Bolalar va COVID-19

Pandemiya boshlanganida mutaxassislar bolalar bu xavfli virusga chalinmaydi, deb o‘ylagan edi. Ammo ular ham xuddi kattalar kabi kasal bo‘lishi mumkin ekan. Virusni yuqtirib olmaslik, xastalik jiddiy yoki og‘ir bosqichga o‘tib ketmasligi uchun nima qilish kerakligini mutaxassislardan bilib olamiz.

Hilola Rizayeva,

pediatr

COVID-19 ning bolalarda eng ko‘p uchraydigan belgilari qanday?

Eng ko‘p uchraydigan simptomlar – tana haroratining ko‘tarilishi, quruq yo‘tal, qorindagi og‘riq, ich ketishi.

Diareya – bolalarga xos kasallanish belgilaridan biri.

Kam uchraydigan simptomlar quyidagilar: mushaklar og‘rig‘i, tana zirqirashi, konyunktivit, taʼm va hid bilmaslik. Bolalarning ko‘proq yuqori nafas (burun, tomoq) yo‘llari zararlanadi. Virus kamdan-kam holatda o‘pkaga o‘tadi.

Kasallik og‘ir shakliga qanchalik tez o‘tishi mumkin?

Bolalarda kasallik yengil kechadi. Asoratlar va salbiy yakun juda kam uchraydi. Kasal bo‘lganlarning taxminan 80 foizi shifoxonada yotishga zarurat sezmay, o‘zidan o‘zi sog‘ayadi. 8 foiz atrofidagi bolalarda intensiv terapiya va kislorod taʼminotini talab qiluvchi asoratlar rivojlanadi.

Simptom sezilmagan bolalar koronavirusni boshqalarga yuqtirishi mumkinmi?

To‘g‘ri, bolalarga COVID-19 ning og‘ir shakli kamdan-kam xavf soladi, ammo ular asosiy infeksiya tashuvchilar hisoblanadi. Bu holat, ayniqsa, qariyalari bor oilalar uchun o‘ta xavfli.

Boshqa kasalliklarda ham bolalarning shu tariqa infeksiya yuqtirish holatlari kuzatiladimi?

Kuzatiladi. Masalan, gripp singari boshqa respirator viruslarda. Shu sababli bolalarni grippga qarshi emlatish nafaqat ularni xastalikdan himoyalaydi, balki virusni uydagi keksalarga yuqtirishining oldini oladi.

Bola bog‘cha yoki maktabga borsa, uni kasallik yuqishidan qanday himoyalash mumkin?

Bog‘cha yoki maktabga boradigan bolalar ko‘plab respirator infeksiyalarga yo‘liqishi mumkin. Shuning uchun niqob taqish, bola o‘tirgan binoni shamollatish, yaxshilab qo‘l yuvishni o‘rgatish, yo‘tal yoki aksa urganda burun va og‘izni tirsak yoki salfetka bilan yopish, ko‘z, burun va og‘izga qo‘l tekkizmaslik kabi ehtiyot choralariga rioya qilgan maʼqul.

Bolalar turli stresslarga nisbatan taʼsirchan bo‘ladi. Kun tartibiga qatʼiy rioya etishga harakat qiling. Maktab taʼlimi, o‘yinlar va dam olish vaqtini tartibga soling. Qolaversa, ovqatlanish jarayonini muvozanatlangan tarzda tashkil qiling.

Turli yoshli bolalar kasallikni har xil o‘tkazadimi?

Maktabgacha yoshdagi va emizikli bolalar kasallikka ko‘proq moyil bo‘ladi. Chunki ularning nafas yo‘llari hali zaif va xavfli infeksiya bilan kurashishga ojiz bo‘ladi.

O‘smirlarning immun tizimi yetarli darajada rivojlangan. Shu bois kasallik kattalardagi kabi kechishi mumkin. Ammo unutmaslik kerakki, bu virus haqida hali juda kam maʼlumotga egamiz va endigina taxminlarni ilgari suryapmiz.

COVID-19 yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun xavflimi?

Homilador ayollar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar infeksiyaning og‘ir kechishi bobida yuqori xavf guruhiga kiradi. Chunki ularning immun tizimi faoliyati yetarli bo‘lmaydi. Bugungi kunda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda COVID-19 ni keltirib chiqaruvchi infeksiyani profilaktika va nazorat qilish bo‘yicha ishonchli maʼlumotning o‘zi yo‘q. Barcha homilador ayollar kuchli nazorat ostida bo‘lishi va tashxis tasdiqlangandan keyin shifoxonada yotishi kerak. COVID-19 ga chalingan onadan tug‘ilgan chaqaloqlar neonatolog va pediatr nazoratida bo‘lishi lozim.

Virus homilaga qanday taʼsir qilishi maʼlummi?

Bola tashlash, muddatidan ilgari tug‘ruq, homila rivojlanishining sekinlashuvi holati kuzatilyapti. Homilador ayollarga kasallikning og‘ir kechishi xavf solgani bois profilaktika qoidalariga qatʼiy rioya qilishi tavsiya etiladi.

Botir Mirzakarimov

otorinolaringolog

Bolalarning yuqori nafas yo‘llari va og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavati COVID-19 uchun misoli kirish eshigi hisoblanadi.

Bolalarda hid sezmaslik ko‘p uchraydimi? Holatni yengillatish uchun nima qilish kerak?

Hid sezgisini tez tiklash usullari tibbiyotga hozircha maʼlum emas. Muolaja yallig‘lanish va burun shilliq qavati shishini kamaytirishga qaratilgan.

Koronavirusni davolashda ingalyatsiya va nebulayzer yordam beradimi?

Ularni quruq yo‘tal paytida qo‘llasa bo‘ladi, ammo amaliyotda shikoyatni biroz kamaytirishi yoki davolashda muhim rol o‘ynamasligi mumkin. Osh sodasi ingalyatsiyasi samarasiz, bolalarning tomog‘idagi shilliq qavatni kuydiradi.

Surunkali tonzillitli bolalar COVID-19 ga ko‘proq uchraydimi?

Surunkali tonzilliti bor odamlar COVID-19 ga ko‘proq chalinishini tasdiqlovchi maʼlumotlar yo‘q.

 

Dinara Matkarimova

oilaviy va bolalar amaliyotchi psixologi

Bolalar bilan koronavirus haqida suhbatlashish kerakmi?

Hayotimizni o‘zgartiradigan haqiqatlar haqida bolalarga so‘zlab berish kerak. Shu jumladan, koronavirus haqida ham.

Bola bilan gaplashganda kichik suhbatdoshning yoshini inobatga olish zarur. Uch yoshli bolaga kasallikning dahshatli asoratlari haqida gapirmang. Yaxshisi, uni ertaksifat shaklda taqdim eting: “Kichik yovuz virus paydo bo‘libdi. U odamlarni kasal qiladi. Senga hujum qilmasligi uchun uyda o‘tirishing kerak. Yana, yaxshi sehrgarlar maxsus himoyani o‘ylab topgunga qadar super niqob ham taqishing lozim”. Bolalar bu kabi maroqli o‘yinga osongina kirishadi va karantin choralariga rioya etish ular uchun unchalik zerikarli bo‘lmaydi.

Kattaroq yoshli bolalarga esa batafsil maʼlumot bering. Besh-olti yoshdan katta bolalarga kasallikning asoratlari, shu jumladan, o‘lim bilan tugashi haqida ham gapirish mumkin. Biroq bu kabi suhbatlar qo‘rqinchli emas, balki ogohlantiruvchi ohangga ega bo‘lishi kerak.

Bolada niqob taqish, antiseptik qo‘llash ko‘nikmasini qanday shakllantirish mumkin?

Gadjetlardan foydalangan holda, niqob va antiseptikning muhimligi aks ettirilgan roliklarni birga tomosha qiling. Niqob taqish va antiseptikdan foydalanish borasida ota-onalar o‘zlari namuna bo‘lishi kerak. Shuningdek, bu haqda bolalarga muntazam eslatib turish lozim.

Maktabgacha yoshdagi va uyda o‘qiyotgan bolalar kun tartibini qanday tashkil etish kerak?

Bola uchun kun tartibiga rioya qilish juda muhim. Aks holda u injiq va asabiy bo‘lib qoladi. Bunday vaziyatda o‘quvchining o‘zlashtirishi susayadi, ayniqsa, u uyquga yetarlicha to‘ymasa.

O‘quvchi har kuni 2-3 soat dam olishi kerak. Bu faol va nofaol hordiq chiqarish (shunchaki yotish) bo‘lishi mumkin – buni bolaning o‘zi tanlaydi. Uni doim tergash va biror yumush bilan shug‘ullanishga majbur qilish kerak emas.

O‘qishi uchun uni urishish va qattiq nazorat qilish tavsiya etilmaydi. Ota-ona bolasining o‘qishini qancha ko‘p nazorat qilsa, bola shuncha kam mustaqil harakatlanadi.

Bog‘cha yoshidagi bolaga kelsak, bu yerda, albatta, ko‘ngilochar o‘yinlar bo‘lishi shart. Mashg‘ulotlar o‘yin shaklida o‘tishi va cho‘zilmasligi kerak.

 

Muallif: Farangiz Aliyeva

 2,432 

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии