmalarda, stol atrofida va bayramlarda. Shuncha mehr va kuchni qaerdan olasiz, degan savolga Gulsara Qosimovna uyalibgina javob beradi: «Onam o‘n nafar yetim bolani katta qilgan, barcha yaxshi xislatlari menga volidamdan o‘tgan. Sanvikt markazi mening butun umrlik ishimga aylandi».

Bugungi kunlar

Bugun markaz og‘ir davrni boshdan kechiryapti. Hujjatlar chala qolgan, homiylar kam, qolaversa, Rajapovlarning oldingi kuchi ham yo‘q. Markaz eshiklari hamma uchun ochiq, ammo ahyon-ahyonda faqat bitiruvchilar yangiliklarni aytish va dars o‘tishga ko‘maklashish uchun kelib turadi. Ammo markazga bejiz Sanvikt deb nom berilmagan, zero, bu nomda o‘zbek tilidagi san’at va lotin tilidagi victory («g‘alaba») so‘zlari mujassam. Ishonamiz, aynan g‘alabaga bo‘lgan ishonch tez orada uning eshiklarini qadrdon va yangi o‘quvchilari uchun yana ochadi.

 

Tojimurod Qudratov, sumkasoz va poyabzal ta’mirlovchi usta,

27 yosh:

– Gulsara Qosimovna bilan 12 yoshimda tanishdim.

O‘sha paytda mehribonlik uyida yashardim. Uning darslarida nafaqat badiiy usullarni, balki muomala madaniyatini ham o‘rganardik. Sanvict markazida bir yilcha tahsil oldim, asosan bo‘yoqda chizib, amaliy ijod bilan shug‘ullandim.

Bu ulg‘ayganimda menga qo‘l keldi. Hozir pansionatda yashayman, sumka va poyabzal ta’mirlashni o‘rgandim. Bu yildan boshlab yangi hunar egallashga bel bog‘ladim.

Hozir ustozim kelib, to‘qish sirlarini o‘rgatyapti.

 

 

 

 

Faxriddin Yaxshiev, rassom,

30 yosh:

– Sanvikt markaziga 8 yoshimda kelganman va bu yerda naqd 15 yil qolib ketdim. Bo‘yoqlarda chizishni o‘rgandim, o‘zimni haykaltaroshlikda sinab ko‘rdim, muhimi, boshqa bolalar bilan muloqotda bo‘ldim. Shu yillar davomida ko‘p bora badiiy ko‘rgazmalarda ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egalladim. Masalan, «Maftunkor ranglar olami» bolalar xalqaro tanlovida kumush medal’ oldim.

Ko‘p chizaman. Sevimli mavzularim – ona tabiatimiz va tarixiy merosimiz. Eng sevimli ishim esa – «Oltin kuz», u 10 yildan beri hamrohim. Uni hech kimga sotmayman va sovg‘a qilmayman ham.

 

Andrey Grechkin, rassom,

49 yosh:

 

– Men Sanvikt markazi va uning «Qozog‘iston» kinoteatri yaqinidagi mahallada joylashgan birinchi studiyasining ilk o‘quvchisiman. Gulsara Qosimovna bilan meni teleboshlovchi Galina Mel’nikova Yesenin muzeyidagi ilk ko‘rgazmam chog‘ida tanishtirgan.

Moy, akvarel’, guash’, pastel’ bo‘yoqlar yordamida ishlayman. Natyurmort, peyzaj, tanish-bilish va do‘stlarimning portretlarini chizishni yaxshi ko‘raman. Ko‘p kuzataman: odamlar o‘z makoni, ularni o‘rab turgan borliqni hatto sezishmaydi.

BSF bo‘yicha birinchi guruh nogironiman, lekin o‘zimni imkoniyati cheklangan, deb hisoblamayman. Sanviktda ko‘p qolganimning asosiy sababi ham hammaga birdek muomala qilingani bo‘lsa kerak. Men uchun nogironligim sababli ajratilmasligim, rahmi kelib emas, shunchaki do‘stona qo‘llab-quvvatlab, yordam berishlari muhim edi.

Hozir o‘zim ham bilganlarimni shogirdlarimga o‘rgatyapman: Chirchiq shahrida nogiron bolalar uchun markaz ochdim. Imkoniyatga qarab Toshkentga borib, Gulsara Rajapova markazida dars berishga harakat qildim.

 

Dilfuza Obidjonova, rassom

30 yosh

Onamning aytishicha, uch yoshimdan rasm chiza boshlagan ekanman. Sanvikt ga birinchi sinfdaligimda – 7-8 yoshimda kelganman. Haligacha bo‘sh vaqt topsam, Gulsara Qosimovnaning studiyasiga kelaman. Bu yerda muloqot qilaman, ijod bilan shug‘ullanaman. O‘qish davomida 10 ga yaqin kasb o‘rgandim: tikishni, to‘qishni bilaman, biser tizaman, o‘yinchoqlar, gobelenlar tikaman, tillorang ipda naqsh tushiraman. Ammo chizish jonu dilim!

Ma’lumotim bo‘yicha rassomman, Ben’kov nomidagi respublika kollejini tamomlaganman. Keyin institutga kirdim, ammo oila bilan o‘qishni birga olib borish qiyin. Ikki farzandning onasiman. Hozir bog‘chada ishlayman.

Markazda o‘qigan vaqtimda

tanlovlarda ishtirok etardim, yuqori o‘rinlarni egallaganman. Shunday tadbirlardan keyin Misr elchixonasi meni ushbu davlatga taklif qildi. U yerda asarlarimning ko‘rgazmasi tashkil etildi. Misrga Gulsara Qosimovna bilan birga borganmiz. Rossiyada «Filantrop» xalqaro mukofotiga sazovor bo‘lganman. U imkoniyati cheklanganlarga san’at va madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasi uchun beriladi.

 

 

Matn: Aleksandr Stimban

 1,681 

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии