Intim geometriya

0

Vaginoplastika – bu jarrohlik muolajalari tizimi. Qinni estetik tiklashdan tashqari, u bir qator funksional patologiyalarni bartaraf etadi va jinsiy hayotni meʼyorga tushiradi. Akusher-ginekolog Faxriddin Miraliyev intim «geometriya», ayol organizmining muhim qismidagi go‘zallik va salomatlik to‘g‘risida so‘zlaydi

Faxriddin Miraliyev, Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining birinchi operativ ginekologiya bo‘limi ordinator shifokori, kichik ilmiy xodim.

 

Vaginoplastika ommalashdimi yoki hamon alohida bemorlarning kamyob injiqligi bo‘lib qolmoqdami?

Bugun ayollar bir qator, shu jumladan, oilaviy muammolarga ham yechim bo‘layotgan bu kabi operatsiyalar haqida ko‘proq xabar topyapti. Ayollar nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki ichki «go‘zallik», ichki aʼzolar salomatligi haqida ham qayg‘uryapti. Bu esa ularning tibbiy madaniyati oshayotganidan dalolat.
Operatsiya kolporafiya – qin old devorining shilliq qavatini toraytirib korreksiya qilish, levatoroplastika – tos tubini mustahkamlash uchun chot orasi mushaklari operatsiyasi, repozitsiya – siydik qopi va boshqa aʼzolarni joyiga qaytarish kabi amaliyotlarni o‘z ichiga oladi.

 

Mazkur muolajani bajarish uchun qanday ko‘rsatmalar mavjud va ayollar qaysi simptomlarga duch keladi?

Ko‘pincha vaginoplastika tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha bajariladi. Sabablari har xil: qinning old va orqa devori tushishi, bachadon tushishi, tug‘ruqdan keyingi yorilishlar, siydik chiqarish jarayoni buzilishi, qin tuzilishining tug‘ma nuqsonlari. 

Erta paydo bo‘ladigan simptomlar orasida: turli tovushlar chiqishiga sabab bo‘luvchi qinga havo kirishi, jinsiy aloqa vaqtida hissiyotning yo‘qolishi, tez-tez yallig‘lanish holatlari bor. Bularning bari ayol va juftining jismoniy va psixologik holatiga salbiy ta‘sir qiladi.


Qaysi yoshdagi ayollar sizga murojaat qiladi?
Bizga yosh ayol bemorlar ham kelgan, ammo asosan ko‘p sonli tug‘ruqdan keyin qin devorlarining tushib qolishidan shikoyat qiluvchi, shuningdek premenopauza davridagi ayollar murojaat qiladi. Bunday muammolarning sababi biriktiruvchi to‘qima yetishmovchiligidir. Bundan tashqari yirik homilali tug‘ruq yoki og‘ir jismoniy bosimdan keyin ayollarning siydik chiqarish kanali, siydik qopi va qinning old devori tushishi mumkin.

Ushbu nuqson, masalan, siydik ushlay olmaslik ko‘rinishida aks etadi. Hatto oddiy yo‘tal yoki aksirish vaqtida ayol organizmida namoyon bo‘ladi. Ammo besh farzand tug‘ib, bu muammolarni chetlab o‘tgan ayollar ham topiladi.

 Vaginoplastika ko‘pincha tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha o‘tkaziladi

Qanday qilib vaginoplastika intim hayotni yaxshilash bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin?

Patologiyalarda, shuningdek, bir necha tug‘ruqdan keyin qinning shilliq qavati cho‘zilishi mumkin. Bu jinsiy munosabat vaqtida o‘zaro aloqa hissi susayishiga olib keladi.

Vaginoplastika xavfsizmi? Uni o‘tkazish uchun qarshi ko‘rsatmalar bormi?

Vaginoplastikadan oldin ayol standart tekshiruvlardan o‘tishi lozim: umumiy qon, siydik tahlili, oyoq-qo‘llardagi qon tomirlari holati tekshiruvi, exokardiografiya, shuningdek, OIV, gepatit va jinsiy infeksiyalarga tekshiruv.

Operatsiya yurak-qon tomir kasalliklari, oyoq-qo‘l venalari trombozida taqiqlangan.

Agar qin shilliq qavatida yallig‘lanish bo‘lmasa, tug‘ruqdan ikki hafta – bir oy o‘tib jarrohlik amaliyotini o‘tkazish mumkin. Agar muolajani tajribali jarroh olib borsa, vaginoplastika xavfi minimal darajada kamayadi.

Intim plastikada qanday texnologiyalar qo‘llanadi?

Biz keyinchalik so‘rilib ketadigan vikril iplardan foydalanamiz. 100 dan ortiq chok tushadi. Geometrik aniqlikda mexanizmni qismlarga ajratib, qayta yig‘adigan konstruktor singari ishlaymiz. Operatsiya umurtqa narkozi ostida 20 daqiqadan 2-3 soatgacha davom etadi.

Bugungi kunda vaginoplastika operativ ginekologiyasiga talab ko‘proq.

 

Geometrik aniqlikda mexanizmni qismlarga ajratib, qayta yig‘adigan konstruktor singari ishlaymiz

 

 

Tiklanish davri va muolajadan keyingi taʼsir qancha vaqtgacha davom etadi?

Bemor ayol operatsiyadan keyin klinikada 3 kun yotadi. Har 10 kunda ko‘rikka keladi. 40 kun davomida o‘tirish va jinsiy aloqa taqiqlanadi. So‘ng odatiy hayot tarziga qaytishi mumkin.

Ko‘p hollarda samarasi operatsiyadan keyingi davrda tavsiyalarga qatʼiy rioya qilish va irsiyatga bog‘liq. Vaginoplastikadan keyin tabiiy tug‘ruq taqiqlanadi. Faqat kesarcha kesish orqali tug‘ish mumkin.

Vaginoplastika va tashqi jinsiy aʼzolar plastikasi qancha turadi?

Tahlillar va statsionarni hisobga olmaganda ikki million so‘m atrofida.

Vaginoplastika qarish jarayonini to‘xtatishi rostmi?

Mazkur operatsiya hayot sifatini oshiradi va ayolning psixoemotsional holatini yaxshilaydi. Biz qinni anatomik jihatdan tiklaganimiz sababli, shubhasiz, u ayol organizmini aynan sog‘lomlashtirishi mumkin.

Havoladan o’ting Youtube

Matn: Natalya Silkina

0
    0
    Ваша корзина | Sizning savatingiz
    Ваша корзина пуста | Savatingiz bo'shВернуться к покупке | Sotib olishga qaytish