Soch to‘kilishi kasalligi

Soch to‘kilishi muammosi hech qachon bugungichalik dolzarb, trixologlar esa talabgir bo‘lmagan. Axir, soch to‘kilishi – endi yakun emas-ku

30 yoshgacha bo‘lgan 80 foiz odam bir marta bo‘lsa-da, soch to‘kilishi muammosiga duch kelgan. Ayni paytda JSSTning salbiy statistikasiga ko‘ra, dunyodagi 66 foiz erkak va 38 foiz ayol soch to‘kilishining biror turidan aziyat chekadi. Buning yagona sababi yo‘q. Ko‘pincha bu bir nechta sabablar yig‘indisi bo‘lib, sog‘lom sochlarga ta’sir o‘tkazadi.

Soch to‘kilishi me’yori — kuniga 50 toladan 100 tagacha.

Alopesiya – soch follikulalarining zararlanishi natijasida sochlarning patologik to‘kilishini bildiruvchi atama.

Androgenetik alopesiya

Nomlanishining o‘zida muammoning asl mohiyati yashiringan: «andro» old qo‘shimchasi «androgenlar (erkak jinsiy gormonlari)ga bog‘liq» degan ma’noni bildiradi, «genetik» esa soch tuzilishining tug‘ma xususiyatlariga xos. U soch follikulalarining asta-sekin ingichkalashuvi va nobud bo‘lishi bilan kechadigan jarayon. Tiklanish kasallik bosqichlari va davomiyligiga bog‘liq, davolash va sochni ko‘chirish orqali korreksiyalash mumkin.

 Diffuz alopesiya

Asabiylashish, vitamin va minerallar yetishmovchiligi, endokrin kasalliklar tufayli yoppasiga soch to‘kilishi tarzida namoyon bo‘ladi. Soch zaiflanib, ingichkalashadi va yaltiroqligini yo‘qotadi, biroq belgilariga vaqtida e’tibor berib, mutaxassisga murojaat qilinsa, davolash oson kechadi.

 Alopesiya o‘chog‘i

Bir yoki bir nechta kal dog‘lar shaklida paydo bo‘ladi, davolanmasa bir-biriga tutashib ketadi. O‘choqlari turli o‘lchamda bo‘lib, butun tana bo‘ylab tukli sohalarda joylashadi. Ko‘pincha autoimmun va endokrin kasalliklar, ba’zida immun tizimidagi buzilishlarga sabab bo‘ladi.

 Chandiqli alopesiya

Jarohat, kuyish, jarrohlik choklari o‘rnida, soch follikulalari butunlay yo‘qoladigan va soch to‘kilgan sohalarda aniq chegaralangan chandiqlar hosil bo‘ladigan soch to‘kilishi turidir.

 Gipotrixoz

Soch to‘kilishi, qosh va kipriklar o‘sishining sekinlashuvi hamda tanada umuman tuklarning bo‘lmasligidir. Sabablari immunitet pastligi, muttasil asabiylashish, og‘ir infeksiya yoki irsiy omillar bo‘lishi mumkin.

Toshmali dermatit

Endokrin yoki vegetativ asab tizimi, OIT o‘zgarishlarida ba’zi odamlarda bosh terisining yog‘ bezlari faoliyatida buzilishlar kuzatiladi. Ular terisi yog‘ni kam ishlab chiqaradi yoki aksincha, ko‘p ishlab chiqarib, qichishish, achishish, qazg‘oq, so‘ng alopesiyaga olib keladi.

Mutaxassis fikri

Ilhom Rahimovich Rahimov, shifokor-trixolog,

Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktor o‘rinbosari:

 —  Ovqatlanish — soch o‘sishi va uning holatiga ta’sir etuvchi muhim omil. Organizm uchun temir va selen, shuningdek, turli vitaminlar yetishmasligi natijasida soch to‘kila boshlanishi mumkin.

Alopesiyaning yana bir keng tarqalgan sababi asabiylashish bilan bog‘liq bo‘lib, organizm unga qontomirlar spazmi bilan javob beradi. Qon kelishidan mahrum bo‘lgan sochlar nobud bo‘ladi va to‘kiladi, qolganlari esa odatdagidan sekin o‘sadi. E’tiborlisi shundaki, sochlar haftalar, ba’zan oylar o‘tib, so‘ng to‘kiladi.

Soch tuzilishi haqida qisqacha

Soch tarkibi:

78 foiz keratin oqsili

10–14 foiz suv

6 foiz lipidlar

1 foiz pigment

 

Sochning ko‘rinib turuvchi qismi uning o‘zagidir. Uni mexanik va tashqi ta’sirlardan, suvni singdirmaydigan yog‘ bezlari sekresiyasi bilan qoplangan kutikula himoya qiladi.

Yaltiroq va egiluvchan sochlar sog‘lom kutikula belgisidir.

Iqtibos: Sochlar o‘zini o‘zi qayta tiklashga qodir tirik organizmdir.

Tashxis

Bugun tashxis jarayoni, odatdagi kasallik tarixini o‘rganish va ko‘rikdan tashqari, ko‘proq axborot beruvchi va samarali usullarni ham o‘z ichiga oladi.

Trixoskopiya — tashxislashning komp’yuter usuli bo‘lib, tasvirni 100 marta kattalashtiradi, natijada shifokor soch tuzilishi va bosh terisini vizual o‘rganadi, kasallikni aniqlaydi.

Fototrixogramma — ingichkalashgan va muddatidan oldin tushadigan sochlar foizini hisoblash, shuningdek, soch o‘sishi davriyligini o‘rganish va qalinligi, diametrini o‘lchashga imkon beradigan usul.

Fotosuratlarni ko‘rib chiqish usuli davolash natijalarini dinamikada baholashga imkon beradi. Bunda boshlang‘ich tasvirdagi parametrlar keyingi tasvirlarda qayta yaratiladi.

Sochlarni spektral tahlil qilish organizmdagi mikroelementlar tarkibini o‘rganib, inson organizmidagi modda almashinuvining taxminiy vaqtini aniqlaydi.

Davolash

Trixologik piling

Muolajada bosh terisi o‘lgan hujayra, kir va yuvish vositalari qoldiqlaridan tozalanadi, toshma va qazg‘oq, qichishish bartaraf etiladi, terining nafas olishini yaxshilaydi. Pilinglar ta’sir qilish usullariga qarab farqlanadi. Mexanik ta’sirda abraziv moddali, kimyoviy turida esa kislotali pilinglardan foydalaniladi.

Mezoterapiya

Tarkibida vitamin, mikroelement, aminokislotalar mavjud bo‘lgan preparatlarni in’eksion tarzda yuborish usuli. Bunday davolash barcha oziqlantiruvchi moddalarni bevosita follikulaga yuborish imkonini beradi.

Plazmolifting yoki PRP-terapiya

Bemorning bosh terisiga o‘zining trombositlar bilan boyitilgan plazmasini kiritish usuli. Muolaja hujayralarning tabiiy yangilanishini faollashtiradi, soch to‘kilishini kamaytiradi, to‘laqonli o‘sishni rag‘batlantiradi.

Lazer terapiyasi

Sochlarni lazer yordamida davolash soch to‘kilishini kamaytirish va siyraklashishining oldini olishda keng qo‘llaniladi. U barcha turdagi alopesiyalar va bosh terisining aksariyat kasalliklarida kompleks terapiyaning zaruriy qismi hisoblanadi. Bundan tashqari, lazer terapiyasi mutlaqo og‘riqsiz va xavfsiz muolajadir.

Vizual korreksiya

Trixopigmentasiya

Terining yuqori qatlamiga pigmentni nuqtali implantasiya qilish sochning tabiiy ko‘rinishini saqlaydi. Pigment tarkibi zahar emas va allergiyadan xoli. Bu usul soch turmagini sozlash, bosh terisidagi chandiqlarni yashirish va soch ko‘rinishini tiklash imkonini beradi.

Soch transplantasiyasi

Ko‘chirib o‘tkazish soch follikulalari biriktiruvchi to‘qimalar bilan o‘ralgan va boshqa faollashish mumkin bo‘lmaganlarga mos keladi.

Ko‘chirib o‘tkazish uchun sochlar (follikulyar birikmalar — graftlar) ensa sohasidan olinadi, chunki ular doim o‘sib turadi. Ko‘chirib o‘tkazilgan ildizlar uch oydan keyin o‘sa boshlaydi, yakuniy natija esa bir yildan so‘ng bilinadi.

Transplantasiya yamash orqali (FUT) va choksiz (FUE) bo‘ladi.

FUT (FollicularUnitTransplantation) – tez va ko‘p hajmli ko‘chirib o‘tkazish usuli. Unda ensadan teri tasmasi kesilib, graftlarga bo‘linadi va soch to‘kilgan sohaga o‘tkaziladi. Soch o‘tkazishning bu turi ensada chandiq qoldiradi.

FUE (FollicularUnitExtraction) – optik moslama ostida uskunalar yordamida follikulalarni olish va ularni soch to‘kilgan sohalarga ko‘chirib o‘tkazish. Uslub qo‘shimcha graftlarni nafaqat bosh terisidan, balki tanadan olishga imkon beradi.

Har bir davolash usuli qarshi ko‘rsatmalarga ega. Tahririyatimiz, albatta, mutaxassislarga murojaat qilishni tavsiya qiladi.

Aylanma diagramma

Bosh terisidagi har bir soch follikulasi juda kichik a’zo bo‘lib, u butun hayoti davomida o‘sish, ortga qaytish va dam olish davriy maromiga amal qiladi.

 

Sochning o‘sish muddatlari:

Sochning faol o‘sish pallasi

Ikki yildan olti yilgacha davom etadi va umumiy soch hajmining 80 foizini tashkil qiladi.

Follikula ozuqadan ajraladi, hujayralar bo‘linishni to‘xtatadi.

Ikki-uch hafta davom etadi va umumiy soch miqdorining 1-2 foizini tashkil qiladi.

Dam olish davri

Ikki-uch oy davom etadi va umumiy soch miqdorining 10–15 foizini tashkil qiladi.

 Kun davomida to‘kilgan sochlar telogen sochlardir

Qosh va kiprikning o‘sish muddatlari:

o‘sish — 4–7 oy

dam olish — 3-4 hafta

to‘kilish — 9 oy atrofida

Sochlar 3-4 yilda o‘rtacha bir yarim metrgacha o‘sadi.

 1,617 

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии