Bir koʼrishda mikroskopni yoqtirib qoldim

19 yoshli Deniz Akin – bo‘lg‘usi genetik, Brunel University Londonda biotibbiyot fanlarini o‘rganyapti. Toshkent xalqaro maktabi (TIS) bitiruvchisi hozir Gematologiya va qon quyish ITIning molekulyar tibbiyot hamda hujayra texnologiyalari bo‘limida amaliyot o‘tayapti. U genetik mutasiyaga uchraganlarga yordam berishni orzu qiladi. Tibbiyotimizning umidi va kelajagi o‘zi hamda sevimli kasbi haqida so‘zlab beradi.

Nima uchun aynan genetika?
Maktabda aktyorlik mahoratidan tortib, matematikagacha qiziqqanman. Keyin kasb tanlashda qiynaldim. Ammo biologiya o‘qituvchimiz ko‘maklashib yubordi: u genetika haqida shunchalik qiziq gapirib berdiki, men bu fanni yoqtirib qoldim. Lekin oson kechmadi. Yodimda, imtihonlardan oldin, o‘tolmayman, deb o‘ylaganman. Hayajonimni ustozim bilan bo‘lishganimda: «Esi past talabalar yo‘q, balki yalqovlar bor», deb javob bergan. Natijada tuni bilan kitob ustida o‘tirib, sinfda eng yuqori bahoni men olganman.

Fanning nimasi yoqadi?
Genetikani o‘rganib, hayotning qadriga yetdim. Shunday tug‘ilganimizning o‘zi omadimiz ekanini tushundim. Bu tanamizning har bir hujayrasida joylashgan 46 ta xromosomaning xizmati. Mutlaqo boshqacha inson bo‘lishimiz uchun DNKdagi birgina mutasiyaning o‘zi yetarli… Mikroskop ostida ilk bora hujayrani ko‘rganim hech qachon esimdan chiqmaydi. Inson hayotining nozikligini ko‘rib, hayrat, faxr va qo‘rquvni his etdim.

Eng qiyini nima?
Genetik mutasiyaga uchragan insonlarga yordam bera olmaslik. Oddiy, ko‘zga ko‘rinmaydigan eng kichik o‘zgarish ham taqdirni butunlay o‘zgartirib yuborishini qabul qilishim juda qiyin.

Nima uchun London universitetiga kirishni xohladingiz?
Otam ushbu shahardagi talabalik hayoti haqida to‘lib-toshib gapirardi. Shundanmi, uning izidan borishga ahd qildim. O‘qishim menga yoqadi: a’lo darajadagi kutubxona, ilmiy rahbar va professorlar doimo qo‘llab-quvvatlaydi. Laboratoriyada har hafta o‘tadigan mashg‘ulotlarni intiqlik bilan kutaman – bu o‘zimni professional sifatida his qilishimga imkon beradi. Chet elda o‘qishni tugatib, O‘zbekistonga qaytishni va shu yerda fan bilan shug‘ullanishni rejalashtiryapman.

Sizni kim qo‘llab-quvvatlaydi?
Oilam. Yaqinlarim har bir yutug‘imdan xursand bo‘lib, olg‘a qadam tashlashim uchun ruhlantirishadi.

Siz uchun muhim qoidalar nima?
O‘z ustimda ishlash. Oldimga katta maqsadlar qo‘yish va ularga erishish. O‘z salohiyatimga hech qachon shubha qilmaslik.

10 yildan so‘ng o‘zingizni kim deb ko‘rasiz?
Laboratoriyada ishlaydigan genetik sifatida ko‘raman. Gen injeneriyasi, xususan, CRISPR texnologiyasi bilan shug‘ullanishni orzu qilaman. U genni tahrir qilish, DNK ichidan istalmagan bo‘laklarni «qirqib olish»ga imkon beradi. Erta diagnostika va ushbu usul yordamida genetik mutasiyaga uchragan bolalar tug‘ilishining oldini olish mumkin.

 1,286 

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии