Chandiqlar. Tananing bir qismi

Har bir chandiqda og‘riq yashirin, biroq u ba’zida baxt, muhabbat va minnatdorlik ramziga aylanadi. Bir umrga tatigulik 9 hikoya.

 

Bella Gataulina, «DJ BELLA»

Atrofik chandiq

atrophiccicatriceortaest

To‘rt yoshimda meni it tishlagan va o‘ng yuzim ko‘zimdan lablarimga qadar yirtilgan. Bu ko‘rinishimda meni hech kim yaxshi ko‘rmasligidan onamga shikoyat qilar va siqilar edim. Ajablanib qarovchi nigohlar ta’qibi, atrofdagilarning mazaxlari ostida yashardim. Bu holat kuchayib borardi. Faqat o‘zimni borimcha qabul qilib, yaxshi ko‘rgachgina ruhimda erkinlik sezdim va chandig‘imdan uyalmay qo‘ydim. Respublika estrada-sirk kollejining xoreografiya yo‘nalishini tamomladim, kino, reklama, kliplarda suratga tushib, xalqaro kompaniya yuzi bo‘ldim, guruhda kuylab, dijeyga aylandim. Endi odamlar menga qarab kulmaydi, balki qoyil qoladi.

Men butun umr sahnada ishlashni orzu qilganman. Va yuzimda sezilarli nuqson bo‘lsa-da,bu orzumga yetdim. Ishonchim komil, chandig‘im bo‘lmaganida, butunlay boshqa inson bo‘lar edim…

 

Anna Babich-Avanesova, prodakt-menejer «Vegapharm»

 

Gipertrofik chandiq

hypertrophiccicatriceortaest

Odamlarning aytishicha, archaga o‘xshar ekanman. Yana qanday deng? Qiyshiq, qo‘rqinchli, o‘sishni istamaydigan archaga. Tanamdagi chandiqlar yaqinlarim jasorati uchun berilgan nishon kabidir. Kasal bo‘lganimda ular ko‘p qiyinchilik ko‘rdi. Oilaviy shifokorman, tibbiyot akademiyasida dars ham berganman. 2007 yilda homilador paytim ichak tutilishi tufayli jarrohlik stoliga yotdim. To‘rtta operatsiyani boshdan o‘tkazdim. Homilam narkozni ko‘tara olmay nobud bo‘ldi. Shifokor ichakni operatsiya qilish jarayonida bachadonimga ham zarar yetkazgan, ammo indamagan. Yana operatsiya qilishdi va bachadonimning bir qismi hamda 4,5 metr ichagimni olib tashlashdi. Harbiy gospitalda davolandim. Bir necha yil o‘tib, o‘g‘illi bo‘ldim. U quyib qo‘ygandek o‘zim.

 

Chandiq – tanam va hayotimdagi muhim detal’. U bilan har doim hisoblashishga majburman: kiyinish va ovqatlanishdan tortib, to‘rt yostiqda uxlagan holatimda ham.

 

 

Jasur Xudoyberdiev, «FlyinUp» rok guruhi vokalchisi, «GGC Unno» reklama agentligi kreativ direktori

Atrofik chandiq

atrophiccicatriceortaest

To‘qqiz yoshda edim. Onam ikkimiz qishki mavsum uchun konserva tayyorladik. Baqlajon ikrasi bankalarini yerto‘laga tashiyotganimda qoqilib yiqildim. Banka sinig‘i chap yuzimni teshib kirgan. Qattiq qo‘rqib ketganman – o‘lib qolaman, deb o‘ylaganman.

Yuzimga 12 ta chok tushgan. O‘sha kuni uch haqiqatni anglaganman: men o‘limdan qo‘rqmayman, onamni juda yaxshi ko‘raman, og‘riqqa chidasa bo‘ladi.

Maktabda meni doimo qo‘llab-quvvatlagan sinfdoshlarim va sinf rahbarimdan minnatdorman. Atrofdagilar chandig‘imga unchalik e’tibor qaratmagani tufayli o‘zim ham yangi ko‘rinishimga e’tibor bermay qo‘yganman.

Tashqi ko‘rinishing ahamiyatga ega emas. Unda mohiyat ham yo‘q. Sen – yuzing va tanang emassan, sen – bu xulq-atvoring, xarizmang, atrofdagilarga muhabbatingdir.

 

 

Valeriya Byuyyur, buxgalter, jarayonlarni optimallashtirish bo‘yicha maslahatchi

Gipertrofik chandiq

hypertrophiccicatriceortaest

O‘zbekistonda paytim tanamdagi bu «qashqa»ga e’tibor bermaganman, Niderlandiyada esa shifokorga borishni maslahat berishgan. Tanamdagi xol melanomaga aylangan. Yashab qolish imkoniyatlarini belgilab beruvchi operatsiyani uzoq kutdim.

O‘sha payt hayotimdagi eng dahshatli davr edi, shukrki, hammasi yaxshi o‘tdi, buning uchun taqdirdan minnatdorman.

Ilgari chandig‘imni ko‘rsatishdan uyalardim. Uni qanday orttirganim barchaga qiziq edi. Hozir xijolat bo‘lmayman. Uzun yengli kiyim kiyaman. Uyalganimdan emas, insolyasiyadan himoyalanaman, oftobda qorayish xavfli. Chandiqlar – qiyinchiliklarni yenga olishim belgisidir.

Sog‘aygach, ko‘p narsani tushundim, hayotga munosabatimni qayta ko‘rib chiqdim. Ortiq hech narsani «shart» va «kafolatlangan» degan ma’noda qabul qilmayman.

Diana Sodiqova, xususiytadbirkor

Atrofik chandiq

atrophiccicatriceortaest

Ko‘rish qobiliyatim yaxshi emas, homilador paytimda yanada yomonlashdi. Shu bois kesarcha kesish amaliyotiga ishim tushdi. Tug‘uruqdan oldin shifokordan choklarni kamroq va chiroyliroq tikishni iltimos qildim. Tuqqanimning uchinchi kuni hayotimda keskin burilish bo‘ldi – chandig‘imni ko‘rib dahshatga tushdim. Lekin sekin-asta ko‘nikdim. Ikkinchi bor kesarcha kesishdan so‘ng chandiqqa qaramay qo‘ydim. Uchinchisidan keyin esa – bu mening o‘zimga xos tomonim ekanini angladim.

 Chandiq ona ekanimni eslatib turadi. Men baxtliman.

 

Dilya Yusupova, yuz-jag‘ sohasi jarrohi, Toshkent davlat

stomatologiya instituti estetik reabilitasiya bo‘limi mudirasi

 

Kelloidli chandiq

keloidcicatriceortaest

Taxminan o‘n yoshda edim. Akam bilan quvlashmachoq o‘ynayotib, poldagi elektr plitasida turgan choynakka kolgotkam ilinib qolgan. Oyog‘im toyib, to‘kilgan qaynoq suv ustiga o‘tirib qolganman. Shundan keyin qichqiriq, shovqin, shifoxonadan boshqasini eslay olmayman. Uch-to‘rt oy yura olmadim. Keyin uzoq muddatli reabilitasiya davri, bog‘lamlar, Moskvadagi bir qator plastik operatsiyalar.

Ota-onam oyoqlarimni hech qachon yashirmagan, kalta yubkalar, paypoqlar kiydirishgan. Men chandig‘imni tanamning bir qismi sifatida qabul qildim. Maktabda sinfdoshlarim ortiqcha savollar bermagani, dilimni og‘ritmagani uchun minnatdorman.

 

Men hech qachon chandig‘imdan uyalmaganman, chunki dadam doimo chiroyli ekanligimni takrorlardi.

 

Dmitriy Goroshko

Atrofik chandiq

atrophiccicatriceortaest

Sakkiz oyligimda Toshkentdagi shifoxonalardan birida menga gepatit V ni yuqtirishgan. 15 yoshimda jigar sirrozi boshlandi. Davolash vaqtida gepatit D ni ham yuqtirishgani uchun sirroz oxirgi bosqichiga yetib keldi. Meni faqat jigar ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi qutqarishi mumkin edi. Imkoniyat – milliarddan bitta. Fransiyadagi klinikalardan biri yaqinlari ruxsati bilan o‘lgan donorning jigarini ko‘chirishga rozi bo‘ldi. «Jahannam»ga tushib qolganday edim go‘yo. Donor kamida 1100 parametr bo‘yicha mos kelishi kerak. Yetti oydan keyin operatsiya qilishdi.

Oldiniga tanamda boshqa inson a’zosi borligiga ko‘nikish qiyin kechdi. Hayot uchun kurash hali-hanuz davom etmoqda.

Chandig‘imdan uyalmayman, chunki u menga juda qimmatga tushgan. Bu bir umrga tatigulik hikoya – bir shifokorning mas’uliyatsizligi oqibatidir.

Lola Islomova, Anhor.uz sayti bosh muharriri

 

Kelloidli chandiq

keloidcicatriceortaest

Bolaligimda o‘ta harakatchan va mustaqil bo‘lganman. O‘n yoshligimda choy damlayotib, ustimga qaynoq suv to‘kilib ketgan. Chandiq meni jismonan chegaralamaydi, shuning uchun hech qachon noqulaylik sezmaganman.

Ko‘pchilik boshqalardan ajralib turuvchi insonlarga qiziqadi, chandiqli inson esa o‘zgalar e’tiborini oson tortadi. Afsuski, yonidan o‘ta turib, o‘zini ko‘z tashlamaslikka «majbur qilish» madaniyatimizga xos emas. Odamlarimiz bunga o‘rganmagan, lekin men bundan xafa emasman.

 

Maktabda atom urushi paytidagi xavfsizlik qoidalari o‘rgatilgan, biroq oshxonadagi xavfsizlik choralarini uqtirishmagan.

 

 

Nargiza Sidiqova, «Pchelki po uborke» ma’muri

Gipertrofik chandiq

hypertrophiccicatriceortaest

2013 yil oxirida ko‘kragimda qattiq bezni sezib qoldim. O‘simta ekan. Davolana boshladim: kimyoterapiya, gormonlar, operatsiya. Shifokorlar ko‘kragimning bir qismini olib tashlab, tiklash uchun belimdan to‘qima olinishini aytishdi.

Keyin yana nur va kimyoterapiya. 25 kg ortiqcha vazn to‘pladim, ammo eng asosiy maqsad tirik qolish edi, chunki ikki nafar bolam bor. Hayotga muhabbat oldida chandiqlar arzimaydi. Muhimi, tirik va sog‘man.

Chandiqlarimga qaraganimda tirikligim, farzandlarim kamolini ko‘rib turganimdan shodlanaman.

 1,224 

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии