Birinchi marta

Bizda seks haqida gapirish uyat, hatto uning bo‘sag‘asida tursang ham. Hammasini «yanga»dan bilish yaxshi, ammo seksolog, ginekolog va urologning aytgani boshqacha. Nikohning ilk kechasi: unga qanday tayyorlanish va undan nima kutish kerak?

 

Ekspertlar:

Irina Kungurova, seksolog

Sevara Irgasheva, Akusherlik va ginekologiya markazi ilmiy bo‘limi rahbari, ginekolog-endokrinolog

Shaxzod Xo‘jaev, Respublika ixtisoslashtirilgan urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi urologi

Seks – balog‘atga yetgan inson hayotining ajralmas qismi. U xuddi nafas olish, ko‘rish yoki ovqat hazm qilish kabi tabiiy jarayon. Ammo unga oldindan tayyorgarlik ko‘rish kerak.

Birinchi jinsiy aloqa

Ilk bor hammasi juda tez sodir bo‘lishi va bu holat hech qanday lazzat bag‘ishlamasligi mumkin. Bu tabiiy ekanini tushunish lozim.

Seks – bu vaqt o‘tishi bilan shakllanadigan ko‘nikma. Tabiiyki,  muvaffaqiyatsizlik bo‘ladi, ammo tajriba ortgan sari kamayaveradi.

Irina Kungurova

Defloratsiya

Qizlarning bokiralik pardasidan ayrilishi (bokiralik pardasining yirtilishi) defloratsiya deyiladi.

*Bokiralik pardasi – bu ingichka egiluvchan membrana. Qinga kirish qismini qisman yopib turadi.

Birinchi jinsiy aloqa qiz bola uchun odatda og‘riqli hissiyot bilan kechadi. U ba’zan bilinmasligi yoki bokiralik pardasining yirtilishi hisobiga o‘rtacha kechishi mumkin. Bu sezgilar qisqa muddatli bo‘lib, og‘riqsizlantiruvchi vositalarni talab qilmaydi. Ozgina qon kelishi ham tabiiydir.

Agar qizlik pardasi halqasimon va cho‘ziluvchan bo‘lsa, yirtilmasligi ham mumkin. Bokiralik pardasi ba’zida faqat birinchi tug‘ruq vaqtida to‘liq yirtilishini ginekologlar yaxshi biladi.

Erkaklarda birinchi masturbasiya yoki pollyusiya vaqtida ma’sumlikni yo‘qolishi ro‘y beradi. Erkaklarning birinchi jinsiy aloqasi seksual debyut deyiladi. Bir marta bo‘lsa ham masturbasiya qilgan erkak ma’sum hisoblanmaydi.

 

Tabiat nega yo‘l ko‘rsatmaydi?

Barcha yoshlar to‘ygacha o‘zining birinchi nikoh kechasi haqida tasavvur qilib ko‘radi. Bu borada ular fil’mlar, kitoblar yoki tanishlaridan olgan ma’lumotga suyanadi. Ammo ko‘pincha bu tasavvurlar noto‘g‘ri chiqadi. Chunki yoshlar bu mavzudan qochadi yoki «tabiat yo‘l ko‘rsatadi», «hammasi o‘z-o‘zidan bo‘lib ketadi» degan umidda ushbu muhim jarayonga ruhan tayyorlanmaydi. Hammasi tasavvurdagidek chiqmaganidan keyin, tabiiyki, ularning hafsalasi pir bo‘ladi.

Erkaklarda quyidagi to‘siqlar kuzatilishi mumkin:

  1. Hayajon va stress oqibatidagi psixologik erektil disfunksiya.
  2. Seksual xavotir yoki jinsiy muvaffaqiyatsizlikni xavotir bilan kutish sindromi.
  3. Koitofobiya, intimofobiya kabi jinsiy aloqadan qo‘rqish tulari. Tashqi tomondan ular turli sabablar hamda “qiz boshqacha ekan”, “munosabatimiz o‘xshamadi”, “sharoit to‘g‘ri kelmadi”, “o‘zimni yomon his qildim” degan vaj va bahonalar orqali namoyon bo‘ladi.

Qizlarda:

  1. Vaginizm – tos tubi mushaklarining beixtiyor qisqarishi oqibatida olatning qinga kirishi qiyinlashuvi. Ko‘pincha uyalish, ota-onaning taqiqlari, og‘riqdan qo‘rquv, ilgari jinsiy zo‘ravonlikka uchrash kabi psixologik sabablar kuzatiladi.
  2. Bokiralik pardasining qalin membranasi, ya’ni parda yirtilmay va cho‘zilmay, ayolga og‘riq beradi. Ammo bu kamyob kuzatiladigan holat.
  3. Lubrikasiyaning kamligi, ya’ni tabiiy namlanishning yo‘qligi (ayol ehtirosga to‘lganda, maxsus suyuqlik ajralib chiqadi. U olatning qinga og‘riqsiz kirishi va friksiya vaqtida yaxshiroq harakatlanishini ta’minlaydi).

Lubrikasiyaning yo‘qligi har ikki tomonga noqulaylik tug‘diradi. Bunga quyidagilar sabab bo‘lishi mumkin.

–       qiz qo‘rquv natijasida o‘zini bo‘sh qo‘ya olmaydi;

–        erkak dastlabki muloqotlar va qizning ruhan tayyorligiga e’tibor bermay, koitus (olatni qinga kiritish)ga oshiqadi.

Ko‘pchilik erkaklar jinsiy aloqa – bu shunchaki olatning qinga kirishi, deb xato o‘ylaydi. Aslida bu jarayonga dastlabki erkalash, jinsiy sherikka teginish, nigohlar, silab siypalash kabi intim harakatlar kiradi. Ular emosional kayfiyatning o‘zgarishiga olib keladi. Bu ayol organizmida nafas olishning tezlashishi, tana haroratining biroz oshishi, qindan ajralmaning chiqishi orqali namoyon bo‘ladi. Demak, tana jinsiy aloqa uchun tayyor, ana undan keyin koitusga kirishish mumkin.

Bu vaziyatda erkakning qo‘llab-quvvatlashi va dastlabki o‘zaro tayyorgarlik, xavfsiz intim muhitni yaratish, erkak tomonidan ayolning hissiyotlariga e’tiborli bo‘lish yordam beradi.

Birinchi seks – bu, albatta, a’lo bahoga topshirish lozim bo‘lgan imtihon emas. Bu yerda o‘zi yoki sherigiga kuchli talablar qo‘yilishi va katta umid bog‘lanishi kerak emas. Chunki unda ko‘ngil qolishi va uyat hissi ehtimoli yuqori.

Uyalish – bu chidab bo‘lmas tuyg‘u va cheklovlar uchun qulay imkoniyat bo‘lib, jinsiy aloqadan qochishga olib keladi va erkaklarda erektil disfunksiya hamda ayollarda jinsiy maylning susayishiga sabab bo‘ladi.

Xavotirdan qutulishning eng yaxshi yo‘li – sherigidan sir yashirmaslik. Bu bir-birini yaxshiroq tushunishga va munosabatlarni yanada yaqinroq hamda ishonchli o‘rnatishga yordam beradi.

Nikohgacha bo‘lgan munosabatlar

Juftliklar o‘zlariga jismoniy va ruhiy og‘riq yetmasligi, ataylab yoki bilmay teginib ketish, yoki itarib yubormasliklariga ishonch hosil qilishi kerak. Intim munosabatlarga oid so‘zlar tez ranjitadi va xotirada uzoq vaqt saqlanib qoladi.

Nikohning birinchi kechasiga qadar ishonchli va xavfsiz munosabatlar shakllanishi kerak. Bu esa aynan muloqot, munosabat o‘rnatish va uni rivojlantirish orqali amalga oshadi.

Nikohgacha munosabatlarning yana bir muhim tomoni – juftliklar bir-birini “shaxsiy hududi”ga kiritishni o‘rganadi: teginish, quchoqlashish, bo‘sa olish kabi. Shu orqali bo‘lg‘usi kelin-kuyov bir-biriga mosligini anglaydi.

Shaxzod Xo‘jaev

Yangi kelin-kuyovga maslahatlar

–        Jinsiy yaqinlik vaqtida homiladorlik ro‘y berishi mumkin. Agar kontrasepsiyaga ehtiyoj bo‘lsa, buni oldindan o‘ylab, mos variantini tanlab qo‘yish lozim.

–        Agar juftliklardan biri intim tajribaga ega bo‘lsa, unga ishonch bildirgan ma’qul. Hech kimda tajriba bo‘lmasa, o‘zini erkin qo‘yib, jinsiy aloqani bo‘lganicha o‘tkazish kerak.

–        Qulay va yoqimli muhit yaratish zarur.

–        Shoshmaslik va dastlabki erkalashlarga xasis bo‘lmaslik lozim.

–        Qizlarning jarohatlanish xavfini kamaytirish uchun erkak birinchi jinsiy aloqada keskin va qo‘pol harakatlardan tiyilishi shart.

–      Lubrikantlardan foydalanish mumkin.

–        Lazzatlanish va orgazmni maqsad qilmaslik lozim.

–        Birinchi martadan keyin bir necha kun davomida jinsiy aloqadan tiyilish zarur.

Agar birinchi jinsiy aloqa vaqtida kuchli og‘riq kuzatilsa, urinishni to‘xtatib, ginekologga murojaat qilish lozim. Shuningdek, muttasil qon ketishiga o‘xshab ko‘p qon ajralsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilish kerak.

Defloratsiyadan keyin seks og‘riq bermasligi lozim. Og‘riq – bu noxush holat. Ushbu vaziyatda ginekologga borish va tekshiruvdan o‘tish tavsiya etiladi.

Nikohgacha nima qilish kerak?

Nikohlanishdan oldin kelin-kuyov bir-birining sog‘lig‘i haqida bilib olishi zarur. Yoshlar tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart. OIV va boshqa infeksiyalarga tahlil topshirish, tor mutaxassislar, shu jumladan, ginekolog, urolog, psixiatr ko‘rigidan o‘tishi lozim. Zarur bo‘lsa, shifokorlar UTT yoki boshqa qo‘shimcha tekshiruvlarni tavsiya qilishi mumkin.

Salomatlik holatidan tashqari, bugungi kunda bo‘lg‘usi turmush o‘rtog‘ining ota-onasi yaqin qarindosh emasligini, nasl suradigan kasalliklari bor-yo‘qligini aniqlash zarur.

Nima uchun buni bilish muhim? Deylik, kuyov xonadonida qandli diabetga chalinganlar bo‘lsa, kelinda ham shunga o‘xshash vaziyat kuzatilsa, yosh oilaning bo‘lg‘usi farzandlarida ham ushbu xastalikka chalinish xavfi yuqori bo‘ladi.

Bo‘lg‘usi kelin-kuyov bir-birining sog‘lig‘idagi muammolar haqida bilishi va ongli ravishda juftini tanlashga haqli. Shu tariqa yoshlar bir-birini ortiqcha ta’na va malomatlardan xalos etadi.

Nikohning birinchi kechasi har xil o‘tishi mumkin

Nima qilishni faqat siz va sherigingiz hal qiladi. Bu kuni orangizda jinsiy aloqa ro‘y berishi shart emas. Bunga tayyor bo‘lmasangiz, demak, sizga ko‘proq vaqt kerak va bu tabiiy hol.

 

O‘zbekona urf-odatlarga ko‘ra, nikohning birinchi kechasi

Sevara Irgasheva, ginekolog-endokrinolog, tibbiyot fanlari doktori, Akusherlik va ginekologiya markazi bo‘limi boshlig‘i

Sevara Irgasheva,

O‘zbekona udumlarga ko‘ra, nikohning birinchi kechasi kelin-kuyov uchun haqiqiy imtihon bo‘ladi. Jarayon so‘ngida choyshabda kelinning bokiralik qonini ko‘rsatish talab qilinadi. Kuyov esa jinsiy aloqa tugashi bilan to‘shakni tark etadi.

 

Bu kabi urf-odatlarga amal qilish ko‘plab muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Ilk marta birga bo‘lish – bu o‘ta shaxsiy va intim hodisa. Biroq yangi kelin-kuyov bir-biriga e’tibor qaratish o‘rniga qarindosh va do‘stlarining ularga bo‘ladigan munosabati haqida o‘ylashi kerak.

Bu kabi vaziyat asabiylashish, shoshmashosharlik va jinsiy aloqa vaqtida noto‘g‘ri harakatlanishga sabab bo‘ladi. Natijada kelin ruhiy va jismoniy jarohatlanishi ehtimoli yuqori.

Bu yoshlarning jinsiy munosabatlariga putur yetkazishi mumkin. Ayollarda turli ko‘rinishdagi asabiylashish holati, vaginizm, frigidlik rivojlanadi va, albatta, umumiy munosabatlarga ta’sir qiladi.

O‘zbekona boshqa odat bo‘yicha nikoh kechasi «yangalar» qo‘shni xonada poyloqchilik qiladi, ya’ni ularning vazifasi – kelinning bokiraligini isbotlash.

Bu kabi urf-odatlar o‘tmishga borib taqaladi. Ilgari yangalarning vazifasi nafaqat to‘shakni tekshirish, balki kelinni nikohning birinchi kechasiga tayyorlash va uni jarohatlanishdan asrash bo‘lgan.

Hozirgi paytda bunday yordam, muloyim aytganda, g‘alati tuyuladi. Zamonaviy qiz gigienik muolajalarni bemalol mustaqil uddalay oladi. «Yanga»ning maslahati va shaxsiy tajribasi esa kelin uchun foydali bo‘lishi dargumon.

Shu sababli bugun yosh juftliklar nikohning birinchi kechasida yangalarning ishtirokidan voz kechyapti. Nima bo‘lganda ham, bu – ularning shaxsiy tanlovi.

Birinchi aloqa haqida, avvalo, erkak qayg‘urishi kerak. Muloyimlik va sezgirlik bilan munosabatda bo‘lish, o‘zaro ishonchli muhitni yaratish, dastlabki erkalashlar, o‘zini nazorat qilish – bularning bari muvaffaqiyatli seksual debyutning asosida yotadi. Aynan shuning uchun ham jinsiy yaqinlik birinchi kechada bo‘lishi shart emas.

Qo‘pollik yoki zo‘ravonlik bilan jinsiy aloqa qilish qin devorlarining yirtilishi va chot orasining jarohatlanishiga olib kelishi mumkin.

Bu, shuningdek, vaginizm yoki bokiralik pardasining qalinligi tufayli qarshiliklarga qaramay, erkak jinsiy aloqaga kirishsa ham sodir bo‘lishi mumkin.

Qin mushakli egiluvchan quvurcha shaklida bo‘lib, tabiat uni ataylab cho‘zilvchan qilib yaratgan. Axir ushbu kanal orqali bola dunyoga keladi. Ammo namlanishning yetarli bo‘lmasligi, kelinning uyalishi, kuyovning qo‘polligi yoki shoshqaloqligi birinchi jinsiy aloqa vaqtida jarohatlanishga sabab bo‘lishi mumkin.

Maslahat so‘rab kimga murojaat qilish kerak?

Bunga bir xil javob yo‘q

Nikohdan oldin yoshlar bilan ko‘pincha yoshi kattaroq qarindoshlar suhbatlashadi. Bu odam to‘g‘ri tushunchaga ega bo‘lsa – nur ustiga nur, ammo har doim ham shunday bo‘lavermaydi-da.

Bugun yosh qizlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan ginekologga ko‘proq murojaat qilyapti. Bu – to‘g‘ri qaror.

 

Matn muallifi: Mado Mixmanova

 

 2,618 

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии