Bebimeyker

 

Еkish, ikkita chiziq, uzoq kutilgan chaqaloq ingasi va katta umidlar haqida

Artur Karamanyan, 35 yosh

Akusher-ginekolog, reproduktolog. Toshkent tibbiyot akademiyasining «Davolash ishi» ta’lim yo‘nalishi bitiruvchisi. Almatidagi Persona reproduktologiya xalqaro akademiyasining «Akusherlik va ginekologiya» magistratura mutaxassisligini tamomlagan. O‘zbekiston akusher-ginekologlari hamjamiyati, Qozog‘iston reproduktiv tibbiyot uyushmasi, Rossiyaning inson reproduksiyasi uyushmasi a’zosi. Reproduktolog sifatida o‘z faoliyati davomida 400 ga yaqin EKU muolajasini o‘tkazgan. Ular ichidan yuztadan ortig‘i ijobiy natija berib, oqibatda qirq nafar chaqaloq dunyoga kelgan.

Qanday qilib akusher-ginekolog bo‘lishga qaror qilgansiz?

Tibbiyot akademiyasiga kirganimdan buyon meni shu fikr ta’qib qilib kelardi. Odatiy darslardan birida tug‘ruqxonaga borganimda esa, agar qulay bo‘lsa, hushimdan ketib qolmasam, qo‘rqmasam, demak, bu mening ishim bo‘ladi, deya qaror qilganman. Tug‘ruq zalida yotgan juvon bilan tez til topishganmiz. Shundan keyin hammasi joyida bo‘ldi.

Reproduktologiyaga qanday kelib qoldingiz?

Bu yo‘nalish ginekologiyada hali kam o‘rganilgan yangi soha. Bu yil EKU dasturidan keyin tug‘ilgan birinchi ayol atigi qirq ikki yoshga to‘ldi. Bir kuni o‘zimni g‘ayrioddiy, yangi ishda sinab ko‘rish istagini sezdim. Kim biladi, balki o‘zimdan qoniqmadimmi? Natijada Qozog‘istonga jo‘nadim, reproduktologlikka o‘qib keldim va
shu yerda ishlay boshladim.

Reproduktologning vazifasi nima?

Uzoq kutilgan «ikki chiziq»qa erishishga yordam beradi.

Kasbingizning qaysi jihatini eng ko‘p yoqtirasiz?

Akusher-ginekologlik ko‘proq ijobiy hissiyot baxsh etadi. Biz tug‘ruq zalida chaqaloqning uzoq kutilgan ingasini eshitishga ko‘proq hissa qo‘shamiz. Reproduktiv tibbiyotda esa bunday baxtli onlar kamroq. Chunki jahon statistikasining ko‘rsatishicha, EKU samaradorligining foizi unchalik yuqori emas. Agar 30–40 foiz hollarda muvaffaqiyatga umid qilsak, 60–70 foiz holatda esa sa’y-harakatlarimiz besamar ketadi. Ammo nihoyat, «ikkita chiziq»qa erishganimizda, juftliklarga qo‘shilib men ham quvonchga to‘laman.

Yoqmaydigan jihatlari-chi?

Bu – salbiy natija haqida xabar beruvchi o‘sha mash’um 60–70 foiz holatdir. Qolaversa, bemorlar ortiqcha vahima qiladigan asabiy pallalar.

Muolaja muvaffaqiyati siri

Qo‘pol qilib aytganda, muvaffaqiyat siri juftliklarning organizmi holatiga bog‘liq. Ayol qancha yosh bo‘lsa, hamroh somatik kasalliklari shuncha kam bo‘ladi. Erkakning urug‘i qancha sifatli bo‘lsa, muvaffaqiyatga erishish imkoniyati ham ko‘proq bo‘ladi. Ammo hammasi o‘ziga xos.

EKU haqida keng tarqalgan uydirmalarning TOP-3 taligi

– EKUdan keyin onkologik kasalliklar xavfi yuqori bo‘ladi.

– EKU yordamida aynan qizlar tug‘iladi.

– Bola to‘liq rivojlangan bo‘lmaydi.

 

«Probirka» orqali tug‘ilgan bolalar farq qiladimi?

Ular biroz erka bo‘ladi. Bu, ehtimol, tarbiyadagi kamchilik sabablidir. Chunki tilab olingan bolaga ko‘p narsada ruxsat bor. Sog‘liq bobida esa tafovut yo‘q.

Jarayon og‘riqli kechadimi?

Tuxum hujayralari narkoz ostida yig‘ilib, bachadon bo‘shlig‘iga ko‘chirib o‘tkazish muolajasi og‘riqsiz kechadi.

Ishingizda qanday qiyinchiliklarga duch kelasiz?

Mentalitet muammosiga duch kelaman. Muvaffaqiyatsiz EKU urinishidan keyin bemorning ro‘zg‘ori barbod bo‘layotganini bilsam, tashvish chekaman. Ba’zan kelin uyidan haydaladi yoki unga muhlat beriladi. Buni men o‘z dardimday, haqoratday qabul qilaman. Kelinning qaynota-qaynonasi, ota-onasini to‘plab, yakdil fikrga kelishga harakat qilaman.

Bolani qaysidir hushsurat aktyorga o‘xshatib «dasturlashtirish» mumkinmi?

Afsuski (yoki yaxshiyamki), buning imkoni yo‘q. Biz urug‘lantirish va bachadon bo‘shlig‘iga embrionni olib o‘tishda yordam beramiz. Bola kimga o‘xshaydi, ko‘zining rangi qanaqa bo‘ladi va eng og‘riqlisi – o‘g‘il tug‘iladimi yoki qiz, bunga ta’sir qila olmaymiz.

Bitta bolaga «buyurtma berib», egizak ko‘rganlar ham bo‘ladimi?

Tez-tez bo‘lib turadi. Bir embrionni ko‘chirib o‘tkazsam, u bachadon bo‘shlig‘ida bo‘linib, egizakka aylanishi mumkin. Ikkita embrionni o‘tkazganimda esa, egizaklarning biri bo‘linsa, uch egizak tug‘iladi. Ko‘p urug‘li homiladorlik –EKUning o‘ziga xos «ta’siri». Ammo egizaklar sog‘lom va ko‘rkam bo‘lsa, buning nimasi yomon.

Bepushtlik kimlarda ko‘proq – erkaklardami yoki ayollarda?

Elikka ellik. Maslahatlarimda bir qoidaga amal qilaman, «ayol aybdor» yoki «erkak aybdor» degan jumlani ishlatmayman. «Sabab sizda», deya, sabab haqida gapirishni afzal bilaman. Ammo tabiat sababni har ikki juftlikka teng taqsimlaydi. Statistikaga ko‘ra, ayollar bepushtligi ustun turadi. Ammo hozirgi paytda reproduktiv tibbiyotning jadal rivojlanishi sabab erkaklarda bepushtlik ko‘proq uchrayapti.

Ishingizga uch so‘z bilan ta’rif bering

Stress, drayv, adrenalin.

O‘zingizni omadli hisoblaysizmi?

Kuniga bir nechta ijobiy natija kuzatilsa, kimdir «biz ko‘payishdik», deb xabar jo‘natsa, internetda «siz to‘g‘ringizda rosa izohlar ko‘p ekan», deyishsa yoki men haqimda yozishsa, xuddi mart oyidagi mushukdek baxtdan sarmast bo‘laman. Bunday damlarda yaqinlarimga: «Mag‘rurlanganimni sezsangiz, osmondan yerga tushirib qo‘ying», deyman. Qanday yutuqlarim va xizmatlarim bo‘lishidan qat’i nazar, dimog‘imni ko‘tarishga haqqim yo‘q. Zero, hali o‘rganadiganlarim ko‘p.

Homiladorlikni rejalashtirish nima?

Ushbu jarayonga tayyorgarlik ko‘rishda bolaning tug‘ma kasalliklar bilan dunyoga kelish xavfini pasaytirish, bo‘lajak onada homiladorlik vaqti va tug‘ruq paytidagi asoratlarni kamaytirishga e’tibor berish kerak.

Tug‘ruqlar orasidagi farq kamida 24+9 oyni tashkil etishi lozim. Chunki tug‘ruqdan homila paydo bo‘lishigacha kechadigan vaqt va homiladorlikning davomiyligi shuncha. Abort qildirilsa yoki bola tashlansa, keyingi homiladorlikni 3–6 oygacha rejalashtirishdan saqlanish tavsiya etiladi. Vaqt oralig‘ini kafolatli saqlashning yagona yo‘li ‒ tug‘ruqdan keyingi kontrasepsiyadir

Nimadan boshlash lozim?

Birinchi bosqich ‒ bo‘lg‘usi ota-ona sog‘lig‘ining holatini aniqlash, xavf omillarini baholash.

Ikkinchi bosqich:

– turmush tarzini tuzatish, ya’ni zararli odatlardan voz kechish, zarur emlash ishlari, talab etilsa, sheriklarning rezus-omili bo‘yicha

ixtilofni profilaktika qilish haqida ma’lumot olish;

– jinsiy yo‘l mikroflorasining buzilishini;

– vitaminlar va mikroelementlar dozasi kabilarni korreksiya qilish.

Uchinchi bosqich – ginekologik va somatik kasalliklari bor ayollarda qo‘shimcha davolash-profilaktika choralarini o‘tkazish.

Vitaminlar va minerallar. Qaysi biriga urg‘u berish kerak?

80 foizgacha homilador ayollarda uch va undan ortiq vitaminlar taqchilligi kuzatiladi. D, B1, B6 vitaminlari va folatlarning yetishmaslik hollari 40–85 foizgacha, yod yetishmasligi holati esa deyarli 100 foiz ayollarda uchraydi.

Folatlar qon hosil bo‘lishi uchun ko‘mak beradi. Shuning uchun homilador ayol va bolaga vitaminlar hamda nutrientlarning kerakli miqdorini tavsiya etish lozim.

Qaysi preparat vitamin taqchilligini bartaraf eta oladi?

Bemorlarga, odatda, birinchi uch oylikda tavsiya etiladigan «Elevit» ma’qul keladi. Nazarimda, u qo‘llash uchun qulay va deyarli salbiy ta’sirga ega emas. Uning tarkibida metafolin – foliy kislotasining faol shakli bo‘lib, u anamnezida homiladorligini yo‘qotgan homilador ayollarda tromb hosil bo‘lishiga profilaktik ta’sir ko‘rsatadi.

 

Matn: Valeriya Muradova

Foto: Sergey Urunbaev

 1,440 

0
    0
    Ваша корзина | Sizning savatingiz
    Ваша корзина пуста | Savatingiz bo'shВернуться к покупке | Sotib olishga qaytish