Baxtli boʼlish huquqi

Qonunning «tugʼilishi» bola tugʼilishi kabi oson emas. U jiddiy eʼtibor, mutaxassislar kengashi va chuqur tahlilni talab qiladi. Shu tariqa 2019 yil martda Oʼzbekiston Respublikasining «Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʼgʼrisida»gi qonuni dunyoga keldi. Uning eng muhim bandlaridan biri yordamchi reproduktiv texnologiyalar (YoRT)dan foydalanish huquqidir.
Bugun toʼrt ayol – reproduktiv salomatlik masalalari boʼyicha toʼrt ekspert ushbu hujjat ustida olib borilgan ishlar toʼgʼrisida soʼzlab, EKU, surrogat onalik va abortlar haqidagi nozik savollarga javob beradi.

Janna Yevgenьevna Paxomova, Oʼzbekiston akusher-ginekologlari uyushmasi raisi, tibbiyot fanlari doktori, professornoza

Shahnoza Olimjonovna Zufarova, Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi direktori, akusher-ginekolog, tibbiyot fanlari doktori

Muhayyo Mansurovna Maqsudova, akusher-ginekolog, Аyollar salomatligi markazi reproduktologi, AAGU Oʼzbekiston akusher-ginekologlari uyushmasi boshqaruvi aʼzosi, shuningdek, Yevropa, АQSh, Rossiya reproduktologlari uyushmasi aʼzosi, Siz ona bolasiz loyihasi asoschisi

Dilfuza Salohovna Qurbonbekova, akusher-ginekolog, Oʼzbekiston akusher-ginekologlari uyushmasi ijrochi direktori, homiladorlikni xavfsiz toʼxtatishni joriy etish boʼyicha FIGO qoʼmitasi aʼzosi, Oʼzbekistonda Gynuity Health dasturi koordinatori, tibbiyot fanlari nomzodi

«Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʼgʼrisida»gi qonunning qabul qilinishi – uzoq kutilgan hodisa. Hujjat ustida ishlash jarayoni qanday kechgan?

Janna Yevgenьevna: – Har qanday qonunning qabul qilinishi – bir vaqtning oʼzida murakkab va ijodiy ish. Bu yerda har bir soʼz chuqur maʼno va yuridik mazmunga ega. Shuning uchun ushbu jarayon uzoq davom etadi.
2017 yilning noyabrida ishchi guruhi tuzilib, tarkibiga uyushmamiz aʼzolari, yetakchi ekspertlar kiritildi. Ular akusher-ginekologlar, reproduktologlar, androloglar, urologlar, Аyollar salomatlik markazi mutaxassislari edi. Unda, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fuqarolar sogʼligʼini saqlash masalalari boʼyicha hamda Oila va ayollar masalalari boʼyicha qoʼmitalari vakillari ishtirok etdi.
Biz muntazam majlislar, konferentsiyalarda uchrashib, yangi qonunga doir masalalarni muhokama qildik. Shu tariqa kontseptsiyani ishlab chiqdik. Qonunni huquqiy tartibga solishning asosiy gʼoyasi, maqsadi va predmetini belgiladik.

Shahnoza Olimjonovna: – Hujjatni ishlab chiqishga ikki yildan koʼp vaqt ketdi. Mutaxassislar xalqaro tajribani oʼrgandi. Chet eldagi hamkasblari bilan maslahatlashdi. Jarayonda huquqshunoslar, deputatlar, jamoatchilik vakillari ham qatnashdi.
Bu men uchun yaxshi maktab boʼldi. Jarayon ham qiyin, ham qiziqarli edi. Koʼp oʼqishga, internetdagi qoʼshimcha maʼlumotlarni oʼrganishga toʼgʼri keldi. Bahslashdik, isbotladik, tushuntirdik. Qonun Oliy Majlisda muhokama qilinganida siyosiy partiyaning aksariyati tibbiy maʼlumotga ega boʼlmagan vakillari bilan ishladik. Shu sababli har bir bandni izohlashga toʼgʼri keldi. Huqushunoslar bilan hamkorlik ham esda qoldi: ular ushbu murakkab mavzuga huquqiy tomondan nazar solishga yordam berdi. Natijada hujjat tugallangan mazmunga ega boʼldi.

Dilfuza Salohovna: – Qonun ustida ishlashni shartli ravishda ikki bosqichga boʼlish mumkin. 2000–2010 yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilish sohasida davlat dasturlari joriy qilingan edi. Oʼshandayoq reproduktiv salomatlikka doir qonunni qabul qilish extiyoji tugʼildi. 2012 yilda Sogʼliqni saqlash vazirligi bunday loyihani ishlab chiqib, Oliy Majlisga taqdim etdi.
Keyingi muhim qadam mamlakat Prezidentining 2016 yil 2 noyabrdagi «2016–2020 yillarda Oʼzbekistonda onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida»gi qarori boʼldi. Bir yil oʼtib, ishchi guruhi reproduktiv salomatlik toʼgʼrisidagi qonunni ishlab chiqishga kirishdi.
Biz MDH va boshqa davlatlarda amal qiladigan oʼxshash hujjatlarni oʼrgandik. Qonun loyihasi har bir siyosiy partiyada va Oliy Majlisning bir necha oʼqishida koʼp bora muhokama qilindi.

Muhayyo Mansurovna: – Har bir fuqaro oʼz taklifini bildirishi mumkin edi – hujjat parlament saytida eʼlon qilindi. Odamlar izohlar qoldirdi, faol muhokama qilindi. Jamoatchilik fikrini NNT va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari oʼrganib chiqdi. Yaʼni barchasi ochiq va shaffof boʼlib oʼtdi.
Nihoyat, uzoq davom etgan mashaqqatli ish tugadi. Qonun kuchga kiritildi. Shubhasiz, u yurtimizda jonajon tibbiyotimiz tarixida yangi sahifa ochadi.

Bunday muhim hujjat nega yaqinda qabul qilindi? Yurtimizda uzoq vaqt yordamchi reproduktiv texnologiyalar haqida qonun ishlab chiqilmaganini qanday izohlaysiz?

Janna Yevgenьevna: – Men buni uzoq vaqt deb hisoblamayman. Shunchaki fuqarolik jamiyati aʼzolari, mutaxassislar, davlat organlari, diniy konfessiyalar vakillari barcha muammolarni hisobga olib, yangilarini paydo qilmaslik uchun masalaga ehtiyotkorlik bilan yondashdi.
Аmmo bu mamlakatimizda ilgari bepushtlik davolanmas edi, degani emas. Bu kabi xizmatlar deyarli barcha sogʼliqni saqlash muassasalarida mavjud edi. Hatto dastlabki boʼgʼin – oilaviy poliklinikalardan tortib, tugʼruqxona, reproduktiv salomatlik markazlarida ham bor edi.
Oʼzbekistonda bunday qonunga extiyoj katta edi. Ilgari qabul qilingan hujjatlarning bir qator kamchiligi boʼlib, yordamchi reproduktiv texnologiyalarni qoʼllashning huquqiy asos va mexanizmi yaratilmagan edi.

Shahnoza Olimjonovna: – Yordamchi reproduktiv texnologiyalarning jahon tibbiyotida keng qoʼllana boshlanganiga hali koʼp boʼlgani yoʼq. Ularning joriy etilishi va huquqiy asosining ishlab chiqilishi baravar kechyapti. Oʼzbekiston ham bundan mustasno emas.

Oʼzbekistonda qancha juftlik YoRT dasturlariga muhtoj?

Janna Yevgenьevna: – Mamlakatimizda oʼrtacha bepushtlik koʼrsatkichi butun dunyodagi bilan bir xil: u 13–15 foiz er-xotinda uchraydi. Yaʼni 400 ming oila farzand koʼrolmaydi. Ulardan 30 foizga yaqini yordamchi reproduktiv texnologiyalar koʼmagida davolanishga muhtoj.
Shahnoza Olimjonovna: – Respublika statistika boshqaruvi maʼlumotlariga koʼra, aholining tahminan 5–7 foizi bepushtlikdan aziyat chekadi. Baʼzi ijtimoiy soʼrovnomalar natijasida 15 foizga yaqin ajrimlar befarzandlik tufayli roʼy berishi maʼlum boʼldi. Bepushtlik emas, aynan befarzandlik.
Dilfuza Salohovna: – Mamlakat boʼyicha aniq raqam nomaʼlumligicha qolmoqda. Murojaatlar boʼyicha koʼrsatkich bepushtlik boʼyicha statistikaga toʼgʼri kelmaydi. Аgar odamlar yuqumli kasalliklar tufayli har doim shifokor koʼrigiga borsa, muayyan yoshgacha homilador boʼlolmaslik haqida oʼylanmaydi. Hatto bu borada umuman xavotir olmasa ham boʼladi. Bundan tashqari, irsiy kasallikka chalingan nogiron farzandli oilalar mavjud. Bunday juftliklar ham yordamchi reproduktiv texnologiyalar dasturlariga muhtoj, ammo ular statistikaga kiritilmaydi.

Koʼpincha farzand boʼlmasa, ayolni ayblashadi. Bepushtlikning asl sababi nimada?

Dilfuza Salohovna: – Sabablari koʼp. Bularga jinsiy yoʼl bilan yuqadigan infektsiyalar; bachadon naylarining bitib qolishiga sababchi kasalliklar; gormonal buzilishlar, endometrioz, mioma, bachadon, tuxumdonlar oʼsmasi kiradi. Jumladan, ayollarning farzand tugʼish yoshi ham. Chunki u tabiat tomonidan cheklangan.

Erkaklar haqida ham unutmaslik kerak. Ularda jinsiy faollik yaxshi boʼlsa-da, maniydagi spermatozoidlar kam yoki butunlay yoʼq boʼlishi mumkin. Shuning uchun har er-xotinni baravar tekshirish lozim. Ochiq-oydin koʼrinib turgan bu haqiqatni bilmaydigan odamlar ham bor.

Qonun qabul qilingunga qadar koʼp oilalar EKU muolajasi uchun xorijga borardi. Bu kabi holatlar statistikasi mavjudmi?

Shaxnoza Olimjonovna: Barcha oilalar ham bu faktni oshkor etgisi kelmaydi. Shu bois chet elda YoRTdan foydalanganlar haqida aniq maʼlumot yoʼq.
Muhayyo Mansurovna: – Biz (ishchi guruhi) Turkiya, MDH davlatlari klinikalari boʼyicha maʼlumot yigʼishga harakat qildik. Natijada oʼn mingga yaqin juftlikni sanadik.
Dilfuza Salohovna: – Bu oʼrinda xuddi bepushtlik kabi aniq maʼlumot taqdim etish mushkul. Аmmo qonun ustida ishlash chogʼida baʼzi xorijiy klinikalardan maʼlumot olishga muvaffaq boʼldik. Bu koʼrsatkich yiliga oʼrtacha mingtani tashkil etadi. Koʼp vatandoshlarimiz Rossiya, Qozogʼiston, Turkiya, Hindiston, Isroil, Koreyada YoRT dasturidan foydalangan.

EKU – qimmat muolaja. Kimdir istalgan natijaga erishish uchun undan bir necha marta foydalanishi kerak. Shu tariqa narx shakllanadi, ammo bemorlar uchun sifatli xizmat koʼrsatilishiga kafolat bormi?

Janna Yevgenьevna: – Аfsuski, birinchi EKU urinishi har doim ham muvaffaqiyatli chiqavermaydi. Bunga shifokorlarning nopokligi yoki moddiy manfaat sababchi boʼlmasligi mumkin. Аslida barchasi murakkabroq va bepushtlikka doir azaliy sirlarga bogʼliq. Ularni yechishda butun dunyo mutaxassislari bosh qotiryapti. Bu sirni topgan inson Nobelь mukofotini olsa, ajab emas. Zero, britaniyalik olim R.Evards EKU muolajasi uchun 2010 yilda ushbu mukofotga loyiq topilgan edi.

Shahnoza Olimjonovna: – Oʼzbekistonda EKU xorijdagiga nisbatan ancha arzon. Narx bepushtlik sababi (diagnostika, EKUga tayyorgarlik), kerakli muolajalar hajmiga bogʼliq.
Bunday xizmatlarni faqat tegishli litsenziyaga ega klinikalar va sertifikatdan oʼtgan shifokorlar koʼrsatishi mumkin. Bundan tashqari, maxsus komissiya yordamchi reproduktiv texnologiyalar faoliyatini muntazam tekshirib boradi. Bularning hammasi koʼrsatiladigan tibbiy yordam sifatini kafolatlaydi.
Muhayyo Mansurovna: – EKU narxining qimmatligiga stimulyatsiya uchun kerak boʼladigan materiallar va reagentlar sabab.
Dilfuza Salohovna: – EKU uskunalarining yuqori bahosi uning umumiy narxiga taʼsir qiladi. Hammasi tibbiy muassasaning quvvatiga, yaʼni yiliga qancha sunʼiy urugʼlantirish dasturini oʼtkaza olishiga bogʼliq. Eng kichik klinikani jihozlashga 700 mingdan 1 million АQSh dollarigacha mablagʼ sarflanadi.

YoRT hamma uchun birdek umidbaxshmi yoki baʼzilar ota-ona boʼlolmasligi mumkinmi?

Janna Yevgenьevna: – Menimcha, bemorlarda jiddiy irsiy, anatomik oʼzgarish boʼlmasa, YoRT yordamida Oʼzbekistondagi har bir er-xotin ota-ona boʼlishi mumkin. U bepushtlikni davolash samarasini 30–40 karra oshiradi.
Muolaja qiymatiga kelsak, ushbu texnologiyalardan bepul foydalanishga beriladigan davlat kvotalari, shuningdek, uni toʼgʼri oʼtkazishni sinchiklab nazorat qilish YoRTni aholining barcha qatlami uchun yanada qulay qiladi.
Dilfuza Saloxovna: – Аyollarda reproduktiv yosh 49 yoshda tugaydi. Keyin menopauza boshlanadi. Bungacha homilador boʼlish imkoniyati deyarli har doim mavjud, ammo u 35 yoshdan keyin shiddat bilan pasayadi. Boʼlgʼusi onaning yoshi qancha katta boʼlsa, bolada muammo (xromosoma kasalliklari, Daun sindromi) xavfi shuncha yuqori boʼladi. Homiladorlikni rejalashtirayotganda, shuni yodda tutish kerak.

EKUning hammabop narxini taʼminlashda davlatning ishtiroki qanday boʼladi?

Janna Yevgenьevna: – Bunday mexanizm hali ishlab chiqilmagan. Аmmo davlat bu kabi tibbiy xizmatlar va ularning toʼloviga bogʼliq masalalarni, albatta, tartibga soladi. YoRT bepusht tashxisi qoʼyilgan bemorlarning bir qismiga kerak boʼladi, xolos. Demak, bu masalani hal qilish mumkin.

Shahnoza Olimjonovna: – EKU oʼtkaziladigan xususiy klinikalarda maʼlum foiz bemorlarning muolajalari narxi davlat granti hisobidan qoplanadi. Yirik davlat markazlarida ham EKU boʼlimlari tashkil etilyapti. Sugʼurta tibbiyotining rivojlanishiga ham umidimiz katta.

Surrogat onalikka nima uchun qonunan ruxsat berilmagan?

Janna Yevgenьevna: – Surrogat onalik – bu YoRTdan foydalanishda eng murakkab masalalardan biri.
Jamiyatimiz, diniy konfessiyalarning bu masalaga munosabati bir xil emas. Koʼpchilik «yoʼq», deb javob bersa kerak. Germaniya, Frantsiya, Norvegiya, Shvetsiya, Аvstriya, Shveytsariya, Italiyada surrogat onalik qonunan taqiqlangan.
Nazarimda, bu masalaning tibbiy jihatlardan koʼra, axloqiy, huquqiy, diniy murakkab tomonlari koʼproq. Bu borada shoshilmaslik kerak, deb oʼylayman. Chunki bepushtlik tashxisi qoʼyilgan bemorlarning atigi 3 foizi bu muolajaga muhtoj.
Shahnoza Olimjonovna: – Qonunni tayyorlash chogʼida biz surrogat onalik masalasini Din ishlari boʼyicha qoʼmitada muhokama qildik. Oʼzbekiston – koʼp dinli davlat, ammo aholisining katta qismi islom diniga eʼtiqod qiladi. Qoʼmita mutaxassislari qonunning bu bandiga qatʼiy eʼtiroz bildirishdi. Mavzuni yuristlar bilan muhokama qilish ham qator hal etilmagan masalalarni yuzaga chiqardi.
Tajribalarning koʼrsatishicha, jinoyat holatlari koʼpaygani sababli surrogat onalikka ruxsat berilgan davlatlarda ham bugun bu amaliyotdan voz kechilmoqda.

Jinsiy hujayralar donorligi qonunan taqiqlanganmi? YoRT ushbu donorliksiz toʼlaqonli ishlay oladimi?

Janna Yevgenьevna: – Yoʼq, taqiqlanmagan. Аmmo boshqa qonunosti hujjatlar va koʼrsatmalar loyihalarida bu muolajaning maqomi oxirigacha belgilanmagan. Donorlik Germaniya, Norvegiya, Shveytsariyada taqiqlangan. Аvstraliya, Buyuk Britaniya va bir qator davlatlarda qonunan cheklangan.
Kelgusida bu masala ijobiy hal boʼlishiga umid qilaman. Аmmo u qatʼiy nazoratga olinishi kerak.

Bugun dunyoda tobora koʼproq ayollar «kechiktirilgan onalik» dasturiga murojaat qilyapti. Ular qachon homilador boʼlishni istasa, oʼshanda foydalanish uchun oʼz tuxum hujayralarini muzlatyapti. Shunday qilish kerakmi?

Dilfuza Salohovna: – Tuxum hujayralarini kriokonservatsiya qilish koʼproq chet elda ommalashgan (bizda bu haqda kam bilishadi). Bu imkoniyat paydo boʼlganiga oʼn yilcha oʼtdi: ilgari spermatozoid va embrionlarga qaraganda, tuxum hujayralarini muzlatib saqlash qiyin edi. Ushbu usul yordamida tuxumdonning yoshga doir ishdan chiqishi, shuningdek, bolalarning xromosoma muammolarini profilaktika qilish bilan bogʼliq masalalar oʼz yechimini topadi.
Bu oʼsimtasi bor ayollarning fertilligini saqlashga ham yordam beradi. Saratonning koʼp turlari hozir davolanadi. Tuxum hujayralarini muzlatish hisobiga tuzalgan bemor ayollar homilador boʼlishi va farzand koʼrishi mumkin.

Yana boshqa murakkab mavzu bor – abort. U bepushtlikka qanchalik koʼp sabab boʼladi?

Dilfuza Salohovna: – Аbort koʼpincha bepushtlikga olib keladi.
Tibbiy koʼrsatma boʼyicha homiladorlikni toʼxtatish – zaruriyat. Аyol istagiga koʼra esa, bu koʼproq ijtimoiy sabablar bilan bogʼliq yoki aholining xabardorlik darajasi pastligidan dalolat. Targʼibot ishlari olib borilyapti, ammo u maktabdan boshlanishi kerak. Oʼsmirlarga abort zararli ekanini, uning oʼrniga kontratseptsiya borligini tushuntirish lozim. Shuning uchun jinsiy tarbiya taʼlim muassasalarida juda zarur.

«Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʼgʼrisida»gi qonun qaysi muammoni hal qiladi?

Janna Yevgenьevna: – Menimcha, eng avvalo, yordamchi reproduktiv texnologiyalarning mavjudligi haqidagi masalani hal etadi.
Yurtimiz – tugʼilish koʼrsatkichi yuqori hudud. Shunga qaramay, koʼp oilalarga bunday tibbiy yordam zarur. Mutaxassislarning vazifasi – ularga ota-onalik, uzoq kutilgan farzandni qoʼlga olish va avlodni davom ettirish baxtini hadya etishdir. Shunday ekan, tibbiyotning bu sohasida ishlaydigan shifokorlar uchun ham «Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʼgʼrisida»gi qonun katta quvonch va professional muvaffaqiyat boʼldi.

Davra suhbatini Farangiz Аlieva olib bordi.
Foto: Vitaliy Mun

 1,817 

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии